Sanoati. Sirdaryo viloyatida asosiy sanoat korxonalarining soni 43 taga etgan bo’lib, ular hududda butunlay yangidan barpo etilgandir. Sanoat ishlab chiqarish so’nggi 40-50 yil davomida shakllangan. 50-yillarda Mirzacho’lni majmuali o’zlashtirish maqsadida uning qurilish bazasi yaratildi va paxta tozalash sanoati, oziq-ovqat hamda elektr energetika rivojlanib bordi.
Viloyat sanoatining hozirgi kundagi axvoli birmuncha past bo’lib, u bu jixatdan faqatgina Jizzax viloyatidan oldinda turadi, holos. 1999 - 2000 yillarda sanoat mahsuloti ishlab chiqarish xajmi 112,2 foizga oshgan.
Sanoat rivojlanishida yoqilg’i resurslari boshqa iqtisodiy rayonlardan, aniqrog’i Sho’rtan gaz konidan keltiriladi. Respublikamizdagi eng yirik Sirdaryo IESining qurilishi munosabati bilan bu erda Shirin shahri barpo bo’ldi. IESning qurilishi qishloq xo’jaligi bilan bir vaqtda sanoatning rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir etdi. Asosiy sanoat mahsulot xajmida elektr energetika tarmog’ining ulushi 66.6 foizga tengdir.
Ikkinchi o’rinda engil sanoat turadi, uning umumiy sanoat tarmoqlaridagi xissasi 11,8 foizni tashkil etadi, oziq-ovqat sanoati 7,4 foiz bilan uchinchi o’rinni egallaydi. Sirdaryo viloyati sanoati aynan mana shu tarmoqlarga ixtisoslashgan.
Sanoat tarmoqlarining hududiy tarkibini taxlil qilganda viloyat markazi Guliston shaxrini alohida ko’rsatib o’tish joiz. Bu shaxar zimmasiga Sirdaryo viloyati sanoat mahsulotining 23,2 foizi (2000 yil) to’g’ri keladi. Gulistonda engil va oziq-ovqat sanoati tarmoqlari yaxshi rivojlangan.
Qishloq tumanlaridan Sirdaryo, Sayxunobod, Sh.Rashidov va Oqoltin tumanlarining xissasi ancha yuqori. Jumladan, viloyat sanoat mahsulotining 17,2 foizini Sirdaryo va, 16,2 foizini Sayxunobod tumanlari beradi. Ayni vaqtda Mehnatobod, Guliston, Mirzaobod tumanlarida sanoat rivojlanishi past darajada.
Engil sanoat asosan viloyat paxta xom ashyosiga tayangan holda rivojlanib kelmoqda. Dexqonobod, Boyovut, Mirzaobod, Farg’ona va Guliston paxta tozalash zavodlari shular jumlasiga kiradi. Mazkur zavodlar viloyatdagi etishtirilgan paxtani to’la qayta ishlash quvvatiga egadir.
Oziq-ovqat sanoatining korxonalari deyarli barcha shaxar va tumanlarda mavjud bo’lib, bunga Sirdaryo, Guliston sut zavodlari, yog’-pishlok zavodi, yog’-ekstraktsiya, qandolat fabrikasi va boshqalarni kiritish mumkin.
Yuqoridagi tarmoqlardan tashqari mashinasozlik va metalni qayta ishlash tarmog’i ham shakllanmoqda. Asosan Toshkent qishloq xo’jaligi mashinasozligi zavodining Sirdaryo filiali, Guliston ta’mirlash-texnika zavodlari, refrijerator-vagonlarni ta’mirlash zavodlari shular jumlasidandir. Mazkur tarmoqning viloyat sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi xajmi 2,2 foizga barobar.
Qurilish materiallari sanoatiga jami sanoat maxsulotining 1,2 foizi yaqini to’g’ri keladi. U asosan Yangier shaxri va Sirdaryo tumanlarida rivojlangan.
Yangier qurilish materiallari va konstruktsiyalari kombinati tarkibida temir-beton mahsulotlari, temir-beton quvurlari zavodlari va tsexlari mavjud. Sirdaryoda ham temir-beton mahsulotlari ishlab chiqariladi, bu erda uysozlik kombinati barpo etilgan.
Sirdaryo viloyatida qazilma boyliklar, etarlicha ishchi kuchi bo’lmaganligi bois og’ir sanoat tarmoqlari sust rivojlangan, ammo kelajakda to’qimachilik, mashinasozlik, farmatsevtika va qurilish sanoatini rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |