4.2. Elektr tokining insonga ta'siri.
Biz odatiy hayotimizda elektr tokidan doimiy ravishda foydalanamiz. Ma’lumki, elektr toki inson uchun xavfli hisoblanadi. Elektr tokining eng xavfli jihati insonning sezuv organlari orqali aniqlab bo’lmasligi bilan izohlanadi. Ya’ni, uning ko’zga ko’rinmasligi, hidga ega emasligi, ovoz chiqarmasligi va boshqalar. Ammo, elektr tokidan barcha talablarga va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda foydalanilsa, inson uchun xech qanday xavf tug‘dirmaydi.
Inson tanasining elektr toki ta’siri natijasida shikastlanishi elektr jarohat deb ataladi. Insonni elektr tokidan jarohatlanishi turli sabablar tufayli bo’lishi mumkin: izolyatsiyasi bo’lmagan tok o’tkazuvchi qismlarga tasodifan tegib ketish; biron bir qurilmaning yomon holatdagi izolyatsiyasi sababli metal qismlarga tokning o’tib ketishi; yuqori kuchlanish ostida qolgan metal bo’lmagan buyumlardan; qadam kuchlanishi; elektr yoyi; insonning beparvoligi va boshqalar.
Elektr toki odam tanasiga termik (issiqlik), elektrolitik va biologik ta’sir etishi mumkin. Natijada odamning nafas olishi, yurak faoliyati, moddalar almashuvi, qon tarkibi va boshqa a’zolarida o’zgarishlar kuzatiladi.
Termik ta’sir teri to’qimasi hujayralarini qizishidan kuyib ketishigacha olib kelishi mumkin. Termik kuyish to’rt darajada ifodalanadi: termik qizarish, pufakchalar hosil bo’lishi, teri yuzasining mo’rtlashishi va teri to’qimasining to’liq kuyib ketishi.
Elektrolitik ta’sirda esa, qon tarkibidagi yoki hujayralar tarkibidagi tuzlarning parchalanishi natijasida qonning fizik va kimyoviy xussusiyatlari o’zgarishiga olib keladigan holat tushuniladi.
Elektr tokining biologik ta’siri natijasida muskullarning keskin qisqarishi tufayli inson organizmidagi tirik hujayralar to’lqinlanadi, mushaklar keskin ravishda qisqaradi. Ya’ni, inson o’z organizmini boshqara olmaydi, natijada inson uchun xayot faoliyatining ba’zi bir funksiyalari bajarilmay qoladi: nafas olishning yomonlashuvi, qon aylanish tizimining ishlamay qolishi va x.k.
Insonni tok urish holati to’rt darajada baholanadi:
I-daraja – muskullar qisqaradi, inson tok ta’siridan chiqib ketadi, xushini yo’qotmaydi;
II-daraja – muskullar qisqaradi, inson xushini yo’qotadi, ammo yurak va nafas olish faoliyati ishlab turadi;
III-daraja – inson xushini yo’qotadi, nafas olish tizimi yoki yurak urishi to’xtab qoladi;
IV-daraja – klinik o’lim holati, bunda insonda xech qanday xayot alomatlari (qon aylanishi, nafas olishi, yurak urishi) ko’rinmay qoladi;
Klinik o’lim holati bu xayot bilan o’lim oralig‘i bo’lib, ma’lum vaqtgacha inson ichki imkoniyatlar hisobiga yashab turadi. Shu holatda yurak faoliyati va nafas olishi to’xtaydi, insonda hech qanday hayot alomatlari sezilmaydi. Klinik o’lim holati 5-8 minut davom etadi. Shu davrda hech qanday yordam berilmagan taqdirda miya hujayralari parchalanib, qaytarilmas — biologik o’limga o’tib ketadi.
Biologik o’lim — qaytarib bo’lmaydigan jarayon bo’lib, organizmdagi biologik jarayonlar butunlay to’xtashi bilan tavsiflanadi, shuningdek, organizmdagi oqsil parchalanib ketadi. Bu klinik o’lim vaqti tugagandan keyin ro’y beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |