KORRUPTSIYAGA QARSHI KONVENTSIYASI
Muqaddima
Korruptsiya – bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat‘iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi, lekin, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarda eng halokatli ta‘sir ko‘rsatadi. Korruptsiya aynan kambag‘allarga nomutanosib darajada katta zarar yetkazadi, chunki rivojlanish uchun mo‘ljallangan mablag‘larni o‘ziga jalb qiladi, hukumatlarni asosiy xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyatidan mahrum etadi, tengsizlik va adolatsizlik rivojlanishi uchun qulay negiz shakllantiradi hamda xorijiy investitsiyalar oqimlari kirib kelishi va tashqi yordam ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qiladi. Korruptsiya past iqtisodiy ko‘rsatkichlarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib, kambag‘allik darajasini kamaytirish va rivojlanishni ta‘minlash uchun eng katta to‘siq hisoblanadi.
Korruptsiyaning oldini olish choralari
5-modda. Korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi harakat qilish siyosati va amaliyoti
1. Har bir ishtirokchi Davlat, o‘z huquqiy tizimining asosiy tamoyillariga muvofiq, korruptsiyaga qarshi harakat qilish borasida, jamiyat ishtirokiga yordam beradigan hamda huquq-tartibot, ommaviy ishlar va ommaviy mol-mulkni kerakli darajada boshqarish, halollik va sodiqlik, oshkoralik va mas‘uliyatlilik tamoyillarini aks ettiradigan samarali va muvofiqlashtirilgan siyosatni ishlab chiqadi va amalga oshiradi yoki olib boradi.
2. Har bir ishtirokchi Davlat korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali amaliyot turlarini belgilash va rag‘batlantirishga harakat qiladi.
3. Har bir ishtirokchi davlat korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish nuqtai nazaridan tegishli huquqiy hujjatlar va ma‘muriy choralarning muvofiqligini aniqlash maqsadida ularni vaqti-vaqti bilan baholashga harakat qiladi.
4. Ishtirokchi davlatlar tegishli hollarda va o‘z huquqiy tizimlarining asosiy tamoyillariga muvofiq ushbu moddada keltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashishda bir-biri bilan hamda tegishli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladilar. Ushbu hamkorlik korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan xalqaro dastur va loyihalarda ishtirok etishni qamrab olishi mumkin.
6- modda. Korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi harakat qilish organi yoki organlari
1. Har bir ishtirokchi davlat o‘z huquqiy tizimlarining asosiy tamoyillariga muvofiq, quyida ko‘rsatilgan choralar yordamida, korruptsiyaning oldini olish ishlarini amalga oshiradigan organ yoki, tegishli holatlarda, organlar mavjud bo‘lishini ta‘minlaydi:
a) mazkur Konventsiyaning 5 moddasida tilga olingan siyosatni olib borish va, tegishli hollarda, bunday siyosat olib borilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
b) korruptsiyaning oldini olish masalalari bo‘yicha bilimlarni kengaytirish va tarqatish;
2. Har bir ishtirokchi Davlat mazkur moddaning 1 bandida bayon etilgan organ yoki organlarga, ular har qanday nomaqbul ta‘sirdan xoli sharoitlarda o‘z vazifalarini samarali bajarishlari mumkin bo‘lishi uchun, o‘z huquqiy tizimlarining asosiy tamoyillariga muvofiq, zaruriy mustaqillikni ta‘minlaydi. Ularga yuklatilgan funktsiyalarni bajarish uchun talab etilishi mumkin bo‘lgan kerakli moddiy resurslar va mutaxassis xodimlarni ta‘minlash lozim.
3. Har bir ishtirokchi Davlat Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga korruptsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda boshqa ishtirokchi Davlatlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan organ yoki organlarning nomi va manzilini xabar qiladi.
7-modda. Ommaviy sektor
1. Har bir ishtirokchi Davlat, tegishli hollarda va o‘z huquqiy tizimlarining asosiy tamoyillariga muvofiq, fuqaro xizmatchilarni va, tegishli vaziyatlarda, boshqa saylanmaydigan ommaviy mansabdor shaxslarni ishga qabul qilish, yollash, xizmatni o‘tash, xizmat davomida mansabga erishish va iste‘foga chiqishning quyidagilarga asoslanadigan tizimlarini yaratish, qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlashga harakat qiladi:
a) samaradorlik va oshkoralik tamoyillariga hamda benuqson faoliyat, adolat va qobiliyat kabi xolisona mezonlarga asoslanadi;
b) tegishli holatlarda korruptsiya va, ma‘lum holatlarda bunday lavozimlardagi tegishli kadrlar rotatsiyasi nuqtai nazaridan, ayniqsa zaif hisoblangan ommaviy lavozimlarni egallash uchun kadrlar tanlash va tayyorlashning tegishli taomillarini o‘ziga kiritadi;
c) ishtirokchi Davlatning iqtisodiy rivojlanganlik darajasini hisobga olgan holda, tegishli mukofot to‘lash va adolatli maoshlarni belgilashga xizmat qiladi;
d) bunday shaxslar ommaviy vazifalarni to‘g‘ri, vijdonan va tegishli darajada bajarish talablariga javob berishlari mumkin bo‘lishi uchun ma‘rifiy va o‘quv dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashadilar hamda korruptsiya bilan va o‘z vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan xatarlarni chuqurroq anglashlari maqsadida ular ixtisoslashgan hamda muvofiq tayyorgarlikdan o‘tishlarini ta‘minlaydilar. Bu kabi dasturlarda kodekslarga asoslanishlar yoki amaliy sohalardagi axloq standartlari mavjud bo‘lishi mumkin.
2. Shuningdek, ommaviy lavozimlarga nomzodlar va saylovlarga tatbiqan mezonlarni belgilash uchun har bir ishtirokchi Davlat, mazkur Konventsiyaning maqsadlariga qarab va o‘z ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, tegishli qonunchilik va ma‘muriy choralar ko‘rish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
3. Shu bilan birga, saylanadigan ommaviy lavozimlarga nomzodlarni va, mumkin bo‘lgan vaziyatlarda, siyosiy partiyalarni moliyalashtirishda oshkoralikni kuchaytirish uchun har bir ishtirokchi Davlat, mazkur Konventsiyaning maqsadlariga qarab va o‘z ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, tegishli qonunchilik va ma‘muriy choralar ko‘rish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
4. Har bir ishtirokchi Davlat, o‘z ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, oshkoralikni ta‘minlashga xizmat qiladigan hamda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishining oldini oladigan tizimlarni yaratish, qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlashga harakat qiladi.
8-modda. Ommaviy mansabdor shaxslarning o‘zini tutish kodekslari
1. Korruptsiyaga qarshi kurashish maqsadida har bir ishtirokchi Davlat, o‘z huquqiy tizimining asosiy tamoyillariga muvofiq, boshqa fazilatlar qatori, o‘zining ommaviy mansabdor shaxslarining pokligi, halolligi va mas‘uliyatliligini rag‘batlantiradi.
2. Xususan, ommaviy funktsiyalarni to‘g‘ri, vijdonan va tegishli darajada bajarish uchun har bir ishtirokchi Davlat o‘z institutsional va huquqiy tizimlari doiralarida o‘zini tutish kodekslari yoki standartlarni qo‘llashga intiladi.
3. Mazkur moddaning qoidalarini amalga oshirish maqsadida har bir ishtirokchi Davlat, tegishli hollarda va o‘z huquqiy tizimining asosiy tamoyillariga muvofiq, mintaqaviy, mintaqalararo va ko‘p tarmoqli tashkilotlarning tegishli tashabbuslarini e‘tiborga oladi, masalan, BMT Bosh Assambleyasining 1996 yil 12 dekabrdagi 51/59-sonli qaroriga ilovada bayon etilgan davlat mansabdor shaxslari o‘zini tutishining Xalqaro kodeksi.
4. Shuningdek, har bir ishtirokchi Davlat, o‘z ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, ommaviy mansabdor shaxslar o‘z funktsiyalarini bajarish vaqtida ularga ma‘lum bo‘lib qolgan korruptsion harakatlar to‘g‘risida tegishli organlarga xabar berishlariga xizmat qiladigan chora va tizimlarni belgilash imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
5. Har bir ishtirokchi Davlat, tegishli hollarda va o‘z ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq, ommaviy mansabdor shaxslarni tegishli organlariga, boshqa ma‘lumotlar qatori, ommaviy mansabdor shaxslar sifatidagi funktsiyalarida manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan xizmatdan tashqari faoliyat, mashg‘ulotlar, investitsiyalar, aktivlar hamda muhim tuhfa yoki naflar to‘g‘risida deklaratsiyalarni taqdim etishga majbur qiladigan chora va tizimlarni belgilashga harakat qiladi.
6. Har bir ishtirokchi Davlat, o‘z ichki qonunchiligining asosiy tamoyillariga asosan, mazkur moddaga muvofiq belgilangan kodeks yoki standartlarni buzadigan ommaviy mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy yoki boshqa choralarni ko‘rish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
Jinoyatchilik va huquqni muhofaza qilish faoliyati
15-modda. Milliy ommaviy mansabdor shaxslarga pora berish
1. Har bir ishtirokchi Davlat quyida ko‘rsatilgan harakatlar ataylab sodir etilganda buni jinoiy javobgarlikka tortiladigan harakat sifatida e‘tirof etish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan qonuniy va boshqa choralarni ko‘radi:
a) ommaviy mansabdor shaxsga shaxsan yoki vositachilar orqali ushbu mansabdor shaxsning o‘zi uchun yoxud boshqa jismoniy yoki yuridik shaxs uchun, ushbu mansabdor shaxs o‘z lavozim vazifalarini bajarish vaqtida biron harakatni amalga oshirishi yoki harakat qilmasligi maqsadida, biron noqonuniy afzallikni va‘da qilish, taklif etish yoki taqdim etish;
b) biron mansabdor shaxs o‘z lavozim vazifalarini bajarish vaqtida biron bir harakat yoki harakatsizlik maqsadida mansabdor shaxsning o‘zi uchun yoxud boshqa jismoniy yoki yuridik shaxs uchun biron noqonuniy afzallikni shaxsan ommaviy mansabdor shaxs tomonidan yoki vositachilar orqali talab qilib yoki qabul qilib olish.
16-modda. Xorijiy ommaviy mansabdor shaxslarga va ommaviy xalqaro tashkilotlarning mansabdor shaxslariga pora berish
1. Har bir ishtirokchi Davlat xorijiy ommaviy mansabdor shaxsga yoki ommaviy xalqaro tashkilotning mansabdor shaxsiga shaxsan yoki vositachilar orqali mansabdor shaxsning o‘zi uchun yoxud boshqa jismoniy yoki yuridik shaxs uchun, ushbu mansabdor shaxs xalqaro ishlarni yuritish yuzasidan tijorat yoki boshqa noqonuniy afzallikka ega bo‘lish uchun o‘z lavozim vazifalarini bajarish vaqtida biron harakatni amalga oshirishi yoki harakat qilmasligi maqsadida biron afzallikni va‘da qilish, taklif etish yoki taqdim etish, qachonki ular atayin sodir etilganda, buni jinoiy javobgarlikka tortiladigan harakat sifatida e‘tirof etish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan qonuniy va boshqa choralarni ko‘radi.
2. Har bir ishtirokchi Davlat xorijiy ommaviy mansabdor shaxsga yoki ommaviy xalqaro tashkilotning mansabdor shaxsiga shaxsan yoki vositachilar orqali mansabdor shaxsning o‘zi uchun yoxud boshqa jismoniy yoki yuridik shaxs uchun, ushbu mansabdor shaxs o‘z lavozim vazifalarini bajarish vaqtida biron harakatni amalga oshirishi yoki harakat qilmasligi maqsadida biron afzallikni va‘da qilish, taklif etish yoki taqdim etish, qachonki ular atayin sodir etilganda, buni jinoiy javobgarlikka tortiladigan harakat sifatida e‘tirof etish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan qonuniy va boshqa choralarni ko‘rish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.
17-modda. Ommaviy mansabdor shaxs tomonidan mol-mulk talon-toroj qilinishi, noqonuniy o‘zlashtirilishi yoki ko‘zda tutilmagan maqsadlarda ishlatilishi
Har bir ishtirokchi Davlat mansabdor shaxsning o‘zi yoxud boshqa jismoniy yoki yuridik shaxs foyda olishi maqsadida xizmat mavqeiga ko‘ra ushbu ommaviy mansabdor shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan biron-bir mol-mulk, ommaviy yoki xususiy mablag‘larni yoxud qimmatli qog‘ozlar yoki istalgan boshqa qimmatli predmetni mansabdor shaxs tomonidan o‘g‘irlanishini, noqonuniy o‘zlashtirilishini yoki ko‘zda tutilmagan boshqa maqsadlarda ishlatilishini, qachonki ular atayin sodir etilganda, buni jinoiy javobgarlikka tortiladigan harakat sifatida e‘tirof etish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan qonuniy va boshqa choralarni ko‘radi.
18-modda. G‘arazli maqsadlarda mavqeidan foydalanish
Har bir ishtirokchi Davlat quyida ko‘rsatilgan harakatlar ataylab sodir etilganda buni jinoiy javobgarlikka tortiladigan harakat sifatida e‘tirof etish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan qonuniy va boshqa choralar ko‘rish imkoniyatini ko‘rib chiqadi:
a) ommaviy mansabdor shaxsga yoki istalgan boshqa shaxsga shaxsan yoki vositachilar orqali ishtirokchi Davlatning ma‘muriyati yoki ommaviy organidan ushbu harakatlarning birinchi tashabbuskori yoki istalgan boshqa shaxs uchun biron noqonuniy afzalliklarni olib berish maqsadida ushbu mansabdor shaxs yoki boshqa shunday shaxs o‘zining haqiqiy yoki taxmin qilingan nufuzini suiiste‘mol qilishi evaziga biron noqonuniy afzalliklarni va‘da qilish, taklif etish yoki taqdim etish;
b) ommaviy mansabdor shaxs tomonidan yoki vositachilar orqali ommaviy mansabdor shaxs yoki boshqa shunday shaxs ishtirokchi Davlatning ma‘muriyati yoki ommaviy organidan shaxsan o‘zi yoki boshqa shaxs uchun biron noqonuniy afzalliklarni olib berish maqsadida ushbu mansabdor shaxs yoki boshqa shunday shaxs o‘zining haqiqiy yoki taxmin qilingan nufuzini suiiste‘mol qilishi uchun biron noqonuniy afzalliklarni talab qilib yoki qabul qilib olish.
19-modda. Xizmat lavozimining suiiste‘mol qilinishi
Har bir ishtirokchi Davlat xizmat vakolatlaridan foydalanishni yoki xizmat lavozimini suiist‘emol qilishni, ya‘ni ommaviy mansabdor shaxs o‘z lavozim vazifalarini bajarish vaqtida qonunga xilof ravishda shaxsan o‘zi yoki boshqa yuridik yoxud jismoniy shaxs uchun biron noqonuniy afzalliklarni olish maqsadida biron harakatni amalga oshirishi yoki harakat qilmasligini, qachonki ular atayin sodir etilganda, buni jinoiy javobgarlikka tortiladigan harakat sifatida e‘tirof etish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan qonuniy va boshqa choralarni ko‘rish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.
20-modda. Noqonuniy tarzda boylik orttirilishi
Har bir ishtirokchi Davlat, o‘z konstitutsiyasi va huquqiy tizimining eng muhim printsiplariga rioya qilish shartida, noqonuniy tarzda boylik orttilishini, ya‘ni ommaviy mansabdor shaxs aktivlari uning qonuniy daromadlaridan oqilona asoslanib berila olmaydigan darajada oshib ketishini, qachonki ular atayin sodir etilganda, buni jinoiy javobgarlikka tortiladigan harakat sifatida e‘tirof etish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan qonuniy va boshqa choralarni ko‘rish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.
21-modda. Xususiy sektorda pora berish
Har bir ishtirokchi Davlat iqtisodiy, moliyaviy yoki tijorat faoliyatida davomida quyida ko‘rsatilgan harakatlar ataylab sodir etilganda buni jinoiy javobgarlikka tortiladigan harakat sifatida e‘tirof etish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan qonuniy va boshqa choralar ko‘rish imkoniyatini ko‘rib chiqadi:
a) xususiy sektor ishini tashkil qilishga rahbarlik qilayotgan yoki ushbu tashkilotda istalgan lavozimda ishlayotgan shaxsning o‘ziga yoki boshqa shaxsga, ushbu shaxs o‘z xizmat vazifalariga xilof bo‘lgan biron harakatni amalga oshirishi yoki harakat qilmasligi evaziga shaxsan yoki yoki vositachilar orqali biron afzallikni va‘da qilish, taklif etish yoki taqdim etish;
b) xususiy sektor ishini tashkil qilishga rahbarlik qilayotgan yoki ushbu tashkilotda istalgan lavozimda ishlayotgan shaxsning o‘ziga yoki boshqa shaxsga, ushbu shaxs o‘z xizmat vazifalariga xilof bo‘lgan biron harakatni amalga oshirishi yoki harakat qilmasligi evaziga shaxsan yoki yoki vositachilar orqali biron noqonuniy afzallikni talab qilib yoki qabul qilib olish.
22-modda. Xususiy sektorda mulkning o‘g‘irlanishi
Har bir ishtirokchi Davlat iqtisodiy, moliyaviy va yoki tijorat faoliyati davomida xususiy sektor ishini tashkil qilishga rahbarlik qilayotgan yoki ushbu tashkilotda istalgan lavozimda ishlayotgan shaxs tomonidan xizmat lavozimiga ko‘ra ushbu shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan biron-bir mol-mulk, xususiy mablag‘larni yoxud qimmatli qog‘ozlar yoki istalgan boshqa qimmatli predmetning o‘g‘irlanishini, noqonuniy o‘zlashtirilishini yoki ko‘zda tutilmagan boshqa maqsadlarda ishlatilishini, qachonki ular atayin sodir etilganda, buni jinoiy javobgarlikka tortiladigan harakat sifatida e‘tirof etish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan qonuniy va boshqa choralar ko‘rish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |