Axloqiy masalada ikkilanishga duch kelganingizda, har doim o’zingizga shunday savol bering: ■ Xuddi shu ma’lumotni olishning boshqa yo’li bormi?
■ Siz zarar ko’rgan odamlarga o’z harakatlaringizni vijdonan tushuntira olasizmi?
■ Agar yana shunga o’xshash vaziyat paydo bo’lsa, siz yana shunday qilgan bo’larmidingiz?
■ Muxbir o’rnida emas, materialingiz qahramoni o’rnida bo’lib qolganingizda nima qilardingiz?
■ Siz aniq va adolatli bo’lish uchun hamma narsani qildingizmi?
■ Ushbu maqolaning barcha tegishli tomonlarini topib o’rganishga harakat qildingizmi?
■ Sizning qarorlaringiz tashqi va, ayniqsa, shaxsiy hislaringizdan ta’siridan xolimi?
Manbani himoya qilish
Jurnalistlarning axloqiy kodeksi odatda ma’lumot manbalarini himoya qilishga katta ahamiyat beradi, ba’zan hatto qonunga zid bo’lib qolsa ham. Ba’zilar manbani oshkor qilmaslik uchun “axloqiy majburiyatlar” ni ta’kidlaydilar.
Vijdonli jurnalist o’z ma’lumot manbalarini himoya qilishi shart. Surat: IWPR-Afg’oniston
Urush va tinchlikni yoritish institutida (IWPR) biz ma’lumot manbalarini himoya qilish jurnalistning asosiy huquqi deb bilamiz. Ammo bunday maxfiylik dunyo miqyosida xalqaro standart sifatida qabul qilingan deyish juda qiyin. Ba’zida maxfiylik buziladi va bu ko’pincha jurnalist yoki uning manbasi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi. Jurnalistlar tashkilotlari – Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi, AQSh Jurnalistlarini Himoyalash Qo’mitasi va Parijda joylashgan Chegara Bilmas Muxbirlar jurnalistlarning kuchli bosimdan (manba nomlarini oshkor qilishni istagan ba’zi repressiv hukumatlardan) himoya qilinishini istagan sud jarayonlarida qatnashdilar.
Amalda, manbani sir saqlashga va’da bergan, ammo keyinchalik uning nomini oshkor qilgan jurnalistlarga kelajakda axborot manbalarining ishonchini qozonish juda qiyin bo’ladi. Axborot manbai yoki siyosiy raqib matbuotda zarar keltiruvchi yoki aybni ochuvchi bir bayonotni e’lon qilganda, amaldorlar bu ma’lumot manbaini topishga harakat qilishadi, chunki ular bu odamni jazolashni va boshqa odamlarni kelgusida bunday ma’lumotlar sezdirilishi yomon oqibatlarga olib kelishi bilan qo’rqitishni istaydilar.
Ko’pincha muammo huquqiy choralar bilan cheklanadi. Agar jurnalist noma’lum manbadan maxfiy ma’lumotlarni oladigan bo’lsa, hukumat ushbu ma’lumotning tarqalishi maxfiylik to’g’risidagi qonunlarni buzganligini da’vo qilib, ushbu manbaga qarshi sudga murojaat qilishi mumkin.
Bu savol axborot erkinligiga doir bahslarning mohiyatiga borib taqaladi. Bundan tashqari, ko’plab davlatlar jurnalistning axborot manbasini himoya qilish huquqini kafolatlamaydi va ba’zida (masalan, AQSh yoki Avstraliyada) jurnalistlar qamoqqa olinishi mumkin. Ba’zi sudlar xayrihohroqdirlar va bunday manba himoyasi orqali eng yuqori davlat manfaatlarining himoya qilinishiga ishonadilar. Masalan, Evropa sudi jurnalistlarga yordam berishi mumkin bo’lgan ba’zi qarorlarni qabul qilgan.