Maqollarning ishlatilish doirasi va zamonaviyligi
(“Zarbulmasal” asari misolida)
Ubaydullayeva Shoira JDPI I bosqich magistranti
Maqollar ibratli so’zlardir. Shunday so’zlarki, gapga husn beradi, fikrni tushunib olishni osonlashtiradi, nutqning ta’sirchanligini oshiradi. Maqol so’zi arab tilidan olingan bo’lib “so’z” degan ma’noni bildiradi. Uni “Otalar so’zi “ ham deyishadi. Maqollar ota-bobolarimizning uzoq yillar davomida ko’rgan-kechirganlari, tajribalari asosida yuzaga kelgan xulosalaridir. Maqollar xilma-xil do’stlik, vatan, mehnat, ilm-hunar egallash, botirlik, saxovat, adolat kabi turli mavzularda bo’lishi mumkin. Til vakillarining u yoki bu hodisa, holat, xarakterlarni obrazli-ekspressiv ifodalash, nutq ta’sirchanligini oshirish ehtiyoji tufayli tilda maqollardan keng foydalaniladi. Shuningdek, muayyan bir joyning tabiati, xalqning iqtisodiy tuzumi, tarixi madaniyati, hayot tarzi, og’zaki ijodiyoti, badiiy adabiyoti, san’ati, fani, urf-odati kabilar maqollarda o’z aksini topadi. Zamonlar o’tishi bilan so’zlar eskiradi. O’rniga yangisi paydo bo’ladi. Maqollar ham vaqtlar o’tishi bilan o’zgaradi, biroq bu o’zgarish juda sekin kechadi. Maqollarning so’zlari o’zgarganda ham uning maqsadi, mazmun-mohiyati o’zgarmaydi.
Muhammad Sharif Gulxaniy XIX asrda o’zbek xalqining donishmandligini ifoda etgan masallarni, maqollarni to’plab, o’zining mashhur “Zarbulmasal” asarini yaratdi. Gulxaniy “Zarbulmasal” asarini yaratishda xalq og’zaki ijodi bilan birga hind masali “Kalila va Dimna”dan, Firdavsiy, Jomiy, Hofiz Sheroziy, Muslihiddin Sa’diy, Alisher Navoiy kabi ulug’ shoirlarning asarlaridan ham foydalandi. Zarbulmasal 400 ga yaqin maqollar, kichik masallar va hikoyalarni o’z ichiga olgan bo’lib, asarda bo’lib o’tgan voqealar, obrazlarning ijobiy-salbiy xarakterlari, feodallarga xos ochko’zlik, shuhratparastlik, maqtanchoqlik, manmanlik, farosatsizlik, kaltabinlik kabi turli illatlar ana shu maqollar va masallar yordamida ifodalangan. Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari boshqa yozuvchilarning masallaridan farq qiladi va ko’proq “Kalila va Dimna”ga yaqinroq turadi. Asarning muhim jihatlaridan yana biri shundaki, shoir o’zi to’plagan maqollardan obrazlarning xarakterini ochishda mohirlik bilan foydalangan. O’z amaliga bino qo’yib o’zini katta oladigan amaldorlar haqida Kordon misolida quyidagi maqolni keltiradi.
“So’zni aytgil uqqanga,
Jonni jonga suqqanga,
Aytib so’zni netarsan,
Onadin yomon tuqqanga”.1
Hozirgi kunda ushbu maqolning quyidagi namumalarini ko’rish mumkin: “Amal o’zdirar, amalga mag’rur bo’lsang to’zdirar”. “Amal tegsa nodonga, o’zini urar har yonga”.
Ko’rqushning so’zlari orqali esa xon va sultonlarning yonida ularga maslahat beruvchi amaldorlar haqida ham to’xtalib o’tadi: “Ulug’ning dargohida donish va ahli xiradmandi bohush har qancha ko’p bo’lsa ham oz bo’lur”, 2ya’ni ulug’larning oldida aqlli, idrokli kishilar qancha ko’p bo’lsa-da ozdir. Bu maqollar mazmun doirasi bilan hozirda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Buni quyida zamonaviy namunalari orqali kuzatish mumkin:
Ayron osh bo’lmas, nodon –bosh.
Bilimlining bilimi yuqar, bilimsizning nimasi yuqar.3
Aqldor bo’lsa yigitning xotini,
Yaxshilikka chiqarar yigitning otini.4
Asarda o’z mazmun plani, qo’llanilish doirasi va zamon bilan bog’lik jihatdan ham o’z qiymatini yo’qotmagan juda ko’plab maqollarni uchratish mumkin. Xususan, maqtanchoqlik mavzusida bugungi kunda ham erkin qo’llana oladigan maqollar berilgan:
“Bor maqtansa topilur,
Yo’q maqtansa chopilur.5
Maqtangan qiz to’yda uyalar”.6
Bundan tashqari asarda tilimizda hozirgi kunda ham keng foydalanadigan turli mavzulardagi maqollar juda ko’p qo’llangan. Jumladan; “Bemor tuzalgisi kelsa, tabib o’z oyog’i bilan kelur”, “Oyni etak bilan yashirib bo’lmas”, “Chuchvarani xom sanabsan”, “Sichqon sig’mas iniga g’alvir bog’lar dumiga”, “Yaxshi nafas yarim mol”, “Sabr qilsang, g’o’radin halvo bitar”, “Yaxshilik qil suvg’a sol, suv bilmasa baliq bilur, baliq bilmasa, xoliq bilur”, “O’zingni er bilsang birovni sher bil”, “Erga bersang oshingni, erlar silar boshingni, itga bersang oshingni, itlar chaynar boshingni”, “Avval taom, so’ngra kalom”, “Yolg’iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong’i chiqmas”, “O’lturgan qiz o’rnin topar”, “To’yga borsang to’yib bor”, “Uydagi so’z bozorga rost kelmas”, “Yetim o’g’ul saqlasang, og’zi-burning qon etar, yetim qo’zi saqlasang, og’zi-burning moy etar”, “Egilgan bo’yinni qilich kesmas”, “Daraxtni o’zga joyga o’rnatsalar ko’karmas”, “Ishonmagin do’stingga somon tiqar po’stingga”, “Chayonning ishi nish urmoqdir”, “Qalovini topsa, qor yonar, qalovini topmasa, qoqshol o’tin ham yonmas”, “Bugungi naqd o’pka ertagi quyruqdin yaxshidur”, “Er tilagan erda aziz”, “Qizim senga ayturman, kelinim sen eshit”, “Yaxshi topib so’zlar, yomon qopib so’zlar”, “Ko’rpangga qarab oyoq uzat”, “Issiq jon istimasiz bo’lmas”, “Tikonsiz gul, sadafsiz dur, mashaqqatsiz hunar bo’lmas”, “Bo’zchi belboqqa yolchimas”, “Yiqilgan kurashga to’ymas”.
Maqol kishi fikrini ixchamlashtiruvchi, tasirchanlik doirasini kuchaytiruvchi vositalardan biri sanaladi. Zamonlar osha xalqimiz tilidan chuqur o‘rin olib o‘zbek xalqining milliyligini ifodalab kelmoqda. Gulxaniyning “Zarbulmasal” asarida qo‘llanilgan maqollarni to’g’ri tahlil qilish, tushunish va o‘z o’rnida foydalana olish, so‘zlovchi nutqini yanada mazmundor va tasirli qiladi. Asarda qo’llanilgan maqollarning ibratli fikrlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo’qotmay tilimizda yashab kelmoqda. Ajdodlardan avlodlarga qoldirilgan muqaddas meros bo’lib qolmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |