2) Muomala uchun zarur bo’lgan oltin pul miqdori tovarlar qiymatining miqdoriga teskari mutanosiblikda, oltinning o’z qiymatiga nisbatan esa to’g’ri mutanosiblikda o’zgaradi:
a) oltin pul qiymati va tovarlar hajmi o’zgarmagan taqdirda tovarlar qiymati qancha past bo’lsa, muomala uchun zarur bo’lgan pul miqdori ham shuncha kam bo’ladi. Agar tovarlar qiymati o’zgarmasa, pulning miqdori tovarlar hajmining ortishiga qarab unga mutanosib ravishda ko’payadi;
b) agar tovarlar hajmi va qiymati o’zgarmaydi, deb faraz qilsak, muomaladagi oltin pul miqdori oltinning o’z qiymatiga qarab o’zgaradi, ya’ni uning qiymati oshsa, pul miqdori kamayadi, qiymati pasaysa, pul miqdori ko’payadi.
Qog’oz pul muomalasi qonunlari oltin pul muomalasidan farq qilib, uni quyidagicha ifodalash mumkin:
- qog’oz pul qancha miqdorda chiqarilmasin, unda belgilangan qiymat miqdori muomala uchun zarur bo’lgan oltin pul miqdorining qiymatiga teng bo’ladi;
- qog’oz pulning har birligida belgilangan qiymat miqdori muomala uchun zarur bo’lgan oltin pul qiymatining muomalaga chiqarilgan qog’oz pul miqdori nisbatiga mos keladi.
Milliy iqtisodiyotda davlatning, tijorat banklari va boshqa moliyaviy muassasalarning majburiyatlari pul sifatida foydalanadi. Pul operasiyalarining asosiy ko’pchilik qismi naqd pulsiz, cheklar va unga tenglashtirilgan moliyaviy aktivlar yordamida amalga oshiriladi. Shu sababli muomalada bo’lgan pul miqdorini hisoblash uchun M1 ...Mn pul agregatlari yoki tarkibiy qismi tushunchasidan foydalaniladi. Barcha pul agregatlari yig’indisi yalpi pul massasi yoki yalpi pul taklifini tashkil qiladi.
Bizning respublikamizda umumiy pul miqdori quyidagi (tarkib)lar asosida hisoblanadi:
M0 – muomaladagi naqd (qog’oz va metall) pullar.
M1 = M0 + aholining joriy hisob varaqalaridagi pul qoldiqlari, korxonalarning hisob varaqalaridagi pul mablag’lari, banklardagi talab qilib olish mumkin bo’lgan pul omonatlari.
M2 = M1 + tijorat banklaridagi muddatli omonatlar va jamg’arma hisob varaqalaridagi pullar, ixtisoslashtirilgan moliyaviy muassasalardagi depozitlar va boshqa aktivlar. Mazkur agregat tarkibiga kiruvchi pul mablag’larini bevosita bir shaxsdan boshqa biriga o’tkazish hamda ayirboshlash bitimlarida foydalanish mumkin emas. Ular asosan jamg’arish vositasi vazifasini bajaradilar.
M3 = M2 + bank sertifikatlari + aniq maqsadli zayom obligasiyalari + davlat zayom obligasiyalari + xazina majburiyatlari.
Bundan ko’rinadiki, pul massasining har bir alohida agregati o’zining likvidligi darajasiga ko’ra farqlanadi. Likvidlik– bu turli aktivlarning o’z qiymatini yo’qotmasdan (ya’ni eng kam xarajatlar asosida) tezlik bilan naqd pulga aylana olish qobiliyatidir. Pullar (metall tanga va qog’oz pullar) eng yuqori likvidlikka ega bo’ladi. Mijoz o’zi istagan vaqtida olishi mumkin bo’lgan bank hisob varaqalaridagi pul omonatlari ham likvidli hisoblanadi. Pul massasi tarkibiga to’lov vositasi vazifasini bajarish layoqati pastroq bo’lgan aktivlar qo’shilib borishi bilan, ularning likvidlik darajasi ham pasayib boradi.
Naqd pullar rivojlangan bozor iqtisodiyoti mamlakatlarida umumiy pul massasining 9-10 foizini, bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan mustaqil hamdo’stlik davlatlarida 35–40 foizni tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |