Kognitologiya turli fan sohalari chorrahasida yuzaga kelgan fan bo’lib, uning tadqiqot sohasi «bilimni to’plash va qo’llash usullarini tadqiq qilish» sifatida belgilanadi. Kognitologiya (cognitive scaince) tafakkur haqidagi fan bo’lib, uning tayanch nuqtasi tilshunoslikdir. So’zsiz, lingvistik tahlil kognitiv tahlilning bir turi, uning ma’lum bir ko’rinishda namoyon bo’lishidir. Kognitiv tilshunoslik fani XX asrning ikkinchi yarmida axborot texnologiyalari taraqqiyoti oqibatida yuzaga kelgan «sun’iy intellekt» tizimi vositalariga oid mushohada, savollarga javob izlovchi fan sifatida paydo bo’ldi. Bu fan ham insonning bilish faoliyati bilan shug’ullanuvchi fanlar tarkibiga kiradi. Tilni madaniy hodisa sifatida o’rganadigan, insonning bilim va tajriba qurilishini tekshiradigan fan bu kognitiv tilshunoslikdir. Kognisiya, ya’ni bilish faoliyati axborot (ma’lumot)ni qabul qilish, taqdim etish va yaratish faoliyatini qamrab olar ekan, bu harakatlar lisoniy zahiradan foydalanishi shubhasiz, bilvosita yoki bevosita lison bilan aloqada bo’ladi. Shu jihatdan bilish qobiliyati insonning lisoniy qobiliyati bilan hamohang. Kognitologiyada bilish faoliyati natijasida yuzaga kelgan bilim (inson xotirasida saqlangan, tizimlashtirilgan ma’lumotlar), ularni to’plash va qo’llash usullari tadqiqi o’rganilsa, bilim olish va saqlash, uni amalda qo’llash hamda uzatish manbai va nihoyat uni shakllantiruvchi vosita bo’lgan til tizimi – kognitiv tahlil ob’ekti hisoblanadi. Shunga ko’ra bilim va bilishning tabiati hamda mohiyati bu fan asosini tashkil etsa, o’rganish predmeti sifatida esa tilning bilim hosil qilish, undan foydalanish, saqlash, uzatish va uni qayta ishlashning umumiy mexanizmi tarzidagi xossalarini ko’rsatish mumkin. Barcha yo’nalishdagi lingvistik tadqiqotlarni o’rganish ob’ekti til tizimi, ya’ni lisoniy faoliyat va uning mahsuli.
Tilshunoslik, psixologiya, falsafa, sun’iy intellekt, antropologiya, nevrologiya fanlaridagi tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, til tizimi va lisoniy faoliyatni har tomonlama tadqiq qiladigan, ularga xos hodisalarning belgi-xususiyatlarini batafsil yoritishga xizmat qiladigan, tilshunoslikning turli sohalarini o’zida biriktirib, barchasi uchun umumlashma tahlil tizimini yaratib bera oladigan fan, shubhasiz, kognitologiya degan xulosaga kelindi. Tilshunoslik, madaniyatshunoslik, sosiologiya, psixologiya kabi fanlar hamkorligini kognitiv faoliyat o’zida birlashtirib turadi. (cognition-bilish, cognize-tushunmoq, bilmoq cognitive-bilishga oid, cognitation-aql, tafakkur).
Insonnig dunyoni, voqelikni bilishi, uni idrok etishida uning maqsadli faoliyati natijasi hisoblangan tafakkurning o’rnini alohida ta’kidlash kerak. Til va tafakkur munosabati bir-biriga o’zaro bog’liq masaladir. Lekin, bu ikki hodisa boshqa-boshqa hodisa hisoblanadi. Tafakkursiz til, tilsiz tafakkur mavjud bo’la olmaydi. Til va tafakkur aloqadorligi haqida o’z davrida Vilgel’m fon Gumbolьdt (1767-1835), Eduard Sepir (1884-1967) kabi mashhur tilshunoslar qarashlari bugungi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q. Gumbolьdtdan bir nechta iqtibos keltirsak: «Zamon va xalqlarning o’ziga xos xususiyatlari til bilan shunday chambarchas bog’liqki, til o’zi hohlamagan tarzda o’zida saqlab qolgan xususiyatlarni nohaq unga taqashadi». Muallif inson mehnati samarasi yutuqlari tilda o’zlari hohlamagan tarzda aks etishi, til yordamida muayyan fikr qayd etilishini yozgan. «Ma’naviy-ruhiy chegaralar qo’yish mumkin bo’lgan qonunlar, asl haqiqatni aniqlash tilga bog’liq hodisa emas». «Til tafakkurimiz va hissiyotlarimizni predmetlar sifatida ifoda etadi, biroq u hissiyot va fikrlarimiz harakatiga ergashadi. Inson tili faqatgina vosita ekanligini va tildan tashqarida biz bilmagan dunyo bo’lib, biz uni til yordamida o’zlashtirishga harakat qilayotganligimizni tushunib turadi» 1 . Olim bu o’rinda til tafakkur shakllanishida xizmat qiluvchi vosita ekanligiga urg’u beradi.
E.Sepir ishlarida ham bu ikki hodisaning mohiyati haqida salmoqli fikr ko’rinadi. «Til o’z mohiyatiga ko’ra tafakkurgacha bo’lgan holatdir. U tafakkurni kuzatib boradi va bunda shakl va struktura yashirin bo’ladi… Til tayyor fikrga keltirib o’rnatiladigan yorliq emas… til insonga dunyoni qanday ko’rishni o’rgatadi» 2 . Olim tilning tafakkurga bo’ysunishini ta’kidlaydi. Agar ikkita hodisa yoki jarayonning bir-birlari orasidagi o’zaro uzilmas aloqa borligi to’g’risida qat’iy fikr ketayotgan bo’lsa, buni ikkala ajralmas qismni bir-biridan navbati bilan olib tashlab, ikkinchisi mavjudlikda davom etayotgan-etmayotganligi orqali tekshirib ko’rish mumkin. Agar biri ikkinchisisiz kuzatilmasa, faqatgina bir-birini taqoza etgandagina mavjud bo’lsa, demak ular bir-biri bilan o’zaro bog’liqdir.
Tafakkur voqelik haqidagi axborotni qabul qilish, to’plash, qayta ishlash va tartibga solish usuli bo’lsa, til voqelikni idrok etish va bilish quroli hisoblanadi3 . Nutqiy birliklarning hosil bo’lishi va ularning tushunilishi ong bilan bog’liqdir, ya’ni aqliy faoliyat natijasi hisoblanadi. Aqliy faoliyat esa lisoniy bilimlarsiz maqsadli jarayon bo’la olmaydi. Shu jihatdan kognitiv tilshunoslikka lisoniy qobiliyatning tarkib topishini tushuntiruvchi fan deb qaraydilar.
Kognitiv tilshunoslikning boshqa qator yo’nalishlardan o’ziga xos belgi-xususiyatiga ko’ra farqli jihatlari mavjud:
1) tilshunoslikning bu sohasi birinchi navbatda ob’ektni sharhlashda tilga insonning kognitiv qobiliyati sifatida qaraydi (jumladan, Sh. Safarov, S. D. Kasnelson, E. Sepir, Xoyjer, M. Minskiy, Budagov, V. Z. Domyankov, A. Vejbiskaya);
2) bu soha konseptualizasiya va kategorizasiya jarayonlarini oladigan, til birliklari semantikasi tahliliga ko’p qirrali yondashuvni namoyon qiladigan tadqiqot metodlariga ega.
Kognitiv tilshunoslikning tadqiq ob’ekti bilimlar haqidagi tasavvurlar strukturasi va ularning turli kognitiv jarayonlar (tushunish, tahlil, til axborotining qurilishi) da til imkoniyatlarini sharhlash, shu bilan birga ularning paydo bo’lishini o’rganish kabilarni o’z ichiga oladi. Til imkoniyatlarini (til bilimlarini) ichki kognitiv struktura, axborotni qayta ishlash tizimida kommunikativ dinamika jarayoni sifatida qarash kabi dolzarb muammolarni o’rganadi.
Lingvistika(semantika)ga kognitiv yondashuvda inson ongidagi struktur bilimlarning ma’lum turlarini qo’llash masalasi asosiy o’rinda turadi. Kognitiv ilmda bilimlar strukturasi turlicha tushunchalar: freym, ssenariy, skrept, geshtal’t kabilar bilan ifodalanadi. «Xotirada egallangan bilimning aks etishini ifodalovchi tuzilmalar qatorida «skrept», «ssenariy», «kognitiv model», «mental model», «situasiya modeli» kabilar borligini olimlar e’tirof etadilar. Ayrim tadqiqot ishlarida esa semantika va gnoseologiya o’rtasidagi oraliq bosqichida obraz, geshtalьt, freym, propozisiya, formula kabi namunaviy biriliklar yuzaga keladi deb ko’rsatilgan». Atamalardagi bunday turli-tumanlik shu bilan izohlanadiki, ular butun mohiyati bilan bilimlarning turli xillarini anglatadi, qolaversa, yuqorida keltirilganidek, har bir olim bilimlarning u yoki bu strukturani ifodalashida o’z atamasini (yangiligini) qo’llashga harakat qiladi.
Kognitiv tahlilda olamni bilish jarayonida yuzaga keladigan mantiqiy (mental) strukturalarning lisoniy ifodasini ochib beruvchi mexanizmlar qurshovidagi uslub va vositalar tadqiqi asosiy o’ringa chiqadi. Ma’lumki, inson narsa va predmet, hodisalarni bilishda, idrok qilishda qator mantiqiy-ruhiy harakatlarga ega bo’lgan faoliyatni amalga oshiradi. «….avvalo, narsa jonli mushohada, bevosita kuzatish vositasida o’rganilib, uning xususiyati, qirrasi, tomoni aniqlanadi, natijada bu xususiyat, dalil, hodisa to’planadi, saralanadi; …aqliy dialektik tahlil usuliga o’tish ehtiyoji paydo bo’ladi». Ana shu aqliy tahlil (mantiqiy-ruhiy harakatlardagi faoliyat) ni amalga oshirishning bir necha bosqichlari qator manbalarda sanab o’tilgan. Ularda berilishicha aqliy tahlilga qaratilgan faoliyatda dastlab ma’lum bir ob’ekt boshqa ob’ektlar qatoridan ajratib olinadi. Bunda, albatta, uning farqlovchi belgilari e’tiborga olinadi. Farqlovchi belgilar asosida boshqa ob’ekt bilan qiyoslash harakati amalga oshirilib, xotirada shu ob’ektga oid hissiy ramz shakllantiriladi. Bu ramzning lisoniy xotiradagi boshqa ramzlar bilan o’xshash tomonlari qidiriladi. Eng so’nggi bosqichda esa voqelikning bilishning muhim bosqichi-umumlashtirish amalga oshiriladi. Bu faoliyatlarning barchasi ob’ekt haqida tushuncha shakllanishiga xizmat qiladi. Mantiqiy faoliyat natijasi bo’lgan tushuncha obraz va lisoniy ma’no bilan umumlashib kognitiv lingvistika tarmoqlarida asosiy figura sifatida o’rganilayotgan konseptning yuzaga kelishini ta’minlaydi.
Konsept atamasi tilshunoslik tadqiqotlarida XX asrning birinchi yarmidan paydo bo’la boshladi. Bu atama ingliz tiliga oid so’z bo’lib, (conssept), rus tilida ponyatie (tushuncha) atamasi bilan tarjima qilinadi. Keyinchalik bu atama tushuncha atamasi bilan aralashtirib yuborila boshlangach, uning tom ma’nodagi mazmunini aniq shakllantirishga qaratilgan ishlar tadqiq qilina boshlandi. Lingvistik ensiklopedik lug’atda konsept atamasiga quyidagicha ta’rif beriladi: «konsept bu - «so’z ma’nosi» kabi tushuncha bo’lib, faqat bog’lanishlar tizimi nuqtai nazaridan farqlanadi; ma’no-til tizimida; tushuncha ham mantiqda, ham tilshunoslikda tadqiq etiladigan mantiqiy munosabatlar va formalar tizimida bo’ladi».
Konsept va tushuncha atamalari orasidagi farq til, madaniyat va tafakkur orasidagi munosabatlarni aniqlash bilan belgilanadi. Konseptlar dunyo konseptual manzarasining birliklari sifatida namoyon bo’ladi va tilning konseptual tizimini hosil qiladi. Terminlarning turliligi ong va tafakkurning turli tomonlarini aks ettirish bilan belgilanadi. Yuqorida kognitiv tilshunoslikda konsept asosiy figura sifatida qaraladi, deb keltirdik. Buni quyidagi holatlar bilan tasdiqlash mumkin:
1) kognitiv sohada inson ongining mental resurs birliklarini, inson bilimi va tajribasini aks ettiruvchi informasiya strukturasini ifodalovchi mental birlik sifatida konsept qaraladi;
2) kognitiv tilshunoslikning asosiy bo’limlaridan biri «kognitiv semantika» konseptning tabiati va strukturasini o’rganadi;
3) kognitiv tilshunoslikda asosan konsept va so’z ma’nolari orasidagi munosabat tahlil etiladi.
«Kognitiv atamalar qisqacha lug’ati» 1 da konsept inson ongida aks etgan dunyo manzarasi, mental leksikon, konseptual tizim va tilning, xotiraning tarkibiy operativ birligi deb beriladi. Lingvistik tushuncha sifatida konseptga ilk ta’rifni A. Vejbiskaya bergan edi2 . Unga ko’ra, «o’z nomiga ega va insonning «haqiqat» dunyosi haqidagi ma’lum madaniy shartlangan tasavvurlari «o’ziga xos» dunyosining ob’ektidir» deb ta’rif beriladi.
Lingvokulturologiyada bu atama madaniy mental til ko’rinishi, «inson ongidagi madaniyatning quyulib qolgan qismi; madaniyat, insonning mental borlig’iga kiradigan, so’z bilan ifodalanadigan tushuncha, tasavvur, bilimlar to’plami» sifatida qaraladi.
Ayrim tadqiqotchilar konseptlar turlarini ajratishga harakat qiladilar3 (Frunkina): «Til tizimida ikkita turli konsept bor. Birinchi tur konseptlar universal ma’noli (uxlash, emoq, boshlamoq, o’qimoq, emoq) konseptlar bo’lsa, ikkinchi tur konseptlar o’z ichiga madaniy-milliy qimmatga ega bo’lgan (non, mehmon, ota-ona, to’y, do’st, vatan) konseptlarni qamrab oladi». Olima ikkinchi tur konseptlarni ham o’z navbatida ikkiga ajratadi: a) lingvomadaniyat spesifikasi bilan izohlanadigan; b) milliy mentalitetni anglashga xizmat qiladigan kalit (maraziy) elementli». S. G. Vorkachyov esa lingvomadaniy konseptlar tarkibida butun va qism, universal va spesifik ikki xil semantik alomatlarni ajratish mumkinligini e’tirof etadi: 1) tilning barcha ko’rinishi uchun umumiy bo’lgan semalar, ular semantik paradigmani mustahkamlaydi va uning tushunchaviy yoki prototip asosini hosil qiladi. Ikkinchi tur konseptning tarkibida uning namoyon bo’lishi uchun hech bo’lmaganda qisman xizmat qiladigan semantik belgilar bo’ladi. Bu belgilar lingvokulьtura, etnosemantik spesifika bilan ajratiladi va til tashuvchisining mentalligi yoki shaxsning til mentaliteti bilan bog’liq bo’ladi. Tadqiqotda butun va qism, universal va spesifik sistem bo’linish asosiy shart qilib belgilangan. Bunday tasnif konseptlar tabiatining aniq va mufassal bayonini ta’minlashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, yuqoridagi ta’riflarning barchasida konseptga milliy-madaniy mentallik birligi sifatida baho berilganini kuzatamiz. Mentallik intellektual, ruhiy va iroda xususiyatlarini milliy xarakterda tipik namoyon bo’lish jarayonini birlashtiradigan milliy til formasi va kategoriyasi doirasidagi dunyoqarashni aks ettiradi. Mentallikning milliy-madaniy xususiyatlarini ochib ko’rsatish ko’pgina sohalar (kognitiv tilshunoslik, lingvokulьturologiya, etnolingvistika, til antropologiyasi, genderologiya)ning asosiy masalasi bo’lib kelmoqda. Ko’rsatilgan sohalarning barchasida mentallikning asosiy birligi deb konsept belgilangan. Bunga bir qancha sabablar ko’rsatiladi. Lingvokognitologiyada ish olib borayotgan tadqiqotchilardan biri M.V.Piminova o’z maqolasida shunday keltiradi1 : «Birinchidan, konsept (conseptus-fikrlash, tushuncha, predmet haqidagi tasavvur) klassik sensualistik sxemaning bir qismi sifatida qaraladi: «predmet-sezish-idrok etish-tasavvur-tushuncha» va u inson fikrlash qobiliyatinig hissiy-amaliy (mushohada) va mantiqiy (abstrakt) kabi faoliyatli bosqichlarni ko’rsatadi: a) konsept - bu tasavvur («umumiy tasavvur») (S.A.Askol’dov); b) konsept - bu tushuncha; v) konsept - bu fikrlashning sinkretik birligi («borliq haqidagi faktlarning umumiy tarmoqlanmagan holda tasavvur beradigan tafakkur birligi») (P.V.CHesnokov). Ikkinchidan, konsept ma’noli qism sifatida «semantik uchburchak-trapesiya» modeli tarkibida o’rganiladi: a) konsept-bu ma’no («ma’noning algebraik ifodalanishi») (D.S.Lixachev); («milliy ruhdagi qo’sh ma’no») (V.V.Kolesov); («leksema ma’nosining invarianti») (E.V.Raxilina); b) konsept - bu mazmun (tushuncha tarkibi, konsept termini ma’no atamasiga sinonim bo’lib qolmoqda») (YU.S.Stepanov). Uchinchidan, konsept ma’noli qismning sintezi sifatida tahlil qilinadi (ma’no va tushuncha), ma’no anglatadigan qism (til belgisi) va ma’no belgilaydigan qism (denotat va referent): a) konsept-bu so’z etimoni (conceptum - urug’, don» so’z semantik butunligining boshlanma nuqtasi»); b) konsept – so’z - konseptlar («kalit so’zlar») (A.Vejbiskaya)».
Yuqoridagi qarashlarni kuzatish oqibatida shunday xulosaga kelish mumkinki, konseptni u yoki bu atama bilan bir deb baholanadigan nuqtai-nazarlar (tushuncha, tasavvur, ma’no, mazmun va hokazo) berilgan fenomenni til tizimidagi o’rnini belgilamaydi. SHuning uchun konsept tushunchasi haqida M.V.Piminova bergan umumiy ta’rif qoniqarli baholanilgan deb hisoblab uni taqdim etish mumkin: «konsept bu emik darajadagi til birligi bo’lib, fonema, leksema, morfema va boshqalar bilan solishtiriladi hamda etik bosqichda signifikat (tushunchaning tarkibi va sig’imi) leksik ma’no va so’zning ichki tarkibi yordamida namoyon bo’ladi» 1 .
Konseptni aniqlash tadqiqotchilar tomonidan turli usullar yordamida amalga oshiriladi:
1. So’z etimonini aniqlash yordamida. Bunda konseptning yozuvgacha bo’lgan tarixini aniqlash yo’li tutiladi.
2. Asos guruhlarni o’rganish, ya’ni berilgan etimondan hosil bo’lgan so’zlar guruhini o’rganish.
3. Diaxroniyada yasama so’zlarni qo’llashni o’rganish orqali, ya’ni epedigmatik bog’lanishlarni o’rganish.
4. Berilgan so’zlardan asosiy qo’llanilayotganlarini sinxron darajada o’rganish. Bunda sintagmatik bog’lanishlar o’rganiladi.
5. Tahlil qilinayotgan so’z – konseptning paradigmatik bog’liqliklarini o’rganish.
6. Berilgan so’zni boshqa tildagi aynan (yoki shunga yaqin) so’z konsept bilan taqqoslash.
Sanab o’tilgan usullar, shuningdek, olingan material va ekstrolingvistik omillarni sintezlash orqali tahlil qilinayotgan so’zning milliy-madaniy spesifikasi hamda shu bilan bog’liq holda tahlilga tortilayotgan konseptning milliy-madaniy spesifikasini aniqlash mumkin.
Konsept tizimda mavjud bo’ladi, u boshqa konseptlardan kelib chiqadi, sistemadan alohida ajratib olinsa, u tadqiq etilayotgan ob’ekt to’g’risida noto’liq tasavvurlar beradi. Konsept tahlilini konseptosfera doirasida tadqiq qilish, dominanta va chekka (yondosh) konseptlarni izlash maqsadga muvofiqdir. Konseptosfera atamasi mental reallikni ifodalashga xizmat qiladi. Konseptlarning madaniyat, kasbiy etika ishlarini yuritishdagi o’rni beqiyosdir. Umumiy konseptlar individual konseptlardan, etnomadaniylari etnososiomadaniylaridan farqlanadi.
Til – bu dunyo haqidagi bilimlarimizni aks ettirish manbai va shu bilimlarni tadqiq etish vositasi. Shunga asosan, insonlar o’z til prizmalari orqali dunyoni turlicha ko’ra olishlari mumkin. Bu borada qilingan tadqiqotlar fikrimizni tasdiqlaydi. Izlanishlar lisoniy belgining muhiti va etnokonsept, etnososiokonseptlarning farqli tomonlarini o’zida aks ettiruvchi tajribalar bilan asoslangan. Til tashuvchilarning qiyosiy tajribasi bo’lgan konsept yadrosini chiqarish uchun ikkita ijtimoiy tajriba o’tkaziladi1 . Maqsad lisoniy belgi va uning muhiti ekstrolingvistik reallik konseptualizasiyasini, shuningdek, etnokonsept va etnososiokonseptlarni rus dengiz konseptosferasidagi «kema» konsepti orqali solishtirishdir. Shu maqsadda dengizchi bo’lmagan (23 ta) va dengizchi (20 ta) til tashuvchilari ishtirok etadi. Har ikkala leksik qatlam bir-biridan farqli ta’riflarni beradilar «kema» so’ziga dengizchi bo’lmaganlar «quvonch, xotirjamlik, yorug’lik, dam olish, iliqlik, to’lqinlarning urilishi, zavq» kabi tushunchalarni keltirishadi. Dengizchilar esa «sovuq, ishlayotgan dvigatel ovozi, og’ir ish; qamoq; urush va harbiy aslahalarga boy harakatdagi kulrang kema» deb javob beradilar. Rus tilida kema konseptining qurilishi quyidagi tushunchalarni o’z ichiga oladi «xavfli vaziyat, tashkil qilingan nimadir, chiroyli va hayratlanarli». Kema konsepti nafaqat rus tilida, umuman, dengiz tilida yaxlitligicha interpretasion maydoni jihatidan tahlili shuni ko’rsatadiki, kema beqarorlik, sergaklik va qo’rquvni chaqiradigan bir narsa. Leksemalarni o’rganish qator metaforik va to’g’ridan-to’g’ri etnomadaniy muhim jihatlarni ochish imkonini beradi. Maxsus yaratilmagan kontekst «kema» konseptining yanada ko’proq voqelanishiga zamin yaratadi. Dengizchilarga tegishli bo’lmagan kontekstdagi nutqiy namunalarda ob’ekt atamasi ichki kechinmalarini kemaga bog’lovchi metaforalardan iborat. Misol tariqasida Rabg’uziyning «Qissai Rabg’uziy» asarida dunyoni suv bosishi bilan bog’liq holatda Nuh payg’ambar kemasini, Chingiz Aytmatov asarida orzudagi «Oq kema»ni esga olish mumkin. Ekvivalent elementlarga ega til birliklari konnotasiyasidagi barcha o’ziga xoslik va farqlarga qaramasdan konsept tarkibi ichki bog’langan, kodlangan strukturalardan iborat.
Etnososiomadaniy konseptlarni o’rganish ham dolzarb sanaladi va ular turli til darajalari birliklari tarkibida bir mavzu yoki ijtimoiy (kasbiy) til tarkibida bo’ladi. Shuningdek, bunday konseptlar bir kasb doirasidagi inson xulqini aks ettiruvchi konseptlar, ya’ni axborotni o’ziga xos shaklda saqlaydigan unsurlar tarkibida bo’ladi.
Kognitiv tilshunoslikda konseptning yuzaga kelishi va lisoniy voqelanishga tayyorgarlik jarayoni (konseptual bosqich) da bir qator konseptual tizim birliklari (ssenariy, skrept, freym, geshtalt) ishtirok etadi. Bu birliklar Y.N.Karaulov ta’rificha intellektual faoliyat va uning lisoniy voqelanishi jarayonida yuzaga keladi hamda «tovushli, tashqi nutq va miyaning o’ziga xos tili oralig’idan o’rin oladi» 1 . Quyida oraliq bosqich birliklari haqida qisqacha ta’riflar keltiramiz.
Ssenariy – ma’lum voqelik bo’lagiga oid harakatlar, holatlar uzviy munosabatlaridan iborat (masalan, o’quv jarayoni, restoranda tushlik, kirish qo’ng’irog’i, kino tomoshasi va hokazo). Sun’iy intellekt bo’yicha mutaxassislar R.Shenk va R.Abelsonlar ssenariy (scnarios) tushunchasini kognitologiyaga birinchilardan bo’lib kiritishgan edi. Ularning fikricha, ssenariy voqealar ketma-ketligini, ularning o’zaro bog’lanishini ko’rsatish uchun zarur. Bir tipik hodisaga xos o’zaro bog’liq faktlarning uzviyligini aks ettiradigan ushbu birlik tarkibida har biri kichik mazmundagi qismlar uchun slotlar ajratiladi. Bu slotlar ushbu voqea-hodisa ishtirokchilarining maqsadi, roli kabilarni ajratishga xizmat qiladi. Fikrimiz isboti uchun «restoranda tushlik» ssenariysini keltiramiz.
Ssenariy: tushlik.
Rollar: xo’randa (buyurtmachi), ofisiant (restoran xizmatchisi, buyurtma qabul qiluvchi).
Maqsad: organizmning oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojini qondirish.
Birinchi sahna: restoranga kirish.
Joy buyurtma qildirish.
Menyu bilan tanishish.
Birinchi va ikkinchi ovqatlar uchun buyurtma berish.
Ikkinchi sahna: tushlik uchun buyurtma qilingan mahsulotlarni iste’mol qilish.
Uchinchi sahna: Restoran xizmatchisidan hisob-kitob varaqasini so’rash.
Hisob varaqasini ko’zdan kechirish.
Pulni to’lash.
Chekni olish.
Restorandan chiqib ketish.
Misoldan ko’rinadiki, har bir sahnada kichik slotlardagi har bir harakat bir-biri bilan sababiy bog’lanishga ega, ya’ni oldingi harakat keyingisiga shart-sharoit yaratadi. Inson hissiyoti va aql-idroki imkoniyat talabiga ko’ra bir paytning o’zida bir qancha axborotni qabul qila olmaydi, ya’ni axborotning miqdori chegaralangan bo’lishi kerak. Shundagina diqqat alohida bir ob’ektga yo’naltirilgan bo’ladi. Aplohida-alohida bir ob’ektga diqqat qilinib to’plangan axborot idroki faoliyati esa samarali kechadi. Misolda ko’rib o’tkanimizdek, alohida diqqat vaqtida yuzaga keladigan obraz kechayotgan voqelikning ma’lum bir sahnasi uchun asos bo’ladi. Ajratilayotgan har bir sahna («restoranga kirish», «egulik buyurish», «hisob-kitob») kabilar umumlashgan kognitiv strurkturalar uchun (ssenariy, skrept, konsept kabilar) xom ashyo bazasi vazifasini o’taydi.
Skript inglizcha so’z bo’lib, uning tub ma’nosi «qo’lyozma, yozuv» kabilarni ifodalaydi. Konseptual tuzilmalarning bir turi hisoblangan skript inson tafakkurida aks etayotgan borliqdagi voqea-hodisalarning me’yoriy ketma-ketligi sifatida talqin etiladi. Skriptning semantik xususiyatlarini prototip bilan qiyoslash mumkin. Bunday holda axborotning sub’ekt ongida tarkib topishi farqlovchi va umumlashtiruvchi belgilar kichik to’plamchalarining o’zaro munosabatga kirishuvidan iborat ekanligi aniqlanadi. Skript tarkibiy tuzilishi jihatidan ssenariyga juda yaqin turadi, ba’zan ssenariyni aynan to’lig’icha takrorlashi mumkin. Skript o’zida tarkiblashgan voqealarning sabab-oqibat munosabatlari bilan tizimiy bog’lanishi asosida hamda ushbu voqealarning sterotip takrorlanuvchanlik xususiyatiga ko’ra alohidalik kasb etadi. Skript «xotira» atamalari qatoridan ham o’rin olgan birlik bo’lib, uzoq muddatli xotirada saqlanayotgan bilim hamda oldindan jamlangan bilim yordamida biror hodisani tushunish, anglashni ta’minlovchi bilish quroli sifatida talqin etiladi. «Inson voqelikdagi predmet-hodisalarni idrok etish jarayonida o’z shaxsiy konseptual tuzilmalarini idrok etilayotgan predmet va munosabatlarga ko’chirishga harakat qiladi» 1 .
Skriptlar tuzilishi va tarkibiga mikro va makroskriptlarga bo’linadi. Masalan davlat makroskripti «hududga egalik, ma’lum miqdordagi aholi, ma’lum tilga egalik; jamiyat, oila» kabi mikroskriptlarni o’z ichiga oladi.
Freym atamasi dastlab sun’iy tafakkur masalalarini echishga qaratilgan bo’lsa, keyinchalik tilshunoslikda qo’llanila boshladi. Bu tushunchani tilshunoslikka birinchilardan bo’lib Filmorr tatbiq etgan2 .
Ma’lumki, har bir inson xotirasida ma’lum miqdordagi bilimlar strukturasi zahirasi saqlanadi va aynan shu zahira axborotni qabul qilib idrok etish rolini o’taydi. Inson borliq yoki u-bu holatlarni anglashda o’z bilimlarini, ya’ni xotirasidagi freymlarni qo’llaydi. Turlicha qarashlar umumlashmasi bo’yicha freym tushunchasini quyidagicha izohlash mumkin:
1) freym bu kognitiv til hodisasi;
2) u obyekt tafsilotlari haqidagi bilimlar;
3) obyekt va subyekt munosabati haqidagi bilimlar;
4) sosial o’zaro harakat (interaksiya haqidagi bilimlar) majmui.
M.Minskiy ta’rificha, freym mundarijasi majburiy (ishtirok talab qilinadigan) va nomajburiy (ishtiroki majbur emas) xususiyatlar umumlashmasidan tashkil topgan. Freym majburiy xususiyatlar lisoniy voqelanishi jarayonida til birligi semantik tuzilishining uzviy qismlari sifatida namoyon bo’ladi. Ixtiyoriy xususiyatlar esa freym tarkibida aniqlashtirish vazifasini bajaradi. Ikkala turdagi xususiyatlar ham freym tarkibida ma’lum «katakchalar» (slotlar) hosil qilishadi va voqelikdagi ob’ektni idrok etish jarayonida ushbu katakchalar mos keladigan misol va ma’lumotlar bilan to’ldirilishi lozim bo’ladi.
Olimning fikricha, bu hodisa berilgan ma’lumot strukturasini inson xotirasida umumlashgan obraz sifatida saqlab, ko’plab boshqa hodisa va jarayonlarni tushunish uchun qo’llaniladi. 1
Geshtalt nemischa «gestalt» (obraz, struktura, yaxlit shakl) so’zidan olingan bo’lib, ushbu tushuncha ruhiy tuzilmalar obrazlarini o’ziga xos yaxlitligini ta’minlovchi belgi va xususiyatlar umumlashmasini anglatadi. Borliqni yaxlit holda qabul qilishda «geshtalt qonuniyatlari» amalda bo’ladi. Bu tamoyillar geshtalt psixologiyasining ham asosini tashkil etadi:
- «yaqinlik tamoyili»: bir-biriga yaqin joylashgan unsurlar o’zaro bog’liq holda idrok etiladi;
- «o’xshashlik tamoyili»: bir-biriga monand unsurlar yagona bir yoki qism sifatida idrok etiladi;
- «yopiqlik tamoyili»: idrok harakati berk (tugallangan) shaklga yo’naltiriladi;
- «davomiylik tamoyili»: alohida unsurlar o’rtasida uzilish kam bo’lsa, ular yaxlitlik sifatida idrok etiladi.
Shu tamoyillar asosida voqea-hodisalar, narsa-predmetlar yaxlitlikda xolistik idrok etiladi. Masalan, bir nechta turli rusumdagi mashinalar suratini solishtirsak, ularni bir ko’rgandayoq inson ongi yaxlit «mashina» tarzida qabul qiladi; alohida-alohida bo’lak qismlarga ajratib idrok etmaydi. Ularning barchasida mashinalar uchun xos bo’lgan umumiy (integral) unsurlar mavjud (eshik, mashina g’ildiraklari, deraza, tormoz, o’rindiqlar) mashinaning barcha qismlari bir-biriga yaqin, bog’liq (yaqinlik tamoyili); mashina unsurlari bir-birini davom ettiradi, o’zaro aloqada (davomiylik tamoyili) mashina eshiklari bir xil (o’xshashlik tamoyili).
Geshtaltning tilshunoslikda eng ahamiyatli jihati matn nazariyasi uchun zarur qarashlar berishidadir. Sintaksisda matnga uning tuzilishi jixatiga ko’ra qismlardan iborat butun deb qarab gap mavqei beriladi. Geshtalt tamoyillariga ko’ra esa matnga yagona bir mavzu g’oya umumlashmasi deya baho berila boshlandi. G’oyaning yagonaligi qismlarning mavzu doirasida birikishini, yaxlitlikni talab qiladi.
Yuqorida sanab o’tilgan kognitiv strukturalarning barchasi bitta vazifani bajaradi, ya’ni xotirada jamlangan axborotni maqsadli namoyon qilish vazifasini o’taydi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahonning bir qancha tilshunosligida formal tilshunoslik keng ommalashgan edi. O’zbek tilshunosligi tarixiga nazar soladigan bo’lsak, XX asrning ikkinchi yarmiga kelib ommaviy savodxonlikni ta’minlash, zamonaviy adabiy til meьyorlarini ishlab chikish va ularni xalq orasida ommalashtirishni hamda o’z davri uchun zarur masalalar echimini topishni maqsad qilib qo’ygan, tilshunosligimizni fan bo’lib shakllanishida tamal toshlarini qo’yib bergan formal tilshunoslik shakllandi. «Jamiyat oldida ommaviy savodxonlikni ta’minlash, shevalararo farqlarni yo’qotish, adabiy tilni ommaviylashtirish, til va xalqning tarixiy yodgorliklarini nashr etish va yoyish, ta’limni zamonaviy usullarda yo’lga qo’yish kabi amaliy vazifalar turgan paytda eng samarali va eng qulay tasnif hamda ta’lim yo’li mana shu formal usul» 1 edi.
Albatta, bu tilshunoslik o’z maqsadiga erisha oldi. Davrlar silsilasi almashar ekan, kechagi kun ertangi kunga o’z o’rnini bo’shatib berishi tabiiy holdir. O’zbek formal tilshunosligi ham o’z davrining qator dolzarb masalalarini echib berib, yangi tilshunoslikka tagzamin yaratdi, ya’ni formal tilshunoslik yutuqlaridan foydalanilgan, dialektik tamoyillar bilan ish ko’radigan, til va tafakkur aloqadorligini kuzatib, lisoniy va nutqiy hodisalar bayoni bilan qiziqadigan, ularni funksional-struktural tahlil usullari bilan talqin etish maqsadini qo’ygan o’zbek substansial tilshunosligiga o’rin berdi. Bu tilshunoslik vakillari til va nutq munosabatini, til-tafakkur aloqadorligi, tilning ichki imkoniyatlari va ularning tilnutq farqlanishi nazaridan voqelanish usullarini o’rganish hamda tatbiq etish bilan shug’ullandilar. Bunda dialektik tamoyillar asosida (umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab – til va uning birliklarida; alohidalik, hodisa, voqelik, oqibat – nutq va nutqiy birliklarda) ish ko’rildi.
XX asrning ikkinchi yarmida fan-texnikadagi inqilob, kompьyuter savodxonligi bilan bog’liq «sun’iy intellekt» nazariyasiga oid qator o’zgarishlar barcha sohalarda bo’lgani kabi tilshunoslikka ham o’z ta’sirini o’tkazmay qo’ymadi. G’arb tilshunosligi allaqachon (XX asr boshlarida) «na tilshunoslik, na boshqa fanlar ob’ekti bo’la oladigan talay hodisalarni o’rganish uchun majmuaviy fanlar yo’lga qo’yilishi kerak» degan xulosaga kelib ulgurgan edi va bu borada jadallik bilan rivojlanib, bir qancha yangiliklar joriy eta boshladi. Tilning psixologik, psixofizik tabiatini o’rganuvchi psixolingvistika, til va jamiyat aloqadorliklarini sosiolingvistika, etnolingvistika kabi qator fanlarga ehtiyoj paydo bo’lganligi xalqaro tilshunoslik yig’ilish va anjumanlarida e’tirof etila boshladi. Albatta, bunday yo’nalishlar lisonning amaliy voqelanishi, ya’ni lisonnutq tamoyili asosida o’z muammolarini hal etardi. Bu davrda o’zbek tilshunosligi hali-hamon adabiy til me’yorlarini yaratish va ommalashtirsh hamda tilshunoslikni rus tili va evropa tillari andozasida o’rganish bilan ish ko’rardi. Jahon tilshunosligidagi qator o’zgarish-evrilishlar o’zbek tilshunosligiga ham ta’sirini o’tkazdi. XX asrning 80-yillaridan boshlab tilga struktural yondashuv lozimligi, sohaning barcha hodisalarida dialektik metodologiyani qo’llab ish ko’rish samarador bo’lishi anglab etilgan edi. Zero, Sh.Rahmatullaev ta’kidlanganidek, bu davrda o’zbek tilshunosligi “asosan rus tilshunosligiga suyangan holda shakllandi, taraqqiy etdi, lekin buni nuqson deb baholash to’g’ri emas, faqat noo’rin taqlidchilikka berilib ketish, ayrim fikrlarni ko’r-ko’rona qabul qilish kabi salbiy holatlarni qoralash lozim”( Sh.Rahmatullaev. Sistem tilshunoslik asoslari. T. Universitet. 2007.) Bu davrda tilshunoslik turg’unlik holatini boshdan kechirmoqda edi. SHu boisdan butun sobiq sho’ro davlati hududida olib borilayotgan oshkoralik va qayta qurish siyosati o’zbek tilshunosligi fanini ham chetlab o’tmadi. O’zbek tilshunosligining yangi avlodlari H.Ne’matov, E.Begmatov, N.Mahmudov, A.Nurmonov, R.Sayfullaeva kabi olimlar qayta qurish sharoitida o’zbek tilshunosligining dolzarb muammolari bo’yicha respublika va ittifoq matbuotida chiqish qildilar» 1 .
Mustaqillik sharofati bilan tilimizga o’z ichki mohiyatidan kelib chiqib yondashish lozimligi, uni rus tili ta’siridan xoli o’rganish o’zbek tilining sof tabiatiga zidligini ko’rsatib beruvchi qator yangilik va talqinlar paydo bo’la boshlaganligi quvonarli holdir. Qisqa muddatda ildiz otib, tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan bunday «xayrli ishlar» (H.Ne’matov, N.Mahmudov, A.Nurmonov, R.Sayfullaeva, B.Mengliev, M.Qurbonova, O.Bozorov, SH.SHahobiddinovalarning yangicha talqinlari) bugungi kunga kelib tilshunosligimiz taraqqiysi uchun yana bir talay yangiliklar paydo bo’lishiga zamin hozirladi. Bunday «xayrli ishlar»da tilshunoslik hodisalariga «lison-nutq» tamoyili asosida ish ko’rishga kirishilgan edi. Ularning to’plagan dalil-ashyolari, yutuqlaridan foydalanilgan holda lisonning amaliy voqelanishi, undan amaliy foydalanish masalalari bilan shug’ullanuvchi qator zamonaviy yo’nalishlar – sosiolingvistika, psixolingvistika, lingvokognitologiya, pragmalingvistika, kompьyuter lingvistikasi, lingvokulьturologiya, neyrolingvistika, korpus lingvistikasi kabilar paydo bo’la boshladi.
Tilshunosligimizda paydo bo’lgan ana shunday yangi yo’nalishlardan biri tilimizni kognitiv tatqiq etishdir. «Til qo’llanishining kognitiv nazariyasi boshqa kognitiv fanlar kabi sun’iy intellektni yaratish yo’lidagi izlanishlarning natijasi o’laroq yuzaga kelgan bo’lib, tushunchani struktur tiplari va ularning til bilan mosligi, til va ongning fiziologik asoslari, tildagi metaforik va metonimik munosabat kabilarni tekshirish bilan shug’ullanadi» 2 . Tilshunoslik va gnoseologiya, tilshunoslik va falsafa kabi fanlar doirasidagi masalalarni o’zbek tili tabiatidan kelib chiqib ish ko’radigan ushbu soha hali yangi yo’nalish bo’lgani uchun bu borada qilingan ishlar sanog’i unchalik ko’p emas.
Kognitiv tilshunoslikning asosiy birligi sifatida konsept qaralishi nuqtai nazaridan o’zbek tilini kognitiv sferada o’rganish yuzasidan olib borilayotgan qator tadqiqotlarning markaziy nuqtasida ham konseptlar birinchi planda turadi. O’zbek tilshunosligining yangi shakllanayotgan paradigma (yo’nalish, oqim)larida konsept termini bot-bot qo’llaniladigan bo’ldi. Shu bois biz uning maьnosini «O’zbek tilining izohli lug’ati»dan qidirdik. 2 tomli lug’atda bu so’z berilmagan. Haqiqatdan ham, lug’at yaratilgan davrda konsept na ilmiy, na falsafiy maьnoda qo’llanar edi. Biroq uning talqini yangi –5 tomli izohli lug’atda ham uchramadi. Shuningdek, «Lingvistik terminlarning izohli lug’ati» (A.Hojiev)da ham berilmagan. Demak, atama o’zbek ilmida hali mustahkam o’rnashmagan yoki terminologik neologizm sifatida mavjud.
Yuqorida ko’rib o’tilganidek, jahon va rus tilshunosligida konsept quyidagi maьnolarda qo’llanganligi ma’lum bo’ldi:
1. Bilimlar majmuini tashuvchi lisoniy birlik.
2. Milliy-madaniy semasi asosida baholanuvchi lisoniy birlik.
3. Pragmatik sistema.
Til bilim manbai ekan, demak, xar bir leksik birlikda shu til jamiyat tomonidan xosil qilingan bilim majmui mavjud. Ana shu bilim majmui nuqtai nazaridan baholangan lisoniy birlik kognitiv konsept maqomida bo’ladi. Quyida ana shu konsept xususida so’z yuritiladi.
Har qanday bilim bosqichma-bosqich hosil qilinadi. Xususan, ona tilimizning kognitiv ta’limi dasturida bilim hosil qilishning quydagi bosqichlari qayd etilgan:
1) obyektni kuzatish;
2) izlanish (obyekt qatorini boyitish);
3) siradagi har bir hodisani sharhlash;
4) qiyoslash;
5) umumiylikni aniqlash;
6) farqlarni topish;
7) tasniflash;
8) aloqadorliklarni aniqlash;
9) hukm chiqarish;
10) xulosani amaliyotga tadbiq etish.
Demak, kognitiv konsept zamiridagi bilim mazkur ssenariy asosida shakllanadi va uni idrok qilish ham shu asosda kechadi. Bosqichlardagi kuzatish, qiyoslash, tasniflash va hukm pog’onalari – bilim hosil qilishning asosiy va muhim bosqichlari hisoblanadi.
Har qanday bilim kuzatish, qiyoslash, tasniflash asosida hosil qilingani kabi bilim majmui sifatidagi konsept ham ana shu asosida tiklanadi va idrok etiladi. Konseptuallashtirish hodisasi borliqning til lisoniy kartinasidagi o’rnini aniqlashdan iborat. SHu ma’noda o’zbek xalq topishmoqlarining konseptuallashtirish ham o’zining dolzarbligini namoyon qiladi. Xalq topishmoqlarining kognitiv aspektdagi tadqiq uchun yuqorida keltirilgan fikrlar muhim metodologiya vazifasini bajaradi. O’zbek tilshunosligi nuqtai nazaridan sathlararo tadqiq obьekti sifatida topishmoqlar masalasidagi tahlillar tadqiqot ishining navbatdagi bobida ko’rib o’tiladi.
Har bir davr o’z fani oldiga ijtimoiy taraqqiyot talablaridan kelib chiqqan holda muayyan talablarni qo’yadi va tadqiq ob’ektini diqqat qilish lozim bo’lgan jihatlariga urg’u berib, tadqiq metodologiyasi va metodlarini tayinlaydi. Bugungi kunda tilshunosligimiz lisoniy birliklar tadqiqidan nutq birliklarini o’rganishga, lisoniy imkoniyatlarning voqelanishini kuzatish bosqichiga qadam qo’ydi. Lingvokognitilogiya ana shunday yo’nalishlardan biridir. Lingvokognitologiya til birliklarining zamiridagi bilim zahirasining strukturasini tadqiq qiladi. Bilimni sistema sifatida o’rganib, uning sistem xususiyatlarini ochishga xizmat qiladi.
Adabiyotlar
1.Azimova I. O’zbek tilidagi gazeta matnlari mazmuniy persepsiyasining psixolingvistik tadqiqi: Filol. fanlari nomzodi. . . diss. –T., 2008.
2.Aristotelь.Poetika. Toshkent.1980, 45-bet.
3. Husainova Z. O’zbek xalq topishmoqlarining asosiy xususiyatlari va zamini: Filol. fanlari nomzodi. . . diss. –T., 1967.
4. Sayfullaeva R. , Mengliev B. , Boqieva G. , Qurbonova M. , Yunusova Z., Abuzalova M. Hozirgi o’zbek adabiy tili. –T.: Fan va texnologiya, 2009.-B3.
5. Safarov SH. Kognitiv tilshunoslik. –Jizzax: Sangzor, 2006. -B. 28.
6. Stepanov Y. S. Konstanti: slovar russkoy kulturi. Opit issledovaniya. –M.: 1997. –S. 824.
7. Djusupov N. M. Ligvokognitivnыe aspekt issledovaniya simvola xudojestvennom tekste. Avtoref. diss… kand. filol. nauk.
8. M.V. Piminova. Konsept kak osnovnaya edinisa mentalnosti. august@vtsnet.ru
9. Linvisticheskiy ensiklopedicheskiy slovarь. –M.: SE, 1990.
10. Demyankov V. Z. Kognitivnaya semantiya. Kratkiy slovar kognitivnix terminov. –M.: 1996.
11. Vejbiskaya A. YAzыk. Kulьtura. Poznanie. –M. Russkie slovari, 1996.
12. Gorelov I. N. Osnovы psixolingvistiki. –M.: 1997. -S. 9. Zamonaviy o’zbek tili. Morfologiya. –T.: Mumtoz so’z, 2008. -B. 59.
13. Tulenov J. , G’ofurov Z. Falsafa. –Toshkent, 1997;
14. Andreev I. D. Dialekticheskaya logika. –Moskva, 1985;
15. Panfilov V. Z. Filosofskie problemы yazыkoznaniya. Gnoseologicheskie aspekti. –M.: Nauka, 1977
16. K.Imomov va boshqalar.O’zbek xalq og’zaki poetik ijodi.
Toshkent.O’qituvchi. 1990.
17.Mahmudov N., Nurmonov A. O’zbek tilining nazariy grammatikasi (Sintaksis). - T, O’qituvchi, - 1995, - 232 b,
18. Mirzaev M., Usmonov S,, Rasulov I. O’zbek tili. - T.: O’qituvchi, - 1978. – 256 b.
19. Ne’matov H. Bozorov O. Til va nutq. - T.: O’qituvchi, - 1993. - 30 b.
20.Ne’matov H. G’, Qayta qurish strategiyasi va o’zbek sinxronik tilshunosligining vazifalari//O’zbek tili va adabiyoti,1987. - № 3, - B. 27-31.
Do'stlaringiz bilan baham: |