To’pchiboshi – harbiy lavozim. O’rta Osiyo xonliklarida harbiy vazifalarni bajargan amaldor (asosan, artilleriya boshqaruvchisi). Buxoro amirligida 2 ta to’pchiboshi unvoni mavjud bo’lgan: biri to’pchiboshiyi lashkar deb nomlangan bo’lib, Buxoro garnizonining boshlig’i vazifasini ado etgan, uni vaziri harb – harbiy vazir ham deb atashgan, unga barcha harbiy qismlarning sardorlari bo’ysungan. Davlat qurol-yarog’ ombori – to’pxonaga mas’ul hisoblangan. Ushbu shaxs kutvol, bakovul, o’rag’a kabi mansab egalari qatori hukmdor qabulida ba’zan o’tirish huquqiga ega bo’lgan. Ikkinchi to’pchiboshi Buxoro qal’asi (arki) komendanti hisoblangan, shu bois to’pchiboshiyi darvozayi arki oli – “qal’a artilleriyasi sardori” deb yuritilgan, u o’z mavqeiga ko’ra, shig’avul, miroxurboshi, shixna (mirshab) kabi lavozimlar darajasida turgan30.
Daha – o’n kishidan iborat jangovar bo’linma. Buxoro amirligida bunday harbiy bo’linma boshlig’i dahaboshi, dahboshi deb atalgan.
Dodxoh, dodxo – ushbu lavozim egasi Buxoro amirligida:
a) qal’a boshlig’i, qo’rboshi; b) qozixona ishlari ustidan nazorat olib boruvchi amaldor, raisi kalon.
Buxoro amirligida arzchilar shikoyatini amirga etkazib, javobini shikoyatchilarga bildiruvchi amaldor31.
Tuqsoba, to’qsabo (eski o’zbekcha – o’z tug’iga ega bo’lgan) – harbiy qism sarkardasi, tuqsaboshi. Buxoro amirligida eshikoqo boshi, chig’atoy begi singari mansablardan keyingi, miroxurdan oldingi rutba hisoblanib, uning egasi amir saroyiga otda kirish, lekin hukmdor qabulida o’tirish huquqiga ega bo’lmagan shaxsni anglatgan. Bu mansabdor idishlarga ovqat suzish, kosalarga ichimlik, qatiq, muzdek suv quyish, ularni xizmatkorlar orqali mashvarat yoki kengash ahliga etkazishga mas’ul hisoblangan. U, shuningdek, Harqonrud tumanini va u yerda suv taqsimotini boshqargan.
Qora cherik – Buxoro amirligida muntazam qo’shin bilan baravar urush yoki tinchlik chog’ida xizmatda bo’lgan nomuntazam lashkar. Ehtiyoj bo’lmagan kezlarda Qora cherik uylariga tarqalib ketgan. Qora cherikni to’plash uchun hukmdor(amir) farmoni chiqqan va u bozorlarda jarchilar tomonidan e’lon qilingan. Har bir qishloq, shahar, viloyatdan yig’iladigan Qora cherik miqdori ilgaridan aniq bo’lganligi bois, amir buyrug’iga binoan, nomuntazam lashkar yetkazib berishda muammolar tug’ilmagan. Muntazam qo’shin otlar bilan ta’minlangan bir paytda, Qora cherik shaxsiy ulovi bilan harbiy harakatlarda ishtirok etishi majburiy hisoblangan. Qal’a, qo’rg’onlarni muhofaza qilishda muntazam xizmatdagi askarlar soni kamlik qilsa, Qora cherikdan foydalanilgan.
Ba’zan yurishda qatnashayotgan qo’shinning deyarli yarmini Qora cherik tashkil etgan.
Navkar, nukar (mo’g’ulcha noxor – do’st, o’rtoq) xon huzurida xizmat qiluvchi oliy tabaqali yigitlar. Navkarlar – qurollangan erkin kishilar bo’lib, o’z ixtiyorlari bilan xizmat qilishgan. Buxoro xonligida navkarlar xizmati uchun davlat tomonidan belgilangan maosh bilan ta’minlangan va majburiy harbiy xizmatni o’tagan. Harbiy harakatlardan bo’sh paytlarda navkar soqchilik vazifasini bajargan.
Tavochi (mo’g’ulcha - hisobchi) Buxoro xonligida harbiy nozir – naqibga qo’shinni joylashtirish, qurol-aslaha bilan ta’minlash, harbiy harakatlar vaqtida lashkarning ilg’or, ar’ergard, o’ng qanot, so’l qanot va markaziy qismlari hamda pistirmadagi vaziyatdan xabardor bo’lish mas’uliyati yuklatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |