3.Islom dini. Arab xalifaligi davrida Movarounnahr. Jahon tarixida ulkan iz qoldirgan davlatlardan biri-bu Arab xalifaligidir. Arab xalifaligi davri O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston, YAqin va O‘rta SHarq, shimoliy Hindiston, Pireney yarim oroli va shimoliy Afrika xalqlarining ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyotida o‘ziga xos yuksalish davrini belgilab berdi. Arab istilochilari xususida shubhasiz eng asosiy ma’lumotlarni arab, musulmon mualliflari berib o‘tganlar. SHu xususda, jumladan, al-Balazuriyning “Futuh al buldon” (Mamlakatlarning fath etilishi), at-Tabariyning “Tarixi rasuli va muluk” (Payg‘ambarlar va podsholar tarixi) asarlari alohida ahamiyat kasb etadi. Islom dinining vatani Arabiston yarim orolidir. Arablar semit qabilalari guruhiga mansub bo‘lib, asosan ko‘chmanchi chorvachilik bilan hayot kechirganlar. Ko‘chmanchilar badaviylar deb yuritilgan. Vohalardagi aholi dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Dengiz bo‘ylari, vohalarda shaharlar qad rostlagan bo‘lib, ularda asosan savdo-sotiq va hunarmandchilik bilan kun ko‘radigan aholi yashar edi. VI asrning ikkinchi yarmi, VII asrning birinchi yarmidagi arab ijtimoiy hayoti juda murakkab va rang-barang edi. Unda urug‘-aymoqchilik munosabatlari endigina kurtak ochib kelayotgan feodal munosabatlar bilan chatishib ketgan edi. Asosiy savdo yo‘llarining bu hududdan o‘tishidan arab zodagon-savdo ahli juda manfaatdor edi. Lekin mamlakatda bu paytda siyosiy parokandalik hukm surar edi. O‘zaro qabilaviy urushlar natijasida dehqonchilik va savdo-sotiq ishlariga katta zarar etkazilar, xonavayronlik avj olgan edi. Bu holat arab aslzoda guruhlari, zodagonlari manfaatiga zid bo‘lib, mamlakat iqtisodiy yo‘nalishida yuqoridagi salbiy holatlar katta zarar etkazar edi. YUqoridagi vaziyat ham turli tabaqa, toifa kishilarining o‘zaro hamjihatlikka yagona, kuchli davlat atrofiga birlashishga chaqirar edi. Aholi ichida ko‘p xudolik-butparastlik urf edi (xususan Ka’bada 360 ta but bo‘lib, ularning eng yiriklari Hubal va Lut bo‘lgan).
SHunday vaziyatda Islom to‘g‘ri va haq yo‘lni ko‘rsatuvchi din sifatida yuzaga keldi. Islom-bu Alloh yagona deb e’tirof etib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalbi bilan unga ixlos qilmoqlik hamda Alloh buyurgan diniy e’tiqodga
iymon keltirmoqlik demakdir. Islom “itoat”, “bo‘ysunish” ma’nolarini bildiradi. Bu dinning asoschisi Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) (570-632) makkalik Abdullohning o‘g‘li bo‘lgan. Uning bobosi Abumutallib quraysh qabilasining boshlig‘i bo‘lgan.
Muhammad payg‘ambarning ta’limotiga ergashganlarni “muslim” («musulmon»), ya’ni “itoatkorlar” deb yuritganlar. O‘z payg‘ambarlik faoliyatini Muhammad Makkada boshlagan. Makka Arabiston yarim orolining g‘arbiy qismidagi Hijoz viloyatida joylashgan shahar bo‘lib, bu erda Ka’ba joylashgan edi. Diniy ta’limotga ko‘ra Ka’bani Odam Ato barpo qilgan bo‘lib, uni Ibrohim payg‘ambar o‘z o‘g‘li Ismoil bilan birga qayta qurgan va birinchi Haj safarini uyushtirgan. Ka’baning ichida muqaddas tosh “Hajar-ul-asvod” o‘rnatilgan. Har yili bu muqaddas joyga millionlab musulmonlar ziyoratga keladilar. Muhammad payg‘ambar muslim (musulmon)larning yagona Alloh oldida teng ekanliklarini, YAratganning o‘zi rizq-ro‘z ulashishini, jamiyatdagi adolatsizlikka qarshi jazo muqarrar va har bir kishi bu dunyodagi ishlariga ko‘ra taqdirlanishi, inson YAratganga, yolg‘iz Allohgagina e’tiqod qilishini targ‘ib qiladi. Bu ta’limot aholining barcha qatlamlari manfaatlariga mos bo‘lib, tez orada birinchi navbatda shahar ahli ichida tarqala boshlaydi. Lekin yangi din tarafdorlarining ahvoli ularning e’tiqodlariga ko‘ra og‘irlashib borgandan so‘ng bir qism musulmon aholi Habashistonga, ba’zilari shimolga qarab ketishga majbur bo‘ldilar. Muhammad ham o‘ziga qarshi turgan quraysh qabilasi a’zolarining ta’qibi kuchayib ketgan 622 yil 16 iyulda (ba’zi adabiyotlarda 15 iyul deyiladi) o‘zining eng yaqin do‘sti va safdoshi Abu Bakr bilan Makkadan Madinaga ko‘chishga majbur bo‘ladi. Bu arab tilida “hijrat” deb atalib, shu kundan boshlab musulmon olamida qabul qilingan hijriy yil boshlanadi. (Hijriy yil hisobi 2 xil bo‘ladi: hijriy-qamariy, ya’ni oy hisobi bo‘yicha va hijriy-shamsiy, quyosh hisobi bo‘yicha).
Madinada Muhammad o‘z ta’limotini davom ettiradi. Madinada shuhrat
qozongan makkaliklar butparastlik g‘oyalariga qarshi ham harbiy, ham siyosiy zarba bera boshlaydilar. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar vafot etgach (632 y), ketma-ket “Xulofoiy rashoddin” (haq yo‘ldan borgan sahih xalifalar) nomlarini olgan Abu Bakr, Umar, Usmon va Alilar (661 yilgacha) payg‘ambar siyosatini davom ettirib, Arabiston yarim orolida markazlashgan-Arab xalifaligi davlatiga asos soladilar. O‘zaro qabilalar birlashuvi, dini islomning yoyilishida ilohiy muqaddas kitob Qur’onning o‘rni nihoyatda katta bo‘ldi.
VII asrning ikkinchi yarmidan boshlab Xalifalik kengaya borib o‘z chegaralarini g‘arb va sharq tomon kengaytirishga harakat qildi. YAqin va O‘rta SHarqning boy viloyatlari qo‘lga olinib, nihoyatda uyushgan va jangovar arab qo‘shini shiddat bilan harakatlarini boshlab yuborgan edi. Bir vaqtning o‘zida arablar o‘z yurishlarini Vizantiya va Eronga qarshi olib bordilar. Sosoniylarning so‘nggi vakili Eron shohi YOzdigard III (632-651) arablarga qarshi turishga harakat qildi. Lekin Kadisiya (636 y.) va Nahavand (642 y.)dagi janglarda arablar qo‘shini forslarga qaqshatqich zarba berib Sosoniylar sulolasiga barham berdilar. Vizantiyaga qarshi qilingan harbiy harakatlar natijasida Falastin, Misr, Suriya, Iroq
egallandi. Xalifa Umar ibn al-Xattob (634-644) davrida ilk bora arab istilochilari Xuroson chegaralarida paydo bo‘lgan edilar.
Arab xalifaligi VII asrning boshlaridan boshlab o‘z hududlarini g‘arb va SHarq tomonga kengaytirish harakatini boshladi. Xususan 642 yilda Naxavanddagi jangda Eron sosoniylari tor-mor etilgach O‘rta Osiyo erlariga hujum uchun imkoniyat yaratiladi.
Arablarning O‘rta Osiyoga dastlabki yurishlar Ubaydulloh ibn Ziyod boshchiligida 651 yilda Marvni egallash bilan boshlandi. Arablar Amudaryo (Jayxun)dan shimolda joylashgan erlarga "Movarounnahr", ya’ni, "daryoning ortidagi erlar" deb nom berishadi. Narshaxiy va arab muallifi YOqut bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad payg‘ambarning shaxsan o‘zi Movaraunnahrni buysundirishni muqaddas deb hisoblagan va islomga e’tiqod etuvchilarni bu muqaddas ishga da’vat etgan.
652 yilda arablar Balx shahrini egallashga muvaffaq bo‘ldilar. O‘sha yili Amudaryodan o‘tib Movaraunnahrga hujum qilish rejasi arablar uchun muvaffaqiyatsiz tugaydi. Ammo, Xuroson noibi Abdulloh ibn Amir 652 yilda CHag‘aniyonni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa ilk bor Movaraunnahr erlarini egallash edi. 654 yilda Sug‘ddagi Maymurg‘ qal’asiga arablarning birinchi hujumi bo‘ladi. 657 yilda arablar CHag‘aniyonga qayta yurish qilib eftalitlarga kuchli zarbalar berdilar. Arablar keng miqyosdagi hujumlarga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan edilar. Manbalarning ma’lumot berishicha, Movarounnaxrga yurish qilishdagi harbiy-siyosiy tayyorgarlikdan biri, xalifalikning Basra va Kufa shaharlaridan 50 ming arab oilasi ko‘chirib keltirilishi va Xurosonning turli shaharlariga garnizon sifatida joylashtirilishi bo‘ldi.
673 yilning oxiri - 674 yilning boshlarida arablarning Xurosondagi noibi Ubaydulloh ibn Ziyod Movaraunnahrga hujum qilib Romiton va Poykandni egallaydi hamda Buxoro shahrini qamal qiladi. Ammo, buxoroliklar va turklarning ittifoqchi qo‘shinlaridan qattiq qarshilikka uchragach, sulh tuzishga majbur bo‘ladi.
676 yilda Xurosonning yangi noibi Said ibn Usmon Buxoroga yurish qilib Buxoro malikasi Xutakxoto‘n qo‘shinlarini tor-mor etadi va Samarqandga hujum boshlaydi. Ammo, bir oy davom etgan bu urushda Sug‘diylar arablarga qattiq qarshilik ko‘rsatdilar. Natijada arablar sulh tuzib orqaga qaytadilar va yo‘l-yo‘lakay Termizni talon-taroj etadilar. 683 yilda xalifa YAzid vafot etganidan so‘ng xalifalikda toj-taxt uchun kurash boshlanib ketadi. Bunday vaziyatda arablar yana Movaraunnahrga hujum qilishdan deyarli to‘xtab, o‘z ichki nizolari bilan band bo‘lib qoladilar. Xalifa Abdumalik ibn Marvon (685-705 yy.) davrida o‘zaro ichki kurashlarga chek qo‘yilib arablar Movaraunnahrga jiddiy harbiy xarakatlar boshladilar.
Umuman olganda, arablarning yarim asr davomida Xuroson noiblari Abdulloh ibn Amir, Ubaydulloh ibn Ziyod, Sayd ibn Usmon, Salmo ibn Ziyod qabilar tomonidan uyushtirilgan hujumlari talon-taroj qilish, o‘lkadagi harbiy-siyosiy vaziyatni o‘rganish, boyliklarini olib ketish maqsadida uyushtirilgan edi.
705 yilda Qutayba ibn Muslim Xuroson noibi etib tayinlangach, Movaraunnahrni butunlay bosib olish harakati boshlanadi. O‘rta Osiyodagi siyosiy parokandalik va ichik davlatlarning bir-birlari bilan tez-tez nizolarga borib turishi Qutaybaga nihoyatda qo‘l kelgan edi. 706 yilda u katta qo‘shin bilan Movaraunnahrga yurish boshladi va Poykand shaxri 15 kunlik kamaldan so‘ng egallandi.
Arablarga qarshi turklar, sug‘diylar umuman, mahalliy aholi o‘zaro ittifoq tuzishga erishgan bo‘lsa-da, Qutayba nayrang yo‘li bilan bu ittifoqni buzishga muvaffaq bo‘ldi va 708-709 yillarda Buxoro va uning atroflariga bir necha marta yurishlar qilib Buxoroni zabt etdi. Qutayba 710 yilda SHuman, Nasaf va Keshni egalladi. 710-712 yillarda Samarqand ixshidi Tarxun va Xorazmshoh Xurzod Qutayba bilan tinchlik sulhi tuzib unga yirik mikdorda boj to‘laydilar. Ammo, Samarqand aholisining tovon to‘lashga qarshilik ko‘rsatishi, norozilik natijasida Tarxunning taxtdan ketishi va o‘limi, Sug‘d podshosi va Samarqand afshini sifatida Gurakning taxtga o‘tirishi arablarning Samarqandga hujumlari uchun bahona bo‘lgan edi. SHuningdek, Qutayba "Tarxunning o‘limi uchun qasd olaman", deb e’lon qildi va Samarqandga hujum uyushtirib, 712 yilda uni bosib oldi. Mug‘ tog‘i hujjatlarining ma’lumot berishicha, 712-713 yillarda Sug‘d, CHoch, Farg‘ona va Panjikent hokimlari arablarga qarshi ittifoq tuzib vaqtincha g‘alabalarga erishgan bo‘lsa-da, Qutayba bu ittifoqka rahna solib, ularni tormor etishga muvaffaq bo‘ldi. 714 yilda Qutayba ibn Muslim turklardan kelayotgan yordam kuchini to‘xtatib qo‘yish maqsadida CHoch vohasiga qayta bostirib kirdi va Isfijobni egalladi. 715 yilda Qutayba Farg‘onaga ikkinchi marotaba yurish uyushtiradi. SHu yili Qutayba o‘ziga dushman bo‘lgan xalifa Sulaymonga qarshi isyon kutaradi va mag‘lubiyatga uchrab, o‘ldiriladi. SHunday qilib, arablar qisqa muddat ichida Movaraunnahr hududlarini bosib oldilar-ki, buning sabablari quyidagicha edi:
1. O‘lkada hukm surayotgan siyosiy tarqoqlik va mahalliy hukmdorlarning o‘zaro kurashlari arablarga juda qo‘l kelgan edi. CHunki, parokanda va siyosiy jihatdan tarqoq hududlarni alohida-alohida zabt etish Qutayba uchun qulay edi.
2. O‘zaro birlashish harakatida bo‘lgan va ittifoqchilik uchun harakat qilgan mahalliy hokimlar orasiga Qutayba turli nayranglar bilan rahna solishga erishgan edi.
3. Arablar o‘zaro kurashayotgan hokimlarning biriga ikkinchisini engishi uchun yordam ko‘rsatib, keyin ularning har ikkisini ham birin-ketin buysundirdilar. Misol uchun, Sug‘dni zabt etishda Qutayba arab qo‘shini bilan bir qatorda Xorazm, Buxoro va Nasafning kuchlaridan foydalangan edi.
4. Arablar Movarounnahrga qadar juda katta hududlarni bosib olgan bo‘lib, katta boylik va harbiy zahiralarga ega edilar. Arablar qo‘shiniga muntazam ravishda bosib olingan erlar va ichki viloyatlardan yangi harbiy kuchlar safarbar kilinib turilar edi.
Arab bosqiniga qarshi xalq ozodlik harakatlari Movarunnahrda hijriyning 100 yilida (719 yil) arab hokimiyati tugaydi degan gap-so‘zlar tarqala boshlaydi. Arablar olib borayotgan bosqinchilik siyosatiga qarshi birinchi bo‘lib, 720 yilda Sug‘d aholisi bosh ko‘taradi.
Qo‘zg‘olonga Samarqand ixshidi G‘urak va Panjikent hokimi Devashtichlar
boshchilik qiladilar. Sug‘dlarga yordam berish uchun Turkiy hoqon shahzoda Ko‘rsul boshchiligidagi turkiy lashkarini Samarqandga yuboradi. Sug‘ddagi qo‘zg‘olon umumxalq qo‘zg‘oloniga aylanib ketdi. Qo‘zg‘olonchilar arablarga zarba bera boshladilar. Faqat ayrim shahar va qal’alar ichida qurshovda qolgan arab harbiy qismlarigina katta boj va e’tiborli vakillarni qo‘zg‘olonchilar ixtiyoriga garovga berish bilan jon saqladilar. Xuroson noibi Sayid ibn Abdulaziz bu qo‘zg‘olonni bostirishga muvaffaq bo‘lolmadi. 721-yil Xalifa YAzid ibn Abdumalikning tavsiyasi bilan Xuroson noibi etib Sayid ibn Amir al-Xaroshiy tayinlanadi. U Iroqdagi xalq qo‘zg‘olonini bostirishda o‘z shafqatsizligi bilan nom chiqargan edi. Sayid al-Xaroshiy qo‘zg‘olonchilar bilan olib borgan muzokaralar natijasida G‘urak boshliq zodagonlarning bir qismi arablar tomoniga o‘tib ketadi. Qo‘zg‘olonchilardan bir qismi esa kurashni davom ettirishni lozim ko‘radilar. Arablar 400 ta boy savdogarlardan boshqa hammaSug‘d qo‘zg‘olonchilarini qirib tashladilar. Qo‘zg‘olonchilarga yordam bergan Xo‘jand ahli ham jazolandi.
Movarounnahr aholisini tinchlantirish va arab hokimiyatini mustahkamlash maqsadida Xuroson noibi Ashras ibn Abdulloh (727-730 y.) islom dinini qabul qilganlardan xiroj va jizya solig‘i olishni bekor qiladi. U islom dinini keng targ‘ib qila boshlaydi. CHegaradagi erlarda yangi istehkom qurilib, chegaralar mustahkamlana bordi. Lekin g‘aznaga kam daromad tushayotganligi, zodagonlarning shikoyati tufayli xirojni qayta tiklaydi. O‘z siyosatini targ‘ib qilish maqsadida ikkita taniqli arab ruhoniysi As-Sayid Soliq va Robiya ibn Umranni Samarqand va Buxoroga jo‘natadi. Xiroj solig‘i zodagonlardan ham, kambag‘allardan ham zo‘rlab undirila boshlanadi. Samarqandda Abu Sayid boshchiligidagi 700 ta sug‘dliklar xiroj to‘lashdan bosh tortadilar. Ular shahardan 7 farsax nariga o‘tib, qarshilik harakatiga tayyorgarlik ko‘ra boshladilar. Abu Sayidni hiyla ishlatib muzokara uchun Samarqandga chaqirtirishadi va o‘sha erning o‘zida uni va safdoshlarini zindonband etadilar.
O‘zaro kurashlar, 733-734 yillardagi Zarafshon vohasidagi qurg‘oqchilik, mustamlaka zulmining kuchayishi-bularning hammasi Movarounnahrdagi norozilikning yanada avj olishiga olib keldi. Norozilik arab harbiylari va qisman zodagonlar ichida ham kuchaya bordi. SHu paytga kelib xorijiylar harakati va mafkurasi yanada keng tarqala boshlandi. Xorijiylar yuqorida qayd qilinganidek, shialar guruhidan VII asr oxirida ajralib chiqqan bo‘lib, bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi qo‘zg‘olonchilar degani edi. Avval boshda bu harakat oddiy arab va boshqa musulmon xalqlarning manfaatlarini himoya qilar edi. Keyinchalik bu guruhdan ibodiylar, azrakiylar va boshqa jamoalar ajralib chiqqan. Xorijiylar ta’limotiga ko‘ra musulmonlar-zimmiylar (boshqa dindagilar) ustidan hukmron bo‘lishlari kerak edi.
Movarounnahrda Xorijiylar harakatiga shu paytda Xoris ibn Surayj
boshchilik qiladi. Xoris Movarounnahrda tezda shuhrat qozondi. U Samarqand va Dabusiyadagi Abu Sayid tarafdorlarini o‘z qo‘li ostida to‘pladi. Abu Fotima uni yordamchisi va harbiy maslahatchisi etib tayinlandi. Xoris Ummaviy xalifalarni islomga rioya etmaslikka ayblab, butun Xuroson va Marv aholisini xiroj va jizyadan ozod qilishni talab etadi. Kesh xalq ommasiga tayanib, u Xurosonning shimoliga yurish qiladi. Uning qo‘shini tarkibida Xuttalon shahzodasi Sabil, qarluq yabg‘usi va Abu Fotima guruhi ham bor edi. Xalq harakatlaridan norozi bo‘lgan xalifa Xurosonga yangi noib Osim ibn Abdullohni tayinlaydi. Xoris qo‘shinlari Xurosonning katta qismini egallashib, Osimni chekinishga majbur etishadi. 735 yilga kelibgina xalifa yangi noib Asad ibn Abdullohni Xuroson valiysi etib tayinlab, katta kuch bilan Xorisga qarshi kurash boshlaydi. 736-737 yillarda Asadning qo‘shini Xurosondan Xorisni siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ladi. Qo‘zg‘olonchilarning ijtimoiy tarkibi ham, talablari ham turlicha edi. Qo‘zg‘olonda aholining deyarli hamma tabaqalari qatnashadi. Albatta, hukmdorlar o‘rtasida o‘zaro nizolar, xiyonatkorona harakatlar, qurol-yarog‘ning etishmasligi, yaxshi uyushmaganlik va boshqalar o‘zining ta’sirini ko‘rsatdi. SHunday bo‘lsa ham qo‘zg‘olonchilar izsiz qolmay xalifalik siyosiy harakatida o‘zining aksini topdi. Ulkan xalifalikni 661 yildan boshlab Ummaviylar sulolasi boshqarib kelar edi. Bu sulola davrida juda ko‘p siyosiy o‘zgarishlar, diniy mazhablar, guruhlarning kuchayishi, boshqarishdagi nomutanosiblik, mustamlakachilik siyosati, zo‘ravonlik, adolatsizlikning avj olishi ro‘y berdiki, bu narsa sulolaning keyingi davrida uning faoliyatini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. O‘rta Osiyoda va boshqa xalifalik erlarida xalifalikka qarshi norozilik kayfiyatlari kuchli edi. Ularning soliq siyosatidan, zo‘ravonligidan quyi tabaqalar, o‘z huquqlarining kamsitilganidan esa yuqori tabaqalar norozi edi. Ummaviylarning hokimiyatini arab aholisi ham qo‘llamas edi. Ularning hokimiyatga kelishini turli guruhlar, muxolifat kuchlari noqonuniy deb bilishar edi. Avvalo xorijiylar ularga qarshi bo‘lib, xalifalik taxtining merosiy bo‘lishini noto‘g‘ri deb baholar edilar. 718 yildan boshlab maxfiy tarzda Muhammad Payg‘ambarning amakilari Abbosning tarafdorlari o‘z g‘oyalarini targ‘ib qila boshladilar. Ular hoshimiylar urug‘i (Payg‘ambar shu urug‘dan) vakillari hokimiyatga da’vogardirlar deb hisoblashar edilar. Keyinchalik ular o‘z kurashlarida shialar bilan birga harakat qila boshlaydilar.
Yerga egalik munosabatlarning rivojlanishi, ijtimoiy-siyosiy vaziyatning o‘zgarishi ummaviylarning siyosiy sahnadan ketishlarini, ularning avvalgi mavqei tugaganligini ko‘rsatib turar edi. Ummaviylar siyosatidan ommaviy norozilik ayniqsa Marvon II (744-750 y.) hukmronlik davrida kuchayib ketdi. Marvon II ning xiroj solig‘i miqdorini ko‘paytirish va mahalliy xalqlar vakillarini og‘ir qurilish ishlariga keng jalb qilishi norozilikning alangalanishiga olib keldi. Movarounnahr va Xurosonda Abbosiylar vakillari katta er egalarini o‘zlari tomonga jalb qilishga harakat qiladilar. Abbosiylar vakillari xalifa Xishom (724-743 y.) davridayoq O‘rta Osiyoda harakat qila boshlagan edilar. Ularning targ‘ibotchilari ta’qib ostiga olinar, ular qo‘lga tushgudek bo‘lsa, qo‘l-oyoqlari kesilar edi. Ayniqsa Nasr ibn Sayyor abbosiylar va shialarning katta dushmani bo‘lib ularni doimo ta’qib etib kelar edi. Abbosiylarning hokimiyat tepasiga kelishida Abu Muslim va uning harakati muhim ahamiyat kasb etdi. 746 yil Abu Muslim abbosiylar targ‘ibotiga boshchilik qilish uchun Xurosonga yuboriladi. Abu Muslimga “Payg‘ambar xonadonining ishonchli vakili” degan unvon beriladi. O‘z tashviqotini Abu Muslim Xuroson zodagonlariga murojaat etish bilan boshlaydi. U Marv shahridan uch farsah g‘arbda Xarkon arig‘i sohilidagi Safizanj qishlog‘ini o‘ziga qarorgoh qilib oladi. Abbosiylarning ramziy rangi va bayrog‘i qora rangda edi. SHu sababli Abu Muslim va uning tarafdorlari qora kiyim kiyib yurishadi. Xuroson aholisiga murojaatida u Qur’on va hadislarga amal qilishga, payg‘ambar avlodlariga bo‘ysunishga chaqiradi. Keyinchalik mahalliy zodagonlar ham uni qo‘llab-quvvatlay boshlaydilar. Abu Muslim tashviqoti Movarounnahr va Xuroson erlarida tezlik bilan tarqala borib, uning tarafdorlari soni orta boshlaydi. To‘planayotgan otliq va piyodalarga bosh bo‘lib, Abu Muslim Moxuvon qal’asiga
ko‘chib o‘tadi. Xuroson noibi Nasr ibn Sayyor Abu Muslimga qarshi arab zodagonlari vakillarini birlashtirishga harakat qiladi. Lekin uning barcha harakatlari zoe ketdi. U Abu Muslimga yurak yutib kurash boshlashga qurbi etmay, 748-yilda Xuroson poytaxti Marvni tashlab chiqib Nishopurga yo‘l oldi. Nishopurda unga Abu Muslimning sarkardalaridan biri qaqshatqich zarba berib uni mag‘lubiyatga uchratdi. 749 yili Abu Muslim qo‘shini xalifalikning markaziy viloyatlariga yurish qiladi. Iroq va Jazoirda ummaviylarga hal qiluvchi zarba beriladi. Qo‘zg‘olonchilar poytaxt-Damashqni ham qo‘lga kiritadilar. Xalifa Marvon II taxtdan ag‘dariladi. Abbosiylardan bo‘lgan Abulabbos Saffoh (749-754 y.) xalifalik taxtiga o‘tiradi. Joylarda Ummaviylarning barcha vakillari qirib tashlanadi. SHunday qilib arab xalifaligi hokimiyati Abbosiylar qo‘liga o‘tadi.
751 yil Buxoro shahrida SHorik ibn SHayhulmahriy boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tariladi. Qo‘zg‘olonchilar shialik talablarini ilgari surib, Ali avlodidan xalifa tayinlash shiorini ko‘tarib chiqishadi. Abu Muslim qo‘zg‘olonni bostirishda Ziyod ibn Solih boshchiligidagi 10.000 kishilik qo‘shin yuboradi. Bu qo‘zg‘olon faqatgina Buxorxudod Qutayba ibn Tug‘shodning yordami bilangina bostiriladi.
Abu Muslim O‘rta Osiyoning shimoliga kirib kelgan Xitoy imperatorining qo‘shiniga ham hal qiluvchi zarba beradi. 751 yil Talas vodiysidagi xitoyliklar bilan bo‘lgan jangdan so‘ng Xitoy qo‘shini haydab chiqariladi. SHu bilan xalifalikning shimoliy chegarasi ham mustahkamlanib, qat’iy chegara o‘rnatiladi. Xalifalikning ta’siri butun O‘rta Osiyo hududida asosiy va qonuniy bo‘lib qoladi. Garchi Abu Muslim sadoqat ila xizmat qilsa-da, arab hokimiyati unga ishonmas edi. Xalifa unga jangga yuborish haqida noma yo‘llab uni markazga kelishga majbur qiladi. 755 yil Haj safaridan qaytayotgan Abu Muslim Xalifa tomonidan xiyonatkorona Bag‘dodda o‘ldiriladi. Uning o‘limi xalq ommasining umumiy noroziligiga sabab bo‘ldi. Uning murdasi Samarqandga olib kelinib Xo‘ja Temim Ansoriy maqbarasi yoniga katta hurmat bilan ko‘miladi. Abbosiy xalifalar davrida xalq ommasining ahvoli yanada og‘irlashdi. Sug‘orilmaydigan yerlardan hosilning yarmi, sug‘oriladigan erlardan 1/3 qismi soliq olinadigan bo‘ldi. Ko‘p holda soliqlar bir marotaba o‘rniga ikki marotaba ham olinadigan bo‘ldi. Ozod jamoalarning huquqlari cheklab qo‘yildi. Yerlar zodagonlar tomonidan ijarador dehqon - kadivarlarga bo‘lib berila boshlandi. Hamma hashar qurilish ishlarida aholi tekin ishlab berishi lozim edi. SHahar hunarmandlarining ahvoli ham og‘ir bo‘lib, ular o‘z mahsulotlaridan katta soliq to‘lashar edi.
SHuningdek, og‘ir soliqlar ko‘chmanchi chorvadorlar bo‘yniga ham qo‘yilar edi. SHunday bir ahvolda xalq harakatlar kuchayib ketadi. Abu Muslimning o‘chini olish shiori ostida uning safdoshi Sumbod boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tariladi. 755 yilda ko‘tarilgan bu qo‘zg‘olon tez orada Xuroson va Tabaristonga ham yoyiladi. 70 kun davom etgan bu qo‘zg‘olon qattiqqo‘llik bilan bostirilib Sumbod Rayda qatl etiladi. Garchi u qatl etilsa-da, Abu Muslim tarafdorlari yashirin “muslimiya” guruhiga asos soladilar.
VIII asrning 70-80-yillarida Movarounnahrda juda ulkan xalq qo‘zg‘oloni
ko‘tariladi. Qo‘zg‘olonchilar oq rangdagi kiyim kiyganligi uchun tarixda u “oq kiyimlilar” qo‘zg‘oloni deb ham shuhrat qozonadi. Bu qo‘zg‘olonning rahbari Muqanna (boshi va yuziga yoping‘ich tashlab yurgani uchun unga shunday laqab berilgan) edi.
“Muqanna Marv atrofi aholisidan, - deyiladi “Buxoro tarixi” nomli Narshahiy asarida, Kozi deb atalgan qishloqdan bo‘lib, asl nomi Hoshim ibn Hakim edi. U ilgari kudungar (kigiz bosuvchi) lik qilar edi, keyin ilm o‘rganishga mashhur bo‘ladi va har xil ilmlarni: ko‘zbo‘yamachilik, sehr va tilsim ilmlarini o‘rganadi. Ko‘zbo‘yamachilikni yaxshi bilib olib payg‘ambarlik da’vosini ham qiladi. Muqanna ko‘zbo‘yamachilikni o‘rgangan va g‘oyatda ziyrak bo‘lib, qadimgi olimlar ilmlariga oid ko‘p kitoblarni o‘qigan va jodugarlikdan ustoz bo‘lgan edi. Uning otasini nomi Hakim, u Abu Ja’far davridagi Xuroson amiri lashkarboshilaridan bo‘lib, asli Balxdan edi”.
Qo‘zg‘olon 776 yili boshlanadi. Muqanna o‘zining 36 ta muridi bilan Amudaryodan o‘tib, Kesh viloyatiga yo‘l oladi. Buxorxudod Tug‘shod uni qo‘llab-quvvatlay boshlaydi. Muqanna Kesh yaqinidagi Som (Sanam) qal’asini o‘ziga qarorgoh qilib oladi. Butun Qashqadaryo vohasi qo‘zg‘olonchilar qo‘liga o‘tadi. Muqanna ta’limoti umumiy mulkiy tenglik va arablarni O‘rta Osiyodan haydab chiqarish g‘oyalarini targ‘ib etar edi.
Muqanna ta’limoti Sug‘d, Iloq (Oxangaron), SHoshda ham yoyila boshladi. Qo‘zg‘olonda turli ijtimoiy guruhlar vakillari qatnashib, ularni bir fikr- istilochilarini mamlakatdan haydab chiqarish, mustaqil davlat barpo qilish g‘oyasi birlashtirib turar edi.
Qo‘zg‘olonga zarba berish uchun xalifa Abu Ja’far 776 yilda Jabroil ibn Yahyo boshliq katta harbiy kuchni Movarounnahrga yuboradi. Biroq Jabroil qo‘zg‘olonchilardan engiladi. U katta talofatlar berib bazo‘r Samarqandga etib keladi. 10.000 askar bilan Jabroilga yordamga yuborilgan Uqba ibn Salim Kesh va
Samarqand oralig‘ida, G‘ariga boshliq 14.000 kishilik qo‘shin Termiz yaqinida qo‘zg‘olonchilar tomonidan tor-mor keltiriladi. Natijada CHag‘oniyon qo‘zg‘olonchilar qo‘liga o‘tadi.
Qo‘zg‘olon markazi Narshaxda, Buxoro atrofida joylashadi. SHu yili Narshax yaqinida Buxoro hokimi Xusayn ibn Muvoz va Samarqand noibi Jabroilning birlashgan qo‘shini o‘rtasida to‘rt oy jang bo‘ladi. “Oq kiyimlilar” bu jangda qo‘llari avval ustun keladi, keyinchalik son jihatdan ko‘p bo‘lgan arablar Narshax qal’asi devor ostidan uzunligi 50 gazli chuqur qazib, uni qulatib qal’aga kiradilar. Narshax qal’asi arablar tomonidan egallanadi. Kesh va Samarqand endilikda qo‘zg‘olonning asosiy markazlariga aylanib qoladi.
Kurashning oxirgi bosqichi Kesh vohasi (Qashqadaryo)da juda avj oladi. Muqanna qarorgohi bo‘lgan Som (Sanam) qal’asini qamal qilish Xaroshiyga topshiriladi. Uzoq vaqt qamaldan so‘ng muqannachilar taslim bo‘ladilar (VIII asr 80-yillari boshlarida).
O‘z davrining eng qudratli davlati bo‘lgan xalifalikni larzaga solgan Muqanna boshchiligidagi qo‘zg‘olon shu tariqa tugaydi. Bu qo‘zg‘olonning yengilishiga bir necha sabablar bor edi. Avvalo, qo‘zg‘olonchilar uyushqoqlik bilan
harakat qila olmadilar. Mahalliy zodagonlar alohida guruhni tashkil etib, keyinchalik umumiy xiyonat yo‘liga kirib arablar tomoniga o‘tib ketdilar. Muqannaning o‘zi Som (Sanam) qal’asida bo‘lib bevosita qo‘zg‘olonga rahbarlik qila olmadi. Uning o‘zi umumiy tenglik g‘oyasini ko‘tarib chiqib, o‘zi kichik davlat boshlig‘iga aylana bordi.
O‘zaro urushlar natijasida aholi juda charchadi, ekinzorlar payhon qilindi, iqtisodiy tanazzul boshlana bordi. Muqannadan so‘ng uning safdoshlari harakati ham bo‘lib o‘tdi. Bu qo‘zg‘olon xalifalik kuchini zayiflashtiradi va boshqa o‘lkalarda ham ozodlik harakatlarini chiqishiga turtki bo‘ladi.
Masalaning yana bir jihati shundaki, islom dinininng ko‘p jihatdan afzalligi,
axloq va intizom nuqtayi nazaridan ommaviyligi xususiyati arablar bosib olgan mamlakatlar aholisi tomonidan uni tez orada qabul etilishiga sabab bo‘ladi. Qutayba singari uni pul va qilich bilan joriy etish mumkin emas edi. Qachonki islom mohiyatiga etilgachgina unga rag‘bat va e’tiqod kuchayib ketadi. Oliq-soliq, maishiy hayot bobida, zakot masalasida Qur’on va SHariat ahkomlarining qoidalari mehnatkash aholi tomonidan tezda qabul qilindi. Alloh oldidagi tenglik esa dinning ahamiyatini kuchaytirar edi. Islomning xalqparvarlik ruhi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Zero, islom dini ma’naviy bo‘shliqni tugatdi. Diyorimizda ota-bobolarimiz dini-islom faqatgina mustaqillik sharofati bilan qayta tiklandi.
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan buyuk diniy arboblar-Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom al- Moturudiy, Burxoniddin al-Marg‘inoniy, Abdulxomid G‘ijduvoniy, Bahovuddin Naqshband va boshqalarning tavallud yoshlarining keng miqyosda nishonlanishi, ularning oxirgi manzilgohlarini obod qilib, ziyoratgohlarga aylantirilishi, diniy bayramlarimiz, an’analarimiz, qadriyatlarimizning tiklanishi, dindorlarga o‘z e’tiqod huquqlarining qaytarib berilishi, qator masjid-madrasalarninng, xalqaro islom tadqiqot markazi, Islom universitetining ochilishlari va boshqa xayrli, savobli tadbirlar musulmon olamining bir qismi bo‘lgan O‘zbekistonda haqiqatda muqaddas Islom diniga qanchalik ehtirom bilan qaralayotganligining yorqin isbotidir. Zero, Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning “Olloh qalbimizda, yuragimizda” nomli risolasida, bizning madaniyatimiz, ma’naviyatimiz, o‘tmishimiz, islom tarixi, uning qonun qoida va an’analari bilan chambarchas bog‘lanib ketganligi alohida ta’kidlab o‘tiladi.