LaTex dasturi haqida qisqacha
Bugungi kunda matn redaktorlari ichida albatta Microsoft Word daturi eng ommabobi hisoblanadi. Lekin yana bir dastur borki, u ham ba'zi tomonlari bilan juda kuchli matn redaktori hisoblanadi. Bu albatta LaTex dir. LaTex "Lateks" deb emas, balki "Latex" deb o'qiladi. Talaffuz oxiri "ex" bo'ladi. Bu dasturning nima uchun kerakligini bilib olaylik. Buning uchun Word va LaTex dasturlarining yutuq va kamchiliklarini keltiramiz.
Word dasturida matn terish va matnni tahrirlash oson. Uning funksiyalari juda ko'p. Lekin asosiy kamchiligi bu matematika, fizika va kimyo kabi fanlarga oid materiallarni yozishda fayl hajmi biroz kattalashgach uni ko'tarolmay qoladi (sodda qilib aytganda). Chunki, matnning asosiy qismi formula va rasm (chizma) lardan iborat bo'ladi. Natijada ko'p betli faylni alohida kichik betli fayllarda yozib, pdf ga konvertatsiya qilgach ularni o'zaro qo'shish orqali bitta faylga aylantirish lozim bo'ladi. Bundan tashqari formula yozishga vaqt ko'p ketadi.
LaTex da esa bitta faylni o'zida ishlash imkoniyati bor. Shaxsan o'zim unda 300 betgacha bo'lgan kitoblarni yozdim. Albatta bitta faylda. LaTexda odatda kompyuter sichqonchasi juda kam ishlatiladi. Barcha buyruqlar ingliz tilidagi komandalar bilan beriladi. Ya'ni bu dasturning o'z tili mavjud. Bu xuddi HTML tiliga o'xshaydi. Oldin biroz murakkab ko'rinadi. Lekin keyinchalik Worddan voz kechishni o'ylab qolasiz. LaTex da aniq va tabiiy fanlarga oid kitoblar, maqolalar, diplom ishi, dissertatsiyalarni juda chiroyli formatda yozish mumkin. Hozirgi kunda chet elda ilmiy materiallarda aynan LaTex dan foydalaniladi. Bu bizda sal kamroq ishlatiladi. DTM test bazalari ham LaTex da yoziladi.
Qisqa qilib aytganda, Word juda zo'r dastur. Lekin LaTex bu IDEALdir. LaTex da yozilgan matn shrifti Computer Modern deb ataladi.
LaTexda sichqoncha kam ishlatilishini sababini bitta misolda ko'raylik. Masalan, kvadrat tenglama yozishda dasturga
ax^2+bx+c=0
ko'rinishida kiritiladi va natijada pdf faylda asosiy ko'rinishi hosil bo'ladi. Ha aytgancha, LaTex da ikkita maydoncha bo'lib, bittasiga yoziladi, ikkinchisida to'g'ridan-to'g'ri pdf fayl generatsiya qilinadi.
Kvadrat tenglama ildizlari
x_{1,2}=\dfrac{-b±\sqrt{b^2-4ac}{2a}
kabi kiritiladi va boshqa maydonchada (pdf faylda) standart ko'rinishi hosil bo'ladi. Ko'rayotganimizdek, bu yerda sichqoncha ishlatilmaydi. Wordda esa formula yozishda sichqoncha juda ko'p ishlatiladi. Natijada yozish tezligini pasayishiga olib keladi. Demak, LaTexda yozish tezligi ancha yuqori hisoblanadi.
LaTeX — turli xil koʻrinishdagi hujjatlarni yaratish va tahrirlash uchun moʻljallangan makropaket boʻlib, TeX dasturi asosida ishlaydi. Shuningdek, nashriyot tizimlarida ham qoʻllaniladi.
Ushbu paket yordamida turli koʻrinishdagi maqolalar, hisobotlar, taqdimotlar, bundan tashqari butun boshli kitoblarni yozish mumkin. Unda turli matematik formulalarni yozish juda qulay, shuningdek, jadvallar yaratish, havolalar bilan ishlash, raqamli va belgili roʻyxatlar hosil qilish kabi amallar avtomatlashtirilgan. Bundan tashqari, yana boshqa qoʻshimcha paketlar ham bor boʻlib, ularning yordamida hujjat yaratish birmuncha oson va qiziqarli koʻrinishga keladi.
Paketning ilk versiyasi 1984-yilda Lesli Lemport tomonidan ishlab chiqilgan. Hozirgi versiyasi LaTeX2ε deb nomlangan boʻlib, 1994-yilda yaratilgan.
Ushbu paket yordamida yaratilgan fayl kengaytmasi *.tex kengaytmaga ega boʻladi.
Hozirgi kunda zamonaviy analitik sistemalar, masalan, Maple, Mathematica, Maxima yoki Reduce kabilarda yaratilgan hujjatni *.tex formatga oʻtkazish imkoniyati mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |