"Lison ut-tayr" da obrazlar talqini Avezova Mavluda- o`zbek filologiyasi fakulteti



Download 15.56 Kb.
Sana26.06.2017
Hajmi15.56 Kb.

Aim.uz

“Lison ut-tayr” da obrazlar talqini

Avezova Mavluda- O`zbek filologiyasi fakulteti

2- ‘‘B’’ guruh talabasi

Ilmiy rahbar: dotsent. T.R. Xo`jayev.


Alisher Navoiyning falsafiy-ta`limiy va tasavvufiy ruhda yozilgan 6-dostoni “Lison ut-tayr”dir.Bu doston 1499-yilda yozilgan bo`lib, 3598 baytdan iborat.

Asarning asosiy voqealari qushlarning o`z joylarini to`g`ri aniqlolmagani va Hudhudning afsonaviy Semurg` degan adolatli qush haqida so`zlab berishi bilan boshlanadi.So`ngra Hudhud boshchiligida qushlar Semurg`ni izlab yo`lga tushadilar.Asarda 7 vodiy tasavvufda haqiqatga eltuvchi 7 bosqichning majoziy tavsifi sifatida namoyon bo`ladi.Bu vodiylar Talab, Ishq, Ma`rifat, Istig`no, Tavhid, Hayrat, Fano kabilardir.”Lison ut-tayr” dostonida ko`plab hikoyatlar keltiriladi.Ularda turli obrazlar uchraydi.Ularni quyidagicha guruhlab o`rganishni ma`qul topdik:

1.Payg`ambarlar obrazi.

2.Diniy –tasavvufiy obrazlar.

3.Tarixiy shaxslar timsollari.

4.Mifologik obrazlar.

5.Ishq-muhabbat bilan bog`liq an`anaviy obrazlar.

Yusuf payg`ambar o`zbek mumtoz adabiyotida, qolaversa, Alisher Navoiy asarlarida o`ziga xos go`zallik timsoli sifatida ta`riflanadi.”Lison ut-tayr” dostonida ham bir necha bor Yusuf payg`ambar obrazi keltirib o`tiladi:

Dard-u g`am erdi anga yor-u nadim,

Hajr zindonida Yusufdek muqim1

Misrlik bir oliy himmatli kishi hamma narsaga ega bo`lsa-da,hajr zindonida qolgan Yusuf kabi unga ham doimo dard va g`am chekish yor edi. “ Quroni karim” da Yusuf haqida 2 ta oyati kalima hamda Yusuf nomli 111 oyati kalimalik bir sura mavjud”2

Bundan tashqari, “Qissasi Rabg`uziy” da: “Yusuf 11-o`g`il erdi, Mavlo taolo anga o`n karomat qildi:ko`rk, qiliq, kechurmak, yalovochlik, tush ta`biri, ko`ni so`z, uz, avoqibat umur, ta’vili suhuf…”3 ta`rifi berilgan.

“Lison ut-tayr” dostonida Sulaymon payg`ambar obrazi ham bir necha bor tilga olinadi.Afsonalardan ma`lumki, Sulaymonning butun salohiyati, podsholigi qudrati uning uzugi bilan bog`liq edi:

Fahmig`a maxfiy zabone kerak,

Yo`q zabondonkim-Sulaymone kerak. (32-bet)

Sulaymon payg`ambar haqida Navoiy o`zining “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida ham keltirib o`tadi:

Olamni Sulaymong`a haq etmish ma`mur,

Hukmi soldi jin-u bashar xayliga sho`r.

Oxir chu ajal anga maqom ayladi go`r,

Tufroq ichida qildi vatan o`ylaki mo`r.1

“Sulaymon xotami, Jamshid jomi mumtoz adabiyotda ko`p tilga olinadigan,juda noyob afsonaviy ashyolar.Bularga ega bo`lish qudrat va buyuklik ramzi.”Farhod va Shirin”da shunday bayt bor:

Adadsiz javharu naqdi kiromi,

Sulaymon xotami, Jamshid jomi.2

Asarda Hudhud tomonidan aytilgan Sulaymon haqidagi hikoyatda Azroil bilan bo`lgan suhbati ko`rsatilgan.

Diniy-tasavvufiy obrazlar ham asarda ko`plab uchraydi.Masalan:Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali kabi xalifalar; Najmiddin Kubro, Abu Turob Naxshabiy, Abulhasan Xaraqoniy, Ibrohim Adham, Porso, Abdulla Ansoriy, Bistomiy, Shayx Abul Abbos va boshqa so`fiylar haqida hikoyatlar keltiriladi.”Lison ut-tayr” dostoni hamd, munojot, na`t bilan boshlanadi va so`ngra xalifalar haqida fikr yuritiladi.

“Xalifa (arab.-o`rinbosar,noib)- musulmon jamoasi va musulmon davlatining diniy hamda dunyoviy boshlig`i. Xalifa Muhammad payg`ambarning o`rinbosari.”3 Navoiy Abu Bakr xalifa haqida fikr yuritib shunday deydi:

Kim qila olg`oy bu ishni oshkor

Juz Abu Bakr ulki erdi yori g`or.(27-bet.)

Umar-ikkinchi xalifa. 616-yil islomni qabul qiladi va keng targ`ib etadi.Asarda xalifa haqida shunday so`z boradi:

Ulki payg`ambarg`a hamdam erdi ul,

Shubhasiz foruqi a`zam erdi ul.(27-bet.)
Qolaversa, asarda ko`plab tasavvuf vakillari tilga olinadi.Masalan, Najmiddin Kubroni oladigan bo`lsak, asl ismi Ahmad binni Umar al Xivaqiy xorazmlik mashhur shayxdir:

Shayx Najmiddin Kubro- qutbi dahr,

Bir nazardin kimgakim yetkursa bahr. (128-bet)

Ya`ni: Najmiddin Kubro o`z zamonasining peshvosi hisoblanar edi. Agar u biron kishiga qarasa ko`zi valilik nuri bilan yorishib ketar va shu ondayoq o`zligidan ajralardi.Asarda keltirilgan hikoyada itga shayxning nazari tushganligi keltiriladi.

Ibrohim Adham haqida ko`p eshitganmiz.U shohlikdan voz kechib, tasavvuf yo`lini tanlagan mashhur shaxs. 777-yilda vafot etgan.Dostonda shunday bayt bor:

Ulki bu yo`lda ishi taslim edi,

Ibn Adham shoh Ibrohim edi.(163-bet.)

Navoiy “Nasoyim ul- muhabbat” asarida quyidagi fikrlarni yozadi:”Avvalg`i tabaqadindur.Kuniyati Abu Is’hoq oti va nasabi Ibrohim Adham binni Sulaymon,binni Mansur al-Balxiy”4 deya tilga olinadi.

Tarixiy shaxslar obrazi ham asarda o`ziga xos o`ringa ega. Bularga: Iskandar, Shayx Sa’non, Arastu va boshqa ko`plab tarixiy shaxslarni ko`rsatish mumkin.

Iskandar- mashhur tarixiy shaxslardan biridir.”Lison ut-tayr” dostonida Iskandarning elchilikka borgani haqida hikoyat keltiriladi:

Dedi elga budur Iskandar so`zi,

Turfa bukim, erdi Iskandar o`zi. (86-bet)

Shayx Sa`non- XI-XII asrlarda yashagan tarixiy shaxs bo`lib, uning otashin sevgisi haqida mashhur hikoyat beriladi.Unda ilohiy ishq talqin etiladi:

Tushti joni pok farjomiga ishq,

Kirdi qondek etdi andomiga ishq.(121-bet)

Arastu- qadimgi yunon faylasufi Aristotel nomining sharqcha atalishi.U eramizdan oldingi 384-322- yillarda yashagan.Asarda bir shogirdi bilan bo`lgan munosabatlar ko`rsatilgan hikoya keltiriladi:

Bor edi shaxse Arastug`a murid

Halqai darsida ul erdi mu`id. (151-bet)



Xullas, asarni o`qir ekanmiz, unda rang-barang obrazlarga duch kelamiz.Bu asarni chuqur o`rganish uchun ko`plab tasavvufiy bilimlarga ega bo`lish zarur.



1Alisher Navoiy.”Lison ut-tayr” .Toshkent: G`afur G`ulom nomidagi Nashriyot-matbaa birlashmasi,1991.158-bet.

2 Muhammad Kamol.“Payg`ambarlar tarixi”. Toshkent: ”Yangi asr avlodi”, 2003. 22-bet.

3 Nosiruddin Burhonuddin Rabg`uziy.”Qissasi Rabuziy. I kitob. Toshkent: ”Yozuvchi” nashriyoti, 1990. 101-bet.

1 Alisher Navoiy.”Tarixi anbiyo va hukamo. MAT. 20 tomlik. 16-tom.Toshkent: “Fan” nashriyoti , 2000. 169-bet.

2 Alisher Navoiy.”Farhod va Shirin”. MAT. 20 tomlik.8-tom.Toshkent: “Fan” nashriyoti, 1992.176-bet.

3 O`Z.ME. 9-tom. Toshkent: 2005. 362-bet.

4 Alisher Navoiy. “Nasoyim ul-muhabbat”. MAT.20 tomlik.17-tom.Toshkent: ”Fan” nashriyoti, 2001. 74-bet.


Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa