125
9-MAVZU. VAKILLIK VA ISHONCHNOMA
Vakillik tushunchasi. Vakolat va uning turlari. Ishonchnoma.
Vakillik tushunchasi
Shunday paytlar bo‘ladiki, shaxslar o‘z huquq va majburiyatlarini
bevosita o‘zlari amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmay qoladilar.
Bunday hollarda ularga fuqarolik huquqidagi vakillik instituti haqidagi
tushunchalar yordam beradi. Vakillarning xizmatiga fuqarolar ham,
yuridik shaxslar ham muhtoj bo‘ladilar. Shu sababli ishonchnoma, qonun,
sud qarori yoki davlat organining hujjati asosan vujudga keluvchi vakillik
institutining vazifasi vakolat beruvchi nisbatan fuqarolik huquq va
majburiyatlarini bevosita vujudga keltirish, o‘zgartirish va bekor qilishdan
iboratdir.
O‘zbekiston
Respublikasi
Konstitutsiyasining
43-moddasida
shaxslarning huquq va erkinliklari davlat tomonidan kafolatlanishi
belgilangan. Zero qonunchikning eng asosiy vaziflaridan biri ham aynan
shaxslarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, ularning
daxlsizligini kafolatlashdir. Fuqarolik qonun hujjatlari ham shaxslarning
subyektiv huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning fuqarolik-
huquqiy munosabatlarda tengligi va o‘z huquqlarini amalga oshirishda
hech qanday to‘siqlarsiz, erkin harakat qilishni ta’minlashga qaratilgandir.
Bunda fuqarolik huquqi subyektlari har qanday holatdan qat’i nazar huquq
layoqatiga ega ekanligi etirof etiladi. Qolaversa, shaxslar ayrim subyektiv
va obyektiv sabablar bilan o‘z huquqlarini o‘zi amalga oshira olmasalar
boshqa shaxslar yordamida, ya’ni o‘z vakillari orqali bu huquqlarini
amalga oshirishlari mumkin.
Hozirgi bozor munosabatlari sharoitida vakillik instituti shaxslarning
huquq va burchlarini amalga oshirishlari va ularning qonuniy manfaatlarini
himoya qilishdagi o‘rnini quyidagi holatlarda ko‘rinadi:
- jamiyatdagi subyektlarning huquq va majburiyatlarini o‘z vaqtida
amalga oshirilishini ta’minlaydi;
- shaxslarning o‘z huquq va majburiyatlarini amalga oshirishga
yordamlashadi;
- shaxslarning qonuniy huquq va erkinliklari buzilishining oldini
oladi;
- subyektlar o‘rtasida o‘zaro huquqiy munosabatlarining barqarorligini
ta’minlash va boshqa vazifalarni bajarishi bilan jamiyat taraqqiyotida
muhim hisoblanadi.
126
Vakillik bu kecha yoki bugun vujudga kelgan institut emas, balki
insoniyat rivojlanishining barcha davrlarida muayyan shaklda rivojlanib
kelgan, ayniqsa, qadimgi Misr, Chin, Yunon va Rim davlatlarida savdo va
hunarmandchilik faoliyatida undan keng foydalanilgan. Qadimgi Rimda
vakillik asosan topshiriq shartnomasi ko‘rinishida yuzaga kelgan. Bunda
bir taraf (mandant) topshiriq berishi va ikkinchi tomon (mandatariy) uning
vakili sifatida topshiriqni bajarishni o‘z zimmasiga olishi lozim bo‘lgan.
Vakillik predmeti sifatida yuridik harakatlar ham, faktik tusdagi xizmatlar
ham e’tirof etilgan. Vakillik keyinchalik XVIII-XIX asrlarga kelib ancha
takomillashtirildi va ayrim o‘zgarishlar bilan huquqiy jihatdan hozirgi
kundagi shaklga keltirildi. Vakillik so‘zining o‘zi (ingliz. representation) -
bir shaxs o‘zida mavjud bo‘lgan vakolat asosida boshqa shaxs nomidan,
uning uchun bevosita huquqlarni vujudga keltirish (o‘zgartirish, tugatish)
yo‘li bilan harakat qiladigan munosabatdir.
Vakillik deb, bir shaxsning ikkinchi shaxs nomidan yuridik
harakatlarni amalga oshirishiga aytiladi. Ishonchnomaga, qonunga, sud
qaroriga yoki vakil qilingan davlat organining hujjatiga asoslangan vakolat
bilan bir shaxs (vakil) tomonidan boshqa shaxs (vakolat beruvchi)
nomidan tuzilgan bitim vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va
majburiyatlarini bevosita vujudga keltiradi, o‘zgartiradi va bekor qiladi
(FKning 129-moddasi).
Vakillik institutidagi munosabatlar insoniylik, o‘zaro yordam,
fuqarolik munosabatlarda barchaning teng ishtirokini ta’minlash
g‘oyalariga asoslanadi. Vakillik fuqarolik, oila, xo‘jalik, ma’muriy
huquqiy munosabatlarni o‘zida jamlagan kompleks huquqiy institut
hisoblanadi. Vakillikda vakolatlar huquqiy hujjatlar va shartnomalar bilan
aniq tarzda belgilanadi. Vakillikning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi har
xil obyektiv va subyektiv yuridik faktlarga bog‘liq hisoblanadi; vakillik
instituti shaxslarga fuqarolik huquq va majburiyatlarini amalga
oshirishdagi yuridik yordamning huquqiy asosidir.
FKning 129-moddasining mazmunidan kelib chiqsak, vakillikni
amalga oshirishda vakilga nisbatan hech qanday yuridik oqibat kelib
chiqmaydi, ya’ni unda huquq va majburiyat hamda undan kelib chiqadigan
javobgarlik ham bo‘lmaydi. Masalan, A. o‘z vakili B. orqali o‘z mol-
mulkini S. ga ijaraga beradigan bo‘lsa, bu munosabatlardan kelib
chiqadigan huquq va majburiyatlar A. va S. o‘rtasida bo‘ladi, ijara haqini
olish, uni tasarruf etish huquqi yoki mulkdagi kamchiliklarni bartaraf etish
majburiyatlari A. ga nisbatan vujudga keladi. Bunda vakil B. da bunday
huquq va majburiyatlar, undan kelib chiqadigan javobgarlik bo‘lmaydi.
127
Ammo agar shaxs 14 yoshga to‘lmagan yoki muomalaga layoqatsiz bo‘lsa,
unga nisbatan vasiylik belgilanadi. Vasiy barcha munosabatlarda o‘z
vasiyligi ostidagi shaxslar nomidan harakat qiladi va nafaqat ularga
nisbatan huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi, o‘zgartiradi, bekor
qiladi, balki amalda ularni shaxsan o‘zi amalga oshiradi va ulardan kelib
chiqadigan oqibatlar uchun ham shaxsan o‘zi javob beradi. Muomalaga
layoqatli fuqarolargina vakil bo‘lishlari, vakillik qilishlari mumkin. Istisno
sifatida ayrim hollarda o‘n olti yoshga to‘lib, pasport olgan fuqaro ham
vakil bo‘lishi mumkin. Fuqarolarning faqat bir-birlari uchungina emas,
ba’zi hollarda yuridik shaxslar uchun ham vakil bo‘lishlariga qonun yo‘l
qo‘yadi. Masalan, savdo va ta’minot bo‘limlarining tijorat vakillari,
mahsulot tayyorlovchi vakil va boshqa xodimlar yuridik shaxslarning
vakillari sifatida ish olib boradilar.
Vakillik qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra vujudga
kelgan holda, quyidagi shaxslar o‘rtasida amalga oshiriladi:
- jismoniy shaxsning jismoniy shaxsga yoki yuridik shaxsga nisbatan
vakilligi;
- yuridik shaxsning jismoniy shaxsga yoki yuridik shaxsga nisbatan
vakilligi;
- davlatning jismoniy shaxsga yoki yuridik shaxsga nisbatan vakilligi.
Bu vakillikning mazmun-mohiyati, amalga oshirilishi usuli, shakli,
uning turlarga bo‘linishida va vakillik subyektlarining huquqiy maqomini
belgilashda katta ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun vakillik institutining
eng muhim jihatlaridan biri - uning subyektlari hisoblanib, ular vakolat
beruvchi – bu har qanday shaxs, ayni vaqtda davlat ham bo‘lishi mumkin.
Masalan, davlat shartnoma asosida ma’lum bir shaxslarga davlat ulushi
bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarining direktorlar kengashida davlat
manfaatlarini ifoda etish uchun o‘z vakilini tayinlashi mumkin yoki ayrim
hollarda fuqarolik munosabatlarda davlat nomidan maxsus vakil qilingan
yuridik shaxslar ham ishtirok etishi nazarda tutilgan. Vakil – bu faqat
muomalaga layoqatli shaxslar bo‘lishi mumkin. Qonunchilikda vakil
bo‘lishi taqiqlangan shaxslar bundan mustasno.
vakillikning quyidagicha o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatib
o‘tishimiz mumkin:
1)
vakillik munosabatlarining subyektlari har qanday shaxs
bo‘lishi mumkin;
2)
vakillikdan kelib chiqadigan munosabatlarda uchdan ortiq
taraflar ishtirok etadi;
128
3)
vakillik instituti munosabatlari insoniylik, o‘zaro yordam,
fuqarolik munosabatlarda barchaning teng ishtirokini ta’minlash
g‘oyalariga asoslanadi;
4)
vakillik haq evaziga ham, tekinga ham amalga oshirilishi
mumkin;
5)
vakillik fuqarolik, oila, xo‘jalik, ma’muriy huquqiy
munosabatlarni o‘zida jamlagan;
6)
vakillik instituti mavjudligining asosi bo‘lgan vakolatlar
huquqiy hujjatlar va shartnomalar bilan aniq tarzda belgilanadi;
7)
vakillikning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi har xil obyektiv
va subyektiv yuridik faktlarga bog‘liq hisoblanadi;
8)
vakillik instituti shaxslarga fuqarolik huquq va majburiyatlarini
amalga oshirishdagi yuridik yordamning huquqiy asosidir.
qonun hujjatlarida belgilangan asoslardan kelib chiqqan holda, vakolat
beruvchi vakilga muayyan vakolat beradi, vakil esa shu vakolat doirasida
harakat qilgan holda nafaqat vakolat beruvchiga nisbatan, balki uchinchi
shaxslar uchun ham huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi.
Har qanday munosabatlarda bo‘lgani kabi vakillik munosabatlarining
ham eng asosiy elementlaridan biri - bu taraflarning huquq va
majburiyatlaridir. Vakillik munosabatlaridan kelib chiqadigan huquq va
majburiyatlar ikkiga bo‘linadi:
1)
vakolat beruvchi va vakil o‘rtasidagi huquq va majburiyatlar;
2)
uchinchi shaxslarga nisbatan vujudga keladigan huquq va
majburiyatlar.
Shu bilan birga, vakillik munosabatlaridagi huquq va majburiyatlar
vakillikning turlariga bog‘liq holda ham har xil hisoblanadi va ayni shu
mezonlardan, ya’ni huquq va majburiyatlar kimga nisbatan vujudga
kelganligiga, ularning vakillikning qaysi turiga mansubligidan kelib
chiqqan holda vakillik munosabatlaridagi huquq va majburiyatlarning
mohiyati yoritiladi.
Vakillik munosabatlarida vakolat beruvchi va vakilning huquq va
majburiyatlari alohida ahamiyat kasb etadi. Ularning mazmun-mohiyati
vakillikning turlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |