Makka boyligining asosini savdo-sotiq tashkil qilardi. Savdo bilan bir qatorda Makkada sudxoʻrlik (ar-Ribo) avj olib ketdi. Katta daromad keltiruvchi mavsumiy Makka karvonlarida qatnashish istagi aholining oʻrtahol va bechorahol tabaqalarini sudxoʻrlarga murojaat qilishga majbur qilardi. Makka aholisining ijtimoiy tarkibi ham urugʻ-qabilachilikka asoslangandi. Eramizning V asridan boshlab bu yerda yashagan asosiy qabila-quraysh qabilasi edi. Makka aholisi uchta katta ijtimoiy toifaga boʻlinardi: 1) asl qurayshiylar (suraho); 2) turli yerlardan kelganlar (mavali); 3) qullar (abid). Asl qurayshiylar oʻz navbatida ikki qismga ajralgandilar: Kaʼba atrofida yashaydigan urugʻlar (quraysh al-bitah) va shahar atrofida yashaydigan urugʻlar (quraysh azzavohir)