Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875-1919)
Taniqli dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yili Samarqandda tug‘ilgan. Yassaviy avlodidan. 18 yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, qozi, mufti darajasiga ko‘tariladi.
Behbudiy haj safarida bo‘lgan chog‘ida Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan (1899—1900). Sayohat davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish fikri mustahkamlanib bordi. Samarqand yaqinidagi Halvoyi qishlog‘ida Ajziy, Rajabaminda Abdulqodir Shakuriylar bilan hamkorlikda yangi maktab ochadi.
Behbudiy Qozon va Ufaga borib (1903-04), u yerdagi yangi usul maktablari bilan tanishadi, tatar ziyolilari bilan aloqani yo‘lga qo‘yadi. Yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. «Risolai asbobi savod» («Savod chiqarish kitobi», 1904), «Risolai jug‘rofiyai umroniy» («Aholi geografiyasiga kirish», 1905), «Muntahabi jug‘rofiyai umumiy» («Qisqacha umumiy geografiya», 1906), «Kitobat ul-atfol» («Bolalar xati», 1908), «Amaliyoti islom» (1908), «Tarixi islom» (1909) kabi kitoblar chop ettiradi.
Keyinchalik (1908 yilda) Shakuriyning Rajabamindagi maktabini Samarqanddagi o‘z hovlisiga qo‘chirib keltiradi. Behbudiy 1911 yilda «Padarkush» dramasini yozdi. Bu birinchi o‘zbek dramasi edi. 3 parda 4 manzarali bu asar mazmunan sodda bo‘lib, o‘qimagan, johil va nodon bolaning o‘z otasini o‘ldirgani haqida edi. Behbudiy bu asar janrini «milliy fojia» deb atagan. Nashr qilishga chor senzurasi yo‘l qo‘ymaydi. «Borodino jangi va Rusiyaning fransuzlar bosqinidan xalos bo‘lishining 100 yillik yubileyi sanasiga bag‘ishlanadi» degan vaj bilan Tiflis (Tbilisi) senzurasidan o‘tkazadi. Drama 1913 yil bosilib chiqqan, ammo sahnaga qo‘yish uchun yana bir yilcha vaqt ketadi. Asar Samarqandda 1914 yil 25 yanvarda sahnaga qo‘yildi. Drama xalqqa kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Abdulla Qodiriy «Baxtsiz kuyov» dramasini shuning ta’sirida yozgani ma’lum. «Padarkush» ham janr, ham mazmuniga ko‘ra yangi o‘zbek adabiyotini boshlab bergan asar bo‘ldi. Drama Toshkentda 1914 yil 27 fevralda Avloniy tomonidan qayta sahnalashtiriladi.
Behbudiy «Samarqand» gazetasini chiqaradi. Gazeta o‘zbek va tojik tillarida, haftada 2 marta chop etildi. 45-soni chiqqach, moddiy tanqislik tufayli nashr to‘xtadi. Shu yil 20 avgustdan u «Oyna» jurnali chiqara boshladi. Haftalik, suratli bu jurnal asosan o‘zbekcha bo‘lib, she’r, maqola (forscha), e’lonlar (ruscha) ham berib boriddi. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqaldi.
Behbudiy kitob nashrini ham yo‘lga qo‘yadi. Fitratning «Bayonoti sayyohi hindi»sini ruschaga tarjima qildirib bostirdi (1913).
Behbudiy 1914 yil 29 mayda ikkinchi marta Arab mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Sayohati davomida Bayramali, Ashxobod, Krasnovodsk, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk, Rostov, Odessa shaharlarida bo‘ladi, 8 iyunda Istanbulga keladi. Undan Adanaga o‘tib, yana Istanbulga qaytadi va 20 iyunda Ismoilbek Gasprinskiy bilan uchrashadi. So‘ng Quddus, Bayrut, Yofa, Xalil ar-Rahmon, Port-Said, Shom shaharlarida bo‘ladi. Sayohat xotiralari «Oyna» jurnalida bosilib turadi. Bu «xotiralar» har jihatdan muhim bo‘lib, an’anaviy tarix-memuar janrining 20-asr boshidagi o‘ziga xos namunasi edi. Muallif unda yo‘l taassurotlariga, kishilar bilan uchrashuvlarining ibratli tomonlariga keng o‘rin beradi. Qaysi shaharga bormasin, uning tarixi, obidalari, u yerdan chiqqan buyuk zotlar haqida ma’lumotlar to‘playdi. Turli-tuman millatlar, ularning urf-udumlari, turmush madaniyati bilan qiziqadi. Ayniqsa, din, e’tiqod masalalariga katta ahamiyat beradi.
«Oyna» jurnalida millat va uning haq-huquqiga, tarixiga, til va adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Behbudiy millatning taraqqiysi uchun bir necha til bilishni shart hisobladi. Jurnalning birinchi sonidayoq «Ikki emas, to‘rt til lozim», degan maqola bilan chiqib, o‘zbek, tojik, arab, rus va hatto biror uzoq xorij (mas, fransuz) tilini bilish shart deb hisobladi. Ayni paytda tilning muhofazasi («Har millat o‘z tili ila faxr etar» —1914, ? 35), o‘zaro munosabatlari («Til masalasi» — 1915, ? 11,12) haqida muhim va zarur maqolalar chop etdi. Adabiy tanqidga katta e’tibor berdi. Uning xususiyatlarini belgilashga urindi. Boshqa adabiy janrlar bilan tenghuquqligi masalasini ko‘tardi («Tanqid saralamoqdir» — 1914, ? 27). Millat sha’nini oyoqosti qiluvchi fikr-qarashlarga zarba berib, Turkiston xalqini o‘z nomi bilan atamoq lozimligini talab qilib chiqdi («Sart so‘zi majhuldur» 1915, ? 22,23,25,26).
Behbudiy matbuotimiz tarixida maqolanavis sifatida alohida mavqega ega. Uning hozircha aniqlangan maqolalarining soni 300 ga yetadi. Ular xilma-xil mavzuda. Ilk maqolalaridayoq kommunistik mafkurani keskin rad etgan, «xayoliy», «bu toifaga qo‘shulmoq biz, musulmonlar uchun nihoyatda zararlik» deb yozgan edi («Xayrul umuri avsatuho» — «Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir», «Xurshid» gazetasi, 1906, 6-son). O‘zlikni anglashni muhim biladi. «Qabilasini(ng) ismini va yetti otasining otini bilmaydurgonlarni «marquq» derlar», deb yozadi («Sart so‘zi majhuldur», «Oyna» jurnali, 1914, ? 23).
1917 yilning oxiri 1918 yilning boshlarida jadidlar qurgan ilk demokratik davlatchilik namunasi Turkiston muxtoriyatining taqdiri hal bo‘layotgan bir paytda o‘lka xalqlarini birlikka chaqiradi.
Behbudiy ijtimoiy-siyosiy ishlarga qizg‘in qo‘shildi. Aslida bu faoliyat 1906 yildan boshlangan. Shu yili «Rusiya musulmonlari ittifoqi»ning Nijniy Novgorodda o‘tkazilgan qurultoyida qatnashgan edi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan (1917) Turkiston musulmonlarining qurultoyida ishtirok etib, nutq so‘zladi. U musulmonlar orasidagi har qanday ixtilofga qarshi chiqdi. Behbudiy shu qurultoyda o‘lka musulmonlar sho‘rosining raisi etib saylandi. 1917 yil 26 noyabrda Qo‘qonda o‘lka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyi ish boshladi. 27 noyabrga o‘tar kechasi «Turkiston muxtoriyati» e’lon qilindi. Uning g‘oyaviy asoschilaridan biri Behbudiy edi. Muxtoriyat sho‘rolar tomonidan vahshiyona bostirildi. Behbudiy may oyining boshlarida Samarqandga qaytadi. U yerda ko‘p tura olmay Toshkentga keladi. Turkiston sho‘rolar hukumati rahbarlari bilan muzokara olib borishga urinadi, ammo natija chiqmaydi. 1919 yilning erta bahorida mamlakatdan chiqib ketayotganida Shahrisabzda Inqilobiy favqulodda komissiya ayg‘oqchilari ko‘magida Buxoro amirligi odamlari tomonidan qo‘lga olinadi, hamrohlari Muhammadqul va Mardonqul bilan birgalikda Qarshida zindonga tashlanadi va qatl qilinadi. Bu voqea Samarqandda bir yildan keyin ma’lum bo‘ladi. Fitrat, Cho‘lpon, Ayniy va boshqa shoirlar Behbudiy ga atab marsiyalar yozganlar.
O‘zbekistonda (H. Sayid, N. Avazov, Z. Ahrorova), Tojikistonda (R. Xodizoda), Germaniyada (I. Baldauf; B. Qosimov bilan hamkorlikda), AQShda (E. Olvort) va boshqa mamlakatlarda Behbudiy hayoti va ijodi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Toshkent shahrida ko‘cha va maktabga Behbudiy nomi qo‘yilgan.
Munavvar” – nur olgan, nurli degani. Turkiyada hozir ham bu soʻzni ziyoli oʻrnida qoʻllaydilar. “Qori” deb Qurʼonni maromiga yetkazib oʻqiydiganni aytganlar. U Toshkentning maʼrifatli bir xonadonida tugʻilib, ismiga munosib boʻlib oʻsdi. Hujjatlardan uning Shayxontohur daha, Darxon mahallasida tugʻilib oʻsgani maʼlum boʻladi. Otasi Abdurashidxon mudarris, onasi Xosiyatxon otin boʻlgan. Munavvar onasi qoʻlida savod chiqargan. Dastlab Toshkentda Yunusxon madrasasida, soʻng Buxoroda oʻqigan. Oʻtgan asrning 90-yillari oxirlarida jadidlarga qoʻshilib, 1901 yilda Toshkentda birinchilardan boʻlib “usuli jadid” maktabi ochadi. Bu maktablar uchun “Adibi avval”, “Adibi soniy” kabi alifbo va xrestomatiyalar, “Tavjid al-Qurʼon” (“Qurʼon qiroati”), “Yer yuzi” (“Geografiya”) singari qoʻllanmalar tuzib, nashr etadi. Bu darsliklar 1901–1917 yillar oraligʻida eng kami 2-3, koʻpi 9-10 martagacha alohida-alohida holda nashr etilgan.
Munavvarqori va uning maktabi yuksak nufuzga ega edi. Masalan: shunday bir dalilni keltirish mumkin. “Oyna” jurnalining 1914 yil sonlaridan birida Mahmudxoʻja Behbudiyning Turkistonda oliy milliy taʼlim istiqboli haqida bergan mushtariylarning savoliga javobi bosilgan. Behbudiy unda Toshkentda Munavvarqorining maktabini mana shunday oliy tahsilga zamin boʻla olishi mumkinligini aytgan edi.
Oʻzbek matbuotining maydonga kelishida Munavvarqorining xizmatlari katta boʻldi. U oʻzbek matbuotining dastlabki namunasi 1906 yilda chiqqan “Taraqqiy” gazetasining tashkilotchilaridan va mualliflaridan edi. Oʻsha yili Munavvarqorining oʻzi “Xurshid” gazetasini chiqardi. Gazetaning faol mualliflaridan biri Xudoyorxonning oʻgʻli Fansurullobek edi. Mahmudxoʻja Behbudiyning ishtirokiyun (sotsialistik) partiyasini keskin rad etgan mashhur “Xayrul umuri avsotuxo” maqolasi mana shu gazetada (1906, №6) bosilgan edi. Soʻng Munavvarqori “Sadoyi Turkiston” (1914–15) ni maydonga chiqarishda jonbozlik koʻrsatdi. 1917 yilning martida esa oʻzi muharrirligida “Najot” gazetasini chiqardi. Shu yilning iyunida esa Toshkentda Ahmad Zaki Validiy tomonidan “Kengash” jurnali oʻrtaga chiqdi. Koʻp oʻtmay, uning muharrirligini Munavvarqori olib bora boshladi.
Umuman oʻzbek matbuotining maydonga kelishini ham, tarixiy taraqqiyotini ham Munavvarqorisiz, uning yuzlab ehtirosli maqolalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Munavvarqori XX asr boshidagi ijtimoiy-siyosiy harakatchilikning, milliy ozodlik koʻtarilishining eng eʼtiborli namoyandalaridandir. Abdull Avloniy tarjimai hollaridan maʼlum boʻlishicha, 1901 yillardan boshlab, Toshkentda mahalliy yoshlardan “Jadidlar toʻdasi” tashkil topgan edi. 1914–15 yillarda “Sadoyi Turkiston”da muharrirlik qilgan, 1909 yilda Lev Tolstoy bilan xat yozishgan advokat Ubaydulla Asatillaxoʻjayev, shoir Abdulla Avloniy, Nizomiddin Xoʻjayev kabilar bu guruhning faollari boʻlib taniddilar. Avloniy unga 1904 yilda aʼzo boʻlganini maʼlum qiladi. Munavvarqori uning asoschilaridan edi. 1909 yilda u boshqa maʼrifatparvar jadidlar bilan birga “Jamiyati xayriya” tuzadi. 1913 yilda “Turon” jamiyatini taʼsis etadi. “Maktab”, “Nashriyot” kabi shirkatlar ochadi. Jamiyatning maqsadi yerli musulmon aholisi orasida maorif – madaniyatga ragʻbat uygʻotish, ularga modsiy-maʼnaviy yordam berish, ular uchun sahna asarlari tayyorlash va koʻrsatish edi. Munavvarqori yoshlarni rivojlangan mamlakatlarda oʻqitish, shu orqali Millat va Vatanni farzandlariga tanitish, dunyoni anglatish ishlariga alohida eʼtibor berdi. 1908 yildan 1923 yilga qadar uning gʻayrat va tashabbusi bilan yuzdan ortiq turkistonlik chetda oʻqib keldi. 1920–23 yillarda bu tashabbusni Buxoroda Fitrat va Fayzulla Xoʻjayev qoʻllab-quvvatlab chiqdilar. Maʼlumotlarga qaraganda birgina 1922 yilda Olmoniyada oʻqiyotganlarning soni 60 ga yetgan. Shulardan toʻrttasi (Jabbor Sattor, Saidali Xoʻjayev, Ahmad Shukuriy, Vali Qayumxon) toshkentlik edi.
Munavvarqori garchi teatr asari yozmagan boʻlsa-da, Turkistondagi teatrchilik ishlarining yoʻlga qoʻyilishida Abdulla Avloniy yonidaturdi. 1913 yilda tuzilgan “Turon” jamiyati nizomida teatrchilik ishlari alohida taʼkidlangani, uning zaminida “Teatr” havaskorlari truppasi” tashkil topgani bejiz emas. 1914 yilning 27 fevralida Toshkentdagi “Kolizey” (hozirgi Savdo birjasi binosi)da mana shu truppa tomonidan “Padarkush” dramasi birinchi marotaba sahnaga qoʻyiladi. Tomosha oddidan Munavvarqori teatr va uning ahamiyati haqida nutq soʻzlaydi. Matbuot bu kunni “Tarixiy kun” deb eʼlon qiladi. Shoir Tavallo esa shu munosabat bilan sheʼr yozadi. Unda shunday satrlar bor edi:
Choʻh munavvar etti olamni Munavvarqorimiz,
Koʻrdimiz ravshanligʻidin feʼlimiz, atvorimiz.
Ibrat oling, yoshlar, deb toʻqdi koʻzdin yoshlar,
Nutqida tahrir edub, bizlarni yoʻqu borimiz.
Chun qoʻnguldan biz eshitduk, chin-achigʻ aytgan soʻzi,
Shuncha bidʼatlarni bilduk, voy, biz iqrormiz.
Munavvarqori adib sifatida ham maʼlum eʼtibor va nufuzga ega edi. Xususan, uning “Adibi avval”, “Adibi soniy” kitoblari darslik-majmua yoʻsinida yozilgan boʻlib, koʻplab sheʼriy va nasriy hikoyalarni oʻz ichiga olgan. Har birining soʻnggida “hissa” – xulosa chiqarilgan. Ular mavzuiga koʻra har xil. Koʻpchiligi tarixiy mavzuda. Yoʻl yoʻnalishga koʻra ibratomuz pandlardan tashkil topgan. Tili sodda, oʻqilishi qiziqarli. Masalan: “Adibi soniy”dagi ilk hikoyalardan biri “Iskandar ila Arastu” deb nomlangan. “Oʻtgan zamonda Iskandari Rumiy degan bir podshoh bor edi, – deb boshlanadi hikoya. – Oning Arastu otligʻ bir olim va dono otasi bor edi. Iskandar Arastuni oʻz yoniga bosh vazir qilub, barcha mamlakat ishlarini topshurmish edi. Bir ish qilsa, shuning maslahati ila qilur edi. Eshikdan kelsa, oʻrnidan turub, joy berur edi. Oʻzining otasidan ortuq izzat va hurmat qilurdi. Bir kun vazirlardan biri Iskandardan soʻradiki, “Na uchun Arastuni otangizdan ortuq izzat qilursiz?”
Iskandar aytdi:
“Otam goʻyoki meni osmondan yerga tushurdi. Ammo ustozim Arastu meni yerdan osmonga koʻtardi. Yaʼni otam meni dunyoga kelmogʻimga sabab boʻldi. Ustozim ilmu adab oʻrgatub, martaba va izzatimni ortmogʻiga sabab boʻldi. Shuning uchun ustozimni otamdan ortuq izzat qilurman”.
Bu hikoyadan hissa nadur? Bolalarning oʻzlari topsunlar”.
Hikoyalar orasida XX asr boshidagi tarixiy voqealar, ijtimoiy-maishiy turmush manzaralari haqida yozilganlari ham anchagana. Maʼlum boʻlganidek, Munavvarqori badiiy adabiyot bilan yaqindan shugʻullangan ziyolilarimizdan edi.
U 20-yillarda esa tilshunoslikka oid asarlar yozdi. Uning 1925 yilda eʼlon qilgan Qayum Ramazon va Shorasul Zunnun bilan hamkorlikdagi uch boʻlimlik “Oʻzbekcha til saboqligʻi” kitobi shu yoʻddagi jiddiy ishlardan boʻldi. Mualliflar turkcha tilshunoslik atamalari endigina shakllanayotgan bir paytda shunday murakkab ishni amalga oshirgan edilar.
Lekin Munavvarqori millat tarixida birinchi navbatda jamoat va siyosiy arbob sifatida qoldi. U oʻtgan asrning 90-yillari oxiridan umrining soʻnggigacha Millat va Vatan ravnaqi, ozodligi yoʻlida kurash olib bordi. Uning butun ijodi va faoliyati mana shu ikki masala atrofida kechdi. Ayniqsa uning 17-yillardagi faoliyati qizgʻin boʻldi. U mashhur 1917 yil fevral voqealaridan qoʻp oʻtmay, oʻsha yilning martidayoq “Shoʻroyi islomiya” jamiyatini tuzdi. Milliy, diniy zaminga suyangan, shariatga asoslangan mustaqil Turkiston hukumatini tuzish gʻoyasini ilgari surdi. “Shoʻroyi islomiya”ning 16–23 aprelda Toshkentda boʻlib oʻtgan birinchi qurultoyida “Turkiston musulmon deputatlarining Markaziy Shoʻrosi” tuzilib, Munavvarqori rais boʻlib saylandi. “Markaziy Shoʻro”da Mahmudhoʻja Behbudiy, Mustafo Choʻqayev kabi tanikli maʼrifat va siyosat kishilari bor edi.
1917 yilning yoziga kelib bolsheviklar faollashdilar. Ular mahalliy ziyolilarning bir qismini, ayrim kambagʻal toifalarni oʻz izlaridan ergashtirishga muvaffaq boʻldilar. Munavvarqori bundan qattiq tashvishga tushdi. Oktyabr toʻntarishini tashvish va sarosima bilan kutib oldi. Qoʻqon (Turkiston) muxtoriyatining qizgʻin tarafdorlaridan boʻldi. Muxtoriyat xoinona bostirilgandan keyin xalqni uygʻotish, koʻzini ochish yoʻllarini qidirdi. 1918 yilning bahorida Turkiston xalq dorilfununining musulmon boʻlimini tuzdi. Shu yilning mayidan dekabriga qadar ushbu musulmon xalq universitetining rektori vazifasini bajardi, til bilimidan dars berdi, ulkan tashkiliy ishlar olib bordi. Turkistondagi zamonaviy oliy taʼlimning maydonga kelishida oʻzining munosib hissasini qoʻshdi. 1919 yilda “Turkiston komissiyasi” tuzilib, Maskov nazoratni qoʻlga ola boshlagach, Munavvarqori ishdan boʻshatildi. 1920 yilda Buxoroda xalq jumhuriyati oʻrnatilgach, uni Buxoroga chaqirib oladilar. Buxoroda amir hokimiyati agʻdarilganda u Bokuda Sharq xalqlari qurultoyida edi. Bokudan qaytgach, Buxoro xalq maorifiga ishga yuboriladi. Lekin toʻrt oy oʻtar-oʻtmas, 1921 yilning 20 martida Toshkentga chaqirib olinadi. Ikki oycha ishlagandan soʻng, qamoqqa olinadi. Toʻgʻri, u 1917 yilning oktyabridan keyin oʻzining shoʻrolarga qarshi kurashini yashirin ravishda davom ettirgan. Buni uning qoʻlyozma holida qolgan xotiralari ochiq-oydin koʻrsatadi. Jumladan, Oktyabr arafasida “Ittihod va taraqqiy” jamiyatida qatnashgani, jamiyat sovet davrida ham faoliyat koʻrsatgani maʼlum boʻladi… Biroq koʻp oʻtmay Munavvarqori qamoqdan chiqariladi va yana oʻqituvchilik qila boshlaydi.
20-yilning oʻrtalaridan jadidchilikka munosabat oʻzgara boshlagach, Munavvarqoriga ham hujum boshlanadi. Shunga qaramasdan u oʻz yoʻlidan qaytmaydi. 1917 yilgi Toshkent okrug madaniyatchilarining qurultoyida jadidchilikni himoya qilib chiqadi. Ikkinchi marotaba Munavvarqorini 1929 yilda qamoqqa oddilar. Unga millatchilik aybi qoʻyiladi va 1931 yildaxalq dushmani sifatida otib tashlandi.
Munavvarqorining qatl qilinishi Stalin qatagʻonining birinchi toʻlqinini boshlab bergan edi.
Munavvarqori uzoq yillar davomida dushman sifatida qoralanib kelindi. Uning tariximiz, madaniyatimiz rivojidagi xizmatlarini oʻrganish va taqdirlash ishlarining hammasi oldinda turibdi
XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniydir. U 1878 yilning 12 iyulida Toshkentning Mergancha mahallasida, toʻquvchi Miravlon aka oilasida dunyoga keldi. Bolaligi Mirobod mahallasining egri-bugri koʻchalarida, koʻpchilik qismini ruslar tashkil qilgan temir yoʻl ishchilari bolalari orasida kechdi. Oʻqchidagi eski maktabda, soʻng madrasada oʻqidi (1885–1886). Mustaqil mutolaa bilan shugʻullandi. Arab, fors, rus tillarini oʻrgandi. Orenburg, Qozon, Tiflisda chiqib turgan gazeta-jurnallarni kuzatib bordi. Qisqa muddat ichida u maʼrifatparvar sifatida tanildi va oʻlkadagi ijgimoiy-madaniy harakatchilikning faol namoyandalaridan biriga aylandi.
XX asr boshlarida Turkiston madaniy hayotida yuz bergan eng muhim oʻzgarishlardan biri maktab oʻquv ishlarida oʻzgarish boʻldi. Avloniy bu davrda jadidchilik harakatiga qoʻshilib, Toshkentdagi jadidlarning faol ishtirokchilaridan biri boʻlib tanildi. Avloniy 1904 yilda Mirobodda, soʻngroq Degrezliqda (1903–14) xuddi shunday yangi usulda, yangicha maktab ochib, dars berdi va darsliklar yozdi.
1909 yilda maktab maorif ishlariga yordam beruvchi “Jamiyati xayriya” ochib, yetim bolalarni oʻqitdi. “Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar” nomli toʻrt qismdan iborat sheʼriy toʻplamining birinchi juzʼini nashr qildirdi. Munavvarqori, Muhammadjon Podshoxoʻjayev, Tavallo, Rustambek Yusufbekov, Nizomiddin Xoʻjayev, Shokirjon Rahimiy kabi taraqqiychilar bilan sheriklikda “Nashriyot” (1914), “Maktab” (1916) shirkatlarini tuzdi. “Taraqqiy”, “Shuhrat” (1907), “Osiyo” (1908), “Turon” (1917) gazetalarini chiqardi. 1918 yilda Turkiston Shurolar hukumatining birinchi gazetasi “Ishtirokiyun”ning tashkilotchilaridan va uning birinchi muharrirlaridan boʻldi. U sovet davrida turli masʼuliyatli lavozimlarda xizmat qildi, qaysi vazifada ishlamasin ilm-maʼrifat tarqatish, taʼlim-tarbiya masalalari bilan shugʻullanib keldi, bilimyurtlarida, oliy maktablarda oʻqituvchilik qildi. 1930–34 yillarda Oʻrta Osiyo davlat universitetida (hozirgi ToshDU) kafedrani boshqardi. U 1934 yilda vafot etdi.
Avloniy 1927 yilda Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor boʻldi.
Avloniy 30 yildan ortiqroq ijod qildi. 1916 yilgi mardikorlik voqealarining, soʻng inqilobiy talotumlaru milliy-ozodlik kurashlarining guvohi boʻldi. Oʻtgan davr ichida, oʻzi taʼkidlaganidek, “oʻnlab sheʼr va maktab kitoblari, toʻrt teatr kitobi”qoldirdi. Uning madaniyatimiz tarixidagi oʻrni haqida gap ketganda, ikki jihatini alohida taʼkidlash zarur: pedagogik faoliyati va adabiy badiiy ijodi. Uning pedagogik faoliyati, taʼlim-tarbiya haqidagi fikrlari XX asrning boshlarida yangi bosqichga koʻtarilgan maʼrifatchilikning xususiyatlarini belgilashda muhim manbalardandir.
Avloniy maktabi gumanistik va erkin tarbiya asosiga qurilgan, dunyoviy va ilgʻor ilm-fanni bolalarga oʻrgatishni oʻz oldiga asosiy vazifa qilib qoʻygan, yoshlarni mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga aralasha olish qobiliyatiga ega boʻlishini taʼminlaydigan haqiqiy xalq maktabi boʻldi. Adib bu maktablar uchun darsliklar tuzdi. Uning avvalgi sinf shogirdlari uchun “Birinchi muallim”i (1911) Oktyabr oʻzgarishigacha 4 marta, “Alifbedan soʻnggi oʻquv kitobi” – “Ikkinchi muallim” (1912) 3 marta kayta nashr etilgan. Axloqiy didaktik mazmundagi “Turkiy Guliston yoxud axloq” darsligi (1913) XX asr boshlari ijtimoiypedagogik fikr taraqqiyotida alohida oʻrin egalladi. Unda tarbiya va axloq masalalari birinchi marotaba XX asrning talab va ehtiyojlari nuqtai nazaridan tahlil qilingan. Avloniy xulqlarni anʼanaviy yaxshi va yomonga ajratar ekan, mulohazalarini Gippokrat, Platon, Aristotel, Saʼdiy Sheroziy, Bedil fikrlari bilan dalillagan holda zamonaviylikni asosiy mezon qilib oladi. Adib Vatan muhabbatini uning uchun kurashmoqni eng yaxshi insoniy xulqlardan hisobladi. Vatan – bu har bir kishining tugʻilib oʻsgan shahar va mamlakati. Uni qadrlamoq, sevmoq, yashartmoq kerak. Shoir Vatan va unga muhabbat deganda shuni tushungan edi. Tilga, madaniyatga muhabbat esa, har bir kishining oʻz xalqiga boʻlgan muhabbatidir: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.
Avloniy Hijron, Nabil, Indamas, Shuhrat, Tangriquli, Surayyo, Shapaloq, Chol, Ab, Chegaboy, Abdulhaq taxalluslari bilan sheʼr, hikoyalar va maqolalar yozgan. Shuni aytish kerakki, Avloniy ancha murakkab hayot va ijod yoʻlini bosib oʻtdi. U adabiyotga gʻoyaviy kurashlar gʻoyat keskinlashgan bir davrda kirib keldi. Hech ikkilanmasdan maʼrifat va taraqqiyot uchun kurashishini maslak etib qabul qildi. Shoir sheʼriyati bilan tanishar ekansiz, qiziq bir holga duch kelasiz. Unda birorta ishqiy sheʼr yoʻq. U ijtimoiy muammolarni, el-yurt gʻamini muhimroq biladi. Xalq va Vatan baxtsizligi oldida har qanday muhabbatni rad etadi. Oʻz onadiyorini bamisoli “yor kabi sevadi”. Butun mehrini shunga bagʻishlaydi. Asrimiz boshlari Turkiston takdirida gʻoyat masʼuliyatli boʻlgan, uning hayot mamot masalasi hal qilinayotgan bir payt edi. Buni Avloniy davrning peshqadam ziyolisi, yirik maʼrifatparvar, jadidlar taʼlimotining faol tarafdori sifatida tezda ilgʻab oldi.
Dastlabki poetik asarlari “Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar” (I, II, III, GUjuzlar), “Maktab gulistoni” (1916), “Mardikorlar ashulasi” (1917) kitoblarida va “Sabzavor” tazkirasi (1914) hamda vaqtli matbuot sahifalarida chop etilgan asarlaridir. Ularda ilm-maʼrifat targʻib qilingan, jaholat va nodonlik, eski tuzumning ijtimoiy-axloqiy asoslari qoralangan, ozod va baxtiyor zamon haqida fikr yuritilgan. Shu jihatdan Avloniyning bu davrdagi sheʼrlari Hamza, Anbar otin poeziyasiga ohangdoshdir. Avloniy barmoq vaznini adabiyotda keng qoʻllagan. Milliy kuylarga moslab sheʼrlar yozgan va poeziyaning imkoniyatlarini boyitgan.
Avloniyning adabiyot oldidagi muhim xizmatlaridan biri shu boʻldiki, u mardikorlik sheʼriyati deb atalgan yangi adabiy hodisaning yaratuvchilaridan boʻldi. 1916 yilgi mardikorlik voqealarini ifodalovchi “Bir mardikorning otasi oʻgʻliga aytgan soʻzlari”, “Onasining oʻgʻliga aytgan soʻzlari”, “Afsus” kabi sheʼrlar yozdi. Ona yurtdan uzoq shimolning qorli-muzli yerlariga, front orqasidagi qora xizmatga olib ketilgan mardikorlarning xayrlashuv manzaralarini, haqsizlikni yoritdi. Bu sheʼrlarning ohang va uslubi xalq qoʻshiqlariga gʻoyat yaqin boʻlib, ular xalqimizning milliy uygʻonishida muhim oʻrin tutdi.
Avloniy 1917 yil fevral inqilobini xursandchilik bilan kutib oldi (“Qutuldik”, “Yotma” sheʼrlari). Oktyabrga bagʻishlab “Hurriyat marshi” (1919), “Ishchilar qulogʻiga” kabi sheʼrlar yozdi, yangi sotsialistik tuzumni ulugʻladi. Lekin koʻp oʻtmay, rus sovet tuzumi eski chor tuzumining oldingidan battarroq shakli ekanligini, sovet siyosati riyokorlik asosiga qurilganligini anglay boshladi. Jumladan, tantanavor vaʼda qilingan erkinlikning berilmaganligi shoir ijodida gʻamgin tushkun ohanglarning paydo boʻlishiga olib keldi (“Haftalik soatda” 1919). Shularga qaramasdan Avloniy turli mavzularda sheʼrlar yozdi. 1919–20 yilgi Afgʻoniston safariga doir “Afgʻon sayohati” kundaliklari esa mamlakatimizning yon qoʻshnimiz bilan oʻzaro doʻstlik, totuvlik aloqalarining oʻrnatilishi tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.
Avloniy oʻzbek teatrining asoschilaridan edi. U 1913 yilda “Turkiston” teatr truppasini tuzdi. “Turkiston” oʻzining qatiy nizomini ham eʼlon qilgan edi. Uning tashkilotchisi ham, gʻoyaviy-badiiy rahbari ham Avloniy edi. Truppa “Zaharli hayot” (Hamza), “Baxtsiz kuyov (A. Qodiriy) kabi XX asr boshlari oʻzbek dramaturgiyasining eng yaxshi namunalarini sahnalashtirgan, teatr ozarbayjon dramaturglari asarlari (“Badbaxt kelin”, “Xoʻr-xoʻr”, “Jaholat”, “Uliklar”, “Joy ijaraga olgan kishi”, “Man oʻlmisham”, “Layli va Majnun”, “Asli va Qaram”) ni oʻzbekchaga tarjima qilib sahnaga qoʻygan. Avloniyning oʻzi Mallu (“Layli va Majnun”), Fayziboy (“Baxtsiz kuyov”), Aliboy (“Toʻy”), Boy (“Padarkush”) rollarini ijro etgan.
Avloniy “Advokatlik osonmi?” (1914), “Pinak” (1915) komediyalari, 1914–17 yillarda yozgan “Biz va Siz”, “Portugaliya inkilobi”, “Ikki sevgi” kabi fojeaviy asarlari bilan oʻzbek dramaturgiyasining maydonga kelishi va teatrchilikning xalq orasigatomir otishiga muhim hissa qoʻshdi. Advokat Davronbek orqali Turkistondagi huquqsizlik, dunyodan xabarsizlikni fosh etdi. “Advokatlik osonmi?” degan asarida bir qator koʻknori va qimorbozlar obrazini yaratib, maʼnaviy turmushning tuban bir holga kelib qolganlini koʻrsatdi. Monarxiyaga qarshi kurash, bayrogʻi ostida kechgan 1910 yilgi Portugaliya inqilobi, 1909 yili Turkiyada yuz bergan “Yosh turklar” inqilobi (“Ikki sevgi”) haqida yozib, adabiyotimizda mavzu va gʻoyalar koʻlamini kengaytirdi. “Biz va Siz”da esa XX asr boshidagi Turkistonning eskilik va yangilik borasidagi kurashini aniq taqdirlar misolida yoritib berdi.
Avloniy asosiy ijodiy faoliyatining eng sermahsul yillari 1917 yildagi Oktyabr toʻntarishiga kadar boʻlgan davrga toʻgʻri keladi.
Avloniy ijodi 60-yillarning oxiridan oʻrganila boshlandi. Hozirda uning turli janrlardagi asarlaridan namunalar alohida kitoblar holida chop etilgan.
Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev (1878-1937) Chop etish uchun E-mailga yuborish
http://ziyouz.com/images/stories/ubaydullaxuja.jpgJadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri, davlat va siyosat arbobi, o‘zbek matbuotining ilk tashkilotchilaridan biri Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘ja o‘g‘li (Ubaydulla Xo‘jaev) 1878 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Rus-tuzem maktabini tamomlagach, davlat muassasalarida tarjimonlik bilan shug‘ullangan. Keyinchalik Saratov universitetining huquqshunoslik fakultetini muvaffaqiyat bilan tamomlagan. Ubaydulla Xo‘jaev dastlabki o‘zbek advokatlaridan biri edi. O‘qishni tugatgach, u Toshkent okrug sudida advokat bo‘lib xizmat qiladi. O‘z atrofiga yoshlarni to‘plab, "Umid" yashirin jamiyatini tuzdi. Keyinchalik bu tashkilot "Taraqqiyparvar" deb nomlanib, jadidlarning asosiy tashkilotlaridan biriga aylandi.
Talabalik yillaridayoq davr muammolarini yechishni o‘yladi, rus yozuvchisi L. N. Tolstoy bilan yozishmalar qildi (1909). O‘qishni tugatgach, dastlab Saratov, 1913 yilda Toshkent okrug sudida xususiy advokat bo‘lib ishladi. Chor hukumati ma’murlarining poraxo‘rligi va zolimligini fosh etib, ayrimlarini davlat ishidan chetlatishga erishdi. Jadidchilik harakatiga qo‘shilib, tez orada uning yirik vakillaridan biriga aylandi.
«Umid» deb ataluvchi ilg‘or musulmon guruhiga yetakchilik qildi (1913). «Turon» jamiyatining asoschilaridan biri (1913). U mustaqil firqa tashkil qilish niyatida Toshkentda «Sadoi Turkiston» gazetasini tashkil etib (1914.4.4), unga muharrirlik qildi. Gazeta ishiga o‘sha davr ma’rifat darg‘alari — Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Muzaffarov singarilarni jalb etdi. U gazetada turli mavzularda dolzarb maqolalar bilan chiqib, chorizmning mustamlakachilik siyosatini fosh qildi. Turkistonga tarqalib, umummilliy matbuot nashriga aylanayotgan «Sadoi Turkiston» 1915 yil aprelda yopib qo‘yilgan bo‘lsada, u o‘lka ziyolilarining «Taraqqiyparvarlar» firqasiga zamin tayyorladi. U. Xo‘jaev Toshkentda tuzilib, mardikorlikka olish ishi bilan shug‘ullangan «Turkiston mardikorlikka olish qo‘mitasi»ning raisi (1916). Qo‘mita chor amaldorlarining o‘zboshimchaliklarini ochib tashladi. Mardikorlikka jo‘natish haqidagi oq podsho farmoni (1916 y. 25 iyun)ni bekor qildirish uchun U. Xo‘jaev mahalliy millatparvar boy Mirkomil Mirmo‘minboev bilan birga Peterburgga bordi.
Davlat dumasining 1916 yil dekabrdagi majlisida farmon Rossiya imperiyasining qonunchiligida ko‘rsatilgan hollarga zid ravishda qabul qilingani isbotlab berildi.
1917 yil fevral inqilobidan keyin u Turkistondagi mustaqillik va taraqqiyot uchun milliy harakatning faol rahnomalaridan biriga aylanadi. Toshkent "Sho‘royi islomiya" tashkilotiga rais, Butunrossiya musulmon sho‘rosiga esa a’zo etib saylanadi. U 1917 yilda bo‘lib o‘tgan barcha Turkiston va Butunrossiya musulmonlari sezdlarida ishtirok etadi. Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan IV favqulodda o‘lka musulmonlarining sezdi uni Turkiston Muxtoriyatining Harbiy noziri etib saylaydi. Turkiston Muxtoriyati tormor etilgach, Ubaydulla Xo‘jaev Orenburgga boradi va Boshqirdiston Muxtoriyati hukumatini tuzishda faol ishtirok etadi.
1920—1937 yillarda sovet hokimiyatiga zid bo‘lgan siyosiy qarashlari uchun uni bir necha bor tazyiq ostiga oladilar. 1937 yilda barcha taraqqiyparvar o‘zbek ziyolilari qatori Istiqlolchilik harakatiga xayrixohlik bilan qaragani, mustamlakachilikka qarshi kurashgani uchun «millatchilik»da ayblanib qatag‘onga uchraydi va otib tashlanadi.
U. Xo‘jaev qabrining qaerdaligi noma’lum.
Do'stlaringiz bilan baham: |