Turob To‘la (1918-1990)
Turob To‘la (taxallusi; familiyasi To‘laxo‘jaev, 1918.24.12 hozirgi Janubiy Qozog‘iston viloyatining Turbat qishlog‘i — 1990.20.4, Toshkent) — shoir, dramaturg va kinodramaturg. O‘zbekiston xalq shoiri (1988). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1967). Toshkent teatr bilim yurtida (1934—38), Toshkent pedagogika institutining til va adabiyot fakultetida (1938—41) o‘qigan. «Yosh leninchi» gazetasida adabiy xodim (1935— 41), O‘zbekiston Davlat radioeshittirish qo‘mitasida muharrir va diktor (1935—48), «Qizil O‘zbekiston» gazetasi tahririyatida adabiy kotib (1948—49), partiya idoralarida instruktor (1949—51), O‘zbekiston Davlat nashriyotida muharrir (1953—57), «O‘zbekfilm» kinostudiyasida stsenariy bo‘limi boshlig‘i (1957—62), Kinochilar uyushmasida kotib (1962-67), Madaniyat vazirligi qoshidagi San’at ishlari boshkarmasida boshliq (1967-76), Hamza teatrida direktor (1977-79), Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyat bo‘limi va Adabiyotni targ‘ib etish markazida rahbar (1980—90).
Dastlabki «She’rlar» to‘plami 1939 yilda nashr etilgan. Shundan keyin shoirning «Shodligim» (1941), «Tabassum» (1944), «Baxt tongotari» (1948), «Muborakbod» (1949), «Bolalar dostoni» (1950), «Qanotlan, qo‘shiqlarim» (1955), «Tanlangan asarlar» (1958), «Oromijon» (1961), «Gulyor» (1968), «Oftob nayzada» (1974) singari she’r, qo‘shiq va dostonlardan iborat to‘plamlari e’lon qilingan.
Turob To‘laning she’riy ijodi lirik she’r, qo‘shiq, ballada va dostonlardan iborat. Asosan, qo‘shiq janrida samarali ijod qilgan («Hayo bilan», «Sumbula», «Ko‘chalar», «Do‘ppi tikdim», «Sartarosh qo‘shig‘i» va b.).
Turob To‘la «Hamiyat» (1948), «Shahlo», «Zamon hukmi» (1968), «Suyuk momo» (1975), «Tramvayda topilgan daftar» (1978) singari dostonlarida mehnatsevar zamondoshlari hayotiga murojaat etish bilan birga tarixiy o‘tmish sahifalarini ham varaqlash va moziyda ro‘y bergan muhim voqealarga hozirgi davr nigohi bilan qarashga intilgan.
«Qizbuloq» (1968), «Quvvai qahqaha» (1969) va boshqa pesalar yozgan. 1969—70 yillarda F. Shillerning «Mariya Styuart» tragediyasini o‘zbek tiliga tarjima qilgach, mashhur o‘zbek shoirasining fojiali hayotiga bag‘ishlangan «Quvvai qahqaha» dramasini qayta ishlab, uni «Nodirabegim» nomi bilan sahnaga olib chiqqan (Hamza, Muqimiy va b. teatrlarda qo‘yilgan). Turob To‘la ayni paytda o‘zbek va qardosh xalqlar adabiyotidagi sara asarlarning sahna variantini yaratish maqsadida Ch. Aytmatovning «Momo yer» qissasi asosida shu nomdagi musiqali drama, Oybekning «Qutlug‘ qon» romani asosida «Zulmatdan ziyo» opera librettosini, Hamid Olimjonning «Oygul va Baxtiyor» dostoni asosida shu nomdagi she’riy drama (1979)ni, «Malikai ayyor» o‘zbek xalq dostoni asosida shu nomdagi opera librettosi (1987)ni yaratgan. G‘.Zafariyning 20-yillarda respublika teatrlari sahnalarida katta muvaffaqiyat bilan o‘ynalgan «Halima» musiqali dramasini qayta tiklab, Muqimiy teatrida sahnalashtirgan. Bulardan tashqari, o‘zbek xalq ertaklari asosida yaratilgan «Samarqand afsonasi» baleti librettosi ham bor.
«Maftuningman» (1958), «Furqat» (M. Melkumov bilan hamkorlikda, 1960) kinofilmlari va «Shashmaqom» videofilmi stsenariysi muallifi. Turob To‘la o‘ziga zamondosh bo‘lgan o‘zbek adabiyoti va san’ati arboblari hakida qator adabiy portret, ocherk va xotiralar yozgan («Nafosat», 1967; «Kamalak» 1972). U. Shekspirning «Qiyiq kizning quyulishi» komediyasi, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, N.A. Nekrasov, T. Shevchenko, A. To‘qay, S. Muqonov asarlarini o‘zbek tiliga tarjima kilgan.
O‘ZGA
Ko‘z ochib ko‘rmadi ko‘z mardumi sandin o‘zga,
Seva olmaydi meningdek sani mandin o‘zga.
Bag‘ri keng, ishqi musaffo guli, bulbullariga
Bormi olamda chaman hech bu chamandin o‘zga!
Bilinur mard kishi mardlik ila bu maydonda,
Saman o‘rnini bosolmaydi samandin o‘zga.
Yuragim torida yo‘q boshqacha kuy, boshqacha soz,
Sen otib poralagan zarbi kamandin o‘zga.
Bari mehrimni olib kimga in’om aylaganing,
Menga ne qoldi xayolingda chamamdin o‘zga?
Do'stlaringiz bilan baham: |