Lakbo’yoqli va maxsus qoplamalarni qoplash texnologiyasi
Bo’yash texnologik jarayoni quyidagi uchta asosiy operatsiyadan tarkib topadi: gruntlash, shpatlyovkalash va yakuniy bo’yash.
Tayyorlangan metall bo’yicha gruntlash – metallning mexanik tozalangan, moydan tozalangan, yuvilgan va fosfatlangan sirtiga lakbo’yoq materialining birinchi qatlamini qoplashdir. Gruntlash qatlami qoplamaning asosi hisoblanadi. U bo’yashga tayyorlangan metall bilan bo’yoqning undan keyingi qatlami orasida ishonchli yopishishni (adgeziyani) ta’minlaydi va yuqori antikorrozion xususiyatlarga, mexanik mustahkamlikka ega bo’ladi.
Juda yaxshi tekislash uchun, ko’pincha oldindan gruntlangan va shpatlyovka qilingan sirtlarga birinchisidan tarkibi, xususiyatlari, rangi, qoplash va quritish usuli bilan farq qiladigan bir yoki ikki qatlam gruntovka qoplanadi.
Dastlabki gruntlash uchun, ko’pincha, elektr toki yordamida o’tqaziladigan va suv qo’shiladigan gruntovkalar qo’llaniladi. Ikkinchi qatlamni qoplashda, changitishning turli usullari qo’llanilib, epoksidli, epoksidli va efirli, hamda b. turdagi gruntovkalar qoplanadi.
Qoplangan har bir qatlam gruntovka texnik talablarga muvofiq kiritiladi. So’ngra sirt abraziv suvbardosh qog’ozlar bilan katta suv oqimi sharoitida jilvirlanadi. Jilvirlash dastaki usulda yoki maxsus jilvirlash mashinkalari yordamida bajariladi. Yirik seriyali va yalpi ishlab chiqarishda mehnat sarfini kamaytirish va sirtni pardozlash sifatini orttirish maqsadida jilvirlash operatsiyalari mexanizatsiyalashtiriladi.
So’ngra metallgacha jilvirlangan uchastkalar podgruntovka qilinadi. Odatda, buning uchun xona haroratida tez quriydigan gruntovkalar qo’llaniladi.
Dastlabki gruntovkalash uchun qo’llaniladigan suyiltiriluvchi gruntovkalar 180-190 da, ikkinchi va undan keyingi qatlamlar esa 160 haroratda quritiladi.
Shpatlyovkalash – dastlabki gruntovkadan o’tgan kuzov sirtlarida hosil bo’lgan mayda nuqsonlarni tekislash jarayonidir. Bu operatsiyani bajarish uchun asosiy asbob sifatida rezinali, plastmassali, yog’och va metall shpatellar qo’llaniladi. Suyuq shpatlyovkalarni surish uchun changlatkichlar ishlatiladi. Gruntlangan sirtga surilgan shpatlyovka qatlami qalinligi 0,5 mm dan ortmasligi lozim. Istisno tariqasida gruntlangan sirtlarga ham, metall sirtlarga ham suriladigan epoksidli shpatlyovkalar ishlatiladiki, ularning qalinligi 15 mm gacha borishi mumkin.
Yakuniy bo’yash gruntlangan, shpatlyovka qilingan va jilvirlangan kuzovlar sirtlarida amalga oshiriladi. Qo’llanishda yuqori turg’unligi va qoplashda kam mehnat sarfi talab qilishi natijasida МЛ markali sun’iy emallar juda keng tarqaldi. Sun’iy emallar turlicha qoplash usullarini qo’llashga imkon beradi, ammo yuqori sifatli sirt olish uchun emallarni pnevmatik purkash yoki yuqori kuchlanishli elektr maydoni yordamida purkash tavsiya qilinadi. Lakbo’yoqli qoplama sifati va xizmat muddatini aniqlovchi muhim ko’rsatkich – plyonkaning umumiy qalinligidir. Yupqa qoplama yedirilishga bardoshli emas, korroziyadan talab qilingan himoyani ta’minlay olmaydi, zarur yaltirashni bermaydi. Ortiqcha qalin qoplama esa – mo’rt bo’lib qoladi va haroratning keskin o’zgarishlari sharoitida o’z xususiyatlarini yo’qotadi. Umumiy qalinligi 80-120 mkm bo’lgan qoplama optimal hisoblanadi.
Lakbo’yoqli qoplamalar qoplashning turli usullari mavjud. Dastaki bo’yash – cho’tkalar yordamida kuzov, yig’ma birlik yoki detalning yuza bo’lmagan sirtlaridagi kichik nuqsonlarni bo’yashdir.
Botirib (cho’ktirib) bo’yash sanoatda juda keng qo’llaniladi. Detal lakbo’yoq materiali bilan to’ldirilgan vannaga botiriladi, undan chiqarib olinadi va ortiqcha bo’yoqlar oqib tushguncha ushlab turiladi va quritiladi. Yalpi ishlab chiqarishda botirib (cho’ktirib) bo’yash ilgaklar, archalar, xaskashlar va b. ko’rinishdagi turlicha shaklli osmalar bilan jihozlangan osma konveyerlarni qo’llash bilan amalga oshiriladi.
Detallarni botirib (cho’ktirib) bo’yash quyidagi afzalliklarga ega:
oson mexanizatsiyalashadi va yuqori malakali mehnat sarfini talab qilmaydi, chunki barcha operatsiyalar (bo’yashga tayyorlash, bo’yash, ortiqcha bo’yoqning oqib tushishi, quritish, detallarni yechib olish) harakatdagi konveyerda amalga oshiriladi;
bajarish oddiy va murakkab jihozni talab qilmaydi;
bo’yalayotgan mahsulotdan ortiqcha bo’yoqning vannaga qayta oqib tushishi sababli lakbo’yoq materiallarining isrofi minimal bo’lishini ta’minlaydi;
detallarning barcha ichki va tashqi sirtlarini to’liq bo’yaydi, bu esa korroziyadan zaruriy himoyani ta’minlaydi.
Ushbu usulning kamchiliklariga quyidagilar kiradi:
detallarni har bir o’rnatishda faqat bitta rangga bo’yash mumkinligi;
detallarda g’uddalar va oqish izlarining hosil bo’lishi, bo’yoqning chuqurliklarda to’planishi (ayniqsa, murakkab shaklli detallarni bo’yashda, bunda bo’yoq oqib ketishi uchun texnologik teshiklarni ko’zda tutish lozim bo’ladi).
Botirib (cho’ktirib) bo’yashda tezda qurib qoluvchilardan tashqari, istalgan lakbo’yoq materiallarini qo’llash mumkin, ammo ushbu usul yordamida yuqori sifatli qoplamani olishning qiyinligi, uni kuzov detallarining yuza sirtlari uchun qo’llashga imkon bermaydi. Bir qator holatlarda botirish bilan kuzov ichiga o’rnatiladigan detallar bo’yaladi.
Oqimli quyish – laminar tipdagi oqim bilan mahsulot sirtiga lakbo’yoq materialini qoplash, so’ngra qoplama sifati yuqori bo’lishi uchun mahsulotni eritkichlar bug’ida ushlab turishdir. Ushbu usul mashinasozlikda juda keng tarqaldi, chunki botirib (cho’ktirib) bo’yashga nisbatan bir qator afzalliklarga ega, shulardan asosiysi, mahsulot tashqi ko’rinishining yaxshilanishidir. Ushbu usulning kamchiliklari quyidagilardir: eritkichlarning yuqori sarfi; bir o’rnatishda bitta rangga bo’yash mumkinligi; jihozlarni joylashtirish uchun katta ishlab chiqarish maydonlarining zarurligi.
Bo’yalgan detal eritkichlar bug’ida ushlab turilishi natijasida bo’yoqning qoplangan qatlamdan bug’lanishi sekinlashadi, bu esa qatlam qalinligining ravonligini orttiradi, g’udda (napliv) lar miqdori, oqib tushishlar va b. nuqsonlar kamayadi. Ammo bu usul kuzov detallari yuza sirtini bo’yash uchun qo’llanilmaydi.
Oqimli quyish bilan bo’yash va so’ngra eritkichlar bug’larida ushlab turish yalpi ishlab chiqarishda gruntovkalar yoki emallarni detallarning tashqi bo’lmagan sirtlariga va ehtiyot qismlar detallariga qoplash uchun qo’llaniladi, jumladan, В-МЛ-0143, ПФ-099 gruntovkalari va В-ФЛ-1199, ПФ-133 emallari va b.
Oqimli quyish usulida lakbo’yoq materiallari uzluksiz harakatlanuvchi maxsus qurilmalarda qoplanadi. Detallar konveyer yordamida quyish zonasiga uzatiladi, bunda ular lakbo’yoq materiallari bosim ostida uzatiluvchi soplolar o’rnatilgan maxsus quvursimon konturlar orasidan o’tadi. Konveyerning harakatlanishi bilan detallarga bo’yoq oqimlari quyiladi, bunda bo’yoq bo’shliqlarga, birikish joylariga va boshqa bo’yoq qiyin yetkaziladigan joylargacha kirib boradi. Ortiqcha bo’yoq osttog’ora (poddon) ga tushadi, undan idish (bak) ga va nasos orqali yana takroriy qo’llanish uchun quvursimon konturga uzatiladi.
Bo’yalgan detallar konveyer bo’ylab harakatlanib, organik eritkichlar bug’lari bilan to’ldirilgan lahm (tonnel) ga kiradi, bunda bug’ning yuqori konsentratsiyasi hisobiga qoplangan qatlamdan bo’yoqning bug’lanishi sekinlashadi va g’uddalar, oqib tushishlar va b. nuqsonlar kamayishiga sabab bo’ladi. Detal lahm bo’yicha 10-15 daqiqa davomida, 18-20 dan yuqori bo’lmagan harorat ostida harakatlanadi. Bo’yalgan detallar lahmdan quritish kamerasiga o’tkaziladi.
Tokda o’tqazish bilan bo’yash (elektroforez) avtomobil kuzovlariga birinchi qavat lakbo’yoq materiallarini qoplashda keng qo’llanilmoqda.
Tokda o’tqazish jarayonida bo’yoqning suvli eritmasidan mahsulotga doimiy tok ta’sirida plyonka hosil qiluvchi modda qoplanadi. Mahsulot elektrod vazifasini o’taydi va doimiy tok manbaining bitta qutbiga ulanadi. Boshqa elektrod sifatida vannaning metall tanasi yoki vannaga shu maqsadda tushirilgan metall plastinalar xizmat qiladi.
Tokda o’tqazish jarayoni bo’yoqning qoplanishi anodda yoki katodda sodir bo’lishiga bog’liq tarzda, anodli (anaforez) yoki katodli (kataforez) o’tqazishlarga bo’linadi.
Suvda eruvchan lakbo’yoq qoplamalarini anodli o’tqazish anodda (bo’yalayotgan mahsulotda) kimyoviy reaksiya natijasida elektr toki ta’sirida, plyonka hosil qiluvchi moddada cho’kmalar hosil bo’lishidan iboratdir. Katodli o’tqazishda plyonka hosil qiluvchi modda zarrachalari ionlashadi va katodga (bo’yalayotgan mahsulotga) tortiladi. Katodli o’tqazish jarayoni nordon muhitda 3,5 dan 6 gacha bo’lgan sharoitda kechadi.
Katodli o’tqazishda bo’yalayotgan metallning elektrokimyoviy erishi va bog’lovchining oksidlanishi bartaraf qilinadi, qoplama zo’r ishqoriy turg’unlik va suvga turg’unlik xususiyatlariga ega bo’ladi, bu esa qoplamalarning himoya xususiyatlarini anodli plyonkalarga nisbatan yaxshilanishiga olib keladi.
Kataforezda qoplamaning shakllanishi polimer material har bir strukturaviy birligining individual o’tqazilishi bilan kechadi va buning natijasida mayda strukturali plyonka hosil bo’ladi, qoplamalarning bezak va himoya xususiyatlari yanada ortadi.
Katodli o’tqazishning afzalliklaridan yana biri kuzov sirtlarini dastlabki kimyoviy tayyorlash uchun nisbatan yengilroq talablar qo’yilishidir.
1-rasmda suyiltiriladigan lakbo’yoq materiallarini qoplashning tokda o’tqazish usuliga asoslanib ishlaydigan qurilma sxemasi keltirilgan. Bu qurilma mahsulotlar 3 ilingan konveyer 2, tok bilan ta’minlash tizimiga ega o’tqazish vannasi 4, ultratozalash (ultrafiltrlash) qurilmasi 11, yuvish va issiq havo puflash bo’linmalaridan tuzilgan.
Oldindan bo’yashga tayyorlangan kuzov (yuvilgan, moydan tozalangan, fosfatlangan) konveyer orqali tok o’tkazuvchan, suyiltirilgan gruntovka bilan to’ldirilgan vannaga uzatiladi. Mahsulotga doimiy tok ulanadi va uning ta’sirida
1-rasm. Elektr o’tqazish usuli bilan suvli lakbo’yoq materiallarini qoplash qurilmasi sxemasi: 1 – tambur; 2 – konveyer; 3 – mahsulot; 4 – vanna; 5 – to’kich cho’ntagi; 6 – ultrafiltrat bilan yuvish konturi; 7 – tuzsizlangan suv bilan yuvish konturi; 8 – issiq havo bilan puflash konturi; 9 – suvli bak; 10 – ultrafiltrat uchun bak; 11 – ultrafiltrlash qurilmasi; 12 – nasosli-filtrlash qurilmasi; 13 - issiqlikalmashgich
suvli eritmadan bo’yalayotgan mahsulotga plyonka hosil qiluvchi materialning o’tqazilishi kechadi.
O’tqazish jarayonini yaxshilash uchun mahsulotning yuza sirtlardan eng uzoqlashgan uchastkalariga (ichki sirtlar, cho’ntaklar, qutisimon kesimlar va b.) qo’shimcha elektrodlar qo’yiladi.
Dastlab kuzovning tok zichligi yuqori bo’lgan joylari bo’yaladi. Bu joylarda qoplama qalinligining orta borishi bilan ushbu uchastkalar elektr qarshiligi ortadi, tok zichligi pasayadi va buning natijasida qoplama qalinligining o’sishi sekinlashadi. Lekin dastlab, tok zichligi past bo’lgan joylarda plyonka hosil qiluvchi materialning o’tqazilishi ortadi. Buning natijasida kuzovda qalinligi bo’yicha tekis qoplama hosil bo’ladi.
Bo’yoq zarrachalarini kuzovga o’tqazish jarayonida eritma konsentratsiyasi pasayadi va kislotalilik ortadi. Konsentratsiyaning pastki chegarasiga erishilganida vanna suvda eruvchan bo’yoq bilan to’ldiriladi. Eritmaning zarur konsentratsiyasini ultratozalash qurilmasi yordamida ushlab turish mumkin, buning natijasida tokda o’tqazish jarayonida bo’yoq isrofi deyarli bartaraf qilinadi.
Ultratozalash – qurilmaning tozalash elementlari bo’lgan, yarimyutuvchi membranalar orqali o’tishida eritmaning molekulyar darajada tashkiliy qismlarga bo’linishidir. Tozalash elementlari sirti ultratozalash plyonkasi bilan qoplangan, quvurlar ko’rinishidagi g’ovak polimerlardan tayyorlanadi. Bo’yoq elektr o’tqazish vannasidan nasoslar orqali tozalash elementlariga uzatiladi. Organik eritkichlar va neytrallagichlar suvining bir qismi membrana orqali o’tib, pigmentsiz ultrafiltratni hosil qiladi va u yuvish uchun ishlatiladi. Boyitilgan gruntovka vannaga qaytariladi. Shunday qilib, elektr o’tqazish jarayonini nazorat qilish va oqova suvlarini tozalash muammosi birdaniga hal bo’ladi.
Elektr o’tqazish jarayonida 1 m2 bo’yalgan sirtdan 838 kJ issiqlik ajraladi. Shuning uchun, qurilmada vannadagi eritmani sovituvchi issiqlikalmashgichlar 13 ko’zda tutilgan. Eritma tashqi sirkulyatsion tizim yordamida issiqlikalmashgichlar orqali o’tkaziladi, bunda quvurlararo bo’shliqda 8-15 haroratli suv aylanib turadi.
Qurilmada quyidagi texnologik parametrlarni nazorat qilish va rostlash tizimi ko’zda tutilgan: ishchi eritma harorati, kislotalilik , tok o’tkazuvchanlik, quruq qoldiqning tarkibi, organik eritkichlar miqdori, shuningdek, tokning kuchi va kuchlanishi, tozalagichlarning tiqilish darajasi va b.
Qoplama qoplanganidan so’ng mahsulot ultrafiltrat bilan yuvish konturi 6 orqali o’tkaziladi. Yuvish elektr o’tqazish vannasiga tirkalgan, maxsus to’kish cho’ntagi 5 ustida bajariladi. To’kish cho’ntagi vannadagi ishchi eritma sarfini nazorat qilish maqsadida olishga va vannada eritmani aralashtirishda hosil bo’lgan ko’pikni to’plashga mo’ljallanadi. So’ngra mahsulot kontur 7 da tuzsiz suv bilan yuviladi. Bunda mahsulotni vannaga botirish va undan ko’tarishda qoplamaga yuqqan lakbo’yoq materiali yuviladi, tokda o’tqazilgan qoplama shikastlanmaydi. Bundan keyin mahsulot kontur 8 da issiq havo bilan puflanadi va quritish kameralariga tashiladi.
Bugungi kunda ultratozalashli elektr o’tqazish (kataforez) avtomobillar kuzovlari va kabinalarini gruntovka qilishning asosiy usuli hisoblanadi. Usulning keng qo’llanilishi quyidagi afzalliklar bilan izohlanadi:
o’tkir burchaklar va qirralarni ham inobatga olganda bo’yalmagan joylar, g’uddalar va oqib tushishlarning yo’qligi, qoplama qalinligining bir tekisligi bilan xarakterlanuvchi qoplamaning yuqori sifati;
texnologik siklning to’liq avtomatlashishi;
suyiltiriladigan lakbo’yoq materiallarini qo’llash hisobiga ish sanitar-gigiyenik sharoitlarining yaxshilanishi va yong’in xavfsizligining ortishi;
yuqori samaradorlik;
lakbo’yoq materiallaridan tejamkor foydalanish;
oqova suvlarining avtomatik tozalanishi.
Ushbu usulning kamchiliklariga quyidagilar kiradi:
faqat bir qatlamli qoplamalar olish mumkinligi;
katta ishlab chiqarish maydonlarining zarurligi, chunki tokda o’tqazish qurilmasining uzunligi 100 m gacha yetishi mumkin.
Kuzovlar va kabinalar ishlab chiqarishda tokda o’tqazish uchun asosiy material sifatida qo’llaniladigan suyiltirilgan gruntovkalar quyidagi qiymatlardagi parametrlarga ega bo’ladi: eritmaning ishchi konsentratsiyasi 8-15 %, harorat 18-25 , eritma kislotaliligi 3,5-7, o’tqazish kuchlanishi 100-250 V, tok zichligi 10-50 , o’tqazish jarayoni davomiyligi 0,5-2 daqiqa.
Pnevmatik purkash – sanoatda lakbo’yoq qoplamalarini qoplashda keng tarqalgan usul bo’lib, bunda maxsus apparatura siqilgan havo yordamida bo’yoqni mayda zarrachalar ko’rinishida jadal purkab berishni ta’minlaydi. Bo’yashning ushbu usuli siqilgan havo tarmog’i va so’ruvchi ventilyatsiyaga ega bo’lgan, istalgan ishlab chiqarish sharoitlarida qo’llanilishi mumkin. Bunda konstruksiyasi nomurakkab va ishonchli ishlaydigan jihoz qo’llaniladi, bu esa yuqori samaradorlikni ta’minlaydi. Turlicha davomiylikda quriydigan lakbo’yoq materiallarini qo’llash mumkin bo’ladi va shuningdek, birdaniga ko’prangli bo’yashni amalga oshirish mumkin.
Pnevmatik purkash bilan bo’yashning kamchiliklariga quyidagilar kiradi:
tuman hosil bo’lishi sababli bo’yoq isrofi natijasida lakbo’yoq materiallarining yuqori solishtirma sarfi (50 % gacha);
qo’llaniladigan lakbo’yoq materialining zaruriy qovushqoqligini ta’minlash uchun eritkichlar sarfining kattaligi;
purkalgan bo’yoq bilan ifloslangan havoni tozalash uchun so’ruvchi ventilyatsiya bilan ta’minlangan, maxsus bo’yash kameralarining zarurligi;
yuqori malakali xodimlar kerakligi.
Pnevmatik purkash usuli bilan bo’yoqlarni qoplash uchun qo’llaniladigan apparatura komplektiga quyidagilar kiradi (2-rasm):
bo’yoq purkagich;
bo’yoqni aralashtirgich va bo’yoq purkagichda 300-600 kPa, hamda bo’yoqni uzatish tizimida 80-100 kPa havo bosimini rostlash reduktori o’rnatilgan, qopqoqli germetik idish shaklida tayyorlangan bo’yoq haydash idishi;
bo’yoq haydash idishiga va bo’yoq purkagichga berilgan havoni suv va moydan tozalashga mo’ljallangan suv-moy-ajratkich.
Bo’yoq purkagichlar, odatda, umumkorxona siqilgan havo tarmog’idan, kamdan-kam hollarda alohida kompressordan ta’minlanadi.
2-rasm. Pnevmatik purkash usulida bo’yoqlarni qoplash qurilmasining sxemasi: 1 - bakka havoni uzatish shlangi; 2 - suv-moy-ajratkich; 3 – bo’yoqni haydash baki; 4 – havoni purkagichga uzatish shlangi; 5 – bo’yoqni bo’yoq purkagichga uzatish shlangi; 6 – bo’yoq purkagich
Bo’yoqni berish usuliga ko’ra bo’yoq purkagichlar ikki guruhga bo’linadi: katta samaradorlikka ega va katta hajmdagi bo’yash ishlarida qo’llaniluvchi, bo’yoq haydash idishidan ta’minlanadigan purkagichlar va bo’yalgan sirtlarning kamchiliklarini bartaraf qilish uchun qo’llanilib, katta bo’lmagan bo’yoq sarfini talab qiluvchi, bo’yoq tepasida mahkamlangan stakanidan erkin uzatiladigan purkagichlar.
Qizdirilgan bo’yoqlarni pnevmatik purkash bilan bo’yash eng samarali usul hisoblanadi.
Havosiz purkash usuli pnevmatik purkashdan, bo’yoqning purkalishi yuqori gidravlik bosim ostida amalga oshirilishi bilan farqlanadi. Bo’yoq nasos orqali hosil qilinadigan 2100-4200 kPa bosim ostida tozalagich orqali purkagichga o’tadi va mahsulotga yo’naltiriladi. Bu holda qurilma lakbo’yoq materiali bosimi doimiy bo’lishini va kerakli miqdorda bo’yoq uzatilishini ta’minlashi lozim.
Pnevmatik purkashga nisbatan bu usul lakbo’yoq materiallarining tuman hosil bo’lishi hisobiga isrofini kamaytiradi, ammo qoplama sifati yuqori bo’lmaydi.
Yuqori kuchlanishli elektr maydonida bo’yash avtomobillar kuzovlari va kabinalarini ishlab chiqarishda keng qo’llaniladi va quyidagi tartibda amalga oshiriladi: zaminlangan konveyerda harakatlanuvchi mahsulot bilan purkagich o’rtasida yuqori kuchlanishli elektr maydoni hosil qilinadi; manfiy zaryadlangan bo’yoq zarrachalari konveyer bo’ylab harakatlanayotgan va musbat zaryadlangan mahsulotga tortiladi.
Yuqori kuchlanishli elektr maydonida bo’yash paytida bo’yoqni uzatish uchun elektromexanik aylanuvchi purkagichlar qo’llaniladi. Ularga doimo aylanma harakatlanuvchi bo’yoq “bo’yoqli rezervuar-nasos-purkagich-rezervuar” tizimidan uzatiladi. Purkagich-elektrodlar bo’yash sharoitlariga bog’liq holda U-simon kosa yoki kosa shaklida bo’lishi mumkin (3-rasm).
Mahsulot 1 ni bo’yash jarayonida yuqori manfiy potensial ulangan, tez aylanuvchan purkash kallagi 2 markaziga bo’yoq uzatiladi. Bo’yoq markazdan qochma kuchlar ta’sirida purkash kallagi qirralaridan mayda tomchilar ko’rinishida tekis sochiladi. Bo’yoqning sochilishiga birdaniga elektrostatik itarish kuchlari ham ko’maklashadi, chunki purkagich bilan bevosita ta’sirlashishi natijasida tomchilarda ham manfiy zaryad hosil bo’ladi.
3 -rasm. U-simon kosa (a) va kosa (b) shaklidagi elektrodlar bilan yuqori kuchlanishli elektr maydon vositasida detallarni bo’yash uchun elektr-mexanik purkagichlar sxemalari: 1 – mahsulot, 2 – purkagich
Purkagichning o’tkir chekkalari tojli elektrod vazifalarini bajaradi. Bo’yoqning purkalgan zarralari zaryadlangan holda elektrodlararo bo’shliqqa kiradi va elektrostatik kuchlar ta’sirida bo’yalayotgan mahsulotga tortiladi. Bu usulda bo’yoq isrofi pnevmatik purkashdagiga nisbatan ancha kichik bo’ladi.
U-simon kosa shaklidagi purkagichlar bo’yoqni maydaroq purkashni ta’minlaydi, uning zarralari zaryadlari ortadi va purkalayotgan bo’yoq mash’alining yo’naltirilganligi natijasida qoplama sifati yaxshilanadi.
Kosa shaklidagi purkash kallaklari tayyorlashda oddiy, tozalash uchun qulay va yetarli samaradorlikka ega, ammo ular bo’yoqning ko’proq sochilgan mash’alini hosil qiladi.
Yuqori kuchlanishli elektr maydonida bo’yash uchun jihozlar tarkibiga purkagichlardan tashqari quyidagilar kiradi: purkagichlarni o’rnatish uchun qo’zg’almas, tebranuvchi yoki siljuvchi qurilmalar; qat’iy aniqlangan lakbo’yoq materiali miqdorini purkagichga uzatish uchun me’yorlovchi qurilma (odatda, ishonchli hajmiy me’yorlashni ta’minlovchi shasternyali nasoslar asosida); halokatli holat paydo bo’lganda yuqori kuchlanishni avtomatik ajratuvchi, uchqundan ehtiyotlash qurilmasi.
Yuqori kuchlanishli maydonda bo’yash uchun, shuningdek, ignasimon elektrodli elektrostatik pnevmopurkagichlar qo’llaniladi. Elektromexanik purkagichlardan farqli o’laroq, ularda bo’yoq siqilgan havo yordamida purkaladi. Bu holda bo’yoq zarrachalari ignasimon elektrod bilan ta’sirlashishi natijasida manfiy zaryad oladi.
Zamonaviy avtomobil korxonalarida bu usul kuzov ikkinchi qatlam gruntovkasini qoplash uchun ham va emallar vositasida yakuniy bo’yash uchun ham qo’llaniladi. Yirik seriyali va yalpi ishlab chiqarish sharoitlarida kuzovlarni elektrostatik maydonda bo’yash purkagichlar bilan jihozlangan, siljuvchi robotlar yordamida avtomatik bo’yash qatorlarida amalga oshiriladi.
Kuzov yuza sirtiga bir qatlam emal qoplash uchun mo’ljallangan shunday qatorning bir uchastkasi 4-rasmda ko’rsatilgan. Uchastkada sakkizta robot o’rnatilgan; ulardan to’rttasi yuqorigi purkagichlar bilan jihozlangan, to’rttasi esa yon purkagichlar bilan. Har bir robot tezda qayta sozlanish va dasturli boshqarish imkoniga ega. Robotning ishchi qo’lida purkagich o’rnatilgan, u berilgan dastur bo’yicha davriy takrorlanuvchi harakatlarni bajaradi va kuzov yuza sirtining lakbo’yoq materiali qatlami tekis bo’lishini ta’minlaydi. Kuzovlarni bo’yashning ushbu uchastkasi konveyer tezligining 3-6 m/min bo’lishiga mo’ljallangan.
Dastur tugaganidan so’ng, har bir purkagichga navbatdagi kuzovni bo’yash davri boshlangunicha bo’yoqni uzatishni to’xtatish buyrug’i beriladi. Birinchi
4-rasm. Purkagichlarga ega, siljuvchi robotlar bilan elektrostatik maydonda kuzovlarni bo’yashning avtomatik uchastkasi sxemasi: 1, 2 – qaytargichlar; 3, 4 – chiroqlar; 5, 6, 18, 19 – yuqorigi purkagichlarga ega robotlar; 7, 8, 20, 21 – yon purkagichlarga ega robotlar; 9 – yuqori kuchlanish generatori; 10 – elektrostatik purkashni boshqarish bloki; 11 – bo’yoqni uzatish nasosi; 12 – boshqarish pulti; 13 – kuzov konturini tanish bloki; 14-17 – fotoelementlar; 22 - kuzov
qatlami qoplangan kuzov, navbatdagi o’xshash uchastkaga siljiydi. Uning boshida keyingi dasturni ishga tushirish uchun impuls jo’natuvchi fotoelement joylashadi. Shunday qilib, kuzov ikki uchastka orqali o’tib, 40-50 mkm qalinlikdagi qoplama bilan qoplanadi. Bo’yalgan kuzov “oqib tushish” kamerasiga kiradi va 30-40 harorat ostida qoplama zarur qalinlikka va tekislikka ega bo’ladi (quritishga kirishdan oldin).
Yuqori kuchlanishli elektr maydonida bo’yash pnevmatik purkashga nisbatan quyidagi afzalliklarga ega:
lakbo’yoq materiallari sarfining kamligi, chunki elektr maydoni ta’sirida deyarli barcha purkalgan bo’yoq mahsulotga qoplanadi;
bo’yash kamerasi ventilyatsiyasi uchun oddiy qurilmalarning qo’llanilishi va ular tannarxining pasayishi;
bo’yash jarayonini to’liq avtomatlashtirish mumkinligi;
yuqori samaradorlik;
xizmat ko’rsatuvchi xodimlarning bo’yoq purkalish zonasida bo’lmasligi natijasida ish sanitary-gigiyenik sharoitlarining yaxshilanishi.
Ushbu usulning kamchiligiga kuzov ichki sirtlariga bo’yoq qoplash imkonining yo’qligi va shunga bog’liq tarzda ushbu uchastkalarni pnevmatik purkagichlar bilan dastaki yoki avtomatik bo’yashni qo’llashga to’g’ri kelishini kiritish mumkin.
Kuzovlarni bo’yashning oqimli qatorlarida, shuningdek, robotlar yordamida pnevmatik purkash usuli bilan lakbo’yoq materiallarini qoplash kameralari qo’llaniladi.
Lakbo’yoqlardan tashqari kuzovlarga maxsus qoplamalar ham qoplanadi. Bunday qoplamalardan ko’zlangan maqsad, birikmalarni zichlash, shovqindan va issiqdan himoyalash hamda korroziyadan qo’shimcha himoyalashdir.
Zichlash va shovqindan himoyalash uchastkasida (odatda, gruntovka va jilvirlashdan keyin) kuzov quritish kamerasiga o’tishidan oldin, uning barcha payvand choklari bosib kiritish usuli bilan polivinilxlorid asosidagi mastika (“Пластизоль Д-4А” va h.k.) yordamida zichlanadi. Kuzovni kamerada quritish jarayonida 140 dan yuqori harorat ostida 30 daqiqa ushlab turilganida, mastika oquvchanligini yo’qotadi, elastik materialga aylanadi va payvand birikmalar tirqishlarini ishonchli zichlaydi. Avtomobildan foydalanish vaqtida paydo bo’ladigan titrashlar natijasida kuzov detallarining o’zaro kichik siljishlariga qaramasdan, mastika o’z elastikligi hisobiga birikmaning zichlanishini ta’minlaydi.
Kuzov ostini korroziyadan, chang va qumning abraziv ta’siridan himoyalash uchun, shuningdek, kuzovning quyi qismi va qanotlarning ichki qismlarini qo’shimcha issiqdan va shovqindan himoyalash uchun bitumli mastika БПМ-1 qo’llaniladi, bunda mastika 1-1,5 mm qalinlik bilan o’tuvchi kamerada pnevmatik purkash usuli bilan qoplanadi. Kameradagi havo gidrotozalagichli so’rish-chiqarish ventilyatsiyasi yordamida tozalanadi. Gidrotozalagichlar suvini tozalash tabiiy cho’ktirish usuli bilan amalga oshiriladi va tozalangan suv o’z o’rniga qaytariladi. Kamera oxirida tambur joylashadi, bu yerda kuzovning ostini qoplash paytida uning yuza sirtlariga yopishib qolgan mastika zarralari yo’qotiladi. Ho’l jilvirlashdan keyin mastika 130 harorat ostida 6 daqiqa davomida qisman quritiladi. Mastikaning to’liq polimerlashishi 140 harorat ostida emalni quritish kamerasida tugaydi. Quritishdan keyin mastika shishlar, yoriqlar va oqib tushishlarsiz bir jinsli qatlamni namoyon qilishi kerak.
Kuzov saloni bitumli maxsus qistirma (prokladka) lar yordamida shovqindan himoyalanadi. Ular kuzov poliga, shuningdek, tomning ichki sirtlariga, eshiklarning tashqi panellariga, yukxonalar qopqoqlariga o’rnatiladi. Quritish kameralaridan o’tish asnosida qistirmalar salon panellari bilan mustahkam birikadi va shovqindan himoyalovchi yaxshi qatlamni hosil qiladi.
Korroziya ta’siriga eng ko’p beriluvchan, kuzovning yopiq bo’shliqlari «Тактил-МЛ» tipidagi himoyalovchi antikorrozion materiallar bilan qoplanadi. Ular to’pponcha bilan jihozlangan, havosiz purkash qurilmalari yordamida qoplanadi. Bu to’pponchalar uchliklari moslashuvchan bo’ladi va ularga purkash kallaklari o’rnatilgan bo’ladi. Bunday qurilmalarning ishchi bosimi 250 kPa ni tashkil qiladi. Qurilma kuzov ichki bo’shliqlarida yaxlit plyonka hosil qilishni ta’minlaydi. Ishlov berish so’rish-chiqarish ventilyatsiyasiga ega maxsus kamerada, bevosita yig’ish konveyerida amalga oshiriladi. Qoplamaning himoya ta’siri shundan iboratki, bunda material metall sirtning mexanik himoyasini ta’minlaydi, uning tarkibidagi ingibitor (reaksiyani sekinlashtirgich) esa korroziya jarayonini sekinlashtiradi.
Bo’yash, qistirmalarni yopishtirish, himoyalovchi va antikorrozion qoplamalarni qoplash texnologiyalariga qat’iy amal qilish, yuqori sifatli materiallarni qo’llash zichlash, shovqindan himoyalash va korrozion turg’unlikning yuqori darajasini ta’minlaydi.
Bo’yash ishlarini bajarishda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilishga alohida e’tibor qaratiladi.
Barcha ishlar havodagi zararli moddalarning joiz miqdorini ta’minlovchi, so’rish-chiqarish ventilyatsiyasi bilan jihozlangan inshootlarda o’tkazilishi lozim. Ishchi inshoot havosidagi zararli bug’lar, gazlar va changlar miqdori doimiy nazorat qilinishi kerak. Lakbo’yoq materiallari bilan ishlaydigan xodimlar maxsus kiyim va individual himoya vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
Oqova suvlar kanalizatsiyaga tushirilishidan oldin zararli moddalar miqdorining joiz me’yorlarigacha tozalanishi lozim. Oqova suvlar zararli kimyoviy moddalarni filtratsiya va neytralizatsiya qilish bilan tozalanadi. Polimer membranalarni qo’llash bilan ultratozalash usuli eng keng tarqalgan usuldir.
Lakbo’yoq materiallarini qoplashning har bir usuli uchun texnika xavfsizligi va ayniqsa, yong’in xavfsizligi bo’yicha maxsus talablar ishlab chiqilgan.
Pnevmatik purkash usuli bilan materiallarni qoplashda agregatlari purkagichlarga material yoki siqilgan havoni uzatuvchi, mahalliy so’rish-chiqarish tizimiga ega purkash kameralari va qurilmalari qo’llaniladi. Bu yonuvchan va portlovchan aralashmalarning hosil bo’lishi va ularning tuman ko’rinishida ish zonasiga yetib borishini bartaraf qiladi.
Lakbo’yoq materiallarini qoplashning o’ziga xosligi yuqori kuchlanishli elektr tokining qo’llanilishidir. Ushbu usul bilan statsionar qurilmalarda materiallarni qoplashda texnika xavfsizligi, yong’in xavfsizligi bo’yicha umumiy talablar va sanitar-gigiyenik talablarni ta’minlash bilan bir qatorda yuqori kuchlanish ostida bo’lgan barcha asosiy qurilmalar (shina o’tkazgichlar, kabellar, purkash qurilmalari va b.) ga erkin yaqinlashishdan saqlovchi, zaminlangan metall to’rlar bilan to’sish talab etiladi.
Botirib (cho’ktirib) bo’yashda texnika xavfsizligi talablarini ta’minlash uchun qo’shimcha qurilmalar – materialni halokatli quyish rezervuarlari o’rnatiladi. Ular sex chegaralaridan tashqarida, yaxlit devordan 1 m masofada, o’yiqlari bor devordan 5 m masofada joylashtiriladi.
Bo’yash va quritish kameralarining barcha elektr simlari metall quvurlar ichidan o’tkazilishi, elektr chiroqlar – germetik va portlashga xavfsiz armaturalarga o’rnatilishi, o’chirgichlar va ajratkichlar esa ishchi inshootdan tashqarida, yopiq shkaflarga joylashtirilishi lozim.
Bo’yash sexlarida, bo’yoq tayyorlash bo’linmalarida va lakbo’yoq materiallari omborlarida yong’in o’chirish vositalari – yong’in o’chirgichlar, qumli qutilar, inventarli doskalar va b. bo’lishi lozim.
Bo’yash sexlaridagi ishlar maxsus malaka komissiyasidan ko’rsatma olgan xodimlar tomonidan bajariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |