I. Kant (1724-1804) publitsistika, falsafa va huquq singari fanlar bilan shug‘ullangan. U nemis boylarining mafkurachisi bo‘lgani uchun uning ijodida nemis boylariga xos ikkilanish o‘z ifodasini topgan. Olim o‘z ijodida idealizm bilan materializmni, din bilan fanni kelishtirishga urinadi, ikkinchi tomondan, u narsa va hodisani bilishni inkor etadi (agnostitsizm). Kant ijodi asarlarining yaratilishiga qarab ikki davrga bo‘linadi: “Tanqidgacha” va “tanqidiy davr”. Har ikki davrda ham materializm va idealizmni kelishtirishga urinadi.
Gegel (1770-1831) falsafasida nemis idealizmi eng yuqori cho‘qqiga chiqqan bo‘lib, falsafadagi yetakchi masala ob’yektiv idealizm asosida hal qilindi. U tabiat, jamiyat hodisalarining asosida dunyoviy ruh yotadi, deb tasdiqladi. Dunyoviy ruh birinchi, tabiat esa hosila, deydi. Gegel ijodining asosini mutlaq g‘oya tashkil qiladi.
Nemis falsafasining yirik vakillaridan biri Lyudvig Feyerbax (1804-1872) edi. U Gegel va Kant idealizmini tanqid qilib, XVII asr materializmining ilg‘or urf-odatlarini tikladi va rivojlantirdi.
U birinchi bo‘lib Gegel idealizmiga qarshi chiqib, materializm bayrog‘ini ko‘tardi. U idealizm va diniy sohlarni tanqid qildi. Ijobiy g‘oyalarni esa targ‘ib qildi. 1839 yili «Gegel falsafasining tanqidi», 1841 yilda «Xristianlikning mohiyati» degan asarlarini yozdi. Feyerbaxning bu asarlari dahriylik g‘oyalarni o‘rtaga qo‘yilishida katta rol o‘ynaydi. Feyerbax materiyaning doimiy uzluksiz harakatdaligini, tabiat, materiya birlamchi, ong, ruh ikkilamchi ekanligini ta’kidlaydi. U falsafaning asosiy masalasini materialistlarcha hal qiladi. Materializmni yangi pog‘onaga ko‘taradi, unga tabiiy ilmiy asos beradi.
Falsafani yanada yuqori pog‘onaga XIX asr oxiridagi rus faylasuf-demokratlari V. G. Belinskiy (1811-1848), A. I. Gertsen (1828-1889), N. A. Dobrolyubov (1836-1861), N. G. Chernishevskiy (1828-1880), D. I. Pisarev (1840-1868)lar ko‘tardilar.
Bu faylasuflar o‘z ijodlari bilan o‘tmish faylasuflaridan shu bilan farqlanadilarki, ular ezilgan omma mafkurachilari sifatida maydonga chiqqanlar. Rus revolyutsion demokratlarining xizmati shundaki, ular materialistik mazmunga ega bo‘lgan inqilobiy nazariyalarni olg‘a surdilar. Ular Gegel dialektikasidan foydalanishda uni tanqid qilish bilan birga «falsafaning algebrasi» Gertsen, deb bildilar. Ular dinga qarshi kurashdilar.
Ular ommaning ozodlikka erishishining yagona yo‘li inqilob, degan g‘oyani ilgari surdilar. Ularning falsafiy asarlari chuqur ilmiy asosdagi dohiyona asarlardir. Falsafaning asosiy masalasi - tashqi dunyoning moddiyligi va ongning ikkilamchiligini hal qilishda Gegelni tanqid qilib, ruh va tafakkur materiya mahsulidir, materiya birlamchi, ong esa uning mahsulidir, deya tushuntirdilar. Ularning fikricha, materiya bu mavjud haqiqatdir, uni hech vaqt yo‘q qilib bo‘lmaydi. Masalan, A. I. Gertsen shunday deydi: «Xohlaganingcha moddani abstraktlashtirishing mumkin, lekin uni hech vaqt yo‘qota olmaysan1».
O‘rta asr va yangi davr Yevropa ijodi va falsafasini o‘rganish hozirgi davr uchun muhim ahamiyatga egadir. Chunki, falsafa o‘tmishda o‘zining shakllanishi uchun tarixiy davrlarni boshidan o‘tkazgan. Uning ba’zi muammolari hayot chig‘iriqlaridan o‘ta olmagan. Natijada, yangi muammolarni keltirib chiqargan va o‘rtaga qo‘ygan. Har bir davr o‘zining yutuqlariga ega bo‘lishi bilan birga kamchiliklariga ham egadir. Falsafa tarixini va o‘sha davr ijodini o‘rganish hozirgi zamon kishilarining falsafiy tafakkurining rivojlanishiga asos bo‘ladi.
Ma’lumki, falsafa tarixida tizim va oqimlarni yaratgan allomalar oz emas. Ularning ko‘pchiligi falsafa tarixida o‘chmas iz qoldirganlar.. Shuningdek, mazkur manbalar ma’lum ma’noda qadriyatlar hisoblanadi. Bu qadriyatlarning aksariyat qismi inson faoliyati bilan bog‘liq. Uning tarbiyasi, dunyoqarashiga aloqador. Shu sababli ham Yevropa falsafasi durdonalaridan foydalanish insonlarning, ayniqsa, yoshlarning falsafiy va ijodiy saviyasini oshirishga yordam beradi. Nazariy va amaliy faoliyatini mustahkamlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |