O’zbekiston milliy taraqqiyotining yangi bosqichida fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlantirish strategiyasi.
Fuqarolik jamiyati haqida turlicha tarixiy va metodologik yondashuvlar va interpretatsiyalarni inkor etmagan holda, yangi davrda fuqarolik jamiyati konseptuallashuvi jarayonida muhim rol o‘ynagan Uyg‘onish davri olimlardan biri Nikolo Makiavelli (1469–1527) bo‘lib, u pragmatik, tajribaviy ijtimoiy fanga asos soldi. Fuqarolik jamiyati Makiavelli uchun sinfiy, partiyaviy qarama-qarshi qiziqishlar majmuidir. Unga ko‘ra fuqarolik jamiyati xalqdan axloqiy asosni – ezgulik va fazilatni, ijtimoiy qiziqishlar va respublika tuzilmasi qiziqishlari oldida burchni his qilish va jasoratni talab qiladi. Boshqacha qilib aytganda, u erkin individlar uchun munosib birlashma bo‘ladi. Davlatni himoya qilish uchun hukmdor qo‘lidagi barcha vositalarni ishga solishi kerak bo‘ladi, yolg‘on, shafqatsizlik hatto urush ham bundan mustasno emas. Davlat qiziqishlari unda birlamchi ahamiyat kasb etgan. Makiavelli davlatning mutlaqo mustaqilligini talab qilgan, cherkovdan ham, ya’ni davlat va umuman siyosat sohasining sekulyarizatsiyasi tarafdori bo‘lgan. U davlat boshqaruvining o‘ziga xos siyosiy mahorat maktabini yaratadi, unda hech qanday axloqiy normalar bilan hisoblashmay, “maqsad har qanday vositani oqlaydi” degan tamoyilni ishlab chiqqan.
Huquqiy davlatni fuqarolik jamiyati rivojlanishining natijasi va uning o‘zini o‘zi yanada takomillashtirishi omili deb hisoblash mumkin. Huquqiy davlatchilikning shakllanish jarayoni, hech shubhasiz, ancha uzoq vaqt davom etadi. U fuqarolik jamiyati shakllanishi bilan birga takomillashib boradi. Har bir davlatda bo‘lganidek, huquqiy davlat hokimiyatining suverenligi ham mamlakat ichida uning barcha fuqarolarga va ular tashkil etuvchi nodavlat tashkilotlariga nisbatan ustunligida va undan tashqarida davlatning tashqi siyosatni yuritish, boshqa davlatlar bilan munosabatlar o‘rnatishda va mustaqilligida namoyon bo‘ladi. Etuk fuqarolik jamiyatisiz huquqiy demokratik davlat qurish mumkin emas, chunki ongli erkin fuqarolargina kishilik jamiyatining eng oqilona shakllarini yaratishga qodirdirlar. SHunday qilib, fuqarolik jamiyati erkin individ va markazlashgan davlat xohish-irodasi o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblansa, davlatning vazifasi parchalanish, tartibsizlik, tanglik, tanazzulga qarshi ish ko‘rish, erkin shaxsning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Huquqiy davlat – bu shunday bir davlat hokimiyatdirki, u huquq normalariga binoan, va ularning doirasida ish ko‘radi, bu normalarni buzish, bekor qilish yoki cheklashga jur’at etmaydi, fuqarolar va ularning birlashmalarining uzviy tabiiy-tarixiy huquqlarini e’tirof etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |