“KECHA”.
Tugal tarixiy ham, to`la fantastik ham bo`lmagan, dramaga ham o`xshamagan ushbu asarda Abdulla Qodiriy, Muhammad Yusuf, Abdulla Oripov, Nabijon Boqiy asarlaridan foydalanilgan.
Maktab sahnasi uchun. Muallif - Abdug`afur Satimov.
Sahna: baland joy, chap va o`ng tomonda stollar, oraliq 5 metr, o`rtada she’r o`quvchi qizlar. Chaproqda bitta eshik. Chap stol hech nima yozilmagan, uning etagida xalq ikki qator, o`ng stolga ko`k yozilgan.
Qatnashuvchilar
Oqituvchi, Zobit, Tergovchi, Apresyan-katta dumaloq ko`zoynakli, 1- askar, 2- askar, Shoir, Qora ko`zoynakli adib, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Adiba, Direktor, Yetakchi, Oqsoqol, Soqov, Xalq, Adolat, nShe’r o`quvchilar.
1-PARDA.
O`qituvchi o`rtada, qo`lida dasta qog`oz. Ortida qizlar.
O`qituvchi. -Muhtaram o`quvchilar! Ozod va erkin zamonamizga shukronalar qilishimiz kerak. Hozirgi hayotimiz qadrini bilish uchun moziyga qarab ish ko`rish xayrlidir. Biz tarixning eng jirkanch, kir davriga, 1937- yil, mustamlaka yurtimizda Stalin va uning kallakesarlari hukmini o`tkazgan davrga sayohat qilamiz.
(1937 deganda 2- askar eshikdan chiqib 1- stol ustiga tezda qizil mato yozadi va stulga o`tiradi. Qizil mato etagida 1937 raqami.Musiga: Zamfi va Bax. O`qituvchi unga hayron qaraydi, askar barmog`i bilan po`pisa qiladi. Zobit 1-askar bilan bilan stol yoniga keladi, 2- askar dik etib o`rnidan turadi.)
Zobit. -Stalin haqida yomon gap aytdimi?
2-askar (beparvo). -Ha, kallakesar dedi!
Zobit. -Qimirlama! Tintuv qilinsin!
(Ikkala askar ikkala tomonida, o`qituvchi shoshmay qo`lini ko`taradi. Chap qo`lida qog`ozlar. 1-askar tintuv qiladi. 2- askar qog`ozlarni oladi.)
1-askar. -Ming so`mlik, lekin yili... boshqacha-ku!
Zobit. -A-ha! Qalbaki puldir!
2-askar. - Qog`ozlar… hammasi ingliz alifbosida yozilgan!
Zobit. -Inglizcha, demak bu Angliya, Amerika josusi bo`lsa kerak! Qamoqqa!
O`qituvchi. -Men mustaqil yurt-O`zbekiston fuqarosiman!
Zobit. -Bizda chet elliklar ham qamaladi! Olib keting!
(1- askar o`qituvchini haydab eshikka olib kirib ketadi. Ikkinchi askar qog`ozni Zobitga beradi.)
2-askar. - Nachaynik, bu she’rga oxshayapti!
Zobit. -Hozir tekshirib ko`ramiz! Maktabda lotincha o`qigansan-a? Davay, o`qib perevod qil! O`qi! (Qog`ozni berib, 2-askar bilan stolga o`tiradi. 2-askar labini qimirlatadi, she’rni qizlar o`qiydi. She’r o`qilgan sari Zobit yelkasi qisilib, ko`zlari olayadi, osmonga qaraydi.
Musiqa "Cho`li Iroq".)
Maftuna Yurtim, ado bo'lmas armonlaring bor,
Toshlarni yig'latgan dostonlaring bor,
O'tmishingni o'ylab og'riydi jonim,
Ko'ksing to'la shahid o'g'lonlaring bor.
Zilola Bag'rim o'rtar bir o'y bahor ayyomlar,
Oy borgan yoqlarga termulib shomlar.
Aybin bilmay ketgan Akmal Ikromlar,
Fayzullodek mardi-maydonlaring bor...
(Zobit ikkala qo`lini jag`iga tiraydi.)
Mohigul Yurtim, ko'nglingdek keng osmonlaring bor,
Yulduzni yig'latgan dostonlaring bor.
Osmonlaringdan ham diydoringga zor,
Jayrondek termulgan Cho'lponlaring bor.
(2- askar yig`lay boshlaydi, ko`zlarini artib, yelkasini, boshini qimirlatadi.)
Zilola Qo'ling qadog'iga bosay yuzimni,
Onamsan-ku, og'ir olma so'zimni,
Qayinbarglar yopib qaro ko'zini
Olislarda qolgan Usmonlaring bor.
Dilshoda Alhazar, alhazar, ming bor alhazar,
Ana, yurishibdi kiyganlari zar,
Qodiriyni sotib shoir bo'lganlar -
Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor...
(Musiqa to`xtaydi.)
Zobit. (Dik etib o`rnidan turadi.) -Yomon she`r ekanmi? Nega yig`lanadi? Yig`lanmasin!
2-Askar. - Zo`r she`r ekan!
Zobit. -Qani ketdik ishga!
2-Askar. -Yana dushman tutishga…
Zobit. - Bu yoqqa be-er!(Qog`ozni yulqib olib, ikkovi eshikdan kirib ketishadi.)
2- PARDA. Ikkinchi stol. Ko`k rangda. Qodiriy uyi.
Qodiriy. -Bugun 31- dekabr, ertaga Yangi yil. Adibaxon, Yangi yilga qanday sovg`ang bor, qizim?
Adiba. -Hozir sizga baxtli, hur hayotimiz haqida Hamid Olimjon yozgan she’rni o`qib beraman.
Vodiylarni yayov kezganda,
Bir ajib his bor edi menda.
Chapar urib gullagan bog`in,
O`par edim Vatan tuprog`in.
Odamlardan tinglab hikoya,
O`sar edi shoirda g`oya…
(Zobit va ikki askap bostirib kiradi.)
Zobit. -O`chir ovozingni! Hech kim o`rnidan qimirlamasin! Tintuv qilinsin.(Ikki askar stol ustini titib, qog’oz va kitobni Zobitga uzatadi.) Bu nima, arabcha kitoblarmi? Yakshi! Bu kitob Cho`lpon, Fitrat… Xalq dushmanlarining kitoblari-ku bular?! Shoir Abdulla Qodiriy! Qamoqqa olinding!
Qodiriy. -Men shoir emas, xalq yozuvchisiman!
Zobit. -Bizda generallar ham qamaladi! Muncha tikilasan? Hali biz seni musichaday muloyim qilib qo`yamiz! Olib yuring!
Adiba. -Dada! Dadajon! (Orqasidan ergashadi, qizlar o`z qatoriga tortadi.)
(Zobit, 2 ta askar, Qodiriy qizil stol tomonga yuradi, qizil stol yonida Qodiriy xalqqa xitob qiladi.)
-Odamlar , mening gunohim yo`q edi-ku ! To`g`rimi, bolalarim!
Xalq. ( g`ala-g`ovur) -Nimaga? Nimaga opketishyapti-a? Nima ayb qipti?)
Zobit. -O`chir hammang! Bizni ENKAVEDE deydilar, odam bo’lsa bas, unga ayb, jinoyatni topamiz! Yashasin o`rtoq Stalin!
(Xalq ichidan bittagina ovoz.)
Soqov. -Yashashin o`ytoq Shtanin!
Zobit. -Shtanin dedimi?
1-askar. - Ha, shtanin deb aytdi!
Zobit. (Qo`lini o`qtalib) Nemis josusi! Ushlang uni! Qamoqqa!
(Soqovni xalq ichidan ushlab, qo`lini qayirib olib chiqishadi.)
XALQ -Axir u tishi yo`q, soqov-ku!!!
Zobit. -Bizda soqovlar ham qamaladi! Ayniqsa olim, shoirlarni qamaymiz! Ularning tili uzayib ketgan! (Qo`lini o`qtaladi.) Senlarga mustaqil bo`lishni ko`ratib qo`yamiz hali! Qo`yday yuvosh qilib qo`yamiz! Turmaga!
(Ikkala asirni olib eshikka kirib ketishadi.)
She’r o`qish.
A.Dilshoda. - Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo`lin bog`lab,
Dilin dog`lab,
Yetaklashib ketgan kun,
"Voh bolam!" deb aytolmagan
Dudug`imsan, Vatanim.
Mohlaroy. -Fitrat qani?
G`. Dilshoda. -Qamoqda!
Mohlaroy. -Munavvar domla-chi? ?
G`. Dilshoda. -Otildi o`sha yog`da!
Mohlaroy. - Fayzulla Xojayev-chi? Akmal Ikromov?
G`. Dilshoda. -Qamoqda!
Tanalari tayog`da, dillari dog`da!
Mohlaroy. - Sherlar-u, bulbullar bari qamoqda!
Sotilgan rahbarlar, darg`alar.
Sayraydi endi quzg`un, qarg`alar
Hamma. -O`zbekiston atalgan bog’da!
(Qarg`alarning tovushi eshitiladi.)
3 -PARDA. NKVD. Qizil stol.
(Tergovchi o`tiribdi va miltiq tutgan 2- askar g`oz turadi, bu yerga shoir kirib keladi. Qizil stol atrofida.)
Tergovchi. - Keling, sizni kutib turgan edik. Sadites! Sizniki papiros chekadi?
Shoir (mag`rur) -Yo`q, yo`q, chekmayman, men umuman chekmayman.
Tergovchi. - “Mening otam rus bo`lur” degan dostonni siz yozgansiz-a?
Shoir. - U she’r, doston emas, “Mening og`am rus bo`lur”, otam emas.
Tergovchi. -O`rtoq Stalin sizning otangiz emasmi?
Shoir. -Ha, ha, otamiz! Biz hammamiz Stalinni otamiz deganmiz!
Tergovchi. (askarga). - Stalinni otamiz dedimi?
2- askar. - Ha, otib o`ldiramiz, dedi!
Shoir. -Men unaqa ma’noda aytmadim…
Tergovchi. -Siz xato kildingiz, bu yamon xato. Siyosiy xato! Nu, vot! Anavi tuynukka bir karang-chi!
( Shoir qiziqib tuynukka qaraydi, yana qaraydi, yugurib kelib o`tiradi, bir tuynukka, bir tergovchiga qarab, yelkasini bukib gapiradi.)
Shoir. -U yerda o`zbek xalqining adiblari Qodiriy, Fitrat…
Tergovchi. -Nu, nu!
Shoir. -Ular azoblangan, hamma yog`i qon, kaltak yegan! Urilgan!
Tergovchi. -Ular xalq dushmanlari, rahmingiz kelyaptimi, da! da! Tur o`rningdan !
Shoir. (Turadi.) -Menga ruxsat bering, uyda bolalarim yig`lab qolgan…
Tergovchi. -O`sha bolalaringni ogrilar, banditlar yatgan turmaga kamaymiz. Uzingni, seni atamiz, (To`pponchani peshonasiga tiraydi.) Paq! Keyin doktor yurak kasalidan o`ldi deb kog`oz yozadi.
Shoir. - Maqsad nima? Nima istaysiz mendan?
Tergovchi. - Sen hozir o`tirib xalq dushmani Qodiriy haqida nima yomonlik bu`lsa, yozasan, yozasan.Unga ayb topasan, mnogo ayb! Ponyatno! Yakshi?!
Shoir. - Yakshi… Ponyatno… (Qog`ozga yozib tashlaydi.)
Tergovchi. -Qani uqi!
Shoir.(Bo`shashib.) –O`zbek xalq yozuvchisi Abdulla Qodiriy…
Tergovchi. -Xalq dusmani Abdulla Qodiriy!!!
Shoir. -Xo`p.(Baland ovozda.) O`zbek xalq dushmani Abdulla Qodiriy, Amin Umariy va men mehmonxonada birga osh yeganimizda…
Tergovchi. -Birga osh yigansan! Xalq dushmani bilan-a? Davom ettir!
Shoir. -...osh yeganimizda paranjini ochishga qarshi gapirgan…
Tergovchi. -Yana!
Shoir. -Yana ”O`tkan kunlar” kitobini arab yozuvida bostirib, Xitoyga - uyg`urlarga jo`natmoqchi bolgan…
Tergovchi. -Yana!
Shoir. - Agar Gitler hujum qilsa, Sho’ro davlati kuchsiz, yengiladi, degan…
Tergovchi. -Vo`o`.Zo`o`r! Malades, Xvatit! Sen hali xalq shoiri bulasan, akademik bulasan! Ammo biror yerda bashkacha gapirsang, o`sha zahoti o`lasan. Xorosh!
Shoir. -O`laman, xorosh…
Tergovchi. -Nu, sizniki chekadi?
Shoir. -Chekaman, chekaman…
Tergovchi. -Vsyo, von otsuda!
Shoir. (Yo`lda ketaturib birdan to`xtaydi. Boshini chayqaydi.) -Birga osh yegandik… Bundan o`lganim yaxshi emasmidi? Odamlarning ko`zigaga qanday qarayman? Lekin… Qo`rqaman! Qo`rquv, eeh! Hech kim yo`qmi? Yo`g`-a? He, onayni, o`sha Stalinni!!!
(Yugurib eshikka kirib ketadi)
4 - PARDA.
MAKTAB. Qizil stolga Yetakchi keladi.
Yetakchi. -Navbat she’r aytishga. Hozir “Mehrobdan chayon” romanidan Anvar va Ra’noning she’rlari o`qiladi. Marhamat.
Rashid. -Agar Farhodni Shirin, bo`lsa majnunlarni Laylosi,
Nasib o`lmish menga gulshan aro gullarni ra’nosi.
Robiya. - Agar or etsa Layli haqlidir Qaysning jununidin,
Ne baxt, Ra’no, xaridoring talab ahlini mirzosi.
Rashid. Hamisha xavfda ko`nglim bu muhabbat intihosidin,
Meni ham etmasa majnun debon Ra’noni savdosi.
Robiya. Muhabbat jomidin no`sh aylagan ahli zako bo`lmish,
Tibda aytur, bo`lur Majnun kishining kuysa safrosi.
( CHAPAKLAR. Direktor eshikdan xovliqib kirib keladi.)
Direktor. -Uf, ichim kuyib ketdi-ya, ichim! Bu yerda, nima qilyapsanlar, nima qilyapsanlar- a?
Yetakchi. -Biz sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriyga atab kecha o`tkazyapmiz?
Direktor . -Kecha? Qanaqa kecha? Kecha Qodiriy qamaldi! Senlarga sinfiy hushyor bo`lish to`grisida aytovdimmi, aytovdimmi?!
Yetakchi. -Aytovdingiz!
Direktor. -Xayriyat. Xo`p, mayli. Hozir, o`quvchilar, uyga borib, adabiyot, tarix kitoblaridan Abdulla Qodiriy yozilgan varaqlarni yirtasan , yoqasan! Adabiyot daftariniyam yoqasanlar. Eshitdingmi hammahg, ho`y? (Yetakchiga.) A, sen tushuntirish xati yozasan, birayo`la 10 ta yozasan, 10 ta! Marsh!
(Yetakchi, keyin direktor eshikka kirib ketishadi.)
5- PARDA.
YOZUVCHILAR UYI. Ikkinchi stol.
(Qora ko`zoynakli shoir stolga qora mato yozadi, qora mato etagida kalla- suyak rasmi.)
Ko`zoynak. -Qamashyapti! Ha-ha-ha! Lekin buning menga o`xshaganlarga aloqasi yo`q! Chunki aqllilarni qamashyapti-da-a? (Kulgi. Usmon xalqning ichidan chiqadi.) Mana, yana bitta qamaladigan aqlli kelyapti!
Usmon. ( Gazetani beradi.) -Bu nima? Endi kunimiz shunga qoldimi-a?
Ko`zoynak. -Bu she’r, Usmon. Zamonaviy she’r, eskichamas-da.
”Traktorlar marshi”.
Trrrr, poq-poq-poq!
Trrrr, poq-poq-poq!
Turpoq - urpoq!
Kuzzz! Kezzz!Turrr! Terrr!
Qara, bamisoli 100 ta traktor tirillab bosib kelayotganga o`xshaydi.
Usmon. -Ma’no qani? Bu she’r emas!
Ko`zoynak.- Sen traktorga qarshimisan? Bo`pti, ma’noli she’rni eshit.
E, jala tugul tosh yog`maydimi!
Baribir paxtani teramiz!
Bir dona ham ko`sak qoldirmasdan
Hukumatga to`plab beramiz.
Qalay, zo`rmi? Dolzarb! Nima deysan, Usmon?
Usmon. -Bunaga she`r yozguncha, o`zingiz paxta tersangiz foyda bo`lardi! Bu she’r emas, teshik tog`ora!
Ko`zoynak. -Bu she’r, emas teshik tog`ora! Sen paxtaga ham qarshimisan-a? Balki senga mana bunisi yoqar?
G`alabaning o`zi kelmaydi, do`stim,
Qon yutib, jon chekib olasan uni!
Usmon. -Haqiqiy jonidan kechganlar qon yutib u yog`da o`tirishibdi!
Ko`zoynak. -Men sening iching qop-qora zulmat ekanini aniq ko`rib turibman. Anovi Cho`lpon ustozing bo`lardi, shekilli? Sen she’r yozish bo`yicha besh yillik reja tuzganmisan?
Usmon. -She’r reja bilan yozilmaydi! Sizning qo`lansa gaplaringizni eshitguncha, qon bo`lib ketdim. Mening o`rnim bu yerda emas!
(tez yurib ketib xalq qatoriga turadi.)
Ko`zoynak. -Ha, Usmon, Usmon, hali ko`p yutajaksan qon! (Telefonni oladi.) Allo, bu enkavedemi? Bizda xalq dushmani Cho`lponning shogirdi ishlaydi. Usmon Nosir. Uni qamash kerak! Qamash zarur!
(Eshikdan Zobit va 2- askar chiqadi.Zobit xalqni qo`li bilab ko`rsatib olg`a deb siltaydi. Usmon Nosirni qo`lini bog`lab sekin zinapoyadan olib chiqadilar, Usmon Nosir o`girilib xalqqa qaraydi, uni turtib eshikka olib kirib ketishadi.)
(Musiqa”Romeo va Juletta” .)
Gulsanam. Vatan gar dilga jo bo`lsa,
Ne istar u bajo bo`lsa,
Kim bilsin,
kim bilsin agar,
Mening jonim fido bo`lsa,
Tirik yurgaymidi hozir
Usmon Nosir, Usmon Nosir.
Sarvinoz. Baxil bo`yin egmish qachon,
Oqilga kun tegmish qachon, ,
Kim bilsin,
kim bilsin agar,
Yomonga ham jazo bo`lsa,
Tirik yurgaymidi hozir
Usmon Nosir, Usmon Nosir.
Kamola Har kimda ham bordir g`anim,
Ganimga yo`q gapim manim,
Kim bilsin,
kim bilsin agar,
Do`st-u yorda vafo bo`lsa,
Tirik yurgaymidi hozir
Usmon Nosir, Usmon Nosir.
( Ko`zoynak xursand, stoldan shoshmay qorani olib, yelkasiga yopinadi, mag`rur eshik tomon yurib she`r o`qiyotganlar yonidan o`tadi.)
Odina. Joningdan aylanay, yurtim,
Shoiring ko`p ekan, ko`rdim.
Kim bilsin,
kim bilsin agar,
Ulardan bir sado bo`lsa,
Tirik yurgaymidi hozir
Usmon Nosir, Usmon Nosir.
( Ko`zoynak orqasiga o`girilib kuladi, qarg`alar tovushi, eshikka kirib ketadi.)
“Kecha” 6- parda
Zobit va oq delo qo`ltiqlagan 2- askar qizil stolga keladilar.
Zobit.- Axir devor bor edi-ku? Devor qayoqqa gumdon bo`ldi?
2- askar.-Samoviy mavjudot…
Zobit.-Feniks?
2- askar.-Humoqush taratgan nurda devor yo`qolib, panjaralar erib ketdi.
Zobit.-Keyin-chi, keyin nima bo`ldi?
2- askar.-Keyin Samoviy mavjudot o`qituvchini olib, qanotlarini yozib osmon-u falakka parvoz qildi.
Zobit.-Rostakam shunday bo`ldimi??
2- askar.-Xudo haqqi, shunday bo`ldi.
Zobit.-Xudoni tilga olma, nodon!
2- askar.-Ee, bunaqa voqea bo`lgach, xudo devorasan ekan…
Zobit.-Endi nima qilamiz?..
2- askar.-Doxtirlarga boramiz yo tushuntirish xati yozamiz.
Zobit.-Bunaqa tushuntirish xati uchun yo otadilar…
2- askar.-Yo jinnixonada yotadilar.
Zobit.-Yaxshisi, yoz. 1941- yilda tug`ilgan tarix o`qituvchisi Hamidullo Ziyayev
2- askar.- Hozir 37- yil-ku?.
Zobit.-Unda 14- yilda tug`ilgan deb yozaqol.
2- askar.-Mana shu haqiqatga yaqin.
Zobit.-“ Hamidullo Ziyayev Sho`ro hukumatiga qarshi varaqalar tarqatayotganda qo`lga olindi, yo`lda qochishga harakat qilgani uchun otib tashlandi”. Vergul, nuqta. Bo`ldimi?
2- askar.- Vergul, nuqta. Bo`ldi! Bir varaq qog`oz odamning jonini hal qiladi- qoyadi-ya.
Zobit.-Ayniqsa u xalq dushmani bo`lsa.
2- askar.- Baribir she`rlar qo`limizda qoldi-ku. Bu Muhammad Yusuf deganlari kim bo`ldi ekan?
Zobit.-Ism- familiyasidan afg`on josusi bo`lsa kerak, buyam haqiqatga yaqin.
2- askar. –O`rniga qorovulimizni qamab qo`ya qolsak-chi, ism- familiyasi bir xil-ku?
Zobit.-Buyam haqiqatga yaqin. Qani ketdik ishga.
2- askar.- Yana dushman tutishga…
( Shoshib chiqib ketadilar.)
7 - PARDA.
Nkvd. Zobit Qizil stolga keladi.
APRESYAN. -Abdulla Qodiriyni olib keling.
(1-askar qonga belangan, yuzi qon, ko`ylagi yirtiq, qo`llari bog`liq, lekin mag`rur Qodiriyni olib chiqadi.)
APRESYAN. -O`tiring. Hoy, nima shovqin bo`lyapti?
1-askar -4- kamerada Fitrat, Cho`lpon va boshqalar eshikni tepib isyon qilishyapti!
APRESYAN. -Isyon! Hammasini 42- xonaga! Uringlar, tavbasiga tayantirib qo`yinglar! (Askar ketadi. Stol ustiga to`pponcha qo`yadi.) Bu ajal tegirmoni! Bundan tirik chiqib ketolmaysiz, Qodiriy! Yaxshisi, hamma ayblaringizga iqror bo`ling!
Qodiriy -Bo`ynimga yolg`on ayblar qo`yilyapti!
APRESYAN. -Hamma yozuvchilar, hamkasblaringiz ustingizdan yozib berishgan. Mana! Mana! Siz Sho`ro hokimiyatiga qarshi millatchilik va josuslikda ayblanasiz!
Qodiriy -Men hali sudda o`zimni oqlab chiqaman!
APRESYAN. -Sudga yetib borasizmikin-a? Hammani sud qilishga vaqtimiz yo`q! Dushman ko`p, juda ko`p! Mana, bitta o`qituvchi cho`ntagidan qanday she`r chiqqan! O`qing! Oxirgi marta she'r o`qib qoling, Qodiriy! (Qodiriy ehgashib qog`ozni bo`g`inlab o`qiydi.)
Qodiriy. -Tushimga kiradi Abdullo bobom,
Oltin bobom edi, oh tillo bobom.
Muhammad Yusuf.(Hayajonlanib) Muhammad Yusuf?!!
APRESYAN. -Ha, Mu-ham- mad Yu- suf. Bu afg`on josusi bo`lsa kerak. Biz uni qidiryapmiz, lekin hech qaydan topolmayapmiz!
Qodiriy -Uni topolmaysiz ham! U hali tug`ilmagan, u endi tug`iladi!
APRESYAN. -Nima?!!
Qodiriy. - Demak, avlodlarim meni mustaqil yurtda eslaydi, sharaflaydi! Men sof vijdon, ishonch bilan o`laman!
APRESYAN. -Olib chiqing! Hammani mashinaga! Qurollarni olivoling!
(Qodiriy xalqqa termuladi, askar haydab eshikka olib kirib ketadi. APRESYAN to`pponcha bilan ular orqasidan ketadi. O`q ovozlari. Kuy “Exo lubvi”, boshi 2 marta takrorlanadi.)
8- PARDA. XALQ OLDIDA.
(Qizil yopilgan stolga oqsoqol kishi va APRESYAN keladi. Xalq ichida Zobit va 2-askar ham bor.)
APRESYAN. -O`rtoqlar! Matbuotimizni, xalqimizning ongsiz qismini Fitrat, Cho`lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi buzg`uncilar egallab olgandi. Endi ular faoliyatiga chek qo’yildi.
OQSOQOL. Akalar, ukalar! Opalar, singillar! Sizlarga xushxabar aytaman! Yurtimizni Sho`ro davlatidan ajratib olmoqchi bo`lgan Fayzullo Xo`jayev, xalqimizni millatchilikka yetaklagan Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho`lpon kabi g`alamislar otib o`ldirishga hukm qilindi! Hushyor ENKAVEDEga, odil Sudimizga rahmat!
Olomon. -Urra! Itlarga it o`limi!! Yashasin NKVD!!!
OQSOQOL. -Xalq dushmanlarini ko`proq fosh qilaylik.Yashasin o`rtoq...(To`xtab qolib, xalqqa engashib qaraydi. Kimnidir qo`lini qayirib olomon ichidan tutib chiqishadi. Xalq o`tirib boshini bukib oladi.)
OQSOQOL. -Bu nima qildi, nega ushlandi bu?
Zobit. -Siz gapirganda chapak chalmadi, qovog`ini soldi! Bu dushman, xalq dushmani!
OQSOQOL. -Bu bizzi jiyan bo`ladi-yu…a? Boshqacha gaplashsak, bo`lardi…
APRESYAN. -Sho`ro davlatida kim boshqacha gapirsa, kallasini o`roq bilan uzib, bolg`a bilan majaqlab tashlaymiz! Ayda turmaga, turmaga!!!
(4 kishi bandini haydab eshikka birga kirib ketadi.Oqsoqol bir xalqqa, bir eshikka qaraydi.)
OQSOQOL. -Hay, to`xtanglar, to`xtanglar! (Ular ketidan eshikka kirib ketadi.)
( Adolat eshikdan oq kiyimda chiqib keladi, qizil stol yoniga keladi.)
-Olomon! Al-omon!
-Mashrab osilganda qayoqda eding,
Cho`lpon otilganda qayoqda eding?
So`radingmi bir bor Qodiriyni yo,
Qalqon bo`lolmading kelganda balo.
Hukmlar o`qildi sening nomingdan,
Tarixlar to`qildi sening nomingdan.
Nimasan, qandayin sehrli kuchsan,
Nega tomoshaga bunchalik...
(Eshikdan Zobit va askarlar chiqa boshlaydilar. Zobit qo`li bilan Adolatni ko`rsatadi. Adolat stol ustidan qizilni yulqib ular ustiga otadi.)
O`ch-san?!
( Ular eshik tomonga chekinib g`oyib bo`lishadi. Adolat xalqqa qaraydi.)
Alamdan qarshingda o`yga tolaman,
Qachon xalq bo’lasan, ey sen, olomon?!
( Madhiya musiqasi yangrab ketadi. Xalq o`rnidan turadi. Qizlar oldinga yurib, Adolat yonida to`xtaydi. Musiqa pastlaydi.)
-Biz sizga o`tmishdagi qaram, mustamlaka yurtimizni ko`rsatdik.
-Biz xalqimiz qanday aldanganini, xo`rlanganini ko`rsatdik.
-O`z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo`lmaydi.
-Biz buyuk xalqmiz! Hech kimdan kam bo`lmaganmiz, kam bo`lmaymiz ham!
-Bizning Prezidentimiz ko`rsatgan o`z taraqqiyot yo`limiz bor!
- Biz kommunistik aqidalarga ham…
-Diniy fanatizmga ham
XOR : xalqimizni ber-may-miz!
( “O`zbekiston” qo`shig`ining oxirgi takti yangraydi, qizlar o`zaro qo`l ushlashib yuqoriga ko`taradi, xalq ham qo`l ushlashadi.)
Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston!
Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!
O`zbekiston!
(TAMOM)
Do'stlaringiz bilan baham: |