Kurs ishini yozish va rasmiylashtirish tartibi
Oliy ta’limda kurs ishini yozish agar fan mutaxassislik fani hisoblanganda, usha fan yakunlanganda amalga oshiriladi. Kurs ishini har bir talaba o‘ziga ajratilgan mavzu bo‘yicha mukammal yoritilgan holda yozadi. Kurs ishini list qog‘ozga mazmun qismini qo‘lyozma tarzida, titul qismini esa kompyuterda tayyorlangan holatda tayyorlanadi. Hajmi asosiy mazmun qismi 35 sahifadan kam bo‘lmagan holda, hamda listning bir tomoniga yoziladi va sahifa raqami qo‘yib chiqiladi. Bunda kirish qismi boshlangan joydan nechanchi sahifaga to‘g‘ri kelsa ushandan boshlab raqamlanadi. Masalan kirish qismigacha titul(eng birinchi sahifa manzil va ma’lumotlar), tasdiqlanadigan(kafedra bayonnomasi, taqriz, mavzuning tasdig‘i) sahifalar, mundarijadan so‘ng kirish qismidan boshlab sahifa raqami qo‘yiladi. Kurs ishini foydalingan adabiyotlar ro‘yxati hajmga kiritilmaydi. Demak kirish qismidan boshlab toki xulosalar yakuniga qadar 35 sahifadan kam bo‘lmasligi kerak. Har bir sahifani ostiga zebra varag‘ini qo‘yib so‘zlar orasiga bir barmoq kattaligicha joy tashlab standart yozuv talablari bo‘yicha yozasiz.
Kurs ishini ilmiy rahbar tomonidan belgilab berilgan grafik asosida talaba shaxsan bajaradi. Talaba tanlangan mavzu yuzasidan qabul qilingan qarorning to‘g‘riligiga, uning topshiriqqa muvofiqligiga, kurs ishini bajarishda ko‘chirmachilik holatining yo‘qligiga javob beradi.
Kurs ishi Davlat ta’lim standartlarida talab etilganidek, talaba tomonidan tartibli rasmiylashtirilgan, xatosiz, aniq va tushunarli tilda, qisqartirishlarsiz (umumqabul qilinganlardan tashqari) yozilgan bo‘lishi kerak. Kurs ishi matnida “men” so‘zi o‘rniga “biz” so‘zini qo‘llash tavsiya etiladi. Masalan, “Men tomonimdan olib borilgan izlanishlarimga tayanib, shuni xulosa qilamanki, ...” degan jumlaning o‘rniga “Biz tomonimizdan olib borilgan izlanishlarga asoslanib, shuni xulosa qilishimiz mumkinki, ...” iboralarning ishlatilishi talab etiladi, ya’ni kurs ishi matni ilmiy tilda, rasmiy tusda bo‘lishi kerak.
Kurs ishi A4 o‘lchamdagi oq qog‘ozda, ko‘k rangli ruchkada yozilishi tavsiya qilinadi, boshqa rangdagi ruchkalarni ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Matnda ajralib tursin deb, paragraflar, jadvallar, rasmlar raqamini va nomlarini ham boshqa rangli ruchkada yozishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qo‘pol texnik tuzatishlarga yo‘l qo‘yilmagani ma’qul. Kurs ishida varaqning chap tarafidan – 3 sm., pastdan va tepadan – 2 sm., o‘ngdan – 1,5 sm. hoshiya qoldirish tavsiya qilinadi, bunda bir betda 28-30 qator yozuv bo‘lishi zarur. Bunday cheklovlar kurs ishi hajmining sun’iy ravishda orttirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida belgilanadi. Bet tagiga tipografik sharoitda tayyorlangan yo‘l-yo‘l qog‘oz qo‘yib yoziladi, varaqning o‘ziga matn yozish uchun to‘g‘ri chiziqlar chizish yoki printerda chiziqlar chizilgan varaqlarga yozish tavsiya etilmaydi.
Kurs ishini yozish quyidagicha amalga oshiriladi.
Dastlab titul varaq, keyin tasdiqlanadigan bayonnoma va taqrizlar, mundarija joylashtiriladi va bular kompyuterda yoziladi. Bularni elektron variantini modulga joylab beramiz. Bulardan so‘ng kirish qismi taxminan butun hajmni 10-15 % ni tashkil qiladi va bunda mavzuning bugungi kundagi ahamiyati hamda dolzarbligi va maqsadi, vazifalari haqida umumiy tushunchalar beriladi. Keyingi navbatda mavzuning adabiyotlar yuzasidan o‘tkazilgan tahlili va nazariy ma’lumotlari haqidagi tushunchalari beriladi. Bu qism hajmni 20-25 % ni qamrab oladi. So‘ngra mavzu yuzasidan yaratilgan metodika, yangicha o‘rgatish usullari asosida mavzuni o‘rgatish amaliy topshiriqlarni bajarish asosida ko‘rsatib beriladi. Bunda ham hajmga e’tebor qaratadigan bo‘lsak 35-40 % da amalga oshiraladi. Navbatda mustaqil ishlar yoki dars ishlanmaar qismiga yetadi. Bu qismda esa mavzu yusadan yaratilgan topshiriqlar tizimi, ularni bajarish usullari ko‘rsatib beriladi yoki mavzuga doir dars ishlanmalar tayyorlab kiritiladi. Ushbu qism uchun 10-15 % hajm ajratiladi. Oxirida xulosa qilinadi va bunda mavzuning mazmuni, o‘rgatish usullari yuzasidan umumiy xulosalar qilinadi. Xulosadan so‘ng foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati keltiriladi. Bunda ham adabiyotlar alfabet tartibida joylashtiriladi va asosiy hamda qo‘shimcha adabiyotlarga ajratiladi. Adabiyotlardan so‘ng mavjud bo‘lsa ilovalar kiritaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |