Boburning maxsus taklifi bilan Hirotdan Agraga kelayotgan mavlono Xondamir, shoir
Shihob Muammiy va mudarris Ibrohim Qonuniy uch oyga yaqin yo‘l yurdilar.
Badvahima Xaybar dovonidan o‘tib, sersuv Sind daryosidan kechib, changalzor
o‘rmonlarni oralab borar ekanlar, mavlono Xondamir olamning naqadar ulkanligini endi
birinchi marta astoydil his qildi. Haftalar, oylar davomida otliq safar qilib oxiriga yetib
bo‘lmaydigan bag‘ri keng o‘lkalar hammasi endi yaxlit bir davlat bo‘lib birlashganligi,
Balxdan Kobulgacha, undan Laxo‘r va Dehligacha hamma joyda Boburning muhri
bosilgan farmonini beto‘xtov ado etishlaridan sezilar edi. Bu farmonga muvofiq Xuroson
va Movarounnahrdan Boburning taklifi bilan kelayotgan ilmu san’at ahlini,
hunarpeshalarni barcha viloyat hokimlari, barcha qo‘riqchi askarlar va bekat