Bilvosita o‘lchash deb shunday o‘lchashga aytiladiki, unda o‘lchash natijasi o‘lchanayotgan kattalik bilan ma’lum munosabat yordamida bog‘langan kattaliklarni bevosita o‘lchashga asoslangan bo‘ladi. Bilvosita o‘lchash tenglamasi quyidagi ko‘rinishga ega:
(1.3)
bu yerda, - o‘lchanayotgan kattalikning izlangan qiymati; -
bevosita o‘lchanadigan kattaliklarning son qiymatlari.
Bilvosita o‘lchashga o‘tkazgichning solishtirma elektr qarshiligini uning qarshiligi, uzunligi va kundalang kesimini yuzi bo‘yicha topish; modda zichligini uning massasi va xajmini o‘lchash natijasi bo‘yicha topish va boshqalar misol bo‘la oladi. Bilvosita o‘lchashlar bevosita o‘lchashlarning iloji bo‘lmagan ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilishda keng qo‘llanadi.
Birlashtirib o‘lchash bir necha bir nomli kattaliklarni bir vaqtda o‘lchashdan iboratki, unda izlangan kattaliklarning qiymatlari bevosita o‘lchashda hosil qilingan tenglamalar tizimidan topiladi.
Bir vaqtda ikki yoki bir necha nomli turli kattaliklarni, ularning orasidagi funksional munosabatlarni topish uchun olib borilgan o‘lchashlar birgalikda o‘lchash deyiladi. Jumladan o‘lchash rezistorining 20°C dagi elektr qarshiligi va harorat koeffitsientlari uning qarshiligini turli haroratlarda bevosita o‘lchash ma’lumotlari bo‘yicha topiladi.
O‘lchashlar yana mutlaq va nisbiy o‘lchashlarga bo‘linadi.
Bitta yoki bir necha asosiy kattaliklarni fizik konstantalar qiymatlaridan foydalanib yoki foydalanmasdan bevosita o‘lchash mutlaq o‘lchash deb ataladi. Masalan, shtangensirkul yordamida bajarilgan o‘lchashlar mutlaq o‘lchashdir, chunki unda o‘lchanayotgan kattalik qiymatini bevosita olinadi.
Biror kattalikning shu ismli birlik vazifasini bajarayotgan kattalikka nisbatini o‘lchash yoki kattalikni shu ismli birlik kattalik deb qabul qilingan kattalik bo‘yicha o‘lchash nisbiy o‘lchash deb ataladi. Masalan, haroratni termoelektr effektdan foydalanishga asoslangan o‘lchash yoki massani tortish usuli bilan, ya’ni massaga mutanosib bo‘lgan og‘irlik kuchidan foydalanish usuli bilan o‘lchash nisbiy o‘lchashdan iborat. Nisbiy o‘lchashdan katta aniqlik zarur bo‘lgan hollarda foydalaniladi.
O‘lchashlar o‘lchash asosini aniqlab beradigan fizik hodisalarga asoslanib olib boriladi. Masalan, moddaning kengayishi bo‘yicha haroratni o‘lchash, muvozanatlashtiruvchi suyuqlik ustunining ko‘tarilishi bo‘yicha siyraklanish (vakuum)ni o‘lchash. O‘lchashning biror asosini amalga oshirish uchun turli texnik vositalar qo‘llaniladi. O‘lchashlarda qo‘llaniladigan va normallashgan metrologik xossalarga ega bulgan texnik vositalar o‘lchash vositasi deyiladi. O‘lchash asosi va vositasini belgilab beradigan usullar majmui o‘lchash usuli deyiladi.
O‘lchashlarda bevosita baholash, differensial, o‘lchov bilan taqqoslash va nol (kompensatsion) usullar keng tarqalgan.