Paydo bo’lishi. Xristianlik dini buddizm va islom dinlari qatorida jahonda eng keng tarqalgan dinlardan biri hisoblanadi. Ularning miqdori boshqa dinlarga qaraganda eng ko’p bo’lib, bu ko’rsatkich dunyo aholisining deyarli uchdan birini (taqriban 28 %) tashkil etadi.
Xristianlik, asosan, Yevropa, Amerika, Avstraliya qit’alarida hamda qisman Afrika va Osiyo qit’alarida tarqalgan.
Xristianlik milodning boshida Rim imperiyasining sharqiy qismida joylashgan Falastin yerlarida vujudga keldi. Iso Masih (Iisus Xristos), Bibliyaning xabar berishiga ko’ra, xristianlik ta’limotining asoschisi bo’lib, u Rim imperiyasi tashkil topganining 747 yili Falastinning Nazaret qishlog’ida bokira qiz Maryamdan Xudoning amri bilan dunyoga keldi. Yangi eraning boshlanishi ham Iso Masihning dunyoga kelishi bilan bog’liq.
Milodning boshlarida yahudiylar hokimiyatning uch tabaqasi bilan bog’liq og’ir tushkunlikni boshdan kechirar edilar. Bir tomondan Rim imperatori va uning joylardagi noiblari, ikkinchi tomondan Falastin podshohi Irod Antipa, uchinchi tomondan esa ruhoniylar xalqni turli soliqlar va majburiyatlar bilan ko’mib tashlagan edilar. Xuddi shu davrda yahudiylar o’rtasida kutilayotgan xaloskorning kelishi yaqinlashib qolganligi haqida xabar tarqatuvchilar paydo bo’ldi. Ular xalqni kutilayotgan xaloskor kelishiga tayyorlash uchun chiqqan edilar. Shunda Iso Masih yahudiylikni isloh qilish va uni turli xurofotlardan tozalash g’oyasi bilan chiqib, xristian diniga asos soldi. Yahudiylar uni va uning izdoshlarini Falastindan quvg’in qildilar. Isoning 33 yoshida fitnachilikda ayblab, qatl etishga hukm qildilar.
Isoning tarixiy xususida diniy va diniy bo’lmagan manbalar orasida ixtilof mavjud: xristian manbalarida Isoning o’zi xudo bo’la turib, insoniyatning gunohlarini o’ziga olish uchun odam qiyofasida tug’ilgani, uning hayot tarzi, insonlar bilan muloqoti haqidagi ma’lumotlar qayd etilsa-da, diniy bo’lmagan manbalarda Iso nomi uchramaganligini nazarda tutib, u tarixiy emas, balki afsonaviy shaxs deb hisoblovchilar ham bor.
Iso nomiga qo’shiluvchi “Masih” so’zi qadimiy yahudiy tili – ivritdagi meshiax so’zidan olingan bo’lib, «silangan» yoki «siylangan» ma’nolarini beradi. Yunon tilida bu so’z «xristos» shakliga ega. Bu dinning «xristianlik» yoki «masihiylik» deb atalishi ham shu so’zlar bilan bog’liq. Bundan tashqari xristianlikni Iso Masihning tug’ilgan qishlog’i – «Nazaret» bilan bog’lab, nazroniya deb ham ataganlar. Keyinchalik bu nom nasroniya shaklini olgan.
Iso Masih o’z ta’limotini o’zining 12 o’quvchisi apostollar – havoriylarga o’rgatdi. Ular esa Isoning vafotidan keyin ustozlarining ta’limotlarini har birlari alohida-alohida tarzda kitob shakliga keltirdilar. Bu kitoblar Bibliyaning «Yangi Ahd» qismini tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |