Gigant akulalar (Cetorhinidae) oilasiga bitta gigant yoki shimol akula (Cetorhinus maximus) turi kiradi. Bu akula kattaligi jihatidan kitsimon akuladan keyin ikkinchi o`rinda turadi, ya`ni uzunligi 12-15 m gacha, og’irligi esa 4-9 t gacha boradi. Dum suzgichining ustki pallasi katta va keng. Planktonlar bilan oziqlanadi. Jigari nihoyatda katta, tana massasining 20% ni tashkil qiladi. Gigant akula ham ovlanadi. Jigaridan baliq yog’i olinadi. Ular 2 ta yarimsharda issiq suvli dengiz va okeanlarda yashaydi, juda ham sekin suzadi. Bahorda urug’lanib, 2 yildan keyin 1,5 m li bola tug’adi.
Mushuksimon akulalar (Scyliorhinidae) oilasiga 86 ta tur kiradi. Ularning uzunligi 50 sm dan 1,5 m gacha boradi. Xarakterli belgilariga orqasida 2 ta toq orqa suzgichi bo`ladi.
Tipik vakiliga mushuksimon akula (Scyliorhinus canicula)ni misol qilib olish mumkin. Uning uzunligi 0,5 m atrofida. Bu akulalar Atlantika okeanining Yevropa va Shimoliy Amerika qirg’oqlarida bentoslar, ya`ni mollyuskalar, qisqichbaqasimonlar va chuvalchanglar bilan oziqlanib yashaydi. Ular ochko`z bo`lib, seldsimon baliqlarning kushandasi hisoblanadi. Qora dengizga ham kirishi mumkin. Bu akulalar tuxum qo`yib ko`payadi, 2 tadan 20 tagacha usti qalin shox moddali qobiq bilan o`ralgan tuxum qo`yadi (47-rasm).
47-rasm. Akulalarning tuxumlari.
Otalanishi ichki, ya`ni tuxum yo`lida urug’lanadi. Tuxumining ustki tomonida kiprikchalari bo`lib, ular shu kiprikchalari yordamida suv tagidagi narsalarga yopishadi. Go`shti iste`mol qilinadi, terisi ham ishlatiladi.
Kulrang, ya`ni ko`k akulalar (Carcharhinidae) oilasiga 60 ga yaqin tur kiradi. Ularning uzunligi 4-5 m, ayrim turlari hatto 9 m gacha, og’irligi 10 t gacha boradi. Ko`k akulalar tuxumdan tirik tug’adi. Urg’ochilari 30 tadan 50 tagacha, ba`zan 80 tagacha tug’adi. Bolasining uzunligi 0,5 m gacha boradi. Umuman, ko`k akulalar juda chiroyli, havorang, qomati kelishgan.
Yo`lbars akula ham kulrang akulalar oilasining bir turi hisoblanadi. Bu akula tanasining ikki yon tomonida qora yo`llari bo`ladi. Yo`lbars akulalarning uzunligi 4 m, og’irligi esa 400-600 kg keladi. Yo`lbars akulalar bolalari 2 m ga yetgunga qadar tanasidagi qora yo`llar yaqqol ko`rinib turadi. Keyinchalik bu chiziqlar kam seziladi. Ular odamlarga hujum qilishi mumkin. Yo`lbars akulalar oshqozonidan konserva bankalari, primus va odam tanasining qoldiqlari topilgan. Ular, asosan qisqichbaqasimonlar, mollyuskalar, baliqlar, toshbaqalar va har xil o`limtiklar bilan oziqlanadi. Yo`lbars akulalar Hind okeanida tarqalgan. Bu oilaga yana oq akula ham kiradi. Uning uzunligi 10-15 m gacha boradi. O`rta yer dengizida may va iyun’ oylarida bolalaydi. Ularning terisidan va jigaridan foydalaniladi. Go`shti qo`lansa hidli bo`lgani uchun kam iste`mol qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |