www.ziyouz.com kutubxonasi
113
— Ho-ho-ho!
Boburning qo‘shini orqaga qaytib ketishi bilan darvoza oldida shovqin tindi-yu, keyin
shaharni u yer-bu yerida itlarning jon-jahd bilan hurgani, odamlarning achchiq faryodi
eshitila boshladi. Abu Yusuf Arg‘un boshliq xos navkarlar darvozani tinchitib, endi
fitnachilarni ovlashga kirishganini ayvonda o‘ltirgan Sulton Ali mirzo shu uzuq-yuluq
dod-voylar tovushidan sezdi.
— Endi tinch uxlasak bo‘lur, — deb xobgohiga kirib ketdi.
Ammo Zuhra begim qandillar yonib turgan o‘z xonasiga kelib, tong otguncha uxlamay
o‘tirdi.
Hozirgina bir falokatning oldi olingan bo‘lsa ham, ammo kelajakdagi mushkulotlar uning
uyqusini qochirmoqda edi. Bobur Samarqandni yana qamal qilishi mumkin. Uning o‘tgan
galgi qamali hali ko‘pchilikning esidan chiqqan emas. Ichkarida Zuhra begim ishona-
digan odamlar tobora kamayib boryapti. Bugun fitnachi beklar jazolansa va talansa,
Sulton Ali mirzodan norozi bo‘luvchilar yana ko‘payadi. Ularning boshchisi — Xo‘ja Yahyo
juda nufuzli ruhoniy. Sulton Ali mirzo Xo‘ja Yahyoga qarshi keskin chora ko‘rolmaydi.
Chunki bu-tun dindorlar Xo‘janing tomonida. Agar Xo‘ja avom xalqqa fatvo berib, butun
mullolarni ishga solsa, g‘ulu ko‘tarilib ketishi mumkin.
Zuhra begim xayolida o‘ziga tayanch izlar ekan, yaqinda Buxoroni olgan, endi
Samarqandga qo‘shin tortib kelishi kutilayotgan Shayboniyxon esiga tushdi. Bundan uch
kun burun naqshbandiy darvishlaridan biri Zuhra begimga Shayboniyxondan maxfiy bir
xat keltirib bergan edi. Begim pardali maxsus tokchada turadigan oltin sandiqchasiga
kalit solib ochdi-da, o‘sha xatni olib, qandil yorug‘ida qayta o‘qiy boshladi.
Zarvaraqqa bitilgan chiroyli yozuvda Zuhra begimning aqli va husni ustalik bilan
ta’riflangan, yosh umrini o‘g‘liga fido qilib ersiz yurgani alohida ehtirom bilan tilga
olingan edi. Xatning eng g‘alati joyi— Shayboniyxonning Zuhra begimga g‘oyibona
ko‘ngil qo‘yib, unga uylanmoqchi ekanini she’r bilan aytgani edi:
«O‘g‘lingiz o‘g‘limu o‘zingiz yorim,
Dilbaru hamnafasu dildorim».
Hozir shu satrlarni o‘qiyotganda Zuhra begim zabardast bir erkakning o‘tli nafasini o‘z
yuzida his qilganday bo‘ldi. Zuhra begim olti yildan beri mana bu to‘shakda yolg‘iz
yotadi. Uning gulday umri bevalikda so‘lib boryapti. Zuhra begim tegaman, desa uni
oladigan zodagonlar topilar edi. Axir u ta’rifi ketgan go‘zal qiz bo‘lgani uchun Sulton
Mahmudxonday podshohning suyukli xotiniga aylangan edi. Biroq o‘g‘li taxtda o‘tirgan
Zuhra begim faqat o‘ziga munosib podshohga tegishi mumkin, udum shunday.
Mana endi unga xaridor podshoh ham topildi. Begim Shayboniyxonning she’ridagi
ikkinchi satrni yana bir o‘qiganda, xayoliy bir erkak uni quchib, «Dilbar yorim, dildorim!»
deb erkalayotganday bo‘ldi-yu, badani qizib ketdi.
U o‘rnidan turib, katta toshoyna oldiga bordi-da, o‘zining aksiga tikilib qaradi. Uyqusiz
tundan ko‘z ostilari xiyol ko‘karib salqigan. Ammo qoshlar — qaldirg‘och qanoti. Qora
ko‘zlari uchqun sochib porlaydi. Ko‘kraklar baland. Bo‘yni oq marmarday silliq, lab-lari
ehtirosli.
Shayboniyxonning yoshi ellikka yaqinlashgan, xotinlari va bolalari bor, Zuhra begim buni
biladi. Ammo begim o‘zining oynadagi aksiga mamnun tikilib turgan shu daqiqalarda:
«Shayboniyxonning sahroyi xotinlari nima bo‘lipti? — deb o‘ylandi. — Men xonni o‘zimga
shunday rom qilayki, hammasi og‘zini ochib qolsin!»
Ertasiga o‘sha darvish kelib, begimning javobini olib ketishi kerak. Begim
Shayboniyxonga xat yozish uchun qog‘oz qalam oldi.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |