ASOSIY TUSHUNCHALAR VA TA’RIFLAR
MMN - mexanizmlar va mashinalar xususiyatlarini tadqiq qilishning umumiy metodlari, ularning sxemalarini loyihalashtirish to‘g‘risidagi fan.
Mashina – energiya, materiallar va axborotni qayta o‘zgartirish uchun mexanik harakatlarni bajaruvchi qurilma.
Energetik mashina – energiyani qayta o‘zgartirish uchun mo‘ljallangan mashina (ichki yonuv dvigateli, elektrogenerator va b.).
Ish mashinasi – materialni qayta o‘zgartirish uchun mo‘ljallangan mashina.
Transport mashinasi – material joylashuvini o‘zgartirish uchun mo‘ljallangan ish mashinasi (yuk ko‘tarish krani, transportyor va b.).
Texnologik mashina – material xususiyatlari, shakli yoki holatini o‘zgartirish uchun mo‘ljallangan ish mashinasi (metall qirqadigan stanok, prokatlash stani va b.).
Axborot mashinasi – axborotni olish va qayta o‘zgartirish uchun mo‘ljallangan mashina (arifmometr, buxgalteriya mashinasi va b.).
Kibernetik mashina – odamga xos bo‘lgan ayrim mexanik, fiziologik yoki biologik jarayonlar o‘rnini bosuvchi yoki imitatsiya qiluvchi mashina (mashina-avtomat, manipulyator, robot).
Mashinalar tarkibiga turli mexanizmlar kiradi.
Umumiy holda, mexanizm deb, bir yoki bir necha jismlar harakatini boshqa jismlarning talab etiladigan harakatiga o‘zgartirish uchun mo‘ljallangan jismlar tizimiga ataladi. Mexanizmlar zvenolardan tashkil topgan.
Sxemalarda zvenolar arab raqamlari 1,2,3... va h.k. bilan belgilanadi.
Kirish zvenosi – ushbu zvenoga boshqa zvenolarning talab etiladigan harakatlarini mexanizm tomonidan o‘zgartirish uchun harakatlar beriladi.
Chiqish zvenosi – ushbu zveno mexanizm qaysi harakatni bajarishga mo‘ljanllangan bo‘lsa ushbu harakatni amalga oshiradi.
Boshlang‘ich zveno – umumlashtirilgan koordinata yoki harakatlanish qonuni belgilanadigan zveno.
Mashina tarkibiga kiruvchi mexanizmlar xilma-xildir. Ulardan biri absolyut qattiq (richagli, tishli, kulachokli mexanizmlar va sh.k.) jismlardan, boshqalari suyuq yoki gazsimon (gidravlik yoki pnevmatik mexanizmlar) jismlardan iborat.
Mexanizmlarning xilma-xilligiga qaramasdan ularni turli alomatlari orqali tasniflash mumkin.
Funksional vazifasi bo‘yicha mexanizmlar quyidagi turlarga bo‘linadi:
a) dvigatellar va o‘zgartirgichlar mexanizmlari (ichki yonuv dvigatelining mexanizmi, nasos mexanizmi)
b) uzatish mexanizmlari (reduktor)
v) ijro mexanizmlari (press mexanizmi)
g) boshqarish, nazorat mexanizmlari (rostlagich mexanizmi, o‘lchash mexanizmi)
d) surish, transportlash mexanizmlari (chiviqli materiallarni surish mexanizmi, vintli shnek mexanizmi).
Konstruktiv bajarilish bo‘yicha mexanizmlar richagli, kulachokli, friksion, ponasimon, vintli, gidravlik, pnevmatik, elektr mexanizmlarga bo‘linadi.
Yagona funksional yoki konstruktiv alomat bo‘yicha guruhlarga birlashtirilgan mexanizmlarni tahlil qilish va loyihalashtirishda taklif etilgan mexanizmlarning tasnifidan foydalanish maqsadga muvofiq. Bunday yondoshish «Mashinalardetallari», «Loyihalashtirish asoslari», «Mashinalar va mexanizmlar detallari va uzellarini loyihalashtirish» kabi injenerlik fanlarini o‘rganishda o‘z o‘rniga ega.
MNNda yagona yondashish bilan mexanizmlarni tuzilmaviy, kinematik, va dinamik tadqiq qilishga imkon beradigan, L.V.Assur (1876-1920 yillar) tomonidan taklif etilgan tuzilmaviy tasnifdan foydalanilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |