Bugungi kunda taʼlim sohasini tubdan takomillashtirish davr talabiga aylangan. Ushbu talabdan kelib chiqqan holda, taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar qabul qilinmoqda. Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʼgʼrisida”gi qonuni 2020 yil 23 sentyabrь kuni qabul qilingan boʼlib, uning maqsadi taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Mazkur Qonunga asosan taʼlim sohasidagi asosiy printsiplar, taʼlim tizimi, turlari va shakllari aniq belgilab qoʼyildi, unda belgilangan masofaviy taʼlim haqidagi qoidalar oʼquv rejalari va oʼquv dasturlariga muvofiq taʼlim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va koʼnikmalarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda Internet jahon axborot tarmogʼidan foydalangan holda masofadan turib olishga qaratilgan.
Shuningdek, Qonunga koʼra, davlat oliy taʼlim, oʼrta maxsus, professional taʼlim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, oʼrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladigan boʼldi. Nodavlat taʼlim muassasalarini tashkil etish ularning taʼsischilari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziya Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan beriladigan boʼldi.
Qonunda dual taʼlimga oid qoidalar belgilanib, u taʼlim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va koʼnikmalarni olishga qaratilgan boʼlib, ularning nazariy qismi taʼlim tashkiloti negizida, amaliy qismi esa taʼlim oluvchining ish joyida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, qonunga inklyuziv taʼlim toʼgʼrisidagi qoidalar kiritilib, unga binoan, inklyuziv taʼlim alohida taʼlim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olgan holda barcha taʼlim oluvchilar uchun taʼlim tashkilotlarida taʼlim olishga boʼlgan teng imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan. Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʼlgan bolalar (shaxslar) uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlimni tashkil etadi.
Mazkur qonun jahon standartlari talablaridan kelib chiqqan holda taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning qamrovi kengligi va oʼziga xos xususiyatga ega ekanligi bilan 1997 yil 29 avgust kuni qabul qilingan “Taʼlim toʼgʼrisida”gi qonundan tubdan farq qiladi.
Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning maʼlum qismini, albatta, oliy taʼlim tizimidagi islohotlar tashkil etadi.
Hususan, Oʼzbekiston Respublikasida oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʼnalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʼor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PF–5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʼzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Kontseptsiyasi mazkur sohadagi yangi islohotlar uchun debocha vazifasini bajarib bermoqda.
Xulosa oʼrnida, taʼlim sohasidagi islohotlar ham bugungi kunda oʼzining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng koʼlamda davom ettirish davr talabidir.
O’zbekiston respublikasida ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar
«O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi» 41-moddasida ta’kidlanganidek, «har kim bilim olish xuquqiga ega»
O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishini, jamiyatning ma’naviy yangilanishini, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotining shakllanitirishni, jahon hamjamiyatiga qo‘shilishini ta’minlaydigan demokratik huquqiy davlat va ochiq (demokratik) fuqarolik jamiyati qurishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. 1997 yil 29 avgustda Prezident Islom Karimov Oliy Majlis X sessiyasida «Barkamol avlod – O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori» mavzuida nutq so‘zladi.Shu sessiyada «Ta’lim to‘g‘risida» gi Qonun qabul qilindi. U 5 bo‘lim 34 moddadan iboart. Shuningdek, sessiyada «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» ham qabul qilindi.
Inson, uning har tomonlama kamol topishi va farovonligi, shaxs manfaatlarini ro‘yobga chiqarishning sharoitlarini va ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, eskirgan tafakkur va ijtimoiy xulq-atvorning andozalarini o‘zgartirish respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi va harakatlantiruvchi kuchidir. Xalqning boy intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish O‘zbekiston taraqqiyotining muhim shartidir.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» «Ta’lim to‘g‘risi»dagi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalariga muvofiq holda tayyorlangan bo‘lib, milliy tajribaning tahlili va ta’lim tizimida jahon miqyosidagi yutuqlar asosida tayyorlangan holda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotga mustaqil ravishda mo‘ljalni to‘g‘ri ola bilish mahoratiga ega bo‘lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo‘naltirilgandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |