Bir vaqtning o‘zida puxta ishlab chiqilgan soliq siyosatining hayotga qanday tadbiq etilishi shu siyosatni amalga oshirishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan soliq mexanizmiga uzviy bog‘liqdir. Soliq siyosatining makroiqtisodiy holatga ta’siri juda katta bo‘lib, mamlakatda yaratiladigan yalpi ichki mahsulot va milliy daromadning o‘zgarishi soliq siyosatining samarasiga bevosita bog‘liqdir. Soliq siyosatining makroiqtisodiy holatga ta’sirini soliqlarning yalpi talab va yalpi taklifga, investitsion muhitga, iste’molga, iqtisodiy barqarorlikka ta’siri kabilar bilan baholash mumkin. Soliq siyosatini amalga oshirishda muhim bir mezon bo‘lib soliq stavkalari hisoblanadi. Soliq stavkalarining o‘zgartirilishi bevosita talablar yig‘indisiga ta’sir qiladi. Iste’molning ham, investitsiyalarning ham hajmi soliqlarning katta-kichikligiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, byudjetga soliq tushumi kamayib, davlat xarajatlari avvalgicha qolgan paytda iste’mol va investitsiya xarajatlarining o‘sishi rag‘batlantiriladi. Yalpi talab qanchalik ko‘paygani bilan u iqtisodiyotni ishlab chiqarish imkoniyatlari (mavjud resurslar vatexnologiyalarning shartli miqdori va sifati) doirasidan tashqariga «surib qo‘yishga» qodir bo‘lmaydi. Ishlab chiqarishimkoniyatlari chegarasiga yaqinlashganda yig‘ma talabning o‘sishi asosan real ishlab chiqarishning emas, balki narxlarning ko‘tarilishi hisobiga ro‘y beradi. Binobarin, rag‘batlantiruvchi soliq-byudjet siyosati iqtisodiyot pasayish vaziyatida bo‘lgandagina chinakam ijobiy samara beradi. Soliq siyosati olib borilayotganda qisib chiqarish deb ataladigan vaziyat bilan to‘qnashuv ro‘y beradi. Masalan, davlat xarajatlari o‘zgarmay turgan sharoitda soliq tushumlari kamaydi (yoki aksincha, davlat xarajatlari ko‘payib, soliq tushumlari esa avvalgi darajasida qoldi). Davlat xarajatlari va daromadlari o‘rtasidagi farqning ortishini (byudjet kamomadining o‘sishini) davlat qarzlar hisobiga qoplashga majbur. Bunda davlat obligatsiyalar chiqarishi mumkin, bu obligatsiyalarning sotilishi moliya bozori mablag‘laridan foydalanish imkonini beradi. Bunday sa’y-harakat moliya bozorida milliy jamg‘armalar taklifi kamayishiga olib keladi. Natijada foiz stavkalari ko‘tariladi va xususiy investitsiyalar hajmi tushib ketadi. Biz ko‘rgan holatda soliqlarning kamayishi tufayli kelibchiqqan byudjet kamomadining o‘sishi xususiy investitsiyalarni «surib chiqaradi»ki, buning natijasi o‘laroq, yalpi talab darajasi o‘zgarmay qoladi. Binobarin, qisqa muddat ichida surib chiqarish samarasi amal qilmaydi yoki sezilmaydigan darajada ro‘y beradi: moliya bozori takomillashmagani (korxonalar kapital mablag‘ sarflash uchun pul oladigan kredit haqidagi bitimlar ilgari tuzib qo‘yilgani) sababli investitsiyalar va jamg‘armalar uzoq istiqboldagina tenglashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |