Bizga ma’lumki, o‘zbek xalqining qadimiy kasb-kori asosan dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bo‘lgan. Ushbu kasb-korlar yuzlab yillar davomida shakllanib har biri o‘z ichida o‘nlab tarmoqlarga ajralgan va gullab yashnagan.
Kasb- ma’lum darajada tayyorgarlik talab etadigan, davrlarning qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan, bajaruvchiga iqtisodiy foyda keltirishi imkoniyati mavjud bo’lgan (shaxsning) alohida faoliyat turidir.
O‘quvchilarning kasb-hunarga qiziqishini tarbiyalashda insoniyat mehnat faoliyati tarixini o‘rgatuvchi omillarga tayanib, o‘quvchilarni kelajakda to‘g‘ri kasb tanlashlariga ulkan zamin yaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘quvchilarni mehnat turlariga qiziqishini oshirish, kasb tanlash va o‘zlashtirishni shakllantirib borish uchun pedagoglar zimmasiga o‘quvchilarga yoshligidan boshlab ta’lim, tarbiya berish bilan birga kasb-hunarga qiziqish ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda quyidagi shartlarga amal qilish lozim:
boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga kasb-hunar to‘g‘risidagi tushunchalarni singdirish;
o‘quvchilarni yoshiga, jinsiga mos kasb-hunar tanlashida ularga pedagogik-psixologik yondashish;
kasb-hunarga qiziqtirishda o‘quvchilarning yoshi va qobiliyatlarini hisobga olish;
mahalla oqsoqollari, mehnat faxriylar bilan muntazam aloqalar o‘rnatish;
mehnat ustaxonalariga ekskursiyalar uyushtirishni tashkil etish;
darslarda mutafakkirlar merosidan foydalanib, kasb-hunarga oid fikrlari bilan tanishtirish.
Ta’lim tarbiyasi tarixiga nazar tashlar ekanmiz, dastlabki xalq og‘zaki ijodi namunalaridan tortib, buyuk mutafakkirlar ijodigacha yoshlarni mehnatsevar bo‘lib yetishishi, kasb-hunar o‘rganish, mehnat ahlini hurmat qilish hamda mehnat insonni ulug‘lashi masalalariga alohida e’tibor berilganligiga guvoh bo‘lamiz.
Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiy:
O‘rta Osiyo mutafakkirlarining kasb-hunar, mehnatsevarlik haqidagi fikrlari bizga meros bo‘lib qolgan. Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiyning insoniylik va mehnatsevarlik haqidagi dono fikrlari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Mutafakkirning fikricha, har bir kishi qilgan ishlari bilan hech ham mag‘rurlanmasligi va takabburlik qilmasligi lozim.
Abu Nasr Al-Forobiy:
X asrdagi sharq ijtimoiy tarbiyashunosligi bo‘yicha fikrlarning eng yirik vakili Abu Nasr Al-Forobiyning o‘z davri uchun katta xizmatlaridan biri shundaki, u insonlarni ilm-ma’rifatli bo‘lishga, mehnat qilishga va kasb-hunar egallashga chiqiradi.
Forobiy kasb-hunar va axloqiy fazilatlar muayyan harakatlarni takrorlash, mashq qilish yo‘li bilan paydo bo‘lishini uqtiradi. Mutafakkir har bir kishi o‘zi yoqtirgan kasbni egallaganidan so‘ng, o‘ziga topshirilgan ishga nisbatan yuksak ma’suliyatni his etishi va o‘z “kasb-hunarini mukammal bilmog‘i, yaxshi tarbiya olmog‘i va yaxshi xulq atvor fazilatlariga ega bo‘lmog‘i kerak” deb ta’kidlaydi.
Abu Rayhon Beruniy: Abu Rayhon Beruniy ham mamlakatning obodonchiligi, kishilarning baxt-saodati va kamoloti uning halol mehnat qilishida va kasb-hunar o‘rganishida deb biladi. U kasb-hunar, ixtirolarga, turli asboblarni yasashga bag‘ishlab 9 ta asar yozgan. Asarlarida o‘zi yashab turgan davrdagi ishlab chiqarishning rivoji va kasb-hunarga oid qimmatli ma’lumotlar bergan.
Mehnatni va kasb-hunarni sharaflash, mehnat ahlining qadr-qiymatini uning manfaati uchun astoydil kurashishni Beruniyning zamondoshi qomusiy olim Abu Ali Ibn Sinoning ilmiy faoliyatida ham ko‘rishimiz mumkin. Ibn Sino “Odam ijtimoiy jondir” degan fikrni olg‘a surdi. Shuning uchun ham olim odamning yashashi uchun eng zarur narsa foydali mehnat ekanligini ta’kidlaydi.
O‘rta Osiyoda ko‘plab shoirlarning ustozi bo‘lgan Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”sida mehnat ahliga mehr-muhabbat bilan yo‘g‘rilgan va kasb-hunarni egallash malakasiga bag‘ishlangan misralarini ko‘plab uchratish mumkin:
Mehnat tagidadir, ey oqil, har ganj,
Ganj topmas hech kimsa, tortmas ersa ranj.
Firdavsiyga yaqin davrda yashagan shoirlardan yana biri Nosir Xisravdir. Uning fikricha, dunyodagi eng oliyjanob va oliyhimmat odamlar mehnatkashlar – jamiyat uchun foydali narsalar ishlab chiqaruvchi hunarmandlar, kosiblar, binokorlardir.
Kasbdan shod-u hurram yo‘q jahonda,
Hunardin yaxshidur ham yo‘q jahonda.
Butun kun rizqining bog‘boni bo‘lg‘ay,
Kishin o‘z uyining mehmoni bo‘lg‘ay.
Arzir uning bo‘lsa boshi osmonda,
Usiz yashay olmas shoh ham jahonda.
Alisher Navoiy o‘z zamonasida zargarlar, kulollar, tikuvchilar kabi turli-tuman hunar sohiblarining hammasiga zo‘r hafsala, qunt, e’tibor bilan maslahatlar berib, husniga rag‘bat ko‘rsatib, hamda ularga homiylik qilganlar. Alisher Navoiy: “Inson bo‘lib dunyoga keldingmi? Biron-bir kasbni egalla, hunar o‘rgan, shunda dunyodan hammomga kirib toza yuvinib chiqmagan kishidek o‘tmaysan”- deydilar.
Sa’diy Sheroziy: Insoniyat qadr-qimmati mehnatda, bilimda, hunarga tayanishda, birovga xor bo‘lmaslikda deb bilgan Sa’diy shunday ta’lim beradi.
O‘z mehnatidan non yegan kishi,
Hotam minnatidan ozod yoz-qishi.
Muqaddas kitob Avestoda ham mehnat moddiy boyliklar manbayi bo‘lgani uchun emas, balki u mehnatni asosan axloqiy jihat, yaxshilik manbayi deb bilganligi uchun insonlarcha mehnat qilishga chaqiradi. Xalq pedagogikasida “Yoshlikda egallangan bilim, hunar toshga o‘yib yozilgan hikmatdur”, deb ta’kidlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |