O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-fevral,
PF-5647-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi faoliyatini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
transport va logistika tizimini rivojlantirish muammolarini o‘rganish, respublikaning transport salohiyatidan foydalanish, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, yo‘lovchi va yuk tashish transporti oqimlarini maqbullashtirish, xalqaro va mintaqaviy tranzitni rivojlantirish;
transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida xavfsizlikni oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, innovatsion texnologiyalar va intellektual transport tizimlarini joriy etish;
atrof muhitga zararli ta’sirni kamaytirish, resurslarni tejash va transportda ekologiyani yaxshilash bo‘yicha muammolarni o‘rganish va takliflar tayyorlash;
tizimli ravishda ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish bo‘yicha boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
3. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazining boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 15 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazining Ustavi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalariga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga egadir;
Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Markazni 2019-yilda va keyingi yillarda saqlash uchun budjet mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda Markaz tomonidan taqdim qilinadigan asoslangan hisob-kitoblarga binoan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladi.
5. Markaz direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:
zarurat bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Markaz tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini va ekspertlarni maslahatchilar sifatida shartnoma asosida jalb qilish;
ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari, shu jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
6. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
Markaz faoliyatini samarali tashkil etish choralarini ko‘rsin;
bir oy muddatda Markazni yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Markazni saqlash uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin;
Markazning asoslangan hisob-kitoblariga binoan Markazni zarur mebellar, inventar, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika bilan jihozlash bo‘yicha xarajatlar uchun budjet mablag‘lari ajratilishini ta’minlasin;
Markazga xizmat ko‘rsatish uchun bitta biriktirilgan va bitta navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun zarur limitlar ajratsin.
9. Markaz:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining statistik axboroti;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjet-soliq tadqiqotlari instituti va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining tahliliy materiallari majburiy jo‘natiladigan reyestrga kiritilsin.
10. Markaz Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Zulfiyaxonim ko‘chasi, 3-uy manzilidagi binoga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |