Iqtisodiy tsikl barcha tomonlari bilan namoyon bo’lib, amalda iqtisodiyotning hamma sohalariga sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Iqtisodiyot tarkibiy qismlarining o’zaro bog’liqligi sababli uning hech bir sohasi inflyatsiya to’lqini yoki turg’unlikning nohush oqibatlaridan chetda qolmaydi. Ammo shuni e’tiborga olish zarurki, iqtisodiy tsikl alohida shaxslar turmush darajasi va korxonalar iqtisodiy faolligiga turli darajada ta’sir ko’rsatadi. Odatda iqtisodiy inqirozlardan sanoatning ishlab chiqarish vositalari va uzoq muddatli foydalaniladigan iste’mol tovarlari ishlab chiqaradigan tarmoqlari ko’proq zarar ko’radilar.
Uy-joy va sanoat binolari qurilishi, og’ir mashinasozlik hamda investitsion tovarlar, avtomobillar, maishiy xo’jalik buyumlari va shunga o’xshash tovarlar ishlab chiqarish bilan bog’liq sanoat tarmoqlari va ularda band bo’lgan ishchilar tsiklning inqiroz fazasida og’ir oqibatga uchraydi. Biroq, bu tarmoqlar tsiklning yuksalish fazasida o’zining rivojlanishi uchun yuqori darajada rag’bat oladi.
Iqtisodiyot qiyinchilikni boshidan kechira boshlaganda ishlab chiqaruvchilar ko’pincha, zamonaviy uskunalarni sotib olishni va yangi zavodlar qurishni to’xtatadi yoki qandaydir muddatga kechiktirishi mumkin. Bunday kon’yunktura sharoitida investitsion tovarlar zaxiralarini ko’paytirish hech qanday iqtisodiy mazmunga ega emas, aksincha korxonalar mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan ancha to’laroq foydalanishlari mumkin bo’ladi.
Iqtisodiy jihatdan qulay davrlarda, ya’ni tsiklning jonlanish va yuksalish fazalarida ishlab chiqarish vositalari odatda ular to’liq eskirgunga qadar
almashtiriladi. Ammo tanazzul davri kelganida, korxonalar o’zining eskirgan uskunalarini ta’mirlab, ularni ishga tushiradi. Shu sababli bu davrda ishlab chiqarish vositalariga investitsiyalar keskin qisqaradi. Ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari mavjud bo’lgan ayrim korxonalar, hatto iste’mol qilingan asosiy kapitalining o’rnini qoplashga ham harakat qilmaydi.
Qisqa muddatli foydalaniladigan iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi sanoat tarmoqlari iqtisodiy tsiklning oqibatlarini nisbatan kamroq darajada sezadi.
Aholi yoki keng iste’molchilar qatlamiga iqtisodiy tsikl turlicha ta’sir ko’rsatadi. Tanazzul davri boshlanganda, doimiy daromad oluvchi iste’molchilar oila byudjetini qisqartirishlariga to’g’ri keladi, maishiy texnika va avtomashina kabi uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni xarid qilishni to’xtatadi. Har qanday sharoitda ham oila a’zolari eb-ichishi va kiyinishi zarurligi tufayli, oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechaklar, ya’ni qisqa muddatda foydalanadigan iste’mol tovarlarini xarid qilishni to’xtatish mumkin emas. Faqat, bunday tovarlarni xarid qilish miqdori qandaydir darajada kamayishi mumkin.
Investitsion tovarlar va uzoq muddat foydalaniladigan iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi ko’pchilik sanoat tarmoqlari yuqori darajada monopol mavqega egaligi bilan farqlanadi va natijada bozorda nisbatan ko’p bo’lmagan yirik firmalar ma’lum davr davomida narxning pasayishiga qarshi turishi, talabning kamayishi sababli mahsulot chiqarish hajmini cheklash uchun etarlicha monopol hukmronlikka ega bo’lishi mumkin. Shu sababli talabning kamayishi birinchi navbatda ishlab chiqarish va bandlik darajasiga ta’sir ko’rsatadi. Bunga teskari bo’lgan holatni qisqa muddatli foydalaniladigan iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi sanoat tarmoqlarida kuzatish mumkin. Bu tarmoqlarning ko’pchiligi o’zlarining raqobatga layoqatsizligi va ishlab chiqarish markazlashuv darajasining pastligi bilan tavsiflanadi. Shu sababli ular tsiklning salbiy oqibatlariga qarshi tura olmasligi mumkin va mahsulotlariga talabning pasayishi ishlab chiqarish darajasiga qaraganda narxlarda ko’proq aks etadi.
Demak, kapitalning to’planishi yuqori darajada bo’lgan tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmining keskin pasayishi va narxlarning nisbatan sekin tushishi, to’planish darajasi past bo’lgan tarmoqlarda narxlarning sezilarli tushishi va mahsulot ishlab chiqarish hajmining nisbatan kam qisqarishi kuzatiladi.