MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNI TA’LIMNING KEYINGI BOSQICHIGA TAYYORLASHDA O‘ZINI O‘ZI BOSHQARISHNING AHAMIYATI
Mabudaxon Fayziyeva,
Guliston Davlat universiteti
Maktabgacha ta’lim kafedrasi
o‘qituvchisi
E-mail:fayziyevamabuda@gmail.com
Tel:99 473 83 71
Respublikamizda maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining boshlang‘ich turi bo‘lib, maktabgacha yoshdagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashga qaratilgan ta’lim turi deb e’tirof etilgan. Bu e’tirof 2020-yil 23-sentyabrda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasida ham belgilab qo‘yilgan.1 Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 dekabrda qabul qilingan 802-son qarori ilovasiga asosan, Maktabgacha ta’lim tashkilotining davlat o‘quv dasturi maktabgacha ta’lim tashkilotining maqsad va vazifalari, o‘quv-tarbiyaviy faoliyatning asosiy g‘oyalari, shuningdek, bolaning ta’limning keyingi bosqichiga o‘tishidagi asosiy kompetentsiyalarini belgilab beradi.2
Bolalarni maktabga tayyorgarligi shunday talablarni qo‘yadiki, unda bolaning har tomonlama tayyorgarligi talab etiladi. Bolani maktab ta’limiga har tomonlama tayyorlashda uning jismoniy, motivatsion, intellektual, psixologik hamda ijtimoiy tayyorgarligi nazarda tutiladi.
Bolani maktab ta’limiga tayyorlashda eng avvalo uni mustaqil foliyatga o‘rgatish talab etiladi. Maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish, tarbiyaash va maktab ta’limiga tayyorlashda mutaxassislar bolalarda o‘z-o‘zini tartibga solish hamda boshqarishni rivojlantirishni nazarda tutadi. O‘zini o‘zi boshqarish – bolaning o‘z ruhiy va fiziologik holatlarini, harakatlarini boshqarish jarayoni, o‘zini o‘zi boshqarish qobiliyati, ma’lum me’yor va qoidalarga ongli, faol amal qilish demakdir.3 O‘zini o‘zi boshqarish bolaning jismoniy, psixik va ijtimoiy rivojanishiga katta yordam beradi. Lekin kattalar bolaning o‘zini o‘zi boshqarishini bu tartib qoidalarga amal qilish deb qaramaslik kerak. Bolalarni qoidalarga amal qilishlari ularning chindan ham kattalarni aytganini bajarish istagi borligini anglatmaydi. Bolalar kattalar talabiga ko‘ra, o‘zlarini tutishlari mumkin. Bunday vaziyatda ular kattalar tomonidan beriladigan biror sovg‘a uchun yoki bo‘lmasa jazolanishni istamagani uchun amal qiladilar.O‘zini o‘zi boshqarish esa muammoni sabablarini tushunishga yordam beradi. Sodda qilib aytganda o‘zini o‘zi bosharish, tartibga solish sodir bo‘ladigan qiyin vaziyatlardan qanday chiqib ketishni va o‘zini qanday tiklab olishga o‘rgatadi.
Bolada yaxshi rivojlangan o‘zini o‘zi boshqarish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
-butun umri davomida rivojlangan ijtimoiy ko‘nikmalar;
- bola va pedagog o‘rtasidagi munosabatlar;
- maktab ta’limi bosqichiga oson moslashib ketish;
- maktab ta’limini yaxshi o‘zlashtirish.
O‘zin o‘zi boshqarishning asosiy xususiyatlari:
harakatlarning anglanishi – bunda bola vazifalarni nima uchun bajarilishini anglashi kerak;
faoliyatga kirishish – sust yoki faol;
faoliyatni rejalashtirish – bola o‘z faoliyatining tadrijiyligini ajratib ko‘rsata olishi;
nazorat va korrektsiya – bola vazifani bajarish chog‘ida uni to‘g‘ri bajarayotganligini nazorat qila olishi va xatolarini to‘g‘rilay olishni anglashi.
Tadqiqotchilarimiz fikriga ko‘ra, haqiqiy o‘zini o‘zi boshqarish 9-10 yoshga kelib shakllanadi. Lekin bu maktabgacha yoshda bu qobiliyatni rivojlantirish kerak emasligini bildirmaydi. Bolalarda dastlabki yillardan boshlab, ixtiyoriy harakatlarni shakllantirib boriladi. 2-3 yosh davrida nutqni tartibga solish funktsiyasining asoslari shakllanadi. 3 yoshga kelib bolalarda xulq-atvor qoidalarini buzilishini ham kuzatish mumkin. 4 yoshdan boshlab o‘z harakatlari ustidan nazorat rivojlanadi. Xatti-harakatlarni boshqarishda o‘zini o‘zi boshqarishning roli doimo oshib boradi. Bolalardagi bu o‘zgarishlarning hammasi yaratilgan shart-sharoitlarga bog‘liq.
O‘zini o‘zi boshqarishni tashkil etish bu bir harakatli harakat emas, balki kattalar tomonidan bolalar jamoasi faoliyatini tashkil etish va boshqarishdan havaskor ijro bosqichiga o‘tishning dinamik jarayonidir.Ta’lim mussasalarida bolalarning o‘zini o‘zi boshqarishni rivojlantirishning maqsadi – har bir bolaga o‘zining individual xususiyatlarini ochib berish, unga hozirgi kunda va kelajakda muvaffaqiyatli yashash va mehnat qaoliyatini olib borish, imkoniyatlar berish va pedagogik shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi. Bunda bolalar jamoasi hayotini demokratlashtirish, jamoa a’zolari tomonidan o‘z vazifalarini bajarish ustidan nazoratni bekor qilishni anglatmay, balki bolaning o‘zini o‘zi boshqarishni tashkil etishni nazarda tutadi.
Olimlar maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘zini o‘zi boshqarishni 3ta asosiy sohadan baholash kerakligini ta’kidlaydilar:
hissiy o‘zini o‘zi boshqarish;
diqqatni boshqarish;
xatti-harakatni boshqarish.4
Ko‘p bolalarda xatti-harakat, his-tuyg‘ular va diqqatni nazorat qilish va boshqarish qiyin bo‘ladi. Natijada maktabda o‘qish vaqtida ular qiynaladilar. Bu muammolar xavfini kamaytirish uchun maktabgacha yoshdanoq unga e’tibor qaratish va bola rivojlanishini qo‘llab quvvatlash zarur.
Katta matabgacha yoshdagi bolalarning o‘zini o‘zi boshqarish jarayonini kuzatish va baholashni davlat talablarida ko‘zda tutilgan bolalar rivojlanishining beshta sohasi bo‘yicha kuzatish mumkin. Bolalarning ushbu rivojlanish darajasi va ko‘nikmalari haqida umumiy ma’lumot beradi.
Maktabgacha yosh davrining oxiriga kelib ularning harakatli, ta’limiy va shaxsiy kabi o‘zni o‘zi boshqarish turlari rivojlanadi.
O‘z harakatlarini boshqarishni o‘rganish uchun shart-sharoitlarni yaratish, vazifalarni bajarishga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishni anglatadi. Yaratilgan sharoitlar jamoada yuqori ijobiy kayfiyat, uning a’zolari o‘rtasida hurmat va ishonchli munosabatlar, faollikni rag‘batlantirish kabilarni paydo qiladi va bevosita jamoada o‘zini o‘zi boshqarish amalga oshiriladi.
Bolalarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimini rivojlantirishda pedagoglarning asosiy vazifasi tarbiyalanuvchilarni ma’naviy, axloqiy, fuqarolik tarbiyasini olib borish, ularning tashkilotchilik va etakchilik madaniyatini rivolantirish, muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan qulay, xavfsiz muhitni yaratish uchun jamoani shakllantirishdan iborat. Shu bilan birga, tarbiyachilar bolalar jamoasini bosqichma-bosqich bolalarning o‘zini o‘zi boshqarishni qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirishdan iborat. Bolaning o‘zini o‘zi boshqarish modelini qurish guruh yoki jamoadagi o‘zini namoyon qilishi uchun yordamga muhtoj bo‘lgan boladan boshlanadi. Buning uchun tarbiyachi bolaning individual xususiyatlari, xarakter xususiyatlari, qiziqishlari, muloqat qobiliyatlari va bolaning jamoadagi o‘rnini aniqlash uchun o‘z kuzatishlarini olib boradi va chiqarilgan xulosalar asosida o‘z ishtirokini ta’minlashga yordam beradi.
Bolalarga bir martalik topshiriqlarni bajarish mexanizimidan foydalanib, har bir bolaga o‘zining tashkilotchilik va boshqaruvchilik hamda ijrochilik sifatida sinab ko‘rishga boshqaruvchilik tajribasiga ega bo‘lishga, o‘zini o‘zi tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirishga imkon beriladi.
Bolalarning yosh xususiyatlariga ko‘ra, 7 yoshli bolalar tomonidan amalga oshirilgan faoliyat kuzatilganda o‘z shakli va mazmuniga ko‘ra o‘zini o‘zi boshqarish yuqori rivojlanish darajasiga etganligini kuzatish mumkin. Ammo eng yuqori samaraga etishish uchun bolalar doimo kattalarning ishtiroki va yordamiga muhtoj bo‘ladilar. Maktabgacha yoshdagi bolalarda rivojlangan o‘zini o‘zi boshqarishni quyidagilarda ko‘rish mumkin:
diqqatini jamlay olsa va uzoq muddat sabr bilan kuta olsa;
o‘z tuyg‘ularini tushunsa va ifoda qila olsa hamda boshqalar tuyg‘ularini ham tushuna olsa;
o‘z hatti-harakatini muntazam nazorat qila olsa, qoidalarga amal qilish va maqsadli ishlata olishga qodir bo‘lsa;
xotirjam bo‘la olish va oddiy muammolarni hal qilish uchun og‘zaki til va xatti-harakatlardan foydalana olsa;
o‘zini o‘zi bosharishni pedagog va kattalar yordamida rivojlantira olsa.
Binobarin, bolalar qaysi yosh bosqichida bo‘lishlaridan qattiy nazar, ularda o‘zini o‘zi boshqarish ko‘nikmalarini tarkib topdirish va rivojlantirib borish, bolalarga jomoada o‘z o‘rnini topish va ijtimoiy muhitga eng asosiysi ta’limning keyingi bosqichi - maktab ta’limiga muvoffaqiyatli moslashish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |