Tarif stavkalari tegishli razryadga ega bo’lgan ishchining mehnatiga to’lanadigan haq miqdorini belgilab beradi.
Mehnat qilish sharoiti og’ir va zararli bo’lgan ishchilarga tarif stavkasiga qo’shimcha haqlar belgilanadi. Tarif stavkalariga ustamalar shaklidagi haq (razryadlar bo’yicha farqlantirilgan) professional mahorat uchun belgilanadi.
Alohida tarmoqning iqtisodiyotdagi ahamiyatiga qarab amalda ish haqini va mansab maoshlarini farqlantirish ishlari amalga oshiriladi. Bunda mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan yetakchi tarmoqlarga tajribali, malakali kadrlarni jalb etish, bu tarmoqlarda ishchi va xizmatchilar tarkibi barqaror bo’lishini ta’minlaydigan sharoitlarni vujudga keltirish maqsadi ko’zlanadi.
Respublikamizda ham tarif tizimi orqali ish haqi tabaqalashtirilib, turli kasblar va ish turlari uchun ish haqi to’lashning yagona razryadlari aniqlangan. Narxlar o’sishi bilan minimal ish haqi darajasi (1-razryad) hamda barcha razryadlar ular o’rtasidagi nisbat saqlangan holda oshirib boriladi. Masalan oxirgi o’zgarish, 2006 yil 1 noyabrdan boshlab Respublikamizda ish haqining minimal darajasi 12420 so’m qilib belgilanib, boshqa razryadlarga to’g’ri keladigan ish haqi summasi ham shunga mos ravishda oshiriladi.
Ishlab chiqarish xarajatlari tushunchasi va uning tarkibi.
Ishlab chiqarish xarajatlari deganda tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berishga qilinadigan barcha sarflar tushuniladi. Ishlab chiqarish sarf-xarajatlari tarkibiga xom ashyo, asosiy va yordamchi materiallar, yonilg’i va energiya uchun qilingan xarajatlar, asosiy kapital amortizasiyasi, ish haqi va ijtimoiy sug’urtaga ajratmalari, foiz to’lovlari va boshqa xarajatlar kiradi. Ishlab chiqarishga qilingan barcha sarf-xarajatlarning puldagi ifodasi mahsulot tannarxini tashkil qiladi.
Ishlab chiqarish xarajatlarini ikkiga bo’lib o’rganish mumkin: bevosita ishlab chiqarish xarajatlari va muomala xarajatlari (1-chizma). Tovar birligining qiymatida ishlab chiqarish xarajatlari faqat uning bir qismini tashkil qiladi. Ishlab chiqarish xarajatlari tovar qiymatidan foyda miqdoriga kam bo’ladi. Muomala xarajatlari tushunchasi tovarlarni sotish jarayoni bilan bog’liq bo’lib, shu tovarlarni ishlab chiqaruvchidan olib, iste’molchiga yetkazilguncha ketadigan sarflarga aytiladi. Ular ikki guruhga bo’linadi: qo’shimcha muomala xarajatlari va sof muomala xarajatlari. Tovarlarni o’rash, qadoqlash, saralash, transportga ortish, tashish va saqlash xarajatlari qo’shimcha muomala xarajatlari hisoblanadi. Muomala xarajatlarining bu turlari ishlab chiqarish xarajatlarining davomi hisoblanib, tovar qiymatiga kiradi va uning qiymatini oshiradi. Xarajatlar tovarlar sotilgandan keyin olingan pul tushumi summasidan qoplanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |