Eng a’lo zavq – tahsil, ilmu ma’rifatdadur.
Mahmudxo‘ja Behbudiy
9-mavzu.
Jadidchilarning ma’rifatparvarlik harakatlari va
ularning xalq ma’naviyatini yuksaltirishdagi roli
9
.
1. Jadidchilik harakatining vujudga kelishi, uning ijtimoiy,
siyosiy, ma’rifiy mohiyati
Ma’rifatning lug‘aviy ma’nosi bilish, tanish, bilim demakdir.
Boshqacha aytganda, ma’rifat bilmoq, kishilarning ongi, bilimini,
madaniyatini oshirishga qaratilgan ta’lim-tarbiya jarayonlaridir.
Ma’rifat so‘zining ko‘plikdagi ma’nosi maorifdir. Ma’rifat atama
sifatida tabiat, jamiyat va inson mohiyati haqidagi turli-tuman
bilimlar, ma’lumotlar majmuasini bildiradi. Ma’rifatli degani bilimli,
muayyan sohada ma’lumoti bor demakdir.
Ma’rifatni hayotga singdirish maorif tizimi orqali amalga
oshiriladi. Demak, ma’rifat – bilim va madaniyatning qo‘shma maz-
muni bo‘lib, maorif esa ana shu mazmunni yoyish quroli, vositasidir.
Ma’rifat tushunchasi maorif tushunchasidan keng bo‘lib, bilim va
madaniyatni yoyish va yuksaltirishning hamma turlari, shakllari va
sohalarini o‘z ichiga oladi.
Jamiyatda ma’rifat, ya’ni bilim ma’rifatparvarlar orqali yoyiladi.
Ma’rifatparvar – ma’rifat uchun kurashuvchi ilm, bilim chirog‘ini
yoquvchi, ma’rifat homiysi va tarafdori demakdir.
Insoniyatning bir jamiyatdan ikkinchi jamiyatga, bir tarixiy
davrdan ikkinchi bir tarixiy davrga o‘tishi ma’rifatparvarlikdan bosh-
lanadi. Zamonning eng yetuk, ongli, oq-qorani tanigan, fidoyi, elim,
yurtim deb yashovchi, uzoqni ko‘zlovchi ma’naviyatli kishilari
ma’rifatparvarlik bilan shug‘ullanadilar.
Ma’rifatparvarlar odatda, davr uchun, jamiyatning, mamlakat-
ning, xalqning buguni va kelajagi uchun muhim g‘oyalarni ilgari
suradilar, shu g‘oyalarni amalga oshirish uchun kurash olib boradilar.
Ma’rifat ma’naviy qaramlik, qo‘rquv va hadikni bartaraf etadi.
Insonga beqiyos ilohiy qudrat, mislsiz salohiyat baxsh etadi. Shuning
211
uchun ozodlik kurashchilari mamlakat, millat mustaqilligini xalqning
ma’rifiy uyg‘oqligida deb bildilar va ma’rifat uchun kurashdilar.
Turkiston ma’rifatchiligi maktabi boy o‘tmish va ulkan
merosga ega. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashid-
xonov, Abdulqodir Shakuriy, Ashur Zohidiy, Saidrasul Saidaziziy,
Isoqxon Ibrat va Ahmad Donishlar XIX asr oxirlarida faoliyat
boshlab, mamlakatni, xalqni milliy zulm va qoloqlikdan xalos
etishning yagona yo‘li ma’rifatda deb bildilar. Bu fidoyi zotlar
mustabid tuzum va jaholatga, ma’naviy qullik va zulm-zo‘ravonlikka
qarshi bor kuchlari bilan kurash olib bordilar. Bu ma’rifatparvar
bobolarimiz dunyo kezib, jahon xalqlarining ilmu ma’rifati,
madaniyati bilan tanishib, mustamlaka o‘lkani, uning kishanlarini ilm
chirog‘i bilangina parchalamoq, ozodlik sari boshlamoq mumkin
ekanligini chuqur his etdilar. Shu sababli ham eng avvalo yurtimizda
maktab-maorif ishlarini rivojlanishida ham nazariy ham amaliy
jihatdan azmu shijoat namunasini ko‘rsatdilar.
Ko‘rinadiki, jadidchilik, ma’rifatchilik ham millatni ma’rifatli
qilish, ma’naviyatni yuksaltirish maqsadlarida yuzaga kelgan buyuk
tarixiy harakatdir.
«Jadid» so‘zining ma’nosi «yangi» demakdir, u shunchaki
«yangi» yo bo‘lmasa «yangilik tarafdori» degani emas. Balki «yangi»
tafakkur», «yangi inson», «yangi avlod» singari keng ma’nolarni
o‘zida mujassam etgan.
Jadidchilik mohiyatini Millat va Vatanni anglashdan ular
manfaati uchun kurashgacha bo‘lgan qizg‘in va hayojonli jarayon
tashkil qiladi. Bu harakat millatni ham tarbiyalab bordi. Jadidchi-
larimiz millatning yashamog‘i, taraqqiy topmog‘i uchun birinchi
navbatda, ozod, mustaqil bo‘lmog‘i lozimligini anglab yetdilar va
tinch xalqni uyg‘otishga alohida e’tibor berdilar. Xalq esa, Po‘latxon
va Dukchi eshon voqealaridan «Turkiston muxtoriyati» mohiyatini
anglash va qo‘llashgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdi. Jadidchila-
rimiz siyosiy ishlar, haq-huquq, milliy davlat, hokimiyat masalalari
bilan muntazam shug‘ullandilar. Ayni paytda, maorif isloh qilina
boshlandi. Milliy matbuot yo‘lga qo‘yildi. Teatr paydo bo‘ldi. Yangi
adabiyot shakllandi. Bir so‘z bilan aytganda, yangi tafakkur
maydonga keldi. Bu milliy o‘zlikni anglash va mustaqillik mafkurasi
edi.
212
«Jadid» atamasi Turkiya turklarida ilk marta Sulton Salim III
hukmronligi (1739-1802) davrida paydo bo‘ldi. Avstriyaga elchi qilib
yuborilgan Abubakr Ratib afandi shohga yozgan bildirishnomalarida
u yerda ko‘rgan idora tizimini «Nizomi jadid» deb tushuntiradi.
1789-yilgi Fransuz inqilobidan keyin qurilgan yangi tizimni esa
«Fransiya nizomi jadidi» deyila boshlandi. Shu yillari «Nizomi jadid»
tor ma’noda askariy tizimni yevropalashtirishni, keng ma’noda ilm-
fan, maorif, sanoat va qishloq xo‘jaligini zamonaviylashtirishni
ko‘zda tutadi.
Jadid va qadim iborasi keyingi asrlarda maydonga kelgan
bo‘lsada, u mohiyatan eskilik va yangilik, taraqqiyot va turg‘unlik
o‘rtasidagi eski kurashdir. «Yunon qadimchilari bir necha ming yil
muqaddam Suqrotni jadidchilik qabohati bilan ayblab, qatl ettirdilar»,
deb yozadi Ismoilbek «Qadimchilik-jadidchilik» («Tarjimon», 1909-
yil 19-son) maqolasida. «Shundan hozirgacha, masalan, hatto
zamonamizning eng madaniy, eng mutaraqqiy insonlari bo‘lgan
inglizlar orasida ham qadimchilar g‘oyat ko‘pdir»,
1
deb davom etadi
muallif va bularning tepasida hatto olamga mashhur olimlar,
siyosatchilar, iqtisodchilar turganini aytadi.
Abdulla Avloniy «Bu kunda madaniy millatlar urushlarni sanoat
va tijoratga aylantirdilar va bu sohada bir-birlariga g‘alaba va raqobat
qila boshladilar», deb yozadi. Fitrat va Cho‘lpon bularni «madaniyat
vahshiylari» deb ataydilar. Mohiyat o‘sha-o‘sha, o‘zgargan emas.
Faqat shakllar har xil.
Samovar suvining ichida o‘t yonadi, bu yerda sehr bor,
binobarin nosha’riy, jome’larning shamlarini elektr bilan
almashtirishga tish-tirnoqlari bilan qarshi chiqishi, «usuli jadid»
maktabini, zamonaviy fan-texnikani rad etish, gazeta, teatrga
«shaytoniy ish», «shakkoklik» deb qarash va ularning hammasidan
kofirlik izlash jadidqadim kurashining bir ko‘rinishi sifatida namoyon
bo‘lgan edi.
Jadidlik oqim emas, harakat. Ijtimoiy, siyosiy, ma’rifiy harakat
yaqingacha ham u faqat ma’rifatchilik harakati deb kelindi. Bu
ataylab qilingan edi. Maqsad jadidchilik doirasini toraytirish,
sotsialistik-kommunistik mafkuradan boshqasi keng xalq ongini
qamrab olishi, egallashi mumkin emas, degan soxta tushunchaning
asorati edi. Aslida esa jadidchilik:
1
Б
.
Қосимов
«
Миллий
уйғониш
»
Т
., «
Маънавият
» 2002, 9
бет
.
213
1.
Jamiyatning barcha qatlamlarini jalb eta oldi. Uyg‘onish
mafkurasi bo‘lib xizmat qildi.
2.
Mustaqillik uchun kurash olib bordi. Uning g‘ayrat va tashab-
busi bilan dunyo yuzini ko‘rgan «Turkiston muxtoriyati» bu yo‘ldagi
amaliy harakatlarning dastlabki natijasi edi.
3.
Maorif va madaniyatni, matbuotni ijtimoiy-siyosiy maqsad-
larga moslab chiqardi.
Jadidlarning poydevori, tamal toshi – «usuli jadid» maktabi
edi. Bu tabiiy, hamonki maqsad jamiyatni yangilamoq ekan, uni yangi
avlodgina qilishi mumkin edi. Yangi avlodni esa, yetishtirmoq lozim.
Eski an’anaviy usulda bu ishni amalga oshirish qiyin. Chunki zamon
o‘zgargan. U tezkorlikni talab qiladi. Ikkinchidan, bugungi o‘quvchi
tarix, jug‘rofiya, iqtisod, fizika, kimyo, matematika kabi zamonaviy
fanlarni bilishi kerak. Ilmiy fanlar, fan-texnika yutuqlari so‘nggi uch-
to‘rt asr dunyo taqdirini boshqa o‘zanga solib yubordi. Yevropani
oldinga olib chiqdi. Endi Yevropa ilm-fanini egallamasdan dunyo
bilan barobar yashab bo‘lmaydi.
Bu ilm-fanni o‘zlashtirmoq uchun Yevropa tillarini bilmoq
kerak. Ayni paytda o‘zlikni ham saqlamoq lozim. Din-diyonat ham
zarur. Xullas, yashamoq uchun uchala jihatni ham ushlamoq kerak
bo‘ladi. Aks holda muvozanat buziladi. Muvozanat buzilishi esa,
yomon oqibatlarga olib keladi. Masalan, yolg‘izgina din ushlansa,
dunyo qo‘ldan ketadi. Faqat o‘zlik, millat desak, yana dunyodan
ajralib qolamiz. Birovning biz bilan ishi bo‘lmaydi. Yevropalashsak,
o‘zlik yo‘qoladi. Bu ham fojia.
Bugun biz yuzma-yuz bo‘lib turgan milliy g‘oya, milliy mafkura
masalalari bundan yuz-yil oldin jadidchilarimiz tomonidan ham kun
tartibiga qo‘yilgan va qizg‘in muhokama qilingan edi.
Ma’rifatga ehtiyoj, ilm-fanni egallash g‘oyasi millatning
ko‘pchiligi tomonidan anglanishi kerak. Darhaqiqat, jadidchilarimiz
olib borgan barcha ishlar matbuotning yo‘lga qo‘yilishi, «usuli jadid»
maktabi nazariyasi va amaliyoti, teatrchilik kabilar shunga xizmat
qildirildi. Shu tariqa har bir g‘oyaning milliy g‘oyaga aylanishi,
jadidchilarimiz fikricha, ikki shartni taqozo etadi.
1. G‘oya millatning tub, asl ehtiyojlaridan, turish-turmushidan,
asosiy an’analaridan, o‘zligidan va tabiiyki, imkoniyatidan kelib chiq-
mog‘i lozim.
214
2.
Mazkur g‘oya millat tomonidan anglanishi, his qilinishi,
boshqacha aytganda, ongiga joylashib, yuragidagi o‘tga aylanmog‘i,
so‘ngsiz ishtiyoq hosil qilmog‘i kerak.
Tabiiyki, har bir millat taraqqiy topmog‘i uchun jahon ilm-fani
yangiliklaridan, umuminsoniy g‘oyalardan foydalanmog‘i shart.
Lekin bu fikr-g‘oyalar millatning qalbi va ongidan o‘tmog‘i,
«milliylashmog‘i» kerak. Shundagina u millat yo‘lida xizmat qila
oladi.
Millat tushunchasi birlikni talab qiladi. Birlik deyilganda, asosan
insoniy, irqiy, diniy mushtaraklik ko‘zda tutiladi. Shular asosida
millatning uyg‘onishi, o‘z-o‘zini anglashida muhim rol o‘ynagan,
lekin so‘ngroq asossiz ravishda ayblov vositasiga aylantirilgan panis-
lomizm, panturkizm, panturonizm, mahalliy millatchilik kabi
tushuncha va atamalar paydo bo‘ldi. Ularning ayrimlari o‘z davrida
milliy g‘oya darajasiga ko‘tarildi, lekin siyosiy jihatdan amalga
oshirish imkoniyati bo‘lmagani uchun zamon qatlarida qolib ketdi.
Dunyoda yashab turgan har bir millatning o‘z fe’li – tabiatidan,
hayot sharoiti va turmush tarzidan, maslak-e’tiqodidan kelib chiqqan,
asosiy tarixiy tajribalari bilan mustahkamlanib, takomillashib borgan
va boradigan fikr-qarashlari tizimi bor. Bu tizim millatning borliq va
tabiatga munosabatidan tortib, jamiyat, axloq, siyosatigacha bo‘lgan
qarashlarini qamrab oladi. Davlatchiligi, uning kamoli va zavoli,
idora tuzumi, askar tutumi, zehniyati, zavqi–didi, iymon-e’tiqodi kabi
millatning tarixi, turmushi bilan bog‘liq o‘nlab masalalarni
oydinlashtirmasdan u haqda aniq fikr bildirish qiyin. Lekin shunisi
aniqki, milliy mafkura jamiyat hayotining jon tomiri. U qurisa, millat
o‘sishdan to‘xtaydi, jamiyat buziladi.
Uning asoslari tarixda, urf-udum, an’analarimizda. Uni
tiklashning zarurligini birinchi bo‘lib jadidchilar sezdilar.
Bugun hayotimizga tatbiq qilinayotgan milliy istiqlol mafkurasi
– «Xalqimizning asrlar davomida shakllangan yuksak ma’naviyati,
an’ana va udumlari, ulug‘ bobokalonlarimizning o‘lmas merosidan
oziqlanadi».
1
Jadidchilar g‘oyalari ana shu merosimizning uzviy
qismi sifatida milliy ma’naviyatimiz rivojlanishida muhim manba
bo‘lib xizmat qilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |