Eksperiment ma’lum bir fikr yoki farazni sinab ko‘rish, tekshirib ko‘rishga qaratilgan ilmiy metodning bir ko‘rinishidir. Eksperiment ma’lum fikr real voqelikka qay darajada mutanosib yoki to‘g‘ri kelishini sinab ko‘rish uchun ishlatiladi. Shuningdek, eksperimentga ma’lum gipotezani asoslash, inkor etish yoki qo‘llab quvvatlash maqsadida olib boriladigan protsedura deb ham ta’rif beriladi. Eksperiment nazorat ostida va nazoratsiz olib borilishi mumkin. Nazoratga olingan eksperimentlarda mustaqil o‘zgaruvchidan boshqa barcha o‘zgaruvchilar va ularning ta’siri kamaytiriladi, nazorat qilinadi. Bu esa, eksperiment natijalarining ishonchli bo‘lishini ta’minlaydi.
Eksperimentda ikkita guruh olinadi: eksperimental va nazorat guruhi. Ularning bir-biridan yagona farqi shuki, eksperimental guruhda mustaqil o‘zgaruvchining samaradorligi sinaladi. Nazorat guruhi eksperiment guruh bilan taqqoslanish uchun standard guruh vazifasini o‘taydi.
Eksperimentning tipik xususiyatlariga quyidagilar kiradi: a) protokol (puxta rejalashtirilgan jarayon); b) manipulyatsiya (tadqiqotchi tomonidan yaratilgan turli shart-sharoitlar); v) nazorat (o‘zgaruvchan hodisalar yoki o‘zgaruvchilar (variables)ning eksperimental izohlashga bo‘lgan ta’sirini kamaytirish) va g) eksperiment uchun tanlangan sub’ektlar (sampling) (eksperimentni tanlangan sub’ektlar ustida amalga oshirish).
Shuningdek, eksperimentning puxta o‘tkazilishi quyidagilarga bog‘liq: a) tadqiqot savolining aniqligi (tadqiqot savoli eksperimentning barcha bosqichlarida aniq bo‘lishi zarur, unga juda ko‘p narsalar bog‘liq); b) mos ravishda tanlangan va aniq ta’rifga ega bo‘lgan eksperimental davolash (muammoga echim topish). Bunda quyidagi holatlar muhim sanaladi: eksperimental davolash haqiqiy bo‘lishi talab etiladi; eksperimental davolash boshqalar ham takrorlashi mumkin bo‘lgan darajada aniq ta’riflangan bo‘lishi lozim; tabiiy aniqlangan nazoratga ega bo‘lishi kerak; eksperimental davolash tadqiqot savoliga javob topa olishi lozim; v) mos ravishda tuzilgan eksperimental loyiha (tajriba-sinov uchun mo‘ljallangan loyiha). Bunda loyiha amalga oshirilish imkoniga ega bo‘lishi va zaruriy axborot (ma’lumot bera olish imkoniyati)yarata olishi lozim.
Eksperimental tahlil. Eksperimental tahlil usuli axborot yig‘ishning ilk shakllaridan biri sifatida tilshunoslikda dastlab psixolingvistikada qo‘llanilgan. Mazkur usul yordamida til qanday qilib inson ongida namoyon bo‘lishi, qay holda axborotni qayta ishlashi kabi savollarga javob
topishda foydalanilgan. Psixolingvistik eksperimentlar quyidagicha xarakterlanadi: nazoratlar (controls), omillarga asoslangan loyihalar (factorial designs) va miqdoriy tahlil (quantitative analysis). Eksperiment kontsepti orqali dastlab biror narsani sinab ko‘rishga qaratilgan har qanday harakat tushunilgan bo‘lsa, hozirda mazkur termin ancha tor ma’noda qo‘llaniladi. Ya’ni, eksperimentning eng asosiy elementi har xil turdagi kirish (input)lar bilan bog‘liq bo‘lgan chiqish (output) samaralarini taqqoslash hisoblanadi. Shu bois nazoratdagi shart-sharoitlar eksperiment loyihalari uchun muhim sanaladi. Barcha fan sohalarida, xususan, lingvistikada ham eksperiment jarayonida bir faktorli emas, balki bir necha faktorli holatlar, ya’ni bir-biri bilan kesishgan shart-sharoitlar hisobga olinishi lozim. Ko‘p omilli eksperimentlar bir omilli eksperimentlardan afzalligi shundaki, bir necha tadqiqot savollariga javob topish imkonini beradi.
Shuningdek, bunday eksperimentlarda omillarning o‘zaro aloqadorlik xususiyatlari izohlanadi, ularning bir-biriga ta’siri tasvirlanadi va elementlar o‘rtasidagi munosabatlar tushuntiriladi. Statistik tahlil lingvistik, xususan, psixolingvistik eksperimentlarning muhim hususiyatlaridan biridir. Statistik tahlil eksperimentning yakunini nafaqat chiroyli tasvirlaydi, balki uning mantig‘iga ham o‘z hissasini qo‘shadi. Statistik tahlil puxta loyihasiz yaxshi samara bermasligi mumkin. Tadqiqot ishtirokchilarining barchasi yoki aksariyati tomonidan ma’qullangan holat statistik muhim natija bo‘lishi mumkin, lekin bu statistik tahlilning samarali amalga oshirilganini anglatmaydi. Statistik tahlil samarali bo‘lishi uchun, unda sharhlovchi xususiyat bo‘lishi lozim. Ya’ni, unda statistik natijalar mos ravishda sharhlanishi talab etiladi. Shuningdek, eksperimental tahlil kognitiv tilshunoslik, xususan, kognitiv semantikada quyidagi masalalarni o‘rganishda ishlatilishi mumkin: insonlarning har kungi muloqot jarayonida lingvistik ma’noni qay holda ifodalashi va tushunishi, lingvistik ma’noning kognitiv asoslarini isbotlash va boshq. Masalan, lingvistik ma’no kontseptualizatsiya nuqtai nazaridan tavsiflanadi degan gipoteza tekshirilishi uchun eksperiment o‘tkaziladi. Bunda insonlarning turli muloqot vaziyatlarida va turli sharoitlar ostida so‘z, gap va imo-ishoralarni tushunish va ifodalash yo‘llarini hisoblash va tekshirish uchun statistik metodlardan foydalanadi.