Ma’lumki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan tashkil etilgan PISA xalqaro tadqiqotlari dunyo bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim tizimiga oid eng nufuzli axborot manbalaridan biri hisoblanadi.
2010-yildan buyon har 3 yilda o‘tkazib kelinayotgan, jami 10 million nafardan ortiq o‘quvchilar ishtirok etgan ushbu tadqiqotlarda 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha savodxonligiga baho berildi.
PISA tadqiqotlarida o‘quvchi dasturni o‘zlashtirganligini emas, balki bilim va ko‘nikmalarni hayotda qay darajada qo‘llay olishini baholaydi.
PISA’da butun dunyo o‘quvchilarining ta’limda erishgan natijalarining sifatli va haqqoniy ekanligiga e’tibor qaratiladi, shu bilan birga, o‘qituvchilar, ta’lim sohasi vakillari va siyosatchilar uchun boshqa mamlakatlardagi ta’limga oid davlat siyosati hamda amaliyoti haqida tasavvurlarni boyitish imkonini beradi.
2018-yilgi tadqiqotlarda 78 ta davlatdan 600 ming nafar o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lib, reyting bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni Xitoy va Singapur mamlakatlari egallagan bo‘lsa, Kosovo, Dominikan respublikasi va Filippin mamlakatlari oxirgi qatorlardan joy olgan.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ta’lim va ko‘nikmalar direksiyasi direktori, PISA dasturining asoschisi Andreas Shlyaxerning ta’kidlashicha, tadqiqotda qatnashgan dunyo o‘quvchilarining aksariyati o‘qish savodxonligi bo‘yicha test savollariga javob berishga qiynalgan. Shunga qaramay, tahlillar xitoylik o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi bo‘yicha natijalari dunyo bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqoriroq ekanligini namoyon qilmoqda. O‘quvchilarning har o‘ntadan bir nafarigina topshiriqlar mazmunidagi dalillar bilan fikrlarni farqlay olish ko‘nikmalariga ega ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, davlatlarning mazkur reytingda yuqori natijalarga erishishi hamda ta’lim sifat ko‘rsatkichlari ortishida kam imkoniyatga ega bo‘lgan oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash alohida o‘rin tutishi ma’lum qilindi. Shunday ekan, davlat tomonidan kam imkoniyatga ega bo‘lgan qobiliyatli o‘quvchilar uchun alohida sinflar tashkil qilish, ularning salohiyatlarini oshirish uchun tajribali o‘qituvchilarni tayinlagan holda mashg‘ulotlar olib borish lozimligi taklif etildi.
PISA’da doimiy ravishda qatnashib borish orqali ko‘plab mamlakatlar o‘zlarining ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarni kuzatish va tahlil qilib borish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Misol uchun, tadqiqotlarda uzluksiz ravishda ishtirok etib, Portugaliya, Albaniya, Qatar, Moldaviya, Peru mamlakatlari 2003-yildan 2018-yilgacha barqaror o‘sish suratlariga ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2021-yilda ilk marotaba PISA xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etadi. Hukumatning 2018-yil 8-dekabrdagi qarori bilan shu kabi xalqaro tadqiqotlarga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |