6-MA’RUZA.
MARKAZIY ОSIYO VA O’ZBЕKISTОNGA HОZIRGI ZAMОN SPОRTINI RIVОJLANISHI (1865 - 1917)
Rеja :
Rossiya mustamlakasi davrida O’zbekistonda jismoniy madaniyat va sport .
Turkiston o’lkasida 1890-1900 yillarda maktablarda jismoniy tarbiya
Rossiyaning Markaziy Osiyo va uning atroflarida ijtimoiy-madaniy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan u yoki bu darajada ijobiy hamda salbiy ta’siri borligini inkor qilib bo’lmaydi. Bunga o’tmish va hozirgi tarixiy davrlar guvohdir.
Qozog’iston va Qirg’iziston, Rossiya chegaralari bilan tutash bo’lganligi sababli rus xalqining ijtimoiy turmush madaniyati bir muncha avval kirib kelgan. Ya’ni savdo va mehnat jarayonlari, shuningdek ilg’or madaniyatli rus kishilarining bu hududlarda turli izlanishlar (fan, madaniyat, savdo va h.k.) olib borishi sababli qozoq, qirg’iz va ruslarning namoyondali kishilari orasida aloqalar kuchayadi. Bishkek, Olma-Ota, Jambul, Manos kabi tog’li hududlarda ruslarning yordami bilan xutorlar (qishloq) qurilishi ko’paygan. Tyanshan tog’lari tizmasida (Issiqko’l, Chu daryosi sohillari, Olma-Ota atroflari) tabiiy boyliklarni topish, ularni qazib olish, zotli otlarni olib ketish, uylar qurish va boshqa sohalarda rus-qirg’iz-qozoq mutaxassislari (ishchi-xizmatchi, sayyoh, yo’l boshlovchi) hamkorlikda katta ishlar olib borilgan. Bu esa qabila va hudud boshliqlarining ruslarga bo’lgan yaqin munosabatlarini kuchaytirgan. Natijada esa, 1730 yildan boshlab qozoq va qirg’iz xalqlarining ixtiyoriy ravishda Rossiya tarkibiga kiritilishiga olib kelgan. Bu haqda «Qozog’iston xalqlari tarixi», G.Kanning «Istoriya Kazaxstana» darsligi to’la ma’lumot beradi.
Rossiya hukmdorlarining avvaldan puxta o’ylagan rejalari amalga oshishi va keyingi amaliy (bosqinchilik) faoliyatlari natijasida bu hududlarda hukmronlik avj oladi. Buni sezgan va bilgan ba’zi kishilar tomonidan Rossiyaga qarshi noroziliklar, qarshi urushlar vujudga keladi. Ammo kuchlar teng bo’lmaganligi sababli mahalliy xalqning qo’zg’olonlari bostirilib, rus tuzumi va hokimiyatchiligi barqarorlashib borgan. Bu holatlar Rossiyaning Markaziy Osiyoni istilo qilishi (1865-1885) va Oktyabr inqilobigacha (1917) bo’lgan davrlarda rivoj topadi.
Yuqorida qayd etilganidek, ijobiy va salbiy ta’sirlar mavjudligi tufayli Markaziy Osiyo va Qozog’iston hududlarida jismoniy madaniyat yangicha shakllanib, mahalliy xalq turmushiga kirib-singib boradi. Ularning ba’zi birlarini quyidagicha eslatish mumkin, ya’ni:
XIX asr oxirlari va XX asr boshlarida Markaziy Osiyo va Qozog’istonning boshqa shaharlari kabi Toshkent, Samarqand, Farg’ona shaharlarida rus-tuzem (yangi) maktablar, gimnaziyalar, seminariyalar tashkil etilib, ularda gimnastika, sayr-sayohatlar, qilichbozlik kabi turlar dars sifatida o’qitiladi.
Temir yo’l bekatlari bo’lgan Toshkent, Xovos, Qo’qon, Marg’ilon, Jizzax, G’allaorol (Milyutin), Bulung’ur, Samarqand, Kata Qo’rg’on, Karmana, Kogon kabi shaharlardagi ishchi-xizmatchilarning mehnat qobiliyati va ish samaradorligini oshirish maqsadida o’yin maydonlari tashkil etilib, turli mashqlar. Kurash, boks, shtanga, qilichbozlik, yengil atletika kabi sport turlari bo’yicha mashg’ulotlar, musobaqalar tashkil etilgan.
Toshkent, Samarqand shaharlarida maxsus klublar tashkil etilib, ularga yoshlar, mutaxassislar jalb etilgan. Tog’larga chiqish, velosipetda poyga, futbol, kurash, o’q otish, qilichbozlik kabi turlar bo’yicha muntazam ravishda mashg’ulotlar o’tkazilib, ular orasidan tashkilotchi-instruktorlar tayyorlangan.
Mazkur tadbirlarga mahalliy xalq vakillari deyarlik jalb etilmasada, o’tkazilgan musobaqalarni tomosha qilish uchun ularga ruxsat berilgan. Natijada mahalliy xalq orasida ba’zi yoshlar mustaqil ravishda sport turlari bilan shug’ullanishga odatlangan. Natijada esa, bu yoshlar rus vakillari bilan kuch sinashish va ular bilan birgalikda shug’ullanish darajasiga oz bo’lsada erishganlar.
O’zbekistonda Ahmad polvon kurashda nom chiqarib, Toshkentga tashrif buyurgan eng kuchli rus va nemis polvonlari bilan kuch sinashib, kurash, yuk ko’tarish va qoplarni otlarga ortish kabi musobaqalarda g’olib chiqqan. Ular haqida T.Obidovning «O’zbek polvonlari» kitobida (1969) batafsil hikoya qilingan.
Oktyabr inqilobigacha (1917) bo’lgan so’ngi davrlarda Rus hokimiyatchiligi O’zbekistonda g’oyat kuchli bo’lgan. Shu sababdan xalq orasida doimiy ravishda o’tkazib kelingan Navro’z, hayit-sayl, hosil bayrami, o’g’il (sunnat) to’yi, o’g’il uylantirish kabi to’y-marakalar va ommaviy-madaniy tadbirlarda milliy o’yinlar (kurash, dorboz, ot o’yinlari, harakatli o’yinlar) birmuncha sussayganligi ma’lum. Shuningdek, Buxoro xonligi zulmi va aholining qashshoqligi (birinchi jahon urushi tufayli) – (1912-1916) mahalliy xalqning ijtimoiy-madaniy turmush sharoitida salbiy rol o’ynagan.
Xulosa shundan iboratki, O’zbekiston hududlarida ijtimoiy-madaniy turmush sharoitlarning o’zgarishi, davrlarga qarab rivojlanishi e’tiborga molikdir. Qadimgi ajdodlar va uzoq-yaqin o’tmishdagi mutafakkirlarning ilmiy-pedagogik va tarixiy-madaniy meroslari, ularda jismoniy tarbiyaning ifodasi hozirgi davrgacha yetib kelishi muhim ahamiyatga egadir. Ularni o’rganish hozirgi davr sharoitlariga moslashtirib qo’llash jismoniy madaniyat va sport mutaxassislarining muqaddas burchidir.
O’zbekiston mustaqilligi sharoitida Sobiq Ittifoq davrida nashr etilgan o’quv qo’llanmalar va turli manbalarni o’rganishda xolisona va tanqidiy yondashishni taqozo etmoqda. Shu jihatdan olganda R.I.Ismoilov, Yu.S.Sholomiskiy(1964-1968), F.M.Isxakov (1974-1976), S.V.Faxritdinova (1978), R.Abdumalikov (1975), J.T.Toshpo’latov (1978), J.E.Eshnazarov (1978), T.X.Xoldorov (1991) va boshqa olimlarning ilmiy tadqiqotlari hamda o’quv-uslubiy qo’llanmalari, ilmiy ommabop risolalari O’zbekistonda jismoniy tarbiya va sportning rivojlanishi tarixini birmuncha yoritilganligi muhim ahamiyatga egadir. Shunga qaramasdan milliy xususiyatlarimizni toptash (kamsitish), aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishini ta’minlashda bir tomonlama yondashganlik tanqidiy ravishda ifoda etilmagan. Aksincha, barcha tadbirlar va muammolar faqat partiya va hukumat arboblarining faoliyatlari bilangina amalga oshirilishi ko’rsatilgan. Shu sababdan tarixiy jarayonlar va ularni hozirgi davr talablari asosida talqin qilish, ba’zi bir mulohazalarni bildirishga to’g’ri keladi.
Sobiq Itttifoq davrida Turkiston o’lkasidagi tarixiy voqyeliklar ataylab buzib ko’rsatildi. Chunki Chor Rossiyasining bu o’lkaga turli bahonalar bilan kirib kelishining asosiy sababi bosqinchilik edi.
O’zbekistonning mustaqillikka erishgan dastlabki kunlaridanoq (1991 y. 1 sentyabr) mamlakat turixini qayta yoritish va barcha voqyeliklarni ochiq-oydin ko’rsatish vazifa qilib qo’yildi.
Respublika Prezidenti I.A.Karimov «Tarixga murojaat qilar ekanmiz, bu xalq xotirasi ekanligini nazarda tutishimiz kerak. Xotirasiz barkamol kishi bo’lmaganidek, o’z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo’lmaydi» - degan so’zlari asosida «O’zbekistonning yangi tarixi» (3 ta kitob, 2000 y.) nashrdan chiqarildi. Tarixiy jarayonlar bu kitoblarda «Turkiston Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida» (1 kitob), «O’zbekiston Sovet mustamlakachiligi davrida» (2 kitob), «Mustaqil O’zbekiston tarixi» (3 kitob) o’z nomi bilan asosli ravishda ifoda topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |