1.2. O’zbekistonda mulkchilik tizimining faoliyat mexanizmini belgilovchi me’yoriy-huquqiy bazasi.
O’zbekistonda mulkchilik tizimining faoliyat mexanizmini belgilovchi me’yoriy-huquqiy bazasi 1990-yil 31-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan “Mulkchilik to‘g‘risida”gi qonun asosiysi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida mulkchilikka doir munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solib turiladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi, “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning ham tegishli moddalari orqali mulkchilik mexanizmi barqaror amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasida ko‘rsatilishicha: “Mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.”5
O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan “Mulkchilik to‘g‘risida” gi qonunning 1-moddasida ta‘kidlanganidek:
1. O‘zbekiston Respublikasida mulkiy huquq tan olinadi va qonun bilan muhofaza etiladi.
2. Mulkdor o‘ziga tegishli mol-mulkka o‘z ixtiyoriga ko‘ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
Mulkdor o‘z mol-mulkiga nisbatan qonunga zid bo‘lmagan har qanday xatti-harakatlarni qilishga haqlidir. U mulkdan qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday xo‘jalik yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishda foydalanishi mumkin.
3. Mulkdor o‘ziga qarashli mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf qilish huquqini boshqa shaxslarga berishga faqat o‘zi haqlidir. O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan hollarda, mulkdorning zimmasiga boshqa shaxslarning uning mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yo‘l qo‘yish vazifasi yuklanishi mumkin.
4. Mulkdor O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan shartlar va doira chegarasida o‘ziga tegishli mulkiy huquqni amalga oshirish paytida fuqarolarning mehnatidan foydalanish to‘g‘risida ular bilan shartnoma tuzishga haqlidir.
Fuqaroning mehnatidan foydalanishga asos bo‘lgan mulkning qay shaklda ekanligidan qatiy nazar, fuqaro O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar va kafolatlar bilan ta‘minlanadi.
5. Mulkiy huquqning amalga oshirilishi atrof-muhitga zarar etkazmasligi, jismoniy, yuridik shaxslarning va davlatning huquqlarini buzmasligi hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlariga putur yetkazmasligi kerak.6
Iqtisodiyotning nodavlat sektorini rivojlantirish va xususiylashtirish borasida mustaqillik yillarida davlat tomonidan sezilarli ishlar amalga oshirildi. 1991-yil 19-noyabrda qabul qilingan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining qonuni “Mulkchilik haqida”gi qonunni ro’yobga chiqarish uchun shart-sharoitni ta’minladi. 1993-yil 7-mayda “Mulkchilik to’g’risidagi qonunga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonunda mustahkamlanib qo’yilgan qonunga muvofiq faqat jismoniy shaxslarga emas, balki nodavlat yuridik shaxslar ham mulk huquqining sub’yektlari deb e’tirof etiladi.
Davlat mulkining xususiylashtirilishi va kichik biznes rivojining rag’batlantirilishi natijasida O’zbekistonda yangi ijtimoiy qatlam – mulkdorlar sinfi paydo bo’ldi.
Xususiylashtirishning bir necha yo’llari mavjud:
Davlat korxonalarini aksionerlik jamiyatiga aylantirish;
Ijaraga olingan davlat korxonasini jamoa mulkiga aylantirish;
Davlat mulkini fuqarolarga bepul berish;
Davlat mulkini mas’uliyatini o’z zimmasiga oladigan mulk sohibiga berish;
Davlat mulkini chet el fuqarolariga berish;
Davlat mulkini auksionda sotish orqali amalga oshirish mumkin.
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish- sho’rolar iqtisodiy tizimini sindirib, uning asoratlarini bartaraf etish va erkin bozor iqtisodiyotiga o’tishning eng samarali yo’llaridan biri. Bu tadbir xususiylashtirish jarayoni bilan mantiqan bog’langan tushuncha bo’lib, davlatga oid tashkilot, korxona, muassasalarni hamda birlashmalarni davlat tasarrufidan, ya’ni davlat ixtiyoridan chiqarib, xususiy mulk egalariga bo’lib berish, aniqrog’i uni sotish tushuniladi.
Davlat tasarrufidan chiqarish- yangi boshqaruv tuzilmalarini barpo etish demakdir. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1994-yilning mart oyida “O’zbekiston Respublikasida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish bo’yicha davlat dasturi”ni tasdiqladi. Dastur bo’yicha:
Ular xususiylashtirishning Respublika dasturlarini ustivor yo’nalishlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilishi kerak;
Xususiylashtirishning mintaqaviy va tarmoq dasturlari asosiy qoidalarini amalga oshirish, qonun bo’yicha mintaqa yoki tarmoqda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish uchun mas’ul bo’lgan bo’linmalar va mansabdor shaxslarning mas’uliyat tartibi asosida tezkor va sifatli bajarilishi kerak.7
Istalgan tarmoqni davlat tasarrufidan chiqarish konseptsiyasi, mamlakatdagi haqiqiy iqtisodiy ahvolni va uning xususiyatini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.Bunda boshqa davlatlarda bo’lib o’tgan iqtisodiy tanglik davrlari inobatga olinadi. Tovar-pul mutanosibligiga, asosan, davlat mulkining bir qismini sotish, shuningdek, byudjet va kredit siyosatini o’zgartirish bilan erishish mumkin. Davlat samarasiz ishlab chiqarishlarni qo’llab-quvvatlashdan voz kechib, bu bilan chuqur tuzilmaviy o’zgarishlar uchun shart-sharoit yaratib berishi kerak. Mulkiy tabaqalanishni cheklovchi va ishlab chiqarish investitsiyalarini rag’batlantiruvchi soliq islohoti davlat tasarrufidan chiqarish keng tus olishidan oldinroq amalga oshirilishi kerak. Huquqiy shaxslar va fuqarolarning, shu jumladan, xorijiy fuqarolarning qonun bilan taqiqlanmagan har qanday xo’jalik faoliyatida tenglik e’lon qilinadi. Huquqiy shaxslar va fuqarolarning hech istisnosiz, davlat mulki hisoblanadigan mulk turlaridan tashqari, har qanday mulk turiga, shu jumladan, ishlab chiqarish vositalariga egalik qilish huquqi kafolatlangan.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish shakllarini mehnat jamoasining manfaatlarini hisobga olgan holda aniqlash;
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish vaqtida mulkni pulli va pulsiz topshirishni qo’shib olib borish;
Pulsiz va pulli xususiylashtiriladigan mulkdan ulush olishda fuqarolarning huquqlari tengligi;
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish sharoitida barcha fuqarolar ijtimoiy himoya qilinishini ta’minlash;
Oshkoralik davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish ustidan davlat va jamoat nazoratini yo’lga qo’yish;
Raqobat to’g’risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish.8
Shuni aytib o’tish joizki, xususiylashtirilgan mulkdan keladigan tushum orqali davlat byudjetini ko’paytirish ko’zda tutilmagan. Aksincha, bu tushumlar yordamida mulk ob’yektlarini ta’mirlash, ularni zamoniy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash ya’ni ishlab chiqarishda modernizatsiya va diversifikatsiya ishlarini olib borish hamda raqobatbardosh aniqroq qilib aytganda, jahon talablariga mos mahsulotlar yaratish uchun shart-sharoitlar yaratish asosiy maqsad qilib olingan.
Mamlakatimizda ko’p ukladli iqtisodiyot tarkibida davlat, korporativ va xususiy mulkning tengligi, ayni paytda xususiy mulkning ustuvorligi aniq belgilab qo’yilgani davlatimizning siyosiy va iqtisodiy tizimini, biz barpo etayotgan jamiyatning ma’no mazmunini aniq va ravshan ko’rsatib beradi.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksining 1-moddasiga ko‘ra:
Fuqarolik qonun hujjatlari ular tomonidan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining tengligini e‘tirof etishga, mulkning daxlsizligiga, shartnomaning erkinligiga, xususiy ishlarga biron-bir kishining o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligiga, fuqarolik huquqlari to‘sqinliksiz amalga oshirilishini, buzilgan huquqlar tiklanishini, ularning sud orqali himoya qilinishini ta‘minlash zarurligiga asoslanadi.
Fuqarolar (jismoniy shaxslar) va yuridik shaxslar o‘z fuqarolik huquqlariga o‘z erklariga muvofiq ega bo‘ladilar va bu huquqlarini o‘z manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiradilar. Ular shartnoma asosida o‘z huquq va burchlarini belgilashda va qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan har qanday shartnoma shartlarini aniqlashda erkindirlar.
Tovarlar, xizmatlar va moliyaviy mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining butun hududida erkin harakatda bo‘ladi.
Xavfsizlikni ta‘minlash, insonlarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, tabiatni va madaniy boyliklarni muhofaza qilish uchun zarur bo‘lsa, tovarlar va xizmatlar harakatda bo‘lishini cheklash qonun hujjatlariga muvofiq joriy etilishi mumkin.9
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksining 2-moddasiga ko‘ra:
Fuqarolik qonun hujjatlari fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi, shartnoma majburiyatlari va o‘zga majburiyatlarni, shuningdek boshqa mulkiy hamda u bilan bog‘liq shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi.
Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlarning ishtirokchilari bo‘ladilar.
Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, fuqarolik qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan qoidalar chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda chet ellik yuridik shaxslar ishtirokidagi munosabatlarga qo‘llaniladi.
Shaxsiy nomulkiy munosabatlar va mulkiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy munosabatlar, agar qonunlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki bu munosabatlarning mohiyatidan o‘zgacha hol anglashilmasa, fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan belgilarga javob beradigan oilaviy munosabatlarga, mehnat munosabatlariga va tabiiy resurslardan foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari bu munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda qo‘llaniladi.
Bir tarafning ikkinchi tarafga ma‘muriy bo‘ysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq, moliyaviy va boshqa ma‘muriy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari qo‘llanilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xulosa qilib aytganda, biz mulk va mulkdorlar masalasini yechishda umume’tirof etilgan tamoyillar bilan birga, o’zimizga xos milliy xususiyat va hayot tarzini inobatga olganmiz. Ayni shunday yondashuv va olib borayotgan siyosatimiz mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni saqlash, iqtisodiyotimizning ishonchli poydevori va tez sur’atlar bilan o’sishini ta’minlashda mustahkam omil bo’lib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |