"KREDIT AXBOROTI ALMASHINUVI TO'G'RISIDA"GI O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI AMALGAOSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO'G'RISIDA
"Kredit axboroti almashinuvi to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek kredit axboroti almashinuvi tizimini yanada takomillashtirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash, kredit bitimlari bo'yicha tavakkalchiliklarni kamaytirish, tijorat banklari va bank bo'lmagan kredit tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar tezkorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
1. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O'zbekiston Banklar uyushmasi va tijorat banklarining Banklararo kredit byurosi negizida "Kredit-axborot tahliliy markazi" kredit byurosi" mas'uliyati cheklangan jamiyatni tashkil etish, uning tarkibiga ilovaga* muvofiq muassislarni jalb etish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar "Kredit-axborot tahliliy markazi" kredit byurosi" mas'uliyati cheklangan jamiyat faoliyatining asosiy yo'nalishlari hisoblanishi ma'lumot uchun qabul qilinsin:
kredit axborotlari sub'ektlari bo'lgan yuridik va jismoniy shaxslarning kredit tarixlarini shakllantirish uchun zarur bo'lgan ular to'g'risidagi ma'lumotlar bazasini shakllantirish va axborotni tahlil qilish;
kredit axboroti sub'ektlarining moliyaviy faoliyatini tahlil qilish va ularning reytingini baholash tizimini shakllantirish;
kredit axborotidan foydalanuvchilarga, shuningdek kredit axborotlari sub'ektlarining o'ziga ularning so'rovlari bo'yicha kredit axborotlari sub'ektlarining kredit tarixi to'g'risidagi ma'lumotlarni berish bo'yicha shartnoma asosida xizmatlar ko'rsatish;
kredit axboroti sub'ektlarining to'lovga qodirligini, kreditga layoqatini va to'lov intizomini baholashda kredit axborotidan foydalanuvchilarga ko'maklashish maqsadida ularga maslahat xizmatlari va boshqa xizmatlar ko'rsatish.
3. O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Kredit axboroti milliy institutiga:
kredit axboroti sub'ektlarining kredit bitimlari to'g'risidagi ma'lumotlarni to'plash va tegishli ma'lumotlar bazasini shakllantirish;
kredit axborotining davlat reestrini yuritish;
kredit byurolarining O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga beriladigan kredit axboroti ma'lumotlar bazasini jamlash;
kredit axborotining ma'lumotlar bazasini yangidan tashkil etilgan kredit byurolariga berish yuklansin.
4. O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga bir oy muddatda:
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo'mitasi, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kredit byurolari hamda kredit byurosiga kredit axboroti beruvchi organlar va tashkilotlar o'rtasida axborotning aylanishi va berilishi tartibini, shuningdek kredit byurolari va kredit axborotidan foydalanuvchilar o'rtasida kredit axboroti almashinuvi tartibini ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash;
"Kredit-axborot tahliliy markazi" kredit byurosi" mas'uliyati cheklangan jamiyatning davlat ro'yxatidan o'tkazilishini va unga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziya berilishini, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Kredit axboroti milliy institutining kredit axboroti ma'lumotlar bazasi berilishini ta'minlash;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kredit byurosiga kredit axboroti beruvchi organlar va tashkilotlarning mutaxassislari uchun seminarlar va treninglar tashkil etish va o'tkazish ishlarini amalga oshirish tavsiya qilinsin.
5. O'zbekiston Milliy axborot agentligi, O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari O'zbekiston Respublikasining "Kredit axboroti almashinuvi to'g'risida" 2011 yil 4 oktyabrdagi O'RQ-301-son Qonuni normalari keng yoritilishini ta'minlasinlar.
6. Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi 533-son qarori (O'zbekiston Respublikasi QT, 1994 y., 11-son, 49-modda) bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalariga quyidagi mazmundagi 12-band qo'shilsin:
"12. Kredit byurolari O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi uchun - eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida".
7. Vazirlar Mahkamasining "Qarz oluvchilarning kredit tarixi to'g'risidagi axborotni hisobga olish tizimini shakllantirish chora-tadbirlari to'g'risida" 2004 yil 23 apreldagi 197-son qarori o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari R.S. Azimov va O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoev
Do'stlaringiz bilan baham: |