Impressionizm
"Impressionizm" so`zi frantsuzcha "taassurot" ma'nosini anglatib, o`tgan asrning 70-90 yillarida jahon san'atida keng tarqalgan uslubiy yo`nalishni ifoda etadi.
Impressionistlar ijodida manzara janri oddiy tabiat ko`rinishining aksidan inson qalbi to`lqinlarini ifoda etish vositasiga aylandi. Impressionist rassomlar manzaralarida asta-sekin konkret inson obrazi individual xarakter ifodasimas, balki tabiatning ajralmas bir qismi sifatida idrok qila boshlandi. Ochiq havoning badiiy-estetik ko`rkidan hayratlanish tobora kuchayib bordi va turli mavsumiy makondagi ko`rinishlar soniyasi asosiy badiiy obraz sanaladi.
Impressionistlar tarixan shakllangan yoki zamonaviy tasvir maktabi va yo`nalishlariga nibatan badiiy obraz olamiga juda ko`p yangiliklar olib kirdi. Shahar ko`rinishlarining realistik tasviri bo`yicha ularning originalligi ko`zga yaqqol tashlandi, tabiat lavxalaridagi hamoxang tarzda tasvirlay oldilar, shahar hayotining kamalak singari tovlanishi, odamlar, binolar, muhit, havo hamda daraxtlarning rangin ritmi turli vaziyatlar bilan uyg`unlashib harakat simfoniyasini tashkil etadi.
Ular bo`yoqlarning toza o`z kuchini saqlab qolgan holda yonma-yon qo`yish orqali nur tovlanishiga erishishni maqsad qilib qo`ydilar. Tasvirlanayotgan hamma narsalarda quyosh nurlariga cho`milgan vaziyatni ifodalashga ko`chdilar.
Impressionizm o`z tasvir programmasi va erishgan muvaffaqiyatlari jihatidan ko`p qirrali ijodiy yo`nalish edi.
Impressionizm oqimining o`ziga xos tomoni shu oqimning asoschilaridan biri Klod Mone ijodida namoyon bo`ldi. K. Mone realistik plener /ochiq havodagi/ manzarasini yaratuvchilardan biri edi. Shuningdek inson obrazi ham uning ijodida markaziy o`rinni egallaydi. Rassomni asosan oftob jamoli, muhit ahvoli kiziktiradi. Realistik tasvirga xos bo`lgan inson xarakteri va muhit bilan aloqadorligi emas, balki inson manzara obrazini ochishda bir zarur element tarzida tasvirlandi. Uning "Pichan g`arami", "Ko`knori dalasi", kabi asarlari mavjud.
1874 yili bir guruh yosh rassomlar-Mone, Pissaro, Sisley, Renuar, Sezann, Berta Morizo, Degalar o`zlarining birinchi gruppali ko`rgazmasini tashkil qildilar. Rassomlarning asar yaratishda etyud holatini saqlab qolishi, o`z sub'ektiv kechinmalariga burkanganliklarini ko`rgan bir tanqidchi ularga "impressionistlar" laqabini qo`yadi va shu tariqa bu so`z san'at tarixiga ma'lum yo`nalish ifodasi sifatida qoladi.
Tomoshabinlar shahar ritmi, asabi va havodagi namgarchilik, osmon qa'ridagi bulo`tlarning bezovta harakatlaridan hayratga tushdilar. Bu rassomlar biror kun yoki biror manzaraning turli vaqtlarga xos "nafas" olishini kuzatadigan va shunga mos keluvchi kechinmalarni matoga muhrlaydigan printsipga ko`chdilar. Impressionistlar polotnosida voqelikning moddiyligidan ko`ra undan olingan kechinmalar asosiy o`rinni egallaydi.
Kamil Pissaro impressionistlarning tipik vakili bo`lib, o`z kartinalarida realistik tasvirning bevosita hayotiy manzaralarini ifodalash jihatidan ajralib turadi. Aksariyat impressionistlar tasvirlanayotgan hodisalarning bir lahzaliligiga ahamiyat bergan bo`lsalar, Pissaro tabiat va shahar manzaralaridagi doimiylik va boqiylikni ko`rsatishni sevardi.
Uning kompozitsiyalari tugallanganlik va yagona ruhiy koloristik birlik qonuniyatlariga asoslangan edi. "Vuazin qishlog`iga kiraverishda", "Parijning Monmartr xiyoboni", "Sidxemdagi ko`cha" singari asarlari bunga misol bo`la oladi. Alferd Sisley manzaralari lirik ruhi va tasvirdagi san'atkorona erkinligi bilan ajralib turadi. Boshqa impressionistlarga nisbatan O.Renuar o`z ijodida inson obrazini asosiy tasvir va hayrat mavzui qilib oladi.
Bunday asarlarga "Madam Samari", "Kiyimsiz ayol" kabi asarlarini misol qilsak bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |