Kurs ishini bajarish tartiblari va unga qo‘yiladigan asosiy talablar
Talabalar kurs ishi mavzusini tanlagandan so‘ng, mavzuga tegishli bo‘lgan adabiyotlarni, ilmiy maqolalar va turli xil manbalarni qidirib topib o‘rganishlari kerak. SHuningdek, talaba kurs ishi mavzusiga tegishli bo‘lgan rus tili va boshqa xorijiy tillardagi adabiyot hamda materiallardan mustaqil ravishda keng foydalanishlari lozim. To‘plangan ma’lumotlardan kelib chiqqan holda talabalar kurs ishi mavzusini to‘liq yoritib berishga qaratilgan kurs ishi rejasini tuzishlari kerak va shu reja asosida kurs ishining mohiyatini yoritishlari zarur.
Kurs ishi mavzusi talaba tomonidan tanlanadi. Uning hajmi 30-35 bet (kompyuterda terilganda,standart yozuv qog‘ozi bo‘yicha) yoki 45-50 bet (qo‘lda yozilganda, standart yozuv qog‘ozi bo‘yicha) ga mo‘ljallanadi. Bu mavzuni har tomonlama chuqur o‘rganib, o‘z qobiliyatini, fanni o‘zlashtirishdagi harakati va intilishini ifodalash imkoniyatini beradi:
- kurs ishi mavzusi faqat darslik doirasida emas, balki qo‘shimcha adabiyotlar, shu mavzu bo‘yicha jurnal, gazetalardagi maqolalardan foydalanib, yoziladi;
- kurs ishida ilmiy izlanish unsurlari, nazariy qoidalar, tajribalar yoritiladi;
- ish bo‘yicha reja tuziladi, reja tarkibi: kirish, asosiy qism (yoritish kerak bo‘lgan masalalar), xulosadan iborat bo‘ladi;
- kurs ishi rasmiy qabul qilingan shaklda bo‘lishi kerak, ya’ni biron-bir muallifning fikri keltirilsa, jumlalar o‘zgartirilmay, qanday bo‘lsa, shunday ko‘chiriladi va qo‘shtirnoq ichiga olinadi, izoh beriladi. U sahifaning eng tagiga raqamlangan holda berilib, manba ko‘rsatiladi. Unda havola qilingan muallif, asar yoki maqolaning, nashriyotning nomlari, nashr qilingan yili va beti beriladi;
- matn mustaqil yoziladi. Talaba kurs ishi yozishda o‘rganayotgan adabiyotlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirmay, avval o‘qib chiqib, tushunib, boshqalari bilan taqqoslab, so‘ngra o‘zining fikrini bayon qilmog‘i lozim.
Kurs ishi rejasini o‘qituvchidan maslahat olib tuzish maqsadga muvofiq. Reja – kirish qismidan, mavzuning iqtisodiy mazmuni va mohiyatini ochib beruvchi 4-5 ta savollardan va xulosa qismidan iborat bo‘ladi. Rejadagi savollar mantiqan bir-birlari bilan bog‘langan bo‘lishi, har bir keyingi savol o‘zidan oldingi savolning mantiqan davomi bo‘lib, bir butunni tashkil etishi kerak.
Ishning kirish qismida tanlangan mavzuning ahamiyati, fanni o‘rganishda tutgan o‘rni, ko‘rilayotgan masalaning dolzarbligi, amaliy ahamiyati ko‘rsatiladi. Kirish qismida tanlangan mavzu bo‘yicha nima maqsad qo‘yilgani qisqacha bayon qilinishi kerak. Xulosa qismida mavzu bo‘yicha chiqarilayotgan asosiy xulosalarni aniq ifodalash va ishda tahlil qilingan masalalarni hal etish bo‘yicha muallifning tavsiyalari berilishi kerak. Ular qisqa va lo‘nda, ish mavzusidan kelib chiqqan holda tushunarli tilda bayon qilinishi lozim.
Kurs ishida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha matndan kelib chiqib, bildirilgan asosiy xulosalar ishning qadr-qimmatini oshiradi. Talabaning mavzuni chuqur o‘zlashtirganidan, yaxshi bilimga ega ekanligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |