III.Yangi mavzu bayoni:
Odamlar mis va bronzadan mehnat qurollari yasashni o’rgangan kezlardan beri oradan ko’p asrlar o’tdi. Faqat miloddan avvalgi 1 mingyillik boshlaridagina temirdan mehnat qurollari yasash imkoniyati paydo bo’ldi. Bu jarayon ancha sermehnat bo’lgan, negaki temir misga qaraganda ancha yuqori haroratda eriydi (l500 С). Ammo temir mis va bronzaga nisbatan olganda ulkan afzalliklarga egadir: temir ulardan qattiqroq edi. Temirdan birinchi bo’lib Kichik Osiyoda xettlar (miloddan avvalgi XIV -XIII asrlar), so’ngra qo’shni mamlakatlar (Mesopotamiya, Eron, Kavkazorti) xalqlari foydalana boshladi. Temir buyumlarning tarqalishi sekinlik bilan borgan. Temir nodir va qimmatbaho metall bo’lmasa-da, undan dastlab zeb-ziynat buyumlari sifatida foydalanishgan. Shunday bezaklar Misr fir’avni Tutanxamon maqbarasidan va Kavkazdagi Maykop qo’rg’oni yodgorligidan topilgan. Mehnat qurollari yasash uchun temirdan foydalanilishi, eng avvalo, dehqonchilik texnikasi rivojiga ta’sir o’tkazdi. Temir uchli omochlar, temir boltalar va omochlar paydo bo’ldi. Bu mehnat qurollari katta-katta maydonlarda ziroatchilikni rivojlantirishga imkon yaratib berdi. O’rta Osiyodan topilgan eng qadimgi temirdan yasalgan buyumlar miloddan avvalgi IX- VIII asrlarga oid bo’lsa-da, ulardan ko’pi miloddan avvalgi VII-VI asrlarga oiddir. Yevropadan farqli o’laroq Sharqda dehqonchilik asosan sun’iy sug’orish zaminida rivojlandi. Gulga burkangan bog’lar va serhosil dalalar Sharqda anhorlar va ariqlar keng tarmog’i yordamida dalalarga oqizilgan suv tufayli mavjud bo’lishi mumkin edi. Temir qurollarning keng tarqalishi mehnat unumdorligini oshirdi. Bu narsa yanada rivoj topgan ishlab chiqarish usuliga o’tilishiga zamin hozirladi. Urug’ jamoasi o’rnini hududiy qo’shnichilik jamoasi egallay boshladi. Мil.avv. 1 mingyillik boshlarida O’rta Osiyoda aholi to’rt guruhga ajratilgan: kohinlar, jangchilar, dehqonlar, hunarmandlar. Qabila-urug’ boshliqlarining nufuzi asta-sekin orta bordi. Doimiy harbiy to’qnashuvlar sharoitida qabila sardorlarining ahamiyati va nufuzi orta bordi, jamiyat esa harbiy demokratiya qoidalariga asosan yashay boshladi.
“Avesto”dan O’rta Osiyoda jamiyatning negizi “nmana” deb ataluvchi katta patriarxal oila bo’lganini bilib olamiz. Bir necha “nmana”lar urug’ jamoasi – visni tashkil etgan. Hududiy qo’shnichilik jamoasi esa “varzana” deb nomlangan. Bunday jamoalar qabilaga – “zantu”ga birlashgan. O’z hududini himoya qilish uchun bir qancha qabilalar ittifoqqa – “dah’ya”ga uyushishgan. “Avesto”ga ko’ra, jamiyatni idora qilishning quyidagi tizimi mavjud bo’lgan: oqsoqollar kengashi – xalq yig’ilishi – alohida tumanlar – viloyatlarning hukmdorlari. Aholi urug’ va qabila bo’yicha emas, balki hududiy tamoyilga ko’ra guruhlarga ajratilishi vujudga kelayotgan davlatchilikning muhim alomati edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |