Arab istilochilari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Arab qoʻshinlari Chochga ilk bor 713-yilda bostirib kelishgan. Tabariyning yozishicha, Chochni zabt etish uchun arablar 20 ming kishilik qoʻshin tortgan. Shahar aholisi arablarga qarshi qattiq qarshilik koʻrsatgan. Pekin, arablar koʻp oʻtmay Chochni bosib olganlar va talon-toroj qilib katga oʻlja bilan qaytganlar. Arab istilochilari tomonidan vayron etilgan shahar oʻzini oʻnglay olmadi. Faqat 9-asrga kelib, avvalgi oʻrnidan 4– 5 km shimoli-gʻarbroqda, Boʻzsuv kanalidan chiqarilgan Kaykovus (Kolkohdiz) arigʻi yonida yangitdan vujudga kedli va yana Chochning poytaxtiga aylanib, jadal taraqqiy eta boshladi. Bu yangi shahar arab manbalarida Binkat (uzoqdan koʻrinib turuvchi yoki quyi shahar) deb tilga olinadi. Bu nom 9— 10-asrlarda zarb etilgan kumush va chaqa tangalarda Shosh va Madinat ash Shosh nomlari bilan bir qatorda uchraydi. Bu shaharda ham hunarmandchilik va savdo-sotiq tez rivoj topdi. Arablar dashtlik chorvador kabilalar hujumidan hosildor yerlarni muhofaza qilish maqsadida 8-asrning 70-yillarida Chirchiq vohasining shimoli-gʻarbiy chegaralari boʻylab Soyliq qishlogʻi yonidagi togʻlardan to Sirdaryogacha devor qurdirganlar. Uning xarobalari Kampir devor nomida saqlanib qolgan.
Shosh Somoniylar davrida[tahrir | manbasini tahrirlash]
9—10-asrlarda Shosh Somoniylarga tobe boʻlgan. Yozma manbalar va arxeologik tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, Binkat shahrining keyingi asrlardagi oʻrni Shosh Toshkentning toʻrt dahasida, asosan, uchtasi — Sebzor, Koʻkcha, Beshyogʻoch hududida joylashgan boʻlib, u alohida qalin devorlar bilan oʻrab olingan 4 qism: ark (oʻrda), shahriston (shaharning asosiy qismi) hamda ichki (rabodi doxil) va tashqi (rabodi xorij) rabodlardan iborat boʻlgan va bir necha qator mudofaa devori bilan oʻralgan. Shu davrdagi ark (maydoni 3 ga) va shahriston (maydoni 15 gektarcha) shahar markazida hozirgi Shayxontohur tumani hududidagi Eski joʻva bozori va undan sharqdagi katta tepalikda joylashgan. Qalʼada hukmdor saroyi va zindon boʻlgan. Saroyning bir darvoza (qopqa)sidan shahristonga, boshqasidan shaharning ichki rabodiga chiqilgan. Shahar markazida bozor boʻlgan, u „Joʻba“ deb yuritilgan. Markaz bilan shahar darvozalari koʻchalar orqali bogʻlangan. Bir va ikki qavatli paxsa yoki sinchkori devorli hovlili qilib turar joylar qurilgan. Ichki va tashqi rabod devorlari oraligʻi 4 km boʻlgan. Shaharda kulolchilik, oʻqyoy, gazlama, gilam, chodir hamda charm mahsulotlari ishlab chiqarish. rivojlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |