Aim.uz
Mahsulot sifatini oshirishda navlarini joylashtirish va ilg`or texnologiyalardan unumli foydalanish
Xo`jaligi bo`yicha g`o`za navlarini joylashtirish holati tahlillari ko`rsatishicha, so`nggi yillarda navlar ekin maydoni beqaror o`zgarib turgan. Nav joylashtirishdagi bunday keskin tebranishlar hosildorlik pasayishi va xo`jalikning moliyaviy ahvoli yomonlashuviga sabab bo`lishi mumkin. Xususan, bu holat xo`jalikda navlar agrotexnikasiga rioya etish imkoniyati keskin chegaralanib, kutilgan hosildorlikka erishishga salbiy ta’sir ko`rsatishi shubhasizdir. Shu bois, nav joylashtirish uzoq muddatli rejalar va navning aniq iqtisodiy ko`rsatkichlariga tayangan holda amalga oshirilishi lozim.
Hozirda g`o`za navlari aksariyat hollarda, asosan hosildorligi yuqoriligi yoki tezpisharligini asos qilib olgan holda tanlanmoqda. Navlarning tezpisharligi yoki hosildorligi yuqoriligi paxtachilik mahsulotining bozorgirligini ta’minlamaydi. Mahsulotning raqobatbardoshligi, avvalo, sifati xaridor talabiga javob berishi va narxining nisbatan arzonligi bilan belgilanadi. Shuning uchun ham g`o`za navlari iqtisodiy samaradorligini ko`plab ko`rsatkichlar asosida baholash bo`yicha O`zbekiston Bozor islohotlari ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan uslub ishlab chiqildi va ushbu uslub bo`yicha navlarni baholashga erishildi. Chunki, g`o`za navlarini joylashtirishda:
- har bir nav o`zining ma’lum tanlab olingan mezonlar asosidagi iqtisodiy bahosiga ega bo`lishi lozim;
- eng yuqori iqtisodiy ko`rsatkichga ega g`o`za navi tanlangan hudud uchun eng ma’qul deb topilib, ekishga tavsiya etishga asos tug`iladi.
G`o`za navlarini joylashtirishda kompyuter dasturlaridan foydalanish tarmoq rivojiga katta hissa qo`shgan bo`lur edi. Ammo, kompyuter dasturlari yaratish uchun har bir nav ko`plab ko`rsatkichlar bo`yicha iqtisodiy baholovchi raqamlar asosan nisbiy taqqoslash imkoniyatiga ega bo`lishi lozim. Bu navlarni joylashtirish natijalari iqtisodiy samaradorlikni keskin oshirib, subyektiv omillar ta’sirini kamaytiradi.
Qishloq xo`jaligi korxonalarida agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish uchun texnika, yoqilg`i, ehtiyot qismlar yyetishmasligi, mineral o`g`itlar, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash vositalarining o`z vaqtida yetkazib berilmasligi kabi muammolar saqlanmoqda.
Hozirda shirkat, fermer va dehqon xo`jaliklari asosiy suvdan foydalanuvchi qishloq xo`jaligi korxonalari hisoblanishsa-da, suvdan foydalanish limitlari shirkat va fermer xo`jaliklariga vakolatli idoralar tomonidan belgilanadi. Ammo unga yetkazib berilayotgan suv sarfini hisobga olish tartibi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun to`lanadigan mablag` va uni to`lash tartiblari haligacha ishlab chiqilmagan.
Agrotexnika tadbirlarini amalga oshirishda ham ma’muriy organlar ta’siri saqlanib qolmoqda. Ayrim hollarda ekinlarni ekish, sug`orish va hosilni yig`ishda xo`jaliklarga yuqori tashkilotlar tomonidan grafiklar belgilanmoqda. Bu esa dehqonning erkin harakat qilishini cheklaydi. Yuqorida keltirib o`tilgan barcha tadbirlarning o`z vaqtida, sifatli va ilm-fan tavsiyalari asosida amalga oshirilishi paxta xomashyosi sifatini oshirishga imkon yaratadi.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |