Soliq siyosatining mohiyati, xususiyatlari va iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitidagi vazifalari
Soliqning kelib chiqishi davlatning paydo boʻlishi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, juda qadimiy tarixga ega. Tarixiy manbalarda bundan 3760 yil muqaddam Bobil davlatida Hammurapi qonunlari bilan soliqning joriy etilgani toʻgʻrisida maʼlumotlar uchraydi. Hozirgi davrda ham davlat bajaradigan vazifalarni mablagʻ bilan taʼminlash muammosi soliqning obyektiv zarurligini keltirib chiqaradi.
Bozor iqtisodiyotiga davlat ta'sir ko'rsatadigan ko'plab iqtisodiy dastaklar orasida soliqlar muhim o'rin tutadi. Bozor munosabatlari sharoitida va ayniqsa, bozorga o'tish davrida soliq tizimi eng muhim iqtisodiy tartibga soluvchilardan biri bo'lib, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning moliyaviy-kredit mexanizmining asosidir. Davlat soliq siyosatidan salbiy bozor hodisalariga ta'sir ko'rsatishning ma'lum regulyatori sifatida keng foydalanadi. Butun milliy iqtisodiyotning samarali ishlashi soliq tizimining qanchalik to'g'ri qurilganiga bog'liq.
Soliq siyosati haqida so’z yuritar ekanmiz, biz uning nihoyatda ko’p qirrali va murakkab kategoriya ekanligini alohida ta’kidlashimiz kerak. Hozirgi kunga qadar soliq siyosati tushunchasi borasida yagona fikr mavjud emas. Masalan, g’arb iqtisodchilari Stenli Fisher, Rudiger Dornbush va Richard Shmalenzilarning fikricha, soliq siyosati mustaqil tushuncha hisoblanmaydi. Ular soliq siyosati tushunchasiga fiskal siyosat tushunchasi orqali yondoshadilar. Fiskal siyosat esa davlatning o’z daromadlari va xarajatlari bo’yicha qaror qabul qilishi bo’lib hisoblanadi, - deb ta’kidlashadi.2 Soliq siyosati davlat iqtisodiy siyosatining tarkibiy qismi bo’lib, uni falsafiy kategoriyaga taqqoslaydigan bo’lsak, u ustqurmaga taalluqlidir. Ma’lumki, har qanday jamiyatda ham davlat biron-bir maqsadga erishish, oldiga qo’yilgan vazifa va majburiyatlarni bajarish uchun moliyadan keng foydalanadi. Soliq siyosati qo’yilgan maqsadlarni hayotga tadbiq etish uchun bajarilishi lozim bo’lgan vazifalarni tashkil etishda asosiy rol o’ynaydi.
Uni ishlab chiqish jarayoni va hayotga tadbiq etishda, jamiyat oldida turgan vazifalarni bajarish sharoitlarini ta’minlab, iqtisodiy manfaatlarga ta’sir ko’rsatadigan qurol sifatida namoyon bo’ladi. Soliq siyosatining asosiy yo’nalishi moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, moliyaviy tizim sohalari o’rtasida qayta taqsimlash va bosh yo’nalishga ega bo’lgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni barqarorlashtirish maqsadida davlat ixtiyoridagi moliya resurslarini markazlashtirishdan iboratdir.
Xorij iqtisodiy maktabining Kempbell R.Makkonell va Stenli L.Bryu kabi namoyondalari ham shunga o’xshash fikrlarni bildirib, moliyaviy-byudjet va fiskal siyosat tushunchalarini bir o’ringa qo’yishadi.
Professor V.V.Lavrovning fikricha, soliq siyosati ishlab chiqarishni hisobga olish va nazorat qilish, mehnat sifati va mahsulotlarni taqsimlash bilan bevosita bog’liq. Rus olimi I.V.Levchuk soliq siyosatining ishlab chiqarishni rivojlantirishdagi katta rolini ko’rsatib, u birinchi navbatda, moliyaviy mablag’larni taqsimlash va foydalanishda markazlashtirish va demokratik boshqarishni tashkil etishda xizmat qiladi, deydi.
Shuningdek, rus iqtisodchi olimi M.K.Sheremetev o’zining «Finansi» asarida soliq siyosatiga quyidagicha tushuncha beradi: birinchidan, soliq siyosati – bu moliyadan foydalanish bo’yicha davlatning asosiy yo’nalishidir; ikkinchidan, mamlakat iqtisodining ichida ro’y beruvchi moliyaviy jarayonlarning natijasidir3.
Yuqoridagilarga asoslanib, soliq siyosati – bu aholining hayot darajasini oshirish maqsadida moliyaviy mablag’larning davlat tomonidan tartibga solinishidir, - deb aytishimiz mumkin.
Soliq siyosati haqida fikr yuritganimizda, uning turlariga alohida to’xtalib o’tishimiz lozim bo’ladi. Hozirgi kunda soliq siyosati turlarini quyidagicha guruhlash mumkin:
-iqtisodiy o’sish siyosati;
-muvozanatlashtirish siyosati;
-chegaralash siyosati.
Soliq siyosatining yuqorida keltirib o’tilgan turlari milliy daromad hajmini va aholi bandligi darajasini oshirishga, davlat xarajatlari tizimini nazorat qilish, soliqlar vositasida iqtisodiyotni tartibga solish, byudjet-soliq siyosati yaxlitligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |