Bog'liq Raqamli texnologiyalar iqtisodiy yuksalishning muhim omili
3-bob. Nazoratning xolisligi va shaffofligini ta’minlash 31. Nazorat turlari bo‘yicha o‘quvchilar tomonidan yozilgan nazorat ishlarining xolisligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida uning belgilangan qismiga O‘quv-metodik bo‘lim boshlig‘i tomonidan tegishli belgi va raqamlar yoki elektron ta’lim platformasi tomonidan avtomatik ravishda identifikatsiya kodlari berish yo‘li bilan shifrlanadi.
32. O‘quv-metodik bo‘lim pedagoglarning yillik shaxsiy ish rejasida belgilangan o‘quv yuklamasidan kelib chiqib, modullar bo‘yicha shifrlangan nazorat ishlarini tekshirish uchun taqsimlaydi.
Nazorat ishlarini tekshirish muddatlari O‘quv-metodik bo‘lim tavsiyasi asosida direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan belgilanadi.
33. Nazorat ishlarini tekshirish pedagog xodimlar tomonidan yuridik texnikum binosining ichki qismida, maxsus ajratilgan xonada amalga oshiriladi. Nazorat ishini maxsus ajratilgan xona tashqarisiga olib chiqish taqiqlanadi. Maxsus ajratilgan xona ichkarisiga yuridik texnikum direktori, direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, O‘quv-metodik bo‘lim boshlig‘i, fakultet dekani va tekshiruvchi pedagog xodimlardan tashqari boshqa shaxslarning kirishi man etiladi.
Pedagog xodim tomonidan nazorat ishlari baholash mezonlari asosida tekshiriladi va nazorat ishining birinchi varag‘i ustiga ball qo‘yiladi. Ball aniq ifodalangan shaklda pedagog xodimning imzosi bilan tasdiqlangan holda qo‘yilishi kerak.
Pedagog xodim tomonidan har bir tekshirilgan nazorat ishiga taqriz beriladi hamda unda ish mazmunining ijobiy jihatlari va yo‘l qo‘yilgan xatoliklar aks ettirilishi lozim.
Shifrlangan nazorat ishini baholashning xolisligi va shaffofligiga ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganda, shu jumladan so‘zning ustiga yoki tagiga chizish yoxud atrofini chizib qo‘yish, ishda tekshiruvchi shaxs nomiga murojaatning mavjud bo‘lishi, matnning turli qismlariga (shu jumladan, ochiq qoldirilgan joylariga) grafik belgilar qo‘yish, ish matnida o‘quvchining familiyasi, ismi, otasining ismini ko‘rsatish holatlari mavjud bo‘lganda, nazorat ishi uchun nol reyting ball qo‘yiladi.
34. O‘quvchi tomonidan nazorat ishini bajarishda akademik halollik talablarining buzilishiga, jumladan mualliflikni o‘zlashtirish (plagiat)ga yo‘l qo‘yilmaydi. Nazorat ishida qog‘oz yoki elektron ko‘rinishda nashr qilingan o‘zga matndan olingan manbaga hech qanday havola qilmagan holda ishlatish yoki olingan manbaga havola qilingan bo‘lsada, lekin o‘zlashtirishlarning hajmi va xarakteri o‘quvchining nazorat ishini yoki uning asosiy qismini mustaqil yozilganligiga shubha uyg‘otadigan darajada o‘zlashtirilgan bo‘lsa, plagiat deb topiladi.
Plagiat ikki xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin:
o‘zga matnni so‘zma-so‘z bayon qilish;
parafraza — o‘zlashtirilgan o‘zga matnning mazmunini o‘zgartirmasdan so‘z va iboralarni almashtirib bayon qilish.
Nazorat ishi matnidagi o‘zganing mualliflik ishidan olingan har qanday matnda muallif, ishning nomi va ishning boshqa rekvizitlarini ko‘rsatgan holda havolalar keltirilishi shart. Nazorat ishini tekshirishda mualliflikni o‘zlashtirish (plagiat) holatlari aniqlanishi, shuningdek ikki yoki undan ortiq yozma ishning mustaqil yozilganligiga shubha uyg‘otadigan darajada o‘xshash bo‘lishi ushbu barcha o‘xshash nazorat ishlariga, shu jumladan baholangan o‘xshash nazorat ishiga (ishlariga) ham nol reyting ball qo‘yishga asos bo‘ladi.
35. Nazorat ishlarini tekshirish natijalari bo‘yicha tegishli ballar ishni tekshirgan pedagog xodim tomonidan darhol elektron ta’lim platformasiga kiritiladi va nazorat ishlari O‘quv-metodik bo‘limga topshiriladi.
36. O‘quv-metodik bo‘lim tomonidan nazorat ishlari natijalari asosida reyting qaydnomasi yoki elektron ta’lim platformasida o‘quvchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi identifikatsiya qilingan holda jamlovchi elektron reyting qaydnomasi shakllantiriladi.
Reyting qaydnomasiga tegishli ma’lumotlarning to‘g‘ri kiritilishi uchun elektron ta’lim platformasiga nazorat ishlarini tekshirish va ballarni kiritishga mas’ul bo‘lgan pedagog xodim javobgar bo‘ladi.
Jamlovchi reyting qaydnomasida tegishli ma’lumotlarning to‘g‘ri aks ettirilishi uchun O‘quv-metodik bo‘lim boshlig‘i javobgar bo‘ladi.
37. Nazorat ishlarini baholashning xolisligini o‘rganish maqsadida TDYU tomonidan nazorat ishlari tasodifiy tanlangan holda qayta tekshirilishi mumkin. Bunda, TDYU rektori buyrug‘i bilan TDYU professor-o‘qituvchilari jalb qilinadi va ular baholash mezonlari asosida o‘quvchilarga qo‘yilgan reyting ballarining xolisligini aniqlaydi.
Bunda, nazorat ishlari TDYU professor-o‘qituvchilari tomonidan bevosita joyiga chiqqan holda qayta tekshiriladi yoki TDYUning so‘rov xatiga asosan TDYUga qayta tekshirish uchun yuborilishi mumkin.
Tanlangan nazorat ishlarini qayta tekshirish natijasida ularga qo‘yilgan ballar o‘zgartirilgan taqdirda qolgan barcha nazorat ishlari qaytadan tekshirib chiqilishi shart.
38. O‘quv-metodik bo‘lim boshlig‘i nazorat turlari natijalari bo‘yicha reyting qaydnomalarini ko‘rib chiqib, ballarning haqqoniyligiga shubha uyg‘otuvchi holatlarni (aksariyat ballar maksimal yoki minimal ballar bilan baholangan) aniqlasa, bu haqda direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarini darhol xabardor qilishi lozim. Direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari yuridik texnikum direktori buyrug‘i asosida tashkil etiladigan ekspertlar guruhi tomonidan nazorat ishlarini qayta tekshirtirish huquqiga ega.
Ekspertlar guruhi ishiga rahbarlikni, qoida tariqasida, direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari amalga oshiradi. Ekspertlar sifatida kelishuv asosida boshqa ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari yoki amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etishi mumkin. Ekspertlarning shaxsi oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ekspertlarning asosiy vazifasi nazorat ishlarini mazkur Nizomda belgilangan baholash mezonlari asosida qayta tekshirib, qo‘yilgan ballarning nazorat ishiga muvofiq yoki nomuvofiq ekanligini aniqlash hisoblanadi.
Qayta tekshirish natijalariga ko‘ra, ekspertlar guruhi a’zolari tomonidan imzolangan xulosa tegishli ballarni o‘zgartirish uchun asos hisoblanadi. Xulosa O‘quv-metodik bo‘limga jamlovchi qaydnomani tayyorlash uchun taqdim etiladi.
Ekspertlar guruhining xulosasi rasmiylashtirilgunga qadar nazorat ishlari natijalari yakuniy emas deb hisoblanadi va o‘quvchilarga e’lon qilinishi mumkin emas. Xulosa rasmiylashtirilgunga qadar natijalar maxfiyligi uchun O‘quv-metodik bo‘lim boshlig‘i javobgar hisoblanadi.
39. O‘quvchilar nazorat turlari bo‘yicha olgan ballarini elektron ta’lim platformasi orqali kuzatib boradi.
40. Nazorat turlari bo‘yicha qo‘yilgan balldan norozi bo‘lgan o‘quvchilar natijalar e’lon qilingandan boshlab 72 soat davomida fakultet dekani nomiga apellatsiya berishlari mumkin.
Apellatsiyani ko‘rib chiqish uchun fakultet dekani bildirgisiga asosan direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadigan yuridik texnikumning nazorat ishlarini tekshirish va baholashda ishtirok etmagan pedagog xodimlari tarkibidan kamida beshta a’zodan iborat apellatsiya komissiyasi tuziladi.
Nazorat turlari natijalari yuzasidan berilgan apellatsiya apellatsiya komissiyasi tomonidan barcha modullar bo‘yicha nazorat turlari natijalari e’lon qilingandan boshlab uch ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Apellatsiya komissiyalari a’zolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellatsiya komissiyalarining qarori oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va unda ishtirok etgan barcha a’zolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
O‘quvchining apellatsiyasi apellatsiya komissiyalarida oraliq va yakuniy nazorat turi bo‘yicha ballar qo‘ygan pedagog xodimning hamda apellatsiya bergan o‘quvchining ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
Apellatsiyani ko‘rib chiqishda apellatsiya komissiyalari nazorat ishlarini har tomonlama o‘rganadi.
O‘quvchining apellatsiyasini ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha apellatsiya komissiyalari quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
e’tiroz asossiz bo‘lsa, apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish va qo‘yilgan ballarni o‘zgarishsiz qoldirish;
e’tiroz asosli bo‘lsa, qo‘yilgan ballarni o‘zgartirish bo‘yicha yuridik texnikum direktoriga taklif kiritish.
O‘quvchining apellatsiyasini ko‘rishda uning ilgari olgan reyting ballini pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
41. Tekshirilgan nazorat ishlari O‘quv-metodik bo‘limda (elektron ta’lim platformasida) uch yil mobaynida saqlanadi.
Nazorat ishlari hujjatlar yig‘majildlariga kiritilmaydi va alohida saqlanishi talab etiladigan hujjat hisoblanmaydi.
Nazorat ishlari uch yillik muddat o‘tganidan so‘ng yo‘q qilinadi (elektron tizimdan o‘chirib tashlanadi).