2.2 Kichik yoshdagi o’quvchilarda iqtisodiy tarbiyani tarkib toptiruvchi ertaklardan namunalar.
Boshlang’ich sinflarda badiiy asarlarning eng ko’p o’rganiladigan janriy turi bu ertakdir. Ertak xalq og’zaki ijodida eng keng tarqalgan janr bo’lib, ularda kishilar hayotida uchraydigan oddiy hodisalar va fantastik sarguzashtlar hikoya qilinadi. Ertaklarning ko’pida real hayot tasviri fantastik elementlar bilan qo’shilib ketadi. Boshlang’ich sinf o’quvchilari ertak bilan amaliy tanishtiriladi. Ertakning o’tkir maroqli syujeti, voqea rivojidagi favqulodda, ajoyib vaziyat bolalarni maftun qiladi; undagi mard, kuchli, topqir, dovyurak, chaqqon qahramonlar, ertakning g’oyaviy yo’nalishi, undagi ezgu kuchning – yaxshilikning doimo g’alaba qilishi bolalarni o’ziga tortadi. Ertakda qabul qilingan hikoya qilish shakli, bir xil so’z va iboralarning qayta-qayta takrorlanib turishi, ohangdorligi, tilining ta’sirchanligi, ifodali vositalarining jonliligi bolalar uchun juda qiziqarlidir. Ertakda qatnashuvchilar ko’pincha rahmdil, saxiy, adolatli hamda ularning aksi bo’lgan yovuz, baxil, ochko’z obrazlarga bo’linadi.
Ertakning pedagogik qimmati shundan iboratki, bolalar unda to’g’rilik, halollik g’alaba qilganidan, kishilar qiyinchilikdan qutulganidan, ya’ni yaxshilik, ezgulik ro’yobga chiqqanidan va yomonlik, yozuvlik mahkumlikka uchraganidan quvonadilar. Ular hayotda ham doim shunday bo’lishini istaydilar. Ertak bolalarda personajlarning xatti-harakatini muhokama qilib baholash ko’nikmasini o’stiradi. O’quvchilar ertakni tahlil qilish jarayonida kishilardagi qanday sifatlar sizga yoqadi? Nima uchun? ...nima uchun jazolanadi (yoki rag’batlantiriladi)? Nima uchun ertakdagi ba’zi qaxramonlarga xatto tabiat kuchlari ham yordam beradi, ba’zilaridan esa, aksincha, yuz o’giradi? kabi savollarga javob berish uchun o’ylaydilar, ertak qaxramonlarining xatti-harakatini muhokama qilib, uni baholashga o’rganadilar. Masalan, “Ur to’qmoq” ertagidagi asosiy fikr yaxshilikka-yaxshilik qaytishi, yovuzlik qoralanishini ifodalashdan iborat bo’lsa, “Donishmand” ertagida ahillikka undashdan iborat. Ertakda halq o’z hayotini o’zi hikoya qiladi, shuning uchun o’quvchilar ertakni o’qish bilan ma’lum davrdagi halq hayotini, o’ylari va orzu-istaklarini bilib oladilar. Ertak o’quvilar nutqini o’stirishda ham katta ahamiyatga ega. Ertak matni bog’lanishli nutqni o’stirish uchun zarur material beradi. Kichik yoshdagi o’quvchilar ertakni juda qiziqib, obrazli ifodalarni va tasviriy vositalarni, shuningdek, ertakning o’ziga xos sintaktik qurilishini, gap tuzilishini saqlagan holda jonli aytib beradilar. Ertak ustida ishlashda bolalarni ertakni o’qishgagina emas, balki uni aytib berishga o’rgatish ham muhimdir. Ertak aytish og’zaki nutqni o’stiradi, bolalar nutqini Yangi so’z va iboralar bilan boyitadi, ona tiliga muhabbatni tarbiyalaydi.Endi boshlang’ich sinf o’quvchilarida tarbiya turlarini shakllantiruvchi ertaklardan namunalar keltiramiz:
K A P A L A K
(ertak)
Chiroyli kapalak uchib kelib gulga qo’nibdi. Iqbol sekin borib uning qanotlaridan
mahkam tutib oldi.
-«Qo'yib yubor,- Iqbolxon, - qanotlarimni sindirma,»-dedi yig'lab chiroyli kapalak.
-«Men sen bilan o 'ynayman, rosa zerikib o'tirgan edim,»-dedi Iqbol.
-«Meni qo'yib yuborsang, har kuni kelib seni o’ynataman, zerikmaysan,»-dedi kapalak.
-«Meni zeriktirmaysanmi?» - deb so'radi Iqbol.
-«Yo'q, kel, o'rtoq bo'laylik»-dedi kapalak.
Iqbol chiroyli kapalakni qo'yib yubordi. Kapalak pirillab uchdi.
-«Kapalak, kapalak, qanotlaring chiroyli, ketma, birga
o'ynaylik,»-dedi Iqbol yana. Iqbol bilan kapalak o'rtoq bo'lishibdi.
Keltirilgan bu ertak o’quvchilarda nafaqat do’stlik mehr-muruvvat tuyg’ularini, balki, ekologik tarbiyani ham shakllantirishga yordam beradi. Bu ertak orqali o’tkazilgan suhbatda o’qituvchi yosh kitobxon ongiga ona tabiatga e’tiborli bo’lish, o’simlik, hayvonlarga zor bermaslik, aksincha, ularni parvarishlash kerakligini singdirishi mumkin.
MAJNUNTOL VA MIRZATERAK
Mag'rur Mirzaterak kamtarin Majnuntolga:-«Senga juda hayronman, oldingdan odam arimaydi. Seni mensishmaydi shekilli»—dedi.
Majnuntol javob berdi:- «Men odamlarni juda yaxshi ko'raman. Ular soyamda o'tirishsa dilim yayraydi. Sen esa o'z - o'zingga mahliyo bo'lib doim yuqoriga
qaraganing-qaragan. Shuning uchun, oldingga hech kim kelmaydi».
Bu “Majnuntol va Mirzaterak” ertagi orqali o’quvchilarga kamtarlik insonning eng yaxshi fazilati ekanligi o’rgatiladi. Shu o’rinda ertakni xulosalovchi suhbatda o’quvchilarga “Kamtarga – kamol, Manmanga – zavol” maqolining mohiyati ochib beriladi.
Bundan tashqari boshlang’ich sinf darsliklarida o’quvchilarda iqtisodiy tarbiyani shakllantiruvchi turli janrlardagi (ertak, hikoya, masal) badiiy matnlar keltirilgan:
1-sinf O’qish darsligida keltirilgan Abdulla Avloniy qalamiga mansub “Aqlli qarg’a” ertagi. Yoz fasli jaziramasida hamma yoqda suvlar quribdi. Bechora qarg’a suv yo’qligidan chanqab juda qiynalibdi. Har tarafdan suv axtarar ekan, birovning oldida turgan ko’zani ko’rib qolibdi. Ko’zaning yoniga kelib qarasa, ichida suv bor ekan. Lekin bo’ynini suqib ichay desa, bo’yi yetmabdi. Shunda u tumshig’I bilan toshlarni yig’ib ko’zaning ichiga tashlay boshlabdi. Birozdan so’ng ko’zaning ichidagi suv ustiga chiqibdi. Aqlli qarg’a ko’zadagi suvdan ichib, tashnalikdan qutulib uchib ketibdi. Darslikda berilgan bu ertak o’quvchilarda tadbirkorlik, aqlni to’g’ri ishlata olish tez va to’g’ri qaror qabul qilish qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan. Ertakni o’qish va suhbat jarayonida o’qituvchi o’quvchilarga aqlli, bilimdon kishi har qanday qiyin vaziyatda bo’lsa ham biror yo’l topa olishini o’rgatadi. Bundan tashqari o’quvchilar ongiga o’tkir aql egasi bo’lish uchun ko’proq kitob o’qish, to’g’ri ovqatlanish, badan tarbiyani kamda qilmaslik zarurligi ham singdiriladi.
2-sinf darsligida berilgan “Tandir” rivoyatida esa o’quvchilarga o’ylab ish qilish bilan birga birgina oddiy imoratni qurish uchun sarflanadigan mehnat va mablag’ qanchalik ekanligi, uni isrof qilmasdan oldin shu hadiqa o’ylash lozimligi g’oyasi ilgari surilgan:
KEKSA KULOL VA SHOGIRD
Bir mo‘ysafid kulolning uyiga o‘g‘lini boshlab kelibdi. unga hunar o‘rgatishni iltimos qilibdi. Kulol rozi bo‘libdi. Shogird kulolnikida soz tuproq qazibdi, suv tashibdi, loy qilibdi, o‘choqqa o‘t qalabdi. Xullas, uning aytganlarini bajo keltirib yuribdi.
Oradan bir necha qish-u yoz o‘tibdi. Shogird: “Kulolchilikni miridan sirigacha bilib oldim, endi yugurdak bo‘lib yuramanmi?” – debdi-da, ustozidan javob so‘rabdi.
Kulol bo‘lsa:
– O‘g‘lim, hunar injiq narsa, sabr-toqat qilib, yana biror yil menga qarashib, o‘rganib turganing ma’qul edi, – debdi.
Shogirdning sabri chidamay, ustozini holi-joniga qo‘ymay,fotihasini olibdi. Katta bozorda do‘kon ochgan kunlari xaridorlar uning piyola, choynak, ko‘zachalarini talashib olib ketishibdi. Ustozi bo‘lsa: “Mayli, oxiri xayrli bo‘lsin!” – deb o‘z yumushini davom ettiraveribdi.
Oradan biroz vaqt o‘tar-o‘tmas shogirdning ishi yurishmay qolibdi, uning mollarini xarid qilmay qo’yishibdi. Uning yasagan tovoq, laganlari sirlari xiralashib, ko’chib ketayotgan emish. Oxiri shogird datsmoyasidan ajrab, ko’p aziyat chekibdi. Nihoyat, kulolnikiga pushaymon bo‘lib qaytib kelibdi. Kulol uning joniga tag‘in ora kiribdi. Kunlar o‘tibdi. Shogirdiga kulol:
– Bolam, alaxsimay, razm solib tur! – debdi-da, qurigan idishlarini bir-bir puflab, so‘ngra sir beribdi. Shunda lagan-u tovoqlarning chiroyi yanada ochilib, yarqirab ketibdi. Shogird endi uning hunarini batafsil egallab olishga astoydil bel bog‘labdi.
UCH O’G’IL
Bor ekan-u yo‘q ekan, qadim zamonda bir dehqon bo‘lgan ekan. uning tirikchiligi
yaxshi ham, yomon ham emas ekan. Uch nafar o‘g‘li bor ekan. Bir kuni dehqon
uzoq safarga chiqmoqchi bo‘libdi. Yo‘l oldidan o‘g‘illarini yoniga chaqirib, debdi: – Men uzoq yurtlarga ketyapman. Har biringizga bir juftdan tovuq, o‘rdak, g‘oz berib ketaman. Men kelguncha tuxumini sotinglar, lekin pulini aslo sarflamay, yig‘inglar.
Dehqon bobo to‘ng‘ich o‘g‘liga bir juft tovuq, o‘rtanchasiga bir juft o‘rdak, kenjasiga bir juft g‘oz beribdi-da, jo‘nab ketibdi. Parrandalar tuxum tug‘a boshlabdi. Uch o‘g‘il tuxumlarni sota boshlashibdi. Qo‘liga pul tushgan katta o‘g‘ilning fikri buzilibdi. “Tuxumning pulini yig‘ib nima qildim? Dadam kelgunicha yaxshilab o‘ynab olay. Agar ular so‘rasa, tovug‘ingiz tug‘mas ekan, deyman”, – degan xayolga boribdi.
O‘rtancha o‘g‘il ham oldin o‘rdakning tuxumlarini, keyin o‘zini ham sotib yuboribdi.
Kenja o’g’il esa g’ozning tuxumlarini yig’ib, bostiribdi. G’ozlarni ko’paytirib, tuxumlarini sotibdi. Otasi kelguncha anchagina pul yig’ibdi. Otasi safardan qaytgach to’ng’ich o’g’lini huzuriga chaqiribdi. To’ng’ich o’g’li oldindan tayyorlab qo’ygan javobini aytibdi. “Sen yaxshi odam bo‘lmas ekansan. Qariganimda kunimga asqatmas ekansan”, – deb ko‘nglidan kechiribdi ota. O‘rtancha o‘g‘lini chaqirgan ekan, u ham yolg‘on gapiribdi. “Sen qariganimda qarash tugul, o‘zingni ham eplolmas ekansan”, – xayolidan o‘tkazibdi ota. Kenja o‘g‘il tuxum sotib yig‘gan pullarini beribdi. G‘ozlarini ko‘rsatibdi. Ota mamnun
bo‘libdi: “Sen mehnatkash, yaxshi odam bo‘lar ekansan”.
Oradan yillar o‘tibdi. Ota avval ikki katta o‘g‘lini, keyin kenjasini uylantirib qo‘yibdi. Ikki katta o‘g‘ilning turmushi birinchi kundanoq yaxshi bo‘lmabdi. Ular tez orada bor bisotlarini sotib, yeb-ichib tugatishibdi-da, yana otalarining qo‘liga qarab qolishibdi. Kenja o‘g‘il esa tadbirkorlik bilan ish tutib, kundan kun yaxshi yashay boshlabdi. Otasining hurmatini joyiga qo‘yib, izzatikrom qilibdi. Dehqon kenja o‘g‘lidan rozi bo‘libdi.
Bu ertak kelib chiqadigan xulosa shuki, mehnat va aqlni to’g’ri ishlatish, tadbirkorlik bilan ish yuritish hamisha foyda keltiradi.
OMONATGA XIYONAT
Kunlardan bir kuni bir kishi o‘ralgan, muhrlangan
bir xaltachani do‘stining huzuriga keltirib:
– Do‘stim, men safarga chiqib ketayotibman, ichida ming tanga oltin bo‘lgan shu xaltachani senga omonat topshiraman, safardan qaytib kelganimdan so’ng olaman, - deb xaltachani topshirdi va o’sha kuni safarga chiqib ketdi.
Do‘sti omonatga xiyonat qilib, xaltachaning bir tomonini so‘kdi, oltinlarni olib, tangalar bilan to‘lg‘izdi, so‘kilgan joyini hech bilinmaydigan qilib tikib qo‘ydi.
Oradan o‘n yil o‘tgandan keyin omonat egasi safardan qaytib kelib, do‘stidan qo‘ygan omonatini talab qildi. Omonat egasi xaltachani ochib tangalarni ko‘rgach, hayron bo‘lib, do‘stidan:
– Xalta ichidagi oltinlarim qani? – deb so‘raganda, do‘sti inkor qilib:
– Xaltachaga nima solib qo‘ygan bo‘lsang, shunday turibdi, qarab ko‘r, bosgan muhring ham buzilmagan, tag‘in nima da’vo qilasan? – dedi.
Omonat egasi xaltachani olib, shahar qozisining huzuriga bordi va voqeani bayon qildi. Qozi juda aqlli va tadbirli odam edi. U darhol xiyonatchi do‘stini chaqirib olib, omonat egasining shikoyatini aytdi. Xiyonatchi do‘st inkor etishda davom qildi.
– Omonatni qabul qilganingga necha yil bo‘ldi? – deb so‘radi qozi. U o‘n yil bo‘lganini aytdi. Qozi hamma tangalarning bosilgan yillariga ko‘z tashladi. Tangalarning bosilganiga ikki-uch yildan ortiq bo‘lmagan edi. Qozi xiyonatchi do‘stga tangalarning bosilgan yillarini ko‘rsatgan edi, u sharmanda bo‘lib, qilgan aybiga iqror bo‘ldi. Tadbirli, farosatli qozi oltinlarni xiyonatchidan olib, egasiga topshirdi. Qozining buyrug‘i bilan xiyonatchini eshakka teskari mindirdilar. «Omonatga xiyonat qilgan kishilarning jazosi shunday bo‘ladi!» – deb qichqirib, shahar ko‘chalari va bozorlarni aylantirdilar.
Bu ertak orqali o’quvchilarga omonatga xiyonat qilmaslik, vadaga vafo qilish kabilar ibrat sifatida ko’rsatiladi. Boshlang’ich sinf o’quvchilarini bu kabi ertak va rivoyatlar bilan tarbiyalash ularning tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi va dunyoqarashlarini kengaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |