Kompyuter va telefonlar haqida yangiliklar
Ikki ustunning biri
Intel Corporation – bosh ofisi AQShning Kaliforniya shtatidagi Santa-Klara shahrida joylashgan korporatsiya. Keng ko‘lamdagi elektron qurilmalar va kompyuter tarkibiy qismlari, jumladan, mikroprotsessorlar, chipsetlar ishlab chiqaradi.
Kompyuter va telefonlar haqida yangiliklar
Kompaniyaga 1968- yil 18- iyulda «Fairchild Semiconductor» kompaniyasining sobiq xodimlari Robert Noys va Gordon Mur asos solgan. Keyinroq ularga Endi Grouv kelib qo‘shilgan. Yangi kompaniya biznes-rejasi atigi bir betgina bo‘lgan, shu reja asosida muassislar 2,5 mln. dollar kredit olib, ishni boshlashgan.
Kompaniya 1971- yilda o‘zi uchun muvaffaqiyatlar kaliti bo‘lgan bitim tuzadi – Yaponiyaning «Busicom» kompaniyasi «Intel»ga o‘n ikkita ixtisoslashtirilgan mikrosxemaga buyurtma beradi. Lekin, muhandis Ted Xoffning taklifiga ko‘ra, kompaniya o‘n ikkita turli xil mikrosxema o‘rniga bitta universal mikroprotsessor – Intel 4004ni ishlab chiqadi. Undan keyin Intel 8008 yaratiladi.
1990- yillarda kompaniya shaxsiy kompyuterlar uchun protsessor ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonaga aylandi. Pentium va Celeron protsessorlar seriyasi hozirgacha eng keng tarqalgan modellar sanaladi. «Intel» kompyuter texnikasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan. Chunki ko‘plab kompyuter tarkibiy qismlariga, tizimlarga talablar aynan «Intel» tomonidan yoki uning ishtirokida ishlab chiqilgan.
2012- yil yakunlariga ko‘ra, «Intel» korporatsiyasining yillik aylanmasi 53,34 mlrd. dollarni, operatsion foydasi 14,63 mlrd., sof foydasi esa 11 mlrd. dollarni tashkil etadi. Korporatsiyaning dunyo bo‘ylab tarqalgan zavod va filiallarida 104 700 nafar kishi ishlaydi.
«Intel» faoliyati qarama-qarshiliklarga to‘la. Bir tomondan, u kompyuter texnikasi olamining ustunlaridan biri sanalsa, boshqa tomondan ko‘p bora nosog‘lom biznes yuritishlikda ayblab kelingan. Ayniqsa uning asosiy raqobatchisi AMD kompaniyasi bilan mojarolari tarixda qolgan.
Chunonchi, 2009- yilning may oyida Yevropa Komissiyasi «Intel» kompaniyasini kompyuter ishlab chiqaruvchi firmalar («Acer», «Dell», HP, «Lenovo» va NEC)ga va kompyuter savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga maxfiy mukofotlar to‘lab kelganlikda aybladi. Buning evaziga ular AMD kompaniyasi mahsulotlarini emas, «Intel» protsessorlarini xarid qilganlar. Monopoliyaga qarshi kurashga oid qonunchilikka binoan, «Intel» 1,06 mlrd. yevro miqdorida jarimaga tortildi va unga, «agar shunday amaliyot hali ham davom etayotgan bo‘lsa, darhol to‘xtatish»ga qat’iy ko‘rsatma berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |