Ma'lumki, mustaqil O'zbekistonimiz aholisining 30 foiz qismini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tashkil etadi. Ushbu yoshlarning yorqin kelajagi va porloq istiqboli uchun muntazam va keng ko'lamli imkoniyatlar yaratib borilmoqda. Shunday imkoniyatlarning natijasini "El-yurt umidi jamg'armasi" stipendiyasi tashkillanganligida ko'rishimiz mumkin. O'zbekistonning umidli yoshlaridan biri sifatida, hukumatimiz tashabbusi bilan yo'lga qo'yilib, yuzlab yoshlarining haqiqiy umidiga aylangan "El - yurt umidi jamg'armasi"ning 2022 - yilgi birinchi tanlovida qatnashishga qaror qildim. Ushbu tanlov shu kunga qadar zukko va salohiyatli yoshlarni dunyoning eng nufuzli oliygohlariga bakalavriat, magistratura va doktorantura yo'nalishlari bo'yicha to'liq grand asosida ta'lim olish, mavjud bilim va ko'nikmalarni mustahkamlash hamda tajriba almashinish uchun yo'llamoqda. Ushbu yaratilgan beminnat imkoniyatlardan foydalanish va qo'ldan boy bermaslik uchun maksimal darajada harakat qilmoqdaman va o'z istiqboldagi rejamni ushbu inshoda yoritib bermoqchiman.
Maktab davridan mahoratli ustozlardan olgan bilim va ko'nikmalarim tufayli kelajakda ustoz bo'lishga, aynan Ingliz tili fani bo'yicha yetuk mutaxassis bo'lishga qat'iy qaror qildim. Ushbu qarorim ijrosi o'laroq 2016 - yil Farg'ona davlat universiteti, Xorijiy til va adabiyoti yo'nalishi talabasi bo'ldim va 4 yillik ta'lim muddati davomida o'z fanining yetakchi mutaxassislaridan tahsil oldim. 2021 - yil esa tahsilni davom ettirish maqsadida ushbu universitetning magistratura bosqichiga hujjat topshirdim va o'qishga qabul qilindim. Bu muddat davomida ikki marta xalqaro til sertifikati uchun IELTS imtihonini topshirdim va ushbu jarayonlar davomida orttirgan bilim va tajribalarimni hozirda o'quvchilarim va hamkasb ustozlar bilan bo'lishmoqdaman. Faqatgina mahalliy bilim va tajribalar bilan cheklanib qolmaslik uchun dunyoning bir qator oliygohlariga hujjat topshirib bir nechtasiga qabul qilindim. Ulardan biri Buyuk Britaniyaning Reading universiteti. Men tanlagan yo'nalish MA TESOL ( Master of Arts Teaching English to Speakers of Other Languages) - Boshqa tillarda so'zlashuvchilarga ingliz tilini o'qitish.Yurtimizda xalqaro til hisoblanmish ingliz tilini o'qitish va o'qituvchilarni qayta tayyorlash bilim va ko'nikmalarini oshirish bo'yicha qator ilmiy - amaliy chora - tadbirlar ko'rilib kelinmoqda. Ularning natijasi sifatida o'quvchilarnining va o'qituvchilarning xorijiy til savodxonligi mustaqillikning dastlabki yillariga nisbatan salmoqli darajada o'sdi. Lekin, jadal sur'atlarda rivojlanayotgan XXI ga yetish, u bilan hamnafas bo'lish uchun ilg'or davlatlarning tajriba va mahoratlari kerak. Buning uchun ko'p hollarda TESOL xo'yicha horijiy davlatlardan mutaxassislar yurtimizga shartnoma asosida chaqiriladi va ular mahalliy pedagoglarga mahorat darslari o'tadilar. Bu davlatimiz uchun ma'lum bir kattaroq summani tashkil qiladi va qo'shimcha tarzda, u qadar uzoq bo'lmagan qisqa muddat davomida yakunlanadi. Agar men va men kabi yoshlar TESOL yo'nalishi bo'yicha xorijda tahsil olib, egallagan bilimlarini yurtimizda amaliyotga tadbiq etsa, eng avvalo o'z sohasining jahon standartlari darajasidagi kadrlarining doimiy ichki bazasi shakllanadi, ikkinchidan chet el ekspertlariga sarflanadigan mablag' yana bir boshqa sohaga yo'naltirilishi va albatta ko'zlangan foydani olib kelishi mumkin.
Reading universitetida shu kunga qadar olgan bilimlarimni takomillashtirib, sayqallab jahon tajribalarini aynan "native speaker" (mahalliy til so'zlashuvchi) lardan o'rganib vatanimning eng olis hududlarida ingliz tiliga nisbatan mavjud bo'lgan e'tiborni yanada kuchaytirishga, xorijiy til savodxonligini avvalo o'qituvchi kadrlar orasida yanada rivojlantirishga hissa qo'shish. Ilmiy -amaliy mahorat darslarini ko'ngilli ravishda tashkillab xorijiy til o'rganuvchilari uchun ham ilmiy, zarur hollarda ham psihologik yordam ko'rsatish ustuvor maqsadlarimdan biridir. Xulosa qilib shuni aytish joizki, men ushbu granddan foydalanib Reading universitetida oladigan bilimlarimni kelajakda professional bo'lish uchun qo'llab, vatanim ravnaqi va jamiyat taraqqiyoti uchun munosib hissa qo'sha olaman. Men o'z qobiliyatlarimni isbotlash va yangi ko'nikmalarga ega bo'lish uchun ushbu stipendiya dasturiga qabul qilinishni va ijobiy javob olishni intiqlik bilan kutaman.