Ma’naviy qadriyatlar va ularning inson kamolotidagi ahamiyati
Qadriyatlar ham ma’naviyatning tarkibiy qismlaridan birini tashkil etadi. Ular ijtimoiy xususiyatga ega bo‘lib, kishilarning amaliy faoliyati jarayonida shakllanadi va rivojlanib boradi. Qadriyatlar kishilarning turli sohalardagi, avvalo, ishlab chiqarishi, mehnat sohasidagi faoliyati uchun foyda keltiradigan narsa va hodisalar majmui bilan bog‘liq holda yuzaga keladi.Tabiat va jamiyat hodisalari insonning moddiy va ma’naviy boyliklar ishlab chiqarish, yaratuvchanlik faoliyati tufayli, uning ehtiyojlarini qondirish natijasida qadriyatlilik ahamiyatiga ega bo‘ladi. Odamlarning manfaatlari, ehtiyojlarini qondira olmagan, ularning orzu-istaklari, intilishlariga mos kelmaydigan, tabiat va jamiyat hodisalarini qadriyatlar sirasiga kiritish noo‘rindir.
Qadriyat deyilganda, inson va insoniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan, millat, elat va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari va maqsadlariga xizmat qiladigan va shu tufayli ular tomonidan baholanib qadrlanadigan tabiat va jamiyat ne’matlarini, hodisalari majmuini tushunmog‘imiz lozim.30 Tabiat va jamiyat boyliklari, hodisalarini qadriyatlar sirasiga kiritilishning asosiy sababi-kishilar ularni qadrlaydilar, avaylab-asraydilar, chunki, bu qadriyatlar ularning shaxsiy va ijtimoiy turmushini, ma’naviy – ruhiy dunyosini boyitadi, yaratuvchanlik faoliyatiga yo‘llaydi.
Ma’naviy qadriyatlar va ularning inson kamolotidagi ahamiyatiga to‘xtashdan avval, qadriyatlarning turlari va ko‘rinishlarini bilib olish lozim. Qadriyatlar o‘z mohiyati, xususiyatlari va amal qilish doirasiga ko‘ra bir necha turlariga va shakliy ko‘rinishlarga bo‘linadi. Avvalo, barcha qadriyatlar orasida inson va uning hayoti eng oliy qadriyat hisoblanadi. Inson yo‘q joyda biron narsaning qadr-qimmati, ahamiyati haqida so‘zlash bema’nilikdir. Insonsiz borliqdagi mavjud barcha narsa va hodisalar o‘zining qadriyatlilik ahamiyatini yo‘qotadi. SHuning uchun ham mustaqillikning dastlabki yillaridanoq inson qadr–qimmatini e’zozlash, uning manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, turmushini yaxshilash, bilimi va madaniy saviyasini rivojlantirish, sog‘lig‘ini saqlash, hayotini himoya qilish davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishini tashkil etib kelmoqda. Jahonda e’tirof etilgan taraqqiyotning «o‘zbek modeli»ning asosiy tamoyillaridan biri ham bozor yaga o‘tishda aholining ijtimoiy himoyasiga qaratilganligida chuqur insonparvarlik mohiyati mavjuddir.
Insonning yashashi uchun zarur bo‘lgan barcha tabiiy boyliklar –er, suv, havo, quyosh, turli madanlar, o‘simliklar, hayvonat dunyosi va boshqalar, shuningdek, inson mehnati, hatti – harakati, aql-zakovati bilan yaratilgan turli-tuman moddiy boyliklar, zavod va fabrikalar, ishlab chiqarish, transport vositalari, asbob-uskunalar, hozirgi zamon axborat texnologiyalari, turar joy, mol-mulk, noz-ne’matlar va boshqalar tabiiy va moddiy qadriyatlar hisoblanadi. Bularsiz insoniyat yashay olmaydi. Tabiat va uning boyliklari biz uchun moddiy ne’matlarning bosh manbai hisoblanadi. Ularni asrab-avaylash, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga har birimiz ma’naviy va amaliy jihatdan mas’ulmiz.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida: «Er, er osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonat dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir,»31 - deb yozilganki, ularni asrab-avaylash, saqlash, kelgusi avlodlarga sof holda qoldirishimizda har birimizga javobgarlik ma’suliyatini yuklaydi.
Muayyan jamiyat, davlat tuzilmasi, uning huquqiy asoslari, shaxs erkinligi va huquqlari, adolat, ozodlik, tenglik, tinchlik, birodarlik kabilar ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar sirasiga kiradi. Insonning erkinligi, uning qadr-qimmati jamiyatimizning oliy qadriyatidir. Bu haqda asosiy qomusimizda shunday so‘zlar yozilgan: «O‘zbekiston Respublikasi demokratiya, umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa dahlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi»32
Istiqlol tufayli mamlakatimizda barqarorlik, tinchlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik kabi ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar qaror topdi. «Ko‘p millatli jamiyatimizda, - deydi I.Karimov, - ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, fuqarolar o‘rtasida tinchlik va millatlararo totuvlik saqlanayotganligi mustaqil O‘zbekistonning bunyod bo‘lishi va rivojlanishining birinchi boshlang‘ich bosqichida qo‘lga kiritilgan eng asosiy yutuq bo‘ldi»33. Prezidentimiz yuqorida qayd etgan qadriyatlar yangidan barpo etilayotgan davlatchiligimizning poydevoridir.
Xalqimiz va umuminsoniyat tomonidan yaratilgan ilmiy-falsafiy qarashlar, tarixiy, badiiy san’at asarlari va diniy amollar; urf-odatlar, an’analar, bayramlar, marosimlar; insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, yaxshilik, burch, vijdon, to‘g‘rilik, halollik kabi axloqiy me’yorlar insonni ma’naviy kamolotga eltuvchi ma’naviy-axloqiy qadriyatlar sanaladi.
O‘zbek xalqining mehnatsevarlik, erga cheksiz muhabbat, mehmondo‘stlik, katta yoshdagilarni hurmat qilish, nonni, suvni e’zozlash bilan bog‘liq bo‘lgan juda ko‘p qadimiy ma’naviy qadriyatlar chuqur hayotiy mazmunga ega bo‘lib bugungi kunda ma’naviy barkamol insonlarni tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’naviy barkamol insonni tarbiyalashda milliy ma’naviy meros va qadriyatlarni, diniy axloq mezonlarini yoshlarimiz ongiga singdirish, ularning amaliy faoliyatlariga aylantirish muhim ahamiyatga egadir. Xususan, IX-XII va XIV-XV asrlarda yashab o‘tgan buyuk mutafakkirlarning ilmiy-falsafiy bilimlar va islom ilmi va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissalarini o‘rganish yoshlarimizda ma’naviy barkamollikning muhim belgilaridan biri milliy g‘urur va milliy o‘zlikni anglab etishda muhim ahamiyatga egadir. Mamlakatimizda mustaqillik yillari ma’naviy meros va qadriyatlarning ma’naviy barkamol insonlarni tarbiyalab voyaga etkazishdagi muhim o‘rniga ahamiyat berib, o‘tmishda toptalgan ma’naviy qadriyatlarimizni tiklashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov bu boradagi asosiy vazifalarni belgilab, quydagi fikrlarni aytgan edi: «Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko‘p asrlar davomida yaratib kelingan g‘oyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo‘lib qoldi.
Biz ma’naviy qadriyatimizni tiklashni milliy o‘zlikni anglashning o‘sishidan, xalqning ma’naviy sarchashmalariga, uning ildizlariga qaytishdan iborat uzviy, tabiiy jarayon deb hisoblaymiz.»34
Istiqlol tufayli xalqimiz boy ma’naviy merosimiz va qadriyatlarimizning ildizlariga nazar tashlash, to‘laqonli suratda o‘rganish, ular orqali yoshlarimiz ongi va shuurini, ma’naviyatini boyitish imkoniga ega bo‘ldik. Islom Karimov ta’kidlaganidek, ma’naviyat «…Insonga ona suti, ota namunasi, ajdodlar o‘giti bilan birga singadi».35 Prezidentimizning mazkur so‘zlarida chuqur falsafiy fikrlar mujassam.
Diniy qadriyatlarimiz ham inson ma’naviy kamolotining muhim omillaridan biridir. Asrlar mobaynida xalqimizning ma’naviyati, insonparvarlik, adolatparvarlik, ma’rifatparvarlik kabi ezgu fazilatlari SHarq falsafasi va islom diniy ta’limoti bilan uzviy ravishda rivojlanib kelgani hozirgi kunda hammamizga ayon. Vazifa esa xalqimizni, xususan yoshlarimizni ma’naviy kamolot cho‘qqilariga etkazishda islomiy qadriyatlardan ham bekamu ko‘st foydalanishdan iborat.
Islom Karimov doimo qayta–qayta ta’kidlaganidek: «Biz islom dini ota-bobolarimiz dini ekanini, u biz uchun ham iymon, ham axloq, ham diyonat, ham ma’rifat ekanini doimo yuksak qadrlaymiz. Dinga hurmat va e’tiqod biz uchun o‘lmas qadriyatdir».36
Diniy qadriyatlarimiz inson faoliyatini oqilona boshqarish, jamiyat hayotida tinchlik, adolat, insonparvarlik, halollik, diyonatlilik, insoflilik, mehr-shafqatlilik kabi ko‘plab insoniy fazilatlarni inson qalbi va ruhiyatida qaror toptirishga yo‘g‘rilgan. Ularning har biri inson qalbida chuqur tomir otgan, ruhiyatini harakatga keltiradigan ma’naviyatdir.
Inson tug‘ilganidan so‘nggi nafasigacha an’analar, urf-odatlar, bayramlar qurshovida hayot kechiradi. Ular esa kechagi avlodlardan bugungi, bugungi avlodlardan ertangi avlodlarga ma’naviy meros bo‘lib o‘tib ma’naviy kamolot sari eltadi. Urf-odat, an’analar bugungi avlodni ajdodlar tajribasi bilan tanishtiradi, ularda o‘z burchi vazifalariga mas’uliyat bilan qarash fazilatlarni shakllantiradi va mustahkamlaydi.
SHarq xalqlarining, xususan o‘zbek xalqining qadimiy bayramlaridan biri “Navro‘z” asrlar silsilasidan o‘tib kelib, bugungi mustaqillik kunlarida yangicha mazmun kashf etgan holda xalqimiz ma’naviyatini boyitishda, yoshlarimizning ma’naviy kamolotida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. U xalqimiz tomonidan uyg‘onish va yasharish, go‘zallik va nafosat, muruvvat va sahovat ramzi sifatida yuksak qadrlanadi. Navro‘z bayrami kunlari yoshu qari, har qaysi inson o‘zini mo‘‘jizakor tabiatining uzviy bir qismi ekanini chuqur anglaydi, tabiiy muhitni asrab-avaylab, u bilan ham ohang bo‘lib, mustaqilligimizning har bir osuda kunining qadriga etib yashash kerakligini yana bir bor idrok etib qalbidan o‘tkazadi.
Navro‘z ayyomi arafasida mahallalar, ko‘chalar, aholi turar joylari obodonlashtiriladi, ariq-zovurlar tozalanadi, ziyoratgoh, qabriston hamda tabarruk qadamjolar tartibga keltiriladi, mevali, manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari o‘tkaziladi. Bayram kunlari esa etim-esir, beva-bechora, xasta va muxtoj kishilarga mehr-muruvvat, sahovat ko‘rsatiladi, qariyalarimizning duosi olinadi. Bunday insoniy qadriyatlar yoshlarimizning ma’naviy kamolotida muhim o‘rin tutadi.
Mustaqilligimiz yillari qadimiy an’ana va urf-odatlarimizni tiklash, ularni yangi mazmun bilan boyitish bilan birga, Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi-«Umid nihollari», «Barkamol avlod», Universiada kabi ommaviy sport o‘yinlarini, san’atda SHarq taronalarini muntazam suratda o‘tkazish an’anaga aylanib qoldiki, bular yoshlarimizni jismonan chiniqtirish, sog‘lom o‘sib ulg‘ayishiga yordam berishi bilan birga, ular ongi va dunyoqarashida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, ma’naviy komillikka erishishlarida muhim rol o‘ynamoqda. SHu bilan birga Mustaqillik kuni, xotira va qadrlash kuni, Ustoz va murabbiylar kunlarining xalqimiz tomonidan umumxalq bayrami sifatida qadr topgani va nishonlanib kelinayotgani ham yoshlarimizda vatanparvarlik, insonparvarlik kabi xislat va fazilatlarni shakllanishida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda
Do'stlaringiz bilan baham: |